OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ajmal Xattak (1925-2010)

Muhammad Ajmal Xattak Pushtunistonning Akora Xattak degan qishlog‘ida dunyoga keldi. Ajmal afg‘on adabiyotiga Xushholxondan tashqari yana o‘nlab zabardast shoirlarni yetishtirib bergan xattaklar xonadoniga mansubdir.
Otasi Hikmat Xattak barvaqt vafot etib, bo‘lajak shoir yetimlkda o‘sadi. Maktabni bitirgach, 1943 yildan boshlab oyiga 20 rupiyadan maosh olib o‘qituvchilik qila boshlaydi.
Ajmal Xattakning yoshligidanoq she’riyatga ixlosi zo‘r edi, uning o‘zi ham mustaqil she’rlar yoza boshlaydi. 1937 yili Ajmal Xushholxon qabri ustida tashkil qilingan mushoirada o‘zining ilk she’rlari bilan qatnashadi. 1948 yili Nousharda uyushtirilgan «Adabiy jirg‘a» (adabiy majlis) da ham qatnashadi.
Akora Xattak qishlog‘ida Ajmal Xattak pashto‘ tili va adabiyoti ixlosmandlaridan «D’ pashto bazt adab» (pashto‘ adabiyoti bazmi) nomi bilan bir adabiy to‘garak tuzadi. Bu adabiy maxfil tez orada Svot, Bunir, Darband kabi viloyatlarda ham adib va shoirlar minbariga aylandi. Ajmal Xattak rahbarligida mazkur adabiy maxfil tomonidan pashto‘ adabiyoti sahifalarini boyitgan prozaik va she’riy asarlar nashr ettiriladi. «Milliy ko‘zgu», «Hayot payi», «Alangalar», «Tutun», «Chodir», «Afg‘on ko‘shiqlari» kabi to‘plamlar shular jumlasidandir.
1958 yilda shoirning «D’ g‘ayrat chig‘a» (G‘ayrat na’rasi), «Kachkul» (Darvishlar olib yuradigan idish) nomli to‘plamlari nashr ettirilgan.

RUBOIYLAR

Ayb

Tangri bergan sozim soz, xushsadodur
Bayonim ko‘zgusi sof, beriyodur.
Tezak yumalatgan qo‘ng‘iz emasman
Aybim shul — bulbulman, dil sernavodir.

Payg‘om

Shivir-shivir qilar chamanda gullar:
«Ular bundoq emish, undoqmish bular.
Anov gul holiga qarang, ajabo,
U tikan zahmini cheksa ham kular».

Xabar

Panjaraga kelib qo‘ndi bir bulbul,
Men — mahbusga boqib nola qildi ul.
«Bulbul xabar olmish bulbul holidan»
Deya nariroqda so‘ylar ikki gul.

G‘ussa

Har tomonda tuzoq, arqon va qopqon.
Yo‘q, bu yurt chamanmas, shikorga makon.
Bulbul gul shoxida — men hibsda lol,
Nafasimdan otash tutashar haryon.

Xabardorlik

Sokin edi yeru, tinch edi osmon,
Dengiz jimjit edi go‘yo keng maydon,
Bir hushyor dengizchi qichqirdi shu payt
Hoy-hoy! Dengiz notinch! Boshlanar to‘fon!»

Yangi hayot

Vaqt kelar, esadi nasimi sabo,
Siniq qanotiga baxsh etar davo.
U payt qanotimning har bir paridan
Ajib yangi hayot bo‘ladi paydo.

Panjaraga

Hovur bo‘lib uchdi tuproqdagi nam
Dimog‘imga keldi gul bo‘ylari ham.
Minnatdorman sendan sovuh panjara
Sendan o‘tib kirdi xonamga ko‘klam.

Yana panjaraga

Panjara ortida, bu tang burchakda
Dilim asirlikda azob chekmakda.
Chaman deb atalgan bu yurtdan, ey gul,
Yashaganim afzal shu tor katakda.

Tug‘yon ovozi

Men — Xushhol xokidan bosh ko‘targan jon
Obo Sind, Totorda mash’ali tobon.
Zolim, men bir zamon cho‘g‘ edim faqat
Zulmingdan o‘t oldi ko‘ksimda tug‘yon.

