OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Furo‘g‘ Farruxzod (1935-1967)

Furo‘g‘ Farruxzod 1935 yil 5 yanvarda Tehron shahrida dunyoga keldi. Otasining kattagina kutubxonasi borligi sababli Furo‘g‘ kechiklikdanoq kitob bilan tanishdi, kitoblar orasida yashab ulg‘aydi.
Furo‘g‘ 13-14 yoshidanoq she’r yoza boshladi. Uning “Asir” nomli birinchi she’riy to‘plami 1952 yilda, ya’ni 17 yoshida nashr etildi. Shu yili uning “Gunoh qildim, to‘liq lazzat gunohi” nomli she’ri bir jurnalda bosilib, ancha shov-shuvlaru oilaviy janjallarga sabab bo‘ldi.
1957 yili “Devor” nomli ikkinchi she’riy to‘plami bosilib chiqdi. Bu to‘plamdagi she’rlar uning boy tajribalarga erishganidan, she’rning yangi cho‘qqilarini zabt etganidan xabar bersada, mazmun jihatdan “Asir” to‘plamining davomi edi.
U 1958 yilda “Bir olov” nomli qisqa metrajli hujjatli filmini montaj etdi. Bu film 1962 yili Italiyada qisqa va hujjatli filmlarning 12-festivalida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ammo uning ajoyib va mangu ishi – moxovlar hayotiyu orzulari haqida yaratgan “Uy qoradir” nomli qisqa metrajli hujjatli filmidir. Bu film 1963 yili Germaniyada “Eng yaxshi hujjatli film” mukofotini oldi. Filmning ta’siri shuncha kuchli ediki, dunyoning nufuzli festivallaridan biri “Vorschau” 14-festivali o‘zining eng katta mukofotini “Furo‘g‘ Farruxzod” deb nomladi va shu mukofotning shior so‘zini “Uy qoradir” filmining so‘zlaridan tanlab quydi.
U 1964 yili o‘ttiz yosh arafasida “Qayta tug‘ilish” she’riy to‘plamini nashr ettirdi. Bu to‘plamdagi she’rlar haqiqatan ham shoiraning she’r dunyosida qayta tug‘ilganidan, insoniy barkamolligiyu san’atdagi takomilidan dalolat berardi.
Furo‘g‘ Farruxzod 1967 yil 13 fevral kuni avtomobil halokatidan vafot etdi.

G‘AMSEVAR

Men faqat kuz bo‘lsam, so‘lg‘in kuz bo‘lsam,
Sasi yo‘q kuz bo‘lsam, g‘amgin kuz bo‘lsam.
Orzu yaproqlarim birma-bir so‘lsa,
Ko‘zlarim quyoshi muzlayin so‘nsa,

Ko‘ksim osmonlari g‘amga to‘lardi,
Ko‘nglim sovuq dolg‘ali bo‘lardi
Va ko‘zim yoshlari yomg‘irga do‘nib
Etaklarim shibba ho‘l qilar edi.

Ne go‘zal bo‘lardi agar kuz bo‘lsam,
Zavqdan, shavqdan ranglarga to‘lsam,
Kuz bo‘lsam, yosh to‘la ko‘zimda manim
Shoir osmon she’rin o‘qirdi g‘amgin.

Va qarshimda ulkan cho‘g‘ tovlanardi —
Bir oshiq yuragi olovlanardi.
O‘tli dardlarimning uchquni kabi
Qo‘shiqqa aylanib uchardi qalbim.

Qanoti qirqilgan shamol nag‘masi
G‘am atrin sochardi xasta ruhlarga,
O‘ngda yoshlik qishin sovuq chehrasi
Ortda yozday qaynoq ishqning nafasi.

