Abu Muhammad Abdulloh ibn Ibrohim Raqqoshiy - O‘rta osiyolik arabnavis shoir
1
Barcha mard Abu Saidga jon fido etgay ayon,
Chunki u otliqqa ustod, posbonga posbon.
Sen zamona zulmiga to‘g‘on, Ahmad ibn Shabib,
Sen ko‘mak bersang, hujum etmas balolar nogihon.
Elga maqbul har ulug‘ki sen uchun jondosh erur,
Sen bashorat aylasang, ungay zafarlardan nishon.
Ko‘rsatar bo‘lsang jasorat, dars olar Bahrom kelib,
Himmating yolqinlari yetgay Zuhalga begumon.
Qasd etib bedovga minsang, har zaif topgay panoh
Ham amal topgay jamiki orzular shul zamon.
Gar o‘zing bir joyda tursang, so‘zlaring dunyo kezar,
Ne desang, sodiq suvoriylar taratgay har tomon.
Sen shijoat, aqlu idrok ham saxovat bobida
Barchadan zilroq bo‘lib, hayratdadir tarozubon.
To‘xtamay qo‘nmoqda ilkingga zafarlar izma-iz,
Xuddi nayson yomg‘irin yog‘dirganiday osmon.
2
Mayim may bo‘lmagay aslo, kelib u ko‘rmagach bir on,
Nadimlar ham nadim ermas va rayhon ham emas rayhon.
Bo‘lib holim zabun, bermas yupanch hattoki orzular,
Sababki, quchdi ikki o‘rtada yo‘llarni ham xufton.
Bu qayg‘udan bo‘lak bir chertkiga bardosh berolmasman.
Nahotki do‘stsizlik dardi birlan bo‘lurman qurbon.
Seni yodimga oldim qahramonlar badqovoq chog‘i,
Ajalni tish aro zohir etib kulgan mahal shayton.
Qorong‘u kechada o‘qlar uchar yulduzga o‘xshaydir,
Halokat yonma-yon, ammo halovat ko‘p yiroq armon.
To‘kib qon nayzalar yig‘lar, charaqlab kulsa shamshirlar,
Havo tunddir g‘ubordan, qon emib borliq – qizil alvon.
Husniddin Sharipov tarjimasi