Abu Nasr Sahl ibn Marzubon - O‘rta osiyolik arabnavis shoir.
1
«Abulayno xabarlari»n yozdim ilm yo‘liga,
Ko‘ziga nur bo‘lar, dedim, kimdir olsa qo‘liga.
2
U yuklar menga mushkul ish, demam «uh»,
O‘tib damlar, tanam bo‘lmoqda majruh.
Agar aytsam, tug‘ilgay ko‘p malomat,
Bu keltirgay o‘zimga jabru anduh.
Biror yo‘l bormikin bundan ham o‘zga,
U botin yo‘lni izlab talpinar ruh.
3
Taqmagin suhbatda ayb do‘stimga sen,
Do‘stda illat bo‘lsa gar, aybdori men.
Shul sabab, zavq chog‘i bu kasbingni qo‘y,
Yoki qo‘ygin menga ham ul aybni teng.
4
Izladim maydan davo, chaqqach chayon,
Ketdi og‘riq, sal halovat topdi jon.
Menga ko‘p lutfu karam ko‘rguzdi, deb,
Ul shifokor mayni maqtayman hamon.
Yomondan qoch va doim yaxshi birlan bo‘l,
Ularning har ishidan senga chiqqay yo‘l.
Odamning xulqi ham bir dardga o‘xshaydir,
Yuqar albatta ul dard kimga bersang qo‘l.
Husniddin Sharipov tarjimasi