Ko‘ksimdagi dardu umidsizlik, g‘am,
Boshpana topardi agar kuz bo‘lsam…

UL KUNLAR
Parcha

Ul kunlar ketdilar —
Ul maroq va hayrat kunlari,
Ul uyqu va bedorlik kunlari…
Ul kunlar har soyada bir sir bor edi,
Har bog‘liq qutida bir xazina yashirin edi.
Peshin sukunatida ombor ichida
Bir dunyo bor edi.
Ul kunlar ketdilar —
Ul kunlar Quyoshdan qurigan giyohlar kabi
Quyoshning haroratidan qurib bitdilar
Va akatsiyalar atridan mast bo‘lgan ko‘chalaru
Qaytib bo‘lmas yo‘laklarning to‘polon
Izdihomlarida yitdilar.
Va yanoqlarini rangin bo‘yoqlar ila
Bo‘yagan ul qiz ham, oh.
Endi yolg‘iz bir xotindir,
Endi tanho bir xotindir.

QUSH FAQAT BIR QUSH EDI

Qush dedi: » Ne go‘zal ifor bu,
Ne go‘zal Quyosh bu, oh, mayin.
Navbahor kelibdi.
Endi men do‘stimni izlab topayin».

Qush ayvon qanotidan uchdi,
Bir xabarday uchib ketdi qush.

Qush kichkina qush edi,
Qush fikrlashni bilmasdi,
Qush gazeta o‘qimasdi,
Qushning qarzi yo‘q edi,
Qush odamlardan xabarsiz edi…

Qush faqat bir qush edi.

SAVDOYI

Mani tark etu ket, man bir dilozor,
Ojizu zaifu sustu gunohkor.
Ko‘ksimda devona dilim bor yolg‘iz,
Dilimning ichinda ming bir havas bor.

ASIR

Seni kutamanu bilaman, aslo
Men seni bag‘rimga bosa bilmasman,
Sen – zangor, beg‘ubor samosan, samo…
Men-chi, qafasdagi qushman, asirman.

Sarg‘aygan dashtlardan hasratga to‘lib
Umidsiz boqarman, boqarman hayron.
Kutarman, qandaydir qo‘l paydo bo‘lib
Qafasni ocharu yo‘llar sen tomon.

Kutarman, o‘sha on g‘aflatda qolib
Ketmasman – ucharman osmonga shodmon,
Boqarman zindonbon ko‘ziga kulib
Va sening qoshingda yasharman omon.

Shunday o‘ylaymanu bilaman, biroq
Tark eta bilmasman aslo qafasim,
Zindonbonning qo‘li bo‘shatgandayam
Uchib ketmoq uchun yetmas nafasim.

Sarg‘aygan dasht aro har subhi azon
Menga boqar go‘dak nigohi ila,
Quvonch qo‘shig‘ini boshlaganim on
Lablarim qovushar dudog‘i ila.

Agar-da, ey osmon, dil istab birdan
Zindonni tark etib osmonga uchsam –
Bu bola ko‘ziga qanday qarayman?
Yaxshisi, qo‘y, meni… Men asir qushman.

Men shamman, bu shamning yog‘dusi tushsa
Charog‘on bo‘ladi vayronalar ham,
Agar men uchishni istasam, uchsam,
Parishon bo‘ladi koshonalar ham.

ISHQ TONGI

Osmon yuragimning sahifasidir,
Uni-da yorita oy to'kar shuur.
Men tunlar uyqumni quvaman,axir
Xayoling uyqudan shirinroq erur.

Tolning dahshat to'la soyasi tushib
Qordek oq to'shakda yoturman tag'in,
Ko'ksimdan sehrli nag'malar uchib
Boshimni qo'yurman daftarga g'amgin.

Yuzlab taronalar o'ynar,raqs etar
Ovozimning zarif,billur torida,
Noma'lum lazzatlar,ro'yo hasratlar
Qon kabi yugurar dil tomirida.

O,go'yo dilimning maqbarasidan
tunkezar oy ruhi uchdi-yu ketdi,
you nut va ovloq yo'llar ustidan
uchgan yel etagin yosmin ho'l etdi?

Labimda aks etib labing shu'lasi
Armon gullaridek bir-bir ochilar,
Xayolimda sirli rozlar egasi -
Yoniq yulduzlarning nuri sochilar.

Yuragimning menga pinhon qa'ridan
Yetib kelar goh chang,goh rud faryodi,
Ularga qo'shilib mungli nag'malar
Taratib yangraydi oshiq ud dodi.

O,qanday ishonay,mening dilimga
Payvast ekaniga sening so'zlaring?
Bir umr qoshimdan ketmay,yo'limga
Nur sochib turarmi sening ko'zlaring?

