OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yusuf Damra. Oftob sari (hikoya)

— Sen yigirma to‘rt soat ichida Ommondan chiqib ketishing kerak! — dedi jandarmachi.
Hamdiy e’tiroz bildirishga urinib ovozini balandlatdi, ammo jandarmachining ko‘ngli sira iymadi. Hamdiy qo‘lini ko‘tarib jingalak sochlari orasidan barmoqlarini o‘tkazdi-da, ilojsizligidan to‘ng‘illab qo‘ydi:
— Bu nohaqlik...
...Tayyora Qohira aeroportidan havoga ko‘tarilgan chog‘da Hamdiyning yuragi yomon orziqqan edi. U boshqa yurtlarda, yoru birodarlardan ayri yashashni hech tasavvur qilolmasdi. Lekin cho‘ntakdagi qaytish cheki ko‘ngliga taskin berardi.
Hamdiy Ommonga keldiyu iztirob girdobida qoldi. Hijron ko‘p og‘ir kecharkan. Yigirma yillik sevinchu ayanchga to‘la umri ko‘z oldidan tez-tez o‘tib turardi. Tug‘ishganlari: o‘rta maktabni bitirolmay qolgan Fathiyani, yigirma iildan buyon oyiga chorak gineya topish ilinjida qora terga botib ishlaydigan otasini, huzur-halovat neligini bilmay kun-tun mehnat qiladigan onasini bir lahza bo‘lsin unutolmasdi.
Hamdiy bolalikdan kitobiy tabiatli edi. Ko‘ngli nechukdir yuksaklikka talpinib yashadi. O‘ylardiki, bir kun borib jami ajoyib niyatlari amalga oshadi, bir kun borib unga ham baxtli hayot nasib etadi. O‘shanda Hamdiy Fathiyani maktabga qaytaradi, ota-onasini mashaqqatdan xalos etadi, qariganida izzatini joyiga qo‘yadi...
Afsuski, baxtsizlik hamisha baxtni ta’qib etarkan. Hamdiy birinchi kuniyoq pudratchining ko‘nglida yomonlik borligini payqagan edi. Uni yomon ko‘rardi, bilardiki, ular muqarrar to‘qnashadilar va kimdir albatta yengib chiqadi.
Nihoyat ular to‘qnashdilar...
— Chaqqonroq bo‘lsang-chi! Sen pudratchi emas, ishchisan, bildingmi, ishchisan! — deb dag‘dag‘a qildi pudratchi. — Ko‘rpangga qarab oyoq uzatsang o‘lasanmi?!
Hamdiy qoshini chimirib to‘xtadi-da, beton solingan qovg‘ani yerga qo‘yib uning yuziga tik boqdi. U hozir nima deb javob berishini bilardi, bilardi-yu, lekin oxiri voy bo‘larini ham sezardi. Banogoh esiga Qohira mashriqidagi al Mahdiy dahasidagi ikkita kichkina hujrasi va unda bir amalab kun kechirayotgan to‘qqiz boshli oilasi tushdi-yu jim qoldi.
«Bu safar sal omadim keldi, ko‘p pul kerak, yashashga, o‘qishga. Axir, bu boshlanishi-ku, Hamdiy!» — deya o‘ziga-o‘zi tasalli berdi.
U mana shu kuzda dorilfununning iqtisod kulliyotining ikkinchi kursiga boradi, buning uchun esa ancha-muncha sabru qanoat kerak, chidam kerak, chidamsiz pul ishlamoq mushkul.
«O‘zingni bos, Hamdiy, jahllanma...»
U sekingina egilib qovg‘ani yelkasiga dast ko‘tardi-da, yo‘lida davom etdi. Xo‘rligi keldi. Bo‘g‘ziga tiqilgan yig‘ini bosib, nedir yaxshi voqealarni xotirlashga urindi. Birinchi lektsiyaga kechikmay deb Qohira ko‘chalarida chopganlarini esladi. Dorilfunun hovlisida katta-kichik, turfa rangli mashinalar mo‘l bo‘lardi. Mashina egalarining aksari unga tanish. Majidniki qora tusda, Mirfatniki esa havorang edi. Mirfat... Jo‘ralari Hamdiyga, Mirfat seni yaxshi ko‘radi, deb aytishganda u o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. U shundoq bo‘lmog‘iga ko‘pda ishonmadi-yu, lekin shundoq bo‘lmog‘ini juda-juda xohladi. Hatto o‘ziga-o‘zi baho ham berdi: «Rost-da, Mirfatdek qizlar anavi Majid kabilarga munosibmi?»
