OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Darvish (1941-2008)

Mahmud Darvish (1941.13.3, Akka sh. yaqinidagi Barva qishlog‘i — 2008.15.8. AQSh. Ramallohda dafn etilgan.) — falastinlik arab shoiri, jamoat arbobi, jurnalist. Yoshligi Xayfada o‘tgan. Falastin xalqi ozodligi haqidagi she’rlari uchun isroillik tajovuzkorlar tomonidan bir necha bor qamalgan. 1971 y.da vatanidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Qohira, Bayrutda yashagan. Ijodi asosan vatan ozodligi uchun kurash mavzuida («Qanotsiz qushlar», «Zaytun barglari»,1961; «Falastinlik oshiq», 1966; «Tunning oxiri», 1969; «Odatdagi g‘amgin kunlar», 1973; «Ovoz», 1980 va b.). She’rlari o‘nlab xorijiy tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan. D. «Nilufar» xalqaro adabiy mukofoti laureati (1969).
Mahmud Darvish arablarning yaqin tarixida eng nom qozongan va ta’sirga ega bo‘lgan ziyolilaridan sanalar edi. Mahmud Darvish falastinliklar o‘rtasidagi bo‘linishni ham qattiq tanqid ostiga olar edi Shoir 67 yoshida yuragi ustida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotgan vaqtda olamdan ko‘z yumdi.
 Falastin rahbarlari motam marosimida Mahmud Darvish falastinliklar bilan abadiy qolishi va u bu xalq birligining ramzi ekanini aytishdi. Mahmud Darvish o‘z hayoti davomida ham istilo ostida, ham muhojirlik hayotini tatib ko‘rdi. Falastin ozodligini kuylagan shoirning ko‘plab she’rlari kuyga solingan va milliy ashulalar qatoridan o‘rin olgan.


TURMADAN YOZILGAN XAT

Yulduzlar,
Oftob,
Oy —
Bari fazodan
Meni yo‘qlab keldi turmaga.

Dushmanlarim o‘qqa tutdi ularni.
Yomg‘irlar,
Daraxtlar,
Chechaklar —
bari
meni yo‘qlab keldi turmaga.

Dushmanlarim barin yo‘lini to‘snb,
Tikanli sim bilan bandu band etdi.
Shunda
ko‘shiklarim yo‘lga otlandi.
G‘anim tutolmadi
Qo‘shiqlarimni.

Ana shundan beri,
odamlar,
har kun
qo‘shiqlarim bilan uchrashasiz siz —
qo‘llar qo‘llar bilan ko‘rishgan kabi,
shamol olov bilan uchrashgan misol.

So‘zlarim hushyordir,
shu bois meni
jobir g‘animlarim jabrlar doim.
Qo‘shig‘im ozoddir,
mening nomimdan
dushmanim yuziga tupurar, yangrar.

Ey aziz insonlar,
so‘zim eshiting:
Bizlar,
ishqingizning asiri, bandi,
qabih jannatida
turmaxonaning
toptamadik
asl qiyofamizni.

Kunma-kun emas, yo‘q, soatma-soat
ulg‘ayyapman
kichik mamlakatimga
bo‘lgan
ulkan sevgim tarbiyasida.

Do‘stlar,
bag‘ringizga olingiz meni
bag‘riga olganday shamol gulxanni.


JAJJI VATANIM QO‘SHIQLARI

1

Zamin kamoqchilari,
Fursat kelar-da,
Bir kun
Kuppa-kunduz xurmoga
Osarsiz meni mahzun.

Ammo naki so‘z derman,
Na qilgayman ishora,
Yo‘q,
O‘lgayman
Xurmolar sirin etmay oshkora.

O, Vatanim!
Emassan sen tutqunlar ertagi,
Gul shu’lasihammas,
Yo — qasidalar ermagi.

Sen — shamolsan!
Nafasing
Xalqim dilga solguvsi,
So‘ng barcha qamoqlarni
Kunpayakun qilguvsi!

Adovatlar yo‘qolur,
Vahm qolmagay bir on!
Bir umrga kundalar
Bo‘lgay yer bilan yakson!
Bu zamin,
Bu mamlakat,—
Bor vujudim, tilagim.
Mozordagi jasadmas,
Urmoqdadir yuragim!

Na o‘q o‘tgay, na olov,
Tashna yorug‘ dunyoga,
Baquvvat xurmo bo‘lib
O‘rlagay u samoga!

2

Vatan!
Qo‘limda kishan
Ko‘p narsaga o‘rgatdi:
Kalxatning qora qahri,
Nekbinning yurak tafti,
Qorishib ketdi tamom.

Kelmovdi hech xayolga-ki,
Gupurgan qon qa’rida
Dovullar dolg‘a-dolg‘a,
Jilg‘alar jo‘shqin-jo‘shqin
Oqmog‘i mumkin axir!

Dunyo bilan o‘rtamda
Panjara tikdi taqdir…
Biroq qalbimda porlar
Mingta quyosh,
Mingta nur.
Ana, mahbuslik egnim
Zax devorda ko‘rinur.

Men libosmas, o‘rnida
Ko‘ryapman o‘tloqlarni,
Uvalarni,
Bog‘larni,
O‘ynab yurgan chog‘larni…

…Bo‘yashibdi devorga
Jallodning nusxasin ham,
Yovuzning chapiq rasmi
Ungib bormoqda kam-kam.
Men toshga sening noming
Tishlarim bilan o‘ydim,
Necha bor boqdim zor-zor,
Necha bor labim qo‘ydim!