Ishondim,bu ro'yo jahonda Zuhra
Muhabbat ko'zidur,yumilmagay u -
Yozurman qadrdon daftarim uzra:
'O ishqim tongi,sen mangu bo'l,mangy!'

Xurshid Davron tarjimasi

DEVOR

Sovuq lahzalarning uchqur bag‘rida
sukunat ichra vahshiy ko‘zlaring
atrofimda devor tiklaydi, sendan
qocharman tong kabi sokin bo‘zarib.

To ko‘ray dashtlarni oy g‘uborida
to nur chashmasiga chulg‘ab tanimni
issiq saratonning rangin tongida
eng ma’sum, sahroyi chechaklar bilan
to‘ldirib-to‘ldirib etaklarimni,
eshitay xo‘rozlar qichqirig‘ini
dehqon kulbasining pasqam tomida.

Sendan qochib sahro etaklariga
oyog‘imni tirab taniga, ichay
sovuq shabnamini alafzorlarning.
Sendan qochib dengiz sohillariga
Qora bulutlarning soyasi ichra
yo‘qolgan qoyalar qarorgohida
nazar solsam dengiz to‘fonlarining
dalli, devorangiz o‘yinlariga.

Olis g‘urubdagi kabutar yanglig‘
dalalarni hamda dasht-dovonlarni,
purviqor tog‘larni va osmonlarni
qanotim ostiga olib tinglayin
qurigan butalar iltijosidan
sahroyi bulbullar qo‘shig‘in mayin.

Sendan olislarga ketarman qochib,
sindirib orzular tor qafasini.
Sendan olislarda qolarman ochib,
ro‘yolar qasrining tosh tambasini.

Biroq, ta’qib etib sening ko‘zlaring,
yo‘llarni ko‘zimga aylab tangu tor,
jismimni qa’riga yashirib tinmay,
girdu atrofimda tiklaydi devor.

Munofiq ko‘zlaring domidan ozod
bo‘larman bir kuni oxir-oqibat.
Taralib ro‘yolar gulin atriday
osilib tungi yel qanotlariga,
boraman to quyosh qirg‘og‘igacha
mudroq jahon, mangu sukunat ichra.

Qahrabo bulutlar to‘shagida bot
shirin entikaman qayg‘ular arib,
yoyilar hur osmon kifti uzra shod
betimsol, g‘aroyib nur kokillari.

Men o‘shal ma’voda sarxush va ozod
qarayman, fusunkor, makkor ko‘zlaring
ko‘zimga yo‘lin tor etgan dunyoga.
Qarayman, fusunkor, makkor ko‘zlaring
zulmat pardasiga chirmab paydar-pay
atrofini devor etgan dunyoga...

