OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muin Bsisu (1928-1984)

Muin Bsisu (1928, G‘azza — 1984, London) — falastinlik arab shoiri, dramaturg, publitsist, jamoat arbobi. Ijodi, asosan, milliy ozodlik kurashi, xalqlar do‘stligi va tinchlik mavzulariga bag‘ishlangan. 11 she’rlar to‘plami, 6 pesa va 2 publitsistik asar muallifi.
«Maktublar» (1952), «Vatan — qalbda» (1970), «Tashrif qog‘ozi» (1974),«Falastin daftari» (1978), «Deraza oynasiga yozilgan she’rlar» (1980),«Qalbdagi Falastin bilan» (1983) kabi to‘plamlari bor. Toshkent va Samarqand haqida she’rlar yozgan. «Tashrif qog‘ozi» she’rlar to‘plami taniqli shoir Mashrab Boboev tomonidan o‘zbek tiliga tarjima etilgan (1984). Xalqaro Nilufar mukofoti laureati (1980).


GAPIRIB O‘L

Indamaslik — o‘lim.
Gapirib o‘l.
Gap talashar ikki masxaraboz —
Kimga navbat tegsa mamnun ul.

Amirlar bilishar yolg‘onni, chinni,
Sen soqov o‘tkazib yuribsan kunni
Qamoqlarda bo‘lar umring kul.

Gapirsang — o‘lasan,
Indamasang ham…

Shunday ekan, yaxshisi, gapirib o‘l.


SOPQON

Vatanim!
Yonimda o‘, yo‘qsan bu dam.
Peshonam —
Charx toshi:
Bir me’yorda sirg‘anar pichoqlar.

Ko‘z yoshim qurigan,
Zulmat yopib qo‘ygan qovoqlarimni.
To‘yganman har qanday
Tasallidan ham.

Sopqonlar
Tosh otar,
Qovirg‘alar,
Barmoqlarni mo‘ljallab.
Qofiyalar,
Satrlarni mo‘ljallab
Tosh otar
Sopqonlar.

Beshigim tebrangan uy
Parcha-parcha bo‘lib qulagan.
Men uysiz, bevatan,
Yonayotgan
Uchar yulduzga
Aylanganman.
Sopqonlar
Tosh otar
Yurak va buyraklarga.

Qofiyalar,
Satrlarga
Tosh otar
Sopqonlar
Mal’un pochtadan
O‘z vaqtida,
Kechikmay
Aniq kelib turguvchi
Xatlardir bu toshlar.

Sopqonlar tosh otar
Bolalikni,
Apelsin bog‘larini mo‘ljallab,
Onalarning
Qatim-qatim ajin bosgan
Yonoqlarini mo‘ljallab,
Cho‘chigan, intizor
Qizlarimizning
Diydorlarini mo‘ljallab,
Erkaklarning bukik,
So‘ngaklari bo‘rtik
Yelkalarini mo‘ljallab,
Tosh otar sopqonlar.

Sopqonlar tosh otar.

Aniqdir
Tosh tegar nishon.
Sopqonlar tosh otar
Allaqachondan,
Asrlardan buyon.
Sopqonlar tosh otar,
Tosh otar.

Bari bir, men hayotman,
Bari bir, o‘lganim yo‘q
Va ko‘pirib oqar
Tomirlarimda
Qahrli qo‘shiq!


JANDARMLAR

Jandarmlar keldilar yana.
Uyg‘ot shahar qo‘ng‘iroqlarin —
Jandarmlar keldilar yana.

Tirsagingni kuragingga qayirish uchun
Jandarmlar keldilar yana.
Tosh yo‘llarda tovonlarning tasir-tusuri,
Jandarmlar keldilar yana.

Ko‘cha — sindirilgan qo‘ldir.
Jandarmlar keldilar yana.

Satrlarimni uyg‘ot:
Aji-buji shikast xatim —
Tumoring va qalqoning sening.

Satrlarimni uyg‘ot —
Burgut qanotiday
Kerilar ular.
Chaqmoq-qush —
Mening so‘zim —
Sokingina kaftda uxlab yotibdi.

Uni — qizib ketgan shingilni olgin!
Siqsang — olov sharbat oqadi!

Derazangning qichqirig‘in eshityapman —
Tepkilab sindirishyapti uni.
Hansiraydi quriyotgan irmoq —
Suvin ichar quturgan bo‘ri.

Daraxt sukut saqlar tishin-tishga bosib,
Uni yamlayapti olov.
Najot deb qoyaga tirmashgan odam
Itqitildi girdobga.
Joni halqumida turgan shaharni
Tosh shinelga tiqdilar.

E, tor ko‘cha,
Kim joyiga oolar chiqqan bo‘g‘inlaringni?
Mitti qushni changalladi qirg‘iy,
Tomchi-tomchi oqyapti qon,
U qadimiy yerga tushgan zahoti
Qo‘zg‘alar olovli to‘lqinlar bo‘lib.