So‘ng esa barmoqlarim
Taratib tunni, sochib,
Tutdilar yog‘du sochin,
Yog‘duning sariq sochin!

Qop-qora ko‘zlarimda
Jola yo‘q, iltijo yo‘q,
O‘t yonmoqda,
Nor yonar
Sachratibon haryon cho‘g‘!

Mag‘rur sevgim xochida
Meni yondirsalar gar,
«Inson» deya bong urgan,
Yo‘lin erk sari burgan,
Oq libosli jangchiga
Aylanurman muqarrar!

3

Yo‘q, tush emas, bor gap bu,
Bor hali shundoq bog‘lar:
Unda, oppoq balkonda
Oshiftahol dudog‘lar
Xonish aylar berilib
Kunday farishtalarga,
Berar qanot, bolupar,
Tunda farishtalarga.

Qushlar, qushlar —
Siz mening
Jon olar jallodlarim,
Qalbimni o‘ynatdingiz,
Titratib faryoddarim!

Sog‘indim seni!
Sog‘inch bo‘g‘zimga keldi, bilsang,
Koshki bir quloq solsang,
Xabar olsangu kelsang.
Sevgimiz —
Bu, chakkaga tiralgan to‘pponchadir,
Dardli qo‘shiqlarimiz
Bag‘ri qora qonchadir…
Chorlasang, nido sari
Otilib chiqqay yurak.
Chiqib,
Dard ummoniga
Botsa-yu, ketsa kerak…


TERGOV

Yozing ko‘zlarimga qarab:
Men arabman.
Daftar titkilamang takror-takror,
Ellik minginchiman,
Sakkiz bolam bor.
Yozda to‘qqizinchi qo‘shilar oilamizga.
Nima, yoqmadimi sizga?

Yozing ko‘zlarimga qarab:
Men arabman.
Hunarim toshtarosh.
Tosh yo‘naman, tosh.
Sakkiz bolam ochlikdan bo‘lmasin deb xarob,
Ishlab non topaman,
Olaman kitob.
Gadoylik qilmadim hech qachon.
Bir chora topaman ro‘zg‘orimizga
Nima, yoqmadnmi sizga?

Yozing ko‘zlarimga qarab:
Men arabman.
Siz bilmaysiz mening nomerimni.
Sindirolmadingiz quturib meni.
Mening ildizlarim
Asrlar qa’riga tutashdir.

Men qo‘shchi o‘g‘liman.
Oshnaman
Yoshlikdan omoch bilan.
Shox-shabbadan qilingan kulbada yashayman…

Arabning saqichday qoradir oochlari,
Ko‘zlari qoradir azob singari,
Mening sochlarim hurpaygan, biroq,
Izmiga oololmas hech qanday taroq.

Qadim tariximdan kechmayman sira,
Sevganim zaytun yog‘, shuningdek zira.
Yozing, menga xosdir yana bir nuqson:
Oldindan, hech qachon
Bo‘lmagan hech kimga qalbda nafratim.
Hech kimni talamadim
Hatto och qolgan vaqtim.

Ammo zo‘rlik bilan tortib olsangiz
So‘nggi narsamni,—
Erkimni, huquqim va nomusimni.
Unda aytib qo‘yay yuzingizga tik:
Mening ochligimdan qo‘rqqulik,
Mening achchig‘imdan qo‘rqqulik!
Bas kelib bo‘lmaydi g‘azabimizga,
Nima, yoqmadimi sizga?!

Miraziz A’zam tarjimalari

* * *

Menga minora bering,
chaqmoqlarning
nishlarini olaman yulib
va bulutlar qatidagi
yong‘inni o‘chiraman.

Yelkan beringiz menga,
havo qovoq uysa-da
men chiqaman dengizga
va sindirib tashlayman
to‘fon qanotlarini.

Narvon beringiz menga,
Quyoshga ko‘tarilib,
unga qo‘yaman qadab
urush nayzalari chilteshik qilgan
dardli zaminimiz yalovin.

Menga arg‘umoq bering,
tutib yellar cho‘ponin,
baland tog‘ cho‘qqisiga
zanjirband aylagayman.
Omoch bering,
er bering,
ekaman unga yurak hamda she’riyat urug‘larini.

Gitara bering menga,
sukunatni to‘ldiray
do‘stlarning tabassumi,
pok va yorqin gullarga.
Shunday deyman,
kaftimdagi qonim siqilib...

But, deysizmi?
Sig‘inmayman anchadan buyon,
lekin unga mixlanganman, qo‘yib yubormas.

Jentlmenlar kelar,
so‘rar ustimdan kulib:
«Qalay bo‘lar ekan,
shoir, mixlanib turmoq?»

Yana biri xirillar, g‘azabdan yorilguday:
«Jonga tegdi ovozing,
nedan umid qilyapsap?
Yo o‘ylarsan ehtimol hech o‘lmayman, deb?»

— Ha. O‘ylayman, Negaki,
sizlar faqat halqumimni kesmog‘ingiz mumkin,
yuragimni bolta urib ezmog‘ingiz mumkin.
Hatto qo‘lingizdan kelar
bulutlarni majburan yerga qo‘ndirmoq
yoki Nilni Frotga borib quydirmoq.
Qora qarg‘a oqarar, hatto qars yorilar tog‘
sizning amringiz ila.
Lekin mening ovozim...
Urinib ko‘ring, qani,
uni to‘rga solgani.
U — men bilan,
U — narida,
U — huv olislarda
sado beryapti,
eshityapsizmi?
Uni mixlab bo‘lmagay.
U erkin,
u orzu yo‘lida
kurashar tinmay.

Ikrom Otamurod tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.