YOZNING KO‘M-KO‘K SUVLARIDA

Tanho seni ayro etib bitta yaproqdan,
hijronimning shod, zalvorli yuki qa’rida
rixlat etgum
yozning ko‘m-ko‘k suvlari ichra
mamot yurti,
kuzak g‘ami sohillariga.
Soyalarda avayladim o‘zimni nochor,
bebok, besud va besamar ishq soyasida —
sururlardan, saodatdan tongan tund, beor
nobarorlik, nopoydorlik himoyasida.
Nafaslari qaytib ketgan tor samolarda
shabbodalar tentiragan zulmoniy tunlar,
tomirlarning ko‘kmak, bebosh ko‘chalarida
so‘yilgan oy sarson kezgan tul, foniy
tunlar —
tanho.
Ruhim larzalari bilan qo‘shilib
tanho qoldi betasallo tun, subhi sodiq
hatto tomir zarbalari bilan ko‘pirib,
bedavo dard balosiga giriftor borliq.
«Bir asror bor darralarning intiqligida...»
Bu bitikni kimdir tog‘lar bag‘rini o‘yib,
zilu zambil toshlariga yozib tashlagan,
toshlargakim,
sukutining suroni ichra
bir tun tog‘lar sukutini achchiq va taxir
iltijolar bilan tilka-pora aylagan.
«To‘lib-toshgan ko‘llarning lanj iztirobida
bo‘m-bo‘sh ko‘llar xalovati bo‘lmagay zinhor,
Oh, go‘zaldir sukunati vayronalarning...»
Bu bitikni yozning ko‘m-ko‘k suvlari ichra
kuylardi bir ayol vazmin taronalarda.
O‘sha ayol yashar edi vayronalarda.
Otashfishon nafasimiz bilan belaymiz
baxtiyorlik taqvosiday
bir-birimizni,
Nogahonda kezgan daydi shamol sharpasi
vahimaga ko‘mib tashlar goh dilimizni.
Shubhalarning soyasida sarg‘ayib-so‘lar
bo‘salarning hur bog‘lari
bad-balolardan.
Mehmon bo‘lib biz har nechuk nur maskanida
zor-zor qaqshab-qaltiraymiz go‘r sadolardan.
Endi mening bag‘rimdasan,
tong pallasida
sarvigulning atri kabi yoyilgan ozod
sochlarimga ko‘milgancha o‘zingdan ketib,
yuragimda tosh qotarsan endi umrbod.
Allanechuk cho‘ng va g‘amgin tiyra mavjudot
olislarda yorishguvchi kun sadosiday
parokanda qarog‘larim aro charx urib,
yoyiladi goh parishon,
goho osuda.
Balki tiniq chashmalardan simiradilar,
Balki shoxdan uzadilar meni so‘rmasdan.
Balki meni eshik kabi so‘nggi lahzada
ko‘radilar, balki...
Balki, boshqa ko‘rmasman.
Qora yerda yaralganmiz
bemavrid, besas
qaro yerga to‘kilgaymiz...
O‘sha rohlarda
«hech»ni ko‘rdik
u o‘zining qanotli, sariq
tulporini minib borar shahanshohlarday.
Biz xushbaxtmiz, osudamiz biroq, vodarig‘
biz badbaxtmiz, osudamiz azaldan-abad.
Biz xushbaxtmiz,
zero, sevib yashaymiz mangu,
Biz badbaxtmiz,
nafrat erur zero, muhabbat.

SOYALAR DUNYOSI

Tunnnng rutubatli yo‘laklarida
quvg‘indi bo‘lganda soyalarimiz,
Bizdan yiroqlarda,
oy yorug‘ida
diydiragan uzum novdalariday
bir-birin pinjiga tiqilar ular.

Tunning rutubatli yo‘laklarida
muattar tuproqning sukuti ichra
beqarorlik bilan chirmashar go‘yo
shabnam sharobidan sarmast gullarday
soyalarimiz...
Ayriliq onida go‘yoki ular
biz hech choq kuylamay
Qahr-g‘azab bilan
ichimizga yutgan taronalarni
zavq bilan baralla kuylamoqdalar.
Biroq soyalardan yiroq-yiroqda
bexabar ahd nla paymonlaridan,
visolu ayriliq, armonlaridan
burkanib lattayu puttalariga
yaratardi xasta, xor vujudimiz
tiriklikning shaklu shamoyilini.
Tunning rutubatli qa’rida qolib,
o‘z-o‘zimga aytdim takror va takror —
«Yo soyamiz siyratidan borliq rang olar
yo soyamiz singib ketgan siyratimizga...»
— Ey, zulmatning mavji ichra zor, motamsaro
atrofimda o‘ralashgan sargardon ruhlar
soyam hayda?
— Vahshat nuri porlayotir, boq,
sokin, xomush faryodimning billur bag‘rida.
Soyam qayda qoldi,
ko‘lankam qayda?
Istamayman
undan hatto oniy ayrilsam,
Istamayman
yo yiqilsa sirg‘anib behush
yo‘lovchilar oyog‘ining ostiga mulzam.
U axtargan o‘z yo‘liga kelsin yuzma-yuz.
Eshiklarning qimtiq lablariga u
boshin suqar nechuk bahona bilan?
Yetti yot begona yurt aro nechuk
har uyning notanish ostonasiga
noumidlik bilan qo‘yarkan qadam?!
Oh, oftob,
oh, oftob, behol jismimdan
ne uchun soyamni ayirding-a, ayt?!
Aytgil, qorong‘ilik shodlikmi yo dard?
Ayt, vujud zindonmi yo erk sahrosi?
Tun zulmati nadir?
Bu zulmat kimning
yuzidagi qarolig‘ning soyasi?..
Nima derkin u?
U nima derkin?—
Deya tentirayman sargashtayu zor
so‘rovlarning — birovlarning ko‘chalarida...

