Ma’lumki, Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek, balki fors-tojik tilida ham Foniy taxallusi bilan barakali ijod qilgan zabardast zullisonayn shoir hisoblanadi. Fors-tojik tilini uning ikkinchi ona tili deyish mumkin. Chunki u ulug‘ fors-tojik so‘z san’atkorlari ta’sirida forsiy tilda ham qalam tebratdi va bir umr bu mashg‘ulotni kanda qilmadi. «Xazoyin ul-maoniy» («Chor devon») devonlar turkumini tuzib bo‘lgach, fors-tojik tilidagi ijod namunalarini ham to‘plab, «Devoni Foniy»ni tartib beradi. 12 ming misra she’rdan tashkil topgan bu devon Hofiz Sheroziy devoniga qariyb teng keladi. Agar «Sittai zaruriya» va «Fusuli arbaa» turkumlariga kirgan o‘n qasidasi va adabiyotshunoslikka oid «Risolai mufradot» asarini ham qo‘shsa, shoirning forsiy tildagi merosi ham salmokli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Alisher Navoiyning forsiy merosi o‘z davrida Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Binoiy, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy kabi zamondoshlari tomonidan ham yuksak baholangan.
«Devoni Foniyning mo‘‘tabar qo‘lyozmalari Parij, Tehron va Turkiya kutubxonalarida saqlanadi. Tehrondagi nusxasi 1963 yili mashhur adabiyotshunos olim Rukniddin Humoyunfarrux tomonidan nashr etilgan. Hozircha eng mukammal deb qaralayotgan Parij nusxasi esa 1965 yili taniqli sharqshunos Hamid Sulaymon tomonidan Alisher Navoiyning o‘n besh jildlik asarlari tarkibida ilk bor bosilib chiqqan. Shoirning XX jildlik «Mukammal asarlar to‘plami»ga ham shu nusxa asos qilib olingan.
«Devoni Foniy»dan shoirning 72 ta ruboiysi o‘rin olgan. Ma’lumki, mumtoz adabiyotda ruboiy ikki xil qofiyalanish tartibiga ega: birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi misralari o‘zaro qofiyalanadigan odtsiy va har to‘rttala misrasi qofiyalanadigan taronai ruboiy. Buni Navoiyning o‘zi ruboiya deb ataydi. Shoirning barcha ruboiylari ana shunday ruboiya yoki taronai ruboiylardir. «Devoni Foniy» hozirga qadar o‘zbek tiliga she’riy tarjima qilinmagan. Faqat G’afur G’ulom va Habibiy shoirning bir necha g‘azali, Sh. Shomuhamedov «Tuhfat ul-afkor» qasidasi, qit’a va ruboiylaridan ba’zi namunalarni, Nosir Muhammad ham bir necha g‘azal, qit’a va ruboiylarini o‘zbekchalashtirganlar. Taniqli navoiyshunos Abduqodir Hayitmetov esa mazkur qasidani nasriy tarjima qilgan.
Ilohiy va majoziy ishq tarannumi, insoniy kamolot masalalari, umrni qadrlash, nafsni mazammat qilish, ma’shuqa ta’rif-tavsifi, visol umidi-yu, hijron azoblari Foniy ruboiylarining mazmun-mohiyatini tashkil etadi.
* * *
Dil ketib ko‘yingga, jism undan nishon qolgusidir,
Qushki parvoz etsa, undan oshyon qolgusidir.
Men Vatandan ayrilib, ovvoraman ko‘ying aro,
Xonumon qo‘ldan ketib, bexonumon qolgusidir.
Hajrida o‘lsam-da, qatlim qasdidadir u hanuz,
Ketdi jon, jonon dilida lek gumon qolgusidir.
Bo‘lsin oziq deb iting oldiga o‘zni tashlasam,
Shodman, garchi tanimdan ustuxon qolgusidir.
Ko‘rgali ojizligimni eshigingga sol nazar:
Boshi ostonangda yotgan notavon qolgusidir.
