OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdullo Baxtoniy (1926)

Abdullo Baxtoniy Nangrahor viloyatidagi Surxrud (Qizil daryo) yoqasida joylashgan Baxton qishlog‘ida 1926 yil dunyoga kelgan. Shoir Baxtoniy boshlang‘ich ma’lumotni Nangrahorda olgach, 1946 yili ana shu viloyatning maorif bo‘limida kotib bo‘lib ishlaydi, bir yil keyin Nangrahordagi pashto‘ tili kursida muallimlik kiladi. Iste’dodli shoir 1952 yil Afg‘on Akademiyasiga a’zo qilib saylanadi. Bu yerda «Zeray» nomli haftalik gazetaga redaktorlik qiladi. 1955—56 yillari — Nangrahor viloyati matbuot bo‘limida rais yordamchisi bo‘lib ishladi va pashto‘ tili kurslariga direktorlik qiladi. 1957 yili «Nangrahor» nomli pashto‘ tilida nashr ettiriladigan adabiy jurnalga mas’ul kotib kilib tayinlanadi. 1960 yil yana Afg‘on Akademiyasiga qaytib kelib, bu yerda Akademiyaning a’zosi sifatida xizmat qiladi.
Baxtoniy 1956 yili «She’r va adab» nomli adabiy to‘plam tuzib nashr ettiradi.
Baxtoniy adabiyotning ham poeziya, ham proza janrlarida muvaffaqiyatli qalam tebratgan. «Afg‘on xulqi» (prozaik asar, 1955 yili nashr etilgan), «Yurak siri» (she’riy to‘plam, 1956 yili nashr etilgan), «Afg‘onlar alloma Iqbol nazarida» (prozaik asar, 1956 yil nashr etilgan), «Saido malang» (dramatik asar, afg‘on xalq shoiri Malangjonga bag‘ishlangan), «Yoqimli kuylar» nomli to‘plam hamda Afg‘oniston gazeta va jurnallarida bosilgan ilmiy maqola, tarjimalar shular jumlasidandir.

G‘AZAL

Oshiqlaringga, ey go‘zalim, lutfu karam qil,
Davroni husn o‘tgusidir, tarki sitam qil.

Har lahza ular dardlaridan ogoh bo‘libsan,
Izhori mehr aylaginu g‘amni adam qil.

Umid ila ko‘zlarin tikib, senga boqurlar,
Boq shafqat ila, emdi jafo rasmini kam qil.

Ishqing o‘tida yongani parvona emishlar,
Ruxsori jamolingni ular bazmida sham qil.

Yetkuzma zavol, yoding ila oh uradirlar,
Shaydoyu asirlarni o‘zingga sen haram qil.

Garchand bora olmassan ular kulbalariga,
Poyingni ziyoratlar uchun ko‘yi haram qil.

Baxtoniyga zulming boridan g‘ofil ekanman,
Kel, va’da qilib tarki jafo, lutfu karam qil.

Jumaniyoz Jabborov tarjimasi

RUBOIYLAR

Gumbaz ichra hayqirsa gar xoh shoh, xoh gado
Ovoziga javob berur shunda aks-sado.
Bu jahonda har narsaning okibati bor,
Har kim tortar qilmishiga yarasha jazo.

* * *

Hayotda sen kurashsang foyda yo ziyon uchun,
O‘ylamagil o‘zingni, degil: “bu jahon uchun”
Joningni fido qilib yorit o‘zgalar uyin,
Shunda inson bo‘lasan, yashaysan inson uchun.

* * *

Insonni inson kabi e’zozlagan — insondur,
Insonni «hayvon» deya so‘kkanlar-chi, hayvondir.
O‘zini dono bilib, kimki kulsa o‘zgadan.
Uning o‘zi har qanday nodondan ham nodondir.

* * *

Qushday uchib yelsang ham, sayr etsang ham bog‘larda,
Dashtlarda, quloch yozib, kezsang hamki tog‘larda,
Baribir zindondasan: tamagirlik zanjiri —
Bo‘yningdan xippa bo‘g‘ib, bandi etgan chog‘larda.

* * *

Agar uning qo‘lida bo‘lsa zanjiru kishan,
Hibsda qiynasalar, to‘yg‘azsalar jonidan,—
U baribir ozoddir, g‘arazdan ozod bo‘lsa,
Shunday erkin odamlar dunyoda bordir, ishon!

* * *

Pulu boylikdamas ulug‘lik, tushun,
Baland qasrlar ham qulaydi bir kun.
O‘zingni idora ega bilmasang,
Senga idora-yu mansablar nechun?

* * *

Hayotda kim yashab manzur bo‘lmasa agar,
Uning tirik yurganligi o‘limdan battar.
Ammo undan qolsa agar biror ezgulik,
Hatto ajal panjasida u tirik ketar.

* * *

Mansab va boylikning kechdim baridan,
Jaholatnn ko‘rsam o‘tgum naridan.
Yomonlikning umri kesilsin tamom,
Qardoshlik, qondoshlik tarafdoriman.

* * *

Mehru shafqatni bilsa, u insondir chinakam,
Faqat qorin to‘yg‘uzsa, u hayvondir chinakam.
O‘z qadrini bilganlar siylaydi o‘zgalarni,
Nuqul o‘zin o‘ylasa, u shaytondir chinakam.

Yusuf Shomansur tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.