JUFT

Tun quyilar...
Va tundan keyin
tund zulumot
va undan keyin
qarog‘lar, dastlar
va nafaslaru nafaslaru nafaslar.
Suv quyilar...
Qatra sizib jo‘mrakdan
qatra-qatra bo‘lib to‘kilar nolib.
Va ikki cho‘g‘ —
ikki yoniq sigara,
Soat chiq-chiqi
Va ikki qalb —
ikki tanholik...

UNGA NISOR AYLANG

Unga nisor aylang:
ahyon-ahyonda
sabil qolgan dardmand, xor vujudini
ko‘lmak suv va bo‘m-bo‘sh chuqurlik bilan
payvand aylamakni unutgan, biroq
boshida charx ursa tentak bir xayol,
yashamoqqa hakqim bor degan.

Unga nisor aylang:
Yovuz tajovuzning befarq qahridan
yuksak ezgu orzu a’moli
erib bitsa qog‘oz diydalarida.

Unga nisor aylang:
nur tarab tobuti uzra sarsari
kezib o‘tar bo‘lsa qirmizi oylar
va tunning beqaror muattar mushki
tanining ming yillik mudroqlarini
o‘ziga oshufta aylagan bo‘lsa.

Unga nisor aylang:
Siyrati vayron
ammo hanuzgacha ko‘z pardalari
kuyib ketsa tola nur xayolidan
va bebok, noumid zor kokillari
qaltirasa oniy ishq nafasidan.

Ey, xushbaxt ma’voning tirik jonlari,
yomg‘irga daricha ochgan odamlar
unga nisor aylang,
unga nisor aylang!
Zero, u — afsungar,
tirikligingiz
tomirlari butkul ketsa ko‘milib
uning zahar-zaqqum tuproqlarida
va sizning go‘l-gumroh yuragingizni
hasrat domi bilan mahv etar bo‘lsa
ko‘ksining zulmoniy puchmoqlarida..

VIDO

Ketarman lojaram,
Ketarman nolib
Tag‘in vayronadan vayronalarga.
Ketarman darbadar,
Ketarman olib
Bu daryo dilimni devonalarday.

Ketarman yiroqqa,
Qalbimning qora
Gunohini hamda ishq dog‘larini
Yuvib
Xalos etsam dilimdan zora
Xarob istaklarning dudoqlarini.

Kechirmadim.Kechdim sendan,umidim,
Benavo qalbimning tinglab dodini,
Tiriklayin go‘rga olib ketdim jim,
Qo‘msamasin deya visol yodini.

Yangraydi anduhlar,ashklar nag‘masi,
Ketarman sargashta,
Ketarman badar,
Sizdan,gunohlarning qaynoq chashmasi,
Shoyad o‘shal ondaqilsaydim hazar.

Ma’sumgina farah niholi edim,
Shoximni qayirdi ishq panjalari.
Kulfat yog‘dusiga aylandim-qoldim
Labim u lablardan tushganda ayri.

Oqibat,
Poyimga tashladi kamand
Safar arqonlari.
Jigarxun,jimjit
Ketarman,ketarman,
Tort yuragimdan
Nochor qo‘llaringni, besamar umid.

BIZNI OLIB KETAR SABOLAR

Norasta tun aro shivirlar sabo
Qartaygan daraxtning yaproqlariga.
Orasta tun aro to‘zg‘ib bemajol
Parishonlik yotar og‘rib,og‘rinib.
Tingla,
Eshitdingmi tun ingrog‘ini?

Men - badbaxt,
Farahga qarayman to‘nb,
Hazing o‘ylarimni alqab,sog‘inib:
Tingla,
Eshitdingmi tun ingrog‘ini?

Tun bag‘rin nimadir o‘tadi tilib -
Ollangan oy kezar yolg‘iz parishon.
Bulutlar - azador izdihom bo‘lib,
To‘kilmoqqa go‘yo muntazir,
Har on
Yiqilmoq xavfini tuygan osmonda.

