YER DARDI
Yer dardin suv dengizga eltar,
Eltib ado etolmas hargiz:
Cho‘kkan darddan tug‘ilar gavhar,
Sho‘rlab yotar shu darddan dengiz.
Yer dardin suv dengizga eltar,
Ammo dardin sezdirmas zamin.
Yerni har kun odamlar tepar,
Zamin-chi, yer odamlar g‘amin.
Suv bulutga berar yer dardin,
Bizlar uchun bulut bir ertak.
Lekin u ham yerning farzandi,
Ko‘z yosh bo‘lib qaytadir beshak.
Yer dardin suv qaytarar yerga,
Yer qalbiga sizar so‘ng qayg‘u.
Qolajak dard yer bilan birga,
Buloq bo‘lib qaytar ammo suv.
Zamin dardi — odamlar dardi,
Biz yuvamiz yerni ter bilan.
O‘rtada ishq ko‘prikdir garchi,
Ko‘proq undan g‘am o‘tar ekan.
Yer dardin suv dengizga eltar,
Sho‘rtang erur shu vajdan dengiz.
* * *
Mening quvonchimda qayg‘u bor oz-moz,
Javob beray desam g‘am bosar nogoh:
Bu oz-moz qayg‘umga o‘tmishim mumtoz,
O‘tgan kunlarimga men o‘zim guvoh.
Mening sevinchimda yarador qushlar,
Yarador umidlar, dardli yosh vujud,
Onam ko‘z yoshlari, qo‘rqinchli tushlar,
Tog‘imning yomg‘irli nigohi mavjud.
Baxtimda mujassam buzilgan uylar,
Kuyindi eshiklar, kullar bo‘roni,
Sevishganlar ko‘zin cho‘qigan o‘ylar,
Dil qirg‘og‘in buzgan ko‘zyosh to‘foni.
Mening quvonchimda qayg‘u bor oz-moz,
Usiz yasholmagay hech qachon yurak.
Qayg‘usiz baxt kulib berolmas ovoz,
Shoir bo‘lmoqqa ham katta dard kerak.
Dardimda ham tag‘in dardlar bor oz-moz...
E. Muhammad tarjimalari