Sarv qaddingning xayoli xam bu jismimga aso,
Keksa boshimda muhabbat navqiron qolgusidir.
Do‘stu yordan ayrilib Foniy bu yo‘qlik dashtida,
Ojiz itdek korvondan begumon qolgusidir.
* * *
Kunduzi hajring g‘amidan oshdi ranju kulfatim,
Qolmadi tunlarda nola aylamoqqa quvvatim.
Dil bo‘lar betoqat o‘zim ko‘rganimda yuzini,
O‘zgalarning ko‘rganiga qanday yetsin toqatim.
Husniga hayronligim bo‘lgan bilan haddan ziyod,
Husnidan ko‘p bu qadar oshiqligimga hayratim.
“Bir ko‘rib yuzini, – dersan, – qolmadi nega hushim”,
Ixtiyorim yo‘q o‘zimda, bu qadimiy odatim.
Kechalar ishq dog‘i ko‘p ko‘nglimni kuydirgan edi,
Bu kecha kuydirdi qattiq ammo dog‘i furqatim.
Yaxshi eldan menga vahshiyi biyobon suhbati,
Bo‘ldim-ey, vahshiy umrdan borligiga vahshatim.
Ko‘rdim inson ahlidan ko‘p noinsonlik, yetar,
Bo‘lsa-da ko‘zdek yaqin, noxush ular-la suhbatim.
Soqiyo, baxsh et hayot menga tutib bir jom sharob,
Yuksalishga to falak avjiga moyil himmatim.
Bevafodirlar zamon ahliyu men ahli vafo,
Foniyo, bas, qandayin bo‘lsin ularga nisbatim.
* * *
Bir ko‘ngil yo‘qki, ko‘zining jabridan bemor emas,
Yoki ko‘zki, dil g‘amidan to sahar bedor emas.
Gar falak haddan ziyod jabru jafo aylar, biroq,
Ko‘ngli qattiq yor kabi jabru jafosi bor emas.
Vasli xoslarga nasib, g‘am kunjiyu ko‘nglim qushi,
Bor ekan vayrona, boyqushga makon gulzor emas.
Ishq aro Farhodu Majnunga mening yo‘q nisbatim,
Chunki aql ahli bilan devonalar hamkor emas.
Kechalar hijron azobi ishqidan bezdirsa ham,
Qilmishimdan to sahar ish g‘ayri istig‘for emas.
So‘rma mendan zuhdu dinni, g‘am ipi bo‘ynimdadir,
Bil, bu, ey mayxona rindi, rishtai zunnor emas.
Ey raqib, yo‘q bo‘ldi Foniy ko‘yida tortib jafo,
Tort qo‘lingni, endi u avvalgidek hushyor emas.
* * *
Bo‘lsa bir olamki, unda ahli olam bo‘lmasa,
Ahli olamning jafoyu jabridan g‘am bo‘lmasa.
Hech asirlar ashkidan o‘lim to‘foni kunduzi,
Hech g‘ariblar ohidan tunlarda motam bo‘lmasa.
Hech falak bedodidan dillararo ming bir alam,
Hech sitam shamshiridan ming bir yara ham bo‘lmasa.
Hech parilar ahlidan noodamiylik shevasi,
Hech kishida ajdaho fe’li mujassam bo‘lmasa.
Bu havas ro‘yobga chiqsin, ey ko‘ngil, mayxona bor,
Unda yo‘q bir ko‘hna sopolki, Jomi Jam bo‘lmasa.
Quy qizil mayni, safosidan bu feruza falak,
Ostin-ustun bo‘lsa-da, soz ishrating kam bo‘lmasa.
U falakning jomi bo‘lsa-da, simir oxirgacha,
Yaxshi do‘zaxning tubidek ostida nam bo‘lmasa.
Xotiringdan yaxshiyu yomon g‘ami bo‘lsa unut,
Koshki g‘am hatto tasavvuringda bir dam bo‘lmasa.