TASHRIF QOG‘OZI

Barcha qamoqxonalarning
Barcha shiftlarida,
Barcha tomlarida,
Derazalarida raqs tushdim men,
Kamoqxona tovog‘ida yovg‘on ichdim.

Vatanim,
Boshim kesilgan
Va qo‘lsiz holda
Seni kuyladim.

Barcha cho‘qqilarga chiqdim,
Barcha tubsiz jarliklarga
Tushdim men.

Dunyodagi barcha qamoqxonalar
Tamg‘asini u kuydirib bosdi
Mening ko‘ksimga.

Yopiq eshiklarni taqillatdim men,
Fohisha boshpana berdiyu menga,
Lekin sotib qo‘ydi avliyo.
«Xudo yor bo‘lsin!»
Xudo esa politsiya mahkamasida
So‘roq berardi.

Papka ochiq edi…

« Familiyangiz?»
«Tug‘ilgan joyingiz?»
«Yoshingiz?»
«Adresingiz?»
«Kasbingiz?»
Holbuki, xudo, uning kasbi — xudolik.
Uning qo‘llaridan tutdilar-da,
Suratga oldilar uch xil holatda,
Siyohdonga barmog‘ini tiqib,
Barmoq izin olib qo‘ydilar.

«Xudo yor bo‘lsin!»
Xudo shundan keyin —
O‘zi kechirsin-da o‘zini —
Ayg‘oqchiday, qadam-baqadam
Ketimdan yurdi.

Xudoniig ko‘ksiga —
Nayza yoki pichoq emas —
Yolg‘on urug‘ini tiqib qo‘ydilar.

Vatanim, men sening
Mastlikdan
Gandiraklab,
Har xil xilvatxona,
Ishratxonalarda
Sanqib
Yurganingni ko‘rganimdan beri
Qarzga botib ketdim bo‘g‘zimga qadar.

Seni erkinlikka olib chiqay deb,
Barcha toifalardagi sudxo‘rlarga men
O‘zimni,
Qo‘shig‘imni,
Yuragimning yaralarini
Va boshimni garovga qo‘ydim.

Lekin yuz bermaydi mo‘‘jiza —
Aloviddin chirog‘ining
Yog‘i qurigan.
Yerimizda
Qanchadan beri
Hosil bermay qo‘ygan zaytunlar.

Samson hadya qildi menga sochini.
Bu-ku, juda yaxshi-ya,
Va lekin
Dalila
Har oqshom
Mening uxlashimni poylab turadi.

Men xilvat kechada o‘tirib,
Taom xillarini o‘qiyman:
Qayla sho‘rva,
May,
Bifshteks,
File
Va kabob —
Bari sening eting va qoningdan,
Samandar qushim.

Qo‘ng‘iroq:
«Allo!»
Millionlab: «Allo!»

Lekin qah-qah urar javoban simlar
Men hatto sening sasingni,
Sening go‘dak qiyqirig‘ingni,
Sening o‘lim oldidagi ingrashingni
Tinglash huquqidan mahrumman.

Men sahnadaman,
Rolim esa esimda yo‘q.
Mast-alast suflyor
Katagidan menga
O‘g‘rining so‘zlarin aytadi.

Axir men — shoirman-ku!
Sirkda o‘tiribman.
Rezina to‘p ustida turgan
Fildan kulyapman.
Tishlari arralangan
Fildan kulyapman.

Ichagim uzilguncha
Qah-qah uraman.
Men kimman?
Esladim!
Men, Vatanim,
Sening
Boshi kesilgan,
Tili yulingan
Shoiringman.

Mening —
Hech qachon qo‘liga qurol tutmagan
Darveshning
Sen uchun o‘lishiga
Kim ishonadi?

Lekin men
Bilaman —
Jangga chiqaman-da,
Olishaman,
O‘laman.


O‘LIM OLDIDAGI XAT

Mana, shoir ham
Naq Sultonning siyohdoniga
Qalamini botirdi.
Qalami quridiyu
Shoir ham o‘ldi…

Uning yostig‘i tagidan
Mis chaqalar bilan
Bir xat topib olishdi:

«Sulton,
Men tilimni yeb qo‘ydim,
Nafis satrlarni unutdim,
Sening tozi itlaring haqqi,
Darvozangning halqasi haqqi,
Qofiyaga moslab kishnaydigan
Otxonangdagi ayg‘irlaring haqqi,
Qasamyod qilamanki,
Seni hech qachon
Ishtonsiz raqs tushadigan mayxo‘r deb,
Masxaraboz va o‘ynashlaring davrasidagina
O‘zingni mislsiz dono sanaysan deb
Yozganim yo‘q men.

Otingning pichani chirib yotgan
Oxurga oqib tushsin ko‘zlarim,
Agar,
Sening mutaassir laganbardor,
Yaloqlaringni
Biron marta she’rimda
Haqorat qilgan bo‘lsam».

Mashrab Boboyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.