Tuhmat

So‘zlaring ajibdir. Eshit ey soda,
Lochin boyqushlarni titar samoda.
O‘roq bo‘lib kessam xonlik ildizin
Deysan: Tikanga suv berding sahroda.

Zolimga

Zolim, qancha kesma tilimni, biroq —
Charxlangan shamshirdek bo‘ldi keskinroq.
Er bo‘lsang qulog‘ing kesib ot, zolim,
Mumkin emas nag‘ma sozim sindirmoq.

Yoronlar

Yoronlar, ish chiqmas tutashdan faqat
Yetdi olov bo‘lib yonmoqqa fursat.
Yashnamog‘i uchun yangi chamanzor
Xazon gulzorini kesing beshafqat.

Jannat

Ahli boyu boyon umri ishratda,
Ular yashamoqda go‘yo jannatda.
Jannat yarataylik g‘ariblarga ham,
Ular tokay yashar do‘zax-g‘urbatda.

Zahm

Nedandir naydagi bu dardli ovoz
G‘am bilan teshilgan ko‘ngli aylar soz.
Bedorlik sozidir har bir nafasim,
Dard tikani ko‘ksim zahm etgani soz.

Jur’at

Bir xushxabar keltir, sabo, tong chog‘i
Meni bandi qildi tuhmat sirtmog‘i.
Gul ishqi yonadi qaynoq qonimda
Ko‘zim halqasida sayyod tuzog‘i.

Zamona

Bu yurtda boya so‘zi bajo bo‘libdi,
G‘arib so‘zi kufru xato bo‘libdi.
Tangri tangrilikdan judo bulibdi,
Mullalar, eshonlar xudo bo‘libdi.

Zo‘ravonga

Og‘zinga urdingu qilding qora qon,
Ammo so‘zlarimni eshit, zo‘ravon.
G‘ariblar shundoq ham bag‘ri qon, ammo
Bir kun navbat kelar senga ham, ishon.

Inson

Sen qozi bo‘lsang ham, mulla yoki xon
O‘zingni o‘ylama faqat, hech qachon.
Gapimga quloq sol, maslahatim shu:
Kim bo‘lsang avval bo‘l haqiqiy inson.

O‘z amaling

Ko‘p kitob o‘qidim, ko‘p tingladim pand,
Donish sirin ochdi nscha xiradmand.
Shu narsani bildim: yaxshimi, yomon
O‘z amaling bilan bo‘l doimo band.

Iqror

Mayli, mulla meni desin «la’nati»
Mayli, menga bo‘lsin shayxning tuhmati.
Ammo sening ishqing bor ekan, jonim,
O‘zni hisoblayman doim jannati.

Ochlikka iloj bormi?

Bizlarni ko‘r qilding, mix urib ko‘zga,
Tilga kishan solib g‘ov qilding so‘zga,
G‘allani berkitding xumlarni bosib,
Har ne yo‘lin to‘sding ochlikdan o‘zga.

Ogoh bo‘lursan

Tuproqda yotibman, zolim, chekib oh,
Nolam eshitmaysan, solmaysan nigoh,
«Xattak o‘lmish» deya tarqalsa xabar
Faqat shu xabardan bo‘lursan ogoh.

Dil g‘unchasi

Ko‘kka o‘rlayotgan, ey sovuq tutun
Panjaramga yaqin kelmagin bu kun.
Yosh qalbim g‘unchasin so‘ldirib qo‘yma,
Orzum ko‘p, hayotim oldinda butun.

Soqiyga

Soqiy, uzat menga mayli arg‘uvon,
Achchiq sharobingga bo‘layin qurbon.
To‘la qadah sungil, sal orom topsin
Hayot achchiqlarin ko‘p tortgan bu jon.

Qarorim

Na savob ish qildim men va na gunoh,
Na shodon kularman, na chekarman oh.
Men hech kim emasman, kim bo‘lsamda men
Faqat senikiman, shu yetar, billoh.

Xor

Unda ziroat yo‘q — xor deb ayturlar
Bunda imorat yo‘q — xor deb ayturlar.
Haqiqiy odamlar agar odamda
Insoniy xislat yo‘q — xor deb ayturlar.

Istak

Unim yo‘q, bunim yo‘q demasman zinhor
Menga basdur bo‘lsa sadoqatli yor.
Uning bir dilrabo xandasi uchun
Men ikki olamdan kechmoqqa tayyor.

Erkin Vohidov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.