Olam ahvolini o‘ylab, chekma g‘am Foniy sira,
Bir muammo yo‘qki, aql ahliga mubham bo‘lmasa.
* * *
Men yana mug‘ dayriga ohu fig‘on keltirdim-ey,
Dodga ohimdan jahonni begumon keltirdim-ey.
O‘tparastlik qo‘l-oyog‘in bog‘labon zunnor bilan
Tavba aylab, o‘zni mug‘ dayri tomon keltirdim-ey.
Qil bu rasvoga nima istar esang, ey mug‘bacha,
Senga mos ko‘yga solib dilni buyon keltirdim-ey.
Dayr piri lutfi ortiqdir gunohimdan mening,
Bosh urib poyiga, aybimga imon keltirdim-ey.
Tut qadahni to‘ldirib, sharmandalikning zo‘ridan,
Xam etib boshimni, soqiy, bu zamon keltirdim-ey.
Nom-nishondan garchi ozodman, muhabbat dog‘idan
Men jigarga benishonlikdan nishon keltirdim-ey.
Dayr piri sevgi sirini yoyib bo‘lmas, dedi,
Qanday aytay, Foniyo, yuz doston keltirdim-ey.
RUBOIYLAR
1
Tundan qilaman toshta qadar zorliklar,
Hadtsan o‘gdi tanholigu bemorliklar,
Yuzlandi firoq tufayli dushvorliklar,
Ey yor, qayoqda qoldi ul yorliklar?
2
O’tkinchi havaslarga ekansan maftun,
G’am-g‘ussadan ozod emassan bir kun,
Bo‘lmoq esang Iskandaru Jamdan ustun,
Joy oyinasisiz bu emasdir mumkin.
3
To dilda kuchu quvvatu jon bor erdi,
To tanda hayotdan nishon bor erdi,
Dil moyili husni dilsiton* bor erdi,
Jon volai osho‘bi* jahon bor erdi.
_________
* Dilsiton — dilbar, dilrabo: dilni oluvchi, asir qiluvchi.
* Osho‘b — g‘avgo-to‘polon, fitna, tartibsizlik. Osho‘bi jahon — jaqonga fitna soluvchi, fitnagar.
4
Zuhd ahlidan uz ko‘ngilni butkul, ey dil,
Qurgil fano dayrida manzil, ey dil,
Maqsud mayu mutrib ila hosil, ey dil,
Bir-bir aytdim, quloq sol, ey dil, ey dil.
5
Ey do‘st, halokatlidir ayyomi firoq,
Hijron zahariga qorishiq jomi firoq,
Tug‘dirsa visol tonggini gar shomi firoq,
Kechirma sira tutsam agar nomi firoq.
6
Davr eli jabr etsa, ko‘tarma isyon,
Ko‘n boriga, yo‘q tufayli bo‘lma sarson,
Tinglash kerak emasmi — eshitma pinhon,
So‘zlash kerak emasmi — gapirma bir on.
7
Achchiq suv emas, soqiy, olovdan o‘tkir —
Chog‘irni olib, katta qadahga to‘ldir,
Uzrimni qabul qilma, qoshimga keltir,
Yengishta sol-u, so‘ng og‘zima quy bir-bir...
8
Sensiz meni(ng) sabrimda faqat nuqsondir,
Ko‘nglimda g‘amingdan alami hijrondir,
Jonim chekibon behuda ranj nolondir,
Bas, menda na sabr-u, na dil-u, na jondir.
9
Yor ko‘yida toki benishon bo‘lmassan,
Sen voqifi asrori nihon bo‘lmassan.
Jisming unutib, to lomakon bo‘lmassan,
Loyiqi hayoti jovidon bo‘lmassan.
10
G’am zahri agar qilsa halok, ey soqiy,
Daf’ etsang uni may-la ne bok*, ey soqiy,
Dil tavbadan o‘ldi jurmnok*, ey soqiy,
Boda ila ayla uni pok, ey soqiy.
_________
* Bok — bu yerda: ajab.
* Jurmnok — gunohkor, aybdor.