U qovg‘adagi aralashmani chuqurchaga shoshilmay ag‘dardi-da, so‘ng oyog‘i bilan bosib, orqaga qaytdi. Hamdiyning ko‘z oldidan hamma tanish-bilishlari bir-bir o‘ta boshladi. U Ommonda ham ko‘pgina tanishlar orttirdi. Dastlab xayolida labidan nimkulgi arimaydigan aeroport xizmatchisi, so‘ng Qohiraga borishga orzumand servis shofyorining chehrasi namoyon bo‘ldi. Shofyor mayin jilmaygancha Qohirada qancha odam yashaydi, go‘zal imoratlari ko‘pmi, go‘zal ayollari seriltifotmi, deb so‘rardi. Hamdiy savolga javoban istehzoli kuldi: «Sen Qohirani qanaqangidir sehrli shahar deb o‘ylayapsanmi?»
Hamdiy qovg‘aning betonga to‘ldirilishini kutib turardi. Cho‘ntagidan Hudra solib qo‘ygan ro‘molchani olib, peshonasidagi reza-reza terlarni artdi. Uning jindakkina dam olgisi kelib o‘tirgan zahoti, pudratchi baqirib qoldi:
— Ey-y! Hamdiy!.. Nega qaqqayib turibsan, nima balo, ishga chiqdingmi yo sayriboqqa?!
Hamdiy tomirlarida qoni ko‘pirganini payqadi. Javob berish uchun og‘iz juftladi-yu, biroq o‘zini tutib qoldi, o‘zicha g‘udranib qo‘ydi.
— Nega u meni ko‘ra olmaydi? Qohiradan kelganim, iordaniyalik bo‘lmaganim uchunmi? Nega endi jami arablarning vatani bitta emas-a? Yagona mamlakat xususidagi gap-so‘zlar nahotki xalqni aldash bo‘lsa?
Yo‘q-yo‘q. U yerda, Qohirada, Ahmad va Muhammadlar qolishdi. Ular kunini ikkita hujrada o‘tkazishadi. Mahmud binni Hasan ham o‘sha yoqda. U meni o‘z o‘g‘lidan kam ko‘rmaydi-ku! Har gal borganimda meni lazzatli taomlar bilan mehmon qiladi-ku! Ularning hammasi anavi maraz pudratchiga o‘xshamaydi. Uyoqda bundaylar yo‘q.
Hamdiy yana g‘udrandi:
— Senga gapirib nima qildim, hayvon...
Lekin alamga tob berolmadi, pudratchiga tik qaradi:
— Nima balo qulog‘ing karmi, hech narsa eshitmaysan?
«Olamni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi. Hamma narsa uning joniga tekkan...» deya ko‘nglidan o‘tkazdi Hamdiy.
Pudratchining javob qaytarmagani Hamdiyni battar quturtirdi.
— Sen ablah shunaqangi jonimga tegdingki!.. — u qo‘li bilan bo‘ynini «kesib» ko‘rsatdi. — Sen...
Hamdiy pudratchining qo‘lida bor-yo‘g‘i o‘n bir kun ishladi, xolos. O‘quv yili boshlanguncha esa yana uch oy bor. Yana uch oy tahqirga chidashi kerak. Afsuski, chidamoqning iloji bo‘lmadi. Pudratchining jahli chiqdi, Hamdiyning yuziga shapaloq tushirdiki, boyaqish yigit ortga tisarilib ketdi. Ishchilar yumushlarini qo‘yib, ularni ajrim qilmoqchi bo‘ldilar. Pudratchi yana musht tushirib qoldi. Hamdiy yana orqaga tislanib ketdi. U endi o‘zini hech tutib turolmadi. Onasi, otasi, ikki xonali katalakdek uylari, dorilfunun hovlisi va u yerdagi turfarang mashinalar, Mirfat va Fathiya... hamma-hammasini unutib qo‘ydi. Ko‘z oldini tuman qopladi, hech narsani eshitmasdi ham, ko‘rmasdi ham. Egilib yerdan tosh ko‘tarib oldi-da, pudratchining naq boshiga tushirdi. Pudratchi «voy-voy» qilgancha yerga qulab tushdi. Hamdiy jahldan tusholmadi, g‘animini tepa boshladi. Ikki ishchi uning qo‘lini qayirib, pudratchidan zo‘rg‘a ayirib olishdi.
U o‘z xonasida, ishchilar qurshovida o‘tirib, go‘yo olomonda onasini yo‘qotgan go‘dakdek yig‘lar, qo‘rqar va alamdan sochlarini yulib-yulqalardi... Qiya ochilgan eshikdan quyoshni ko‘rib, telbalarcha g‘o‘ldiradi:
— Biz qachonlardir senga yetamiz, albatta yetamiz...
Bu payt bir necha ishchilar ko‘chada jarohatlangan pudratchining boshini bog‘lashardi. Al Mahdiy dahasidagi mo‘‘jazgina ikki xonada to‘qqiz jonning hayoti odatdagiday, sekin va bir maromda o‘tardi.
«...Nahotki yagona mamlakat haqidagi gap-so‘zlar ertak bo‘lsa? Yo‘q, bu haqiqat! Ertak bo‘lishi mumkin emas, Hamdiy!»

Ruschadan Asqar Haydarov tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1985 yil, 10-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.