Deraza oldida qaltiraydi tun,
Zamin aylanishdan to‘xtaydi nochor.
Deraza ortida qandaydir quvg‘in
Ikkimizni kutar intiq,intizor.

Porlagin,
Chorlaydi bizni samolar
Qo‘llaringni achchiq xotira kabi
Ochiq qolgan oshiq qo‘llarimga tut.
Qaynoq lablaringning haroratini
Oshiq lablarimning ko‘zlariga surt.

Bizni olib ketar ma’yus sabolar,
Bizni olib ketar ma’yus sabolar.

* * *

Nazar solgil,
qarog‘imda qayg‘ular erib,
parcha-parcha bo‘lar yurak ushoqlariday.
Qora sarkash ko‘lkalarim
ozurda, g‘arib,
Bandi bo‘lar Momo Oftob kuchoqlarida.
Uzoqlardan-uzoqlardan
oq, oydin nurdan
va xush bo‘ylar xalqatidan bo‘lib har sado,
oqliklardan,
bulutlardan
va oq billurdan
yaralgan oq qayiqlarga etib jobajo,
she’rlar ma’vosiga olib ket meni,
sho‘rlar ma’vosiga olib ket meni.
Yulduzlarning shu’lasidan
kuyib, kul bo‘lib,
sirli, g‘ujg‘on yulduzlarga boqib yorug‘ yuz,
ol-qirmizi baliqlarday soddadil, so‘lim
dengiz yanglig‘ tun qo‘ynidan terarman yulduz.
Nechog‘ olis edi xoksor zamin qa’rining
basti ushbu samovotning ko‘k gumbazidan.
Endi ayon eshitaman sadolaringni
qor qanotli farishtalar o‘t nafasiday.
Nazar solgil,
etib keldim olis makonga —
bepoyonlik
va mangulik
va qahkashonga.
Meni chulg‘ab ko‘mib tashla mavjlar soziga
etib borguncha to o‘shal cho‘qqilar sari.
Meni burkab bo‘salarning noz libosiga,
meni kutgil behalovat yaldo tunlari.
Haroratga, halovatga meni chirmagil,
zinhor o‘shal yulduzlardan judo qilmagil.
Nazar solgil,
yo‘limizda tunning quyqasi
butkul erib, qatra-qatra suv bo‘layotir.
Durdlaringdan diydalarim qo‘ng‘ir kosasi
uyqu sharobiga limmo-lim to‘layotir.
Bayotlarim gahvorasin osori birla
sen ko‘pirsang borligim ham sob bo‘layotir —
oftob bo‘layotir...

YOLG‘IZLIK G‘USSASI

Deraza ortida qor yog‘adi jim,
Deraza ortida qor yog‘adi jim,
Dilim sukutiga kimningdir qo‘li
Qayg‘u urug‘ini sochar betinim.

Avval-oxirimni ko‘rib, qayg‘urib,
Sochlaring oqarib ketdi-ku, ey qor.
Faqat, yuragimga yog‘ding, eh afsus,
Mozorim boshiga yog‘mading bir bor.

Sovuq urgan nihol yanglig‘ qaltirab,
Yolg‘izlik dastidan ruhim qaqshadi.
Qalbim zulmatida ko‘taradi bosh,
Yolg‘izlik dunyosin vahmi, vahshati.

Sen endi harorat etolmassan baxsh,
Ey ishq, ey, muzlagan quyosh tanasi.
Ko‘nglim – umidsizlik sahrosi, yaydoq,
Xastaman, qalbimda ishqning yarasi.

Shavqning g‘unchalari ketdi qovjirab,
Ey, she’r, ey, jodugar shayton, ey zolim.
Uyg‘ondi, uyg‘ondi oxir-oqibat,
Dard eltgan uyqudan uyg‘ondi jonim.

So‘ng… qayga yuz burmay, qaerga boqmay,
Sarob afsuniga duch keldim nogoh.
Neki, men ortidan ergashdim, chopdim,
Uyqu suvratiga aylandi, ey voh!

Ey, Xudo,
Bir lahza aylagin zohir,
Do‘zaxning dardini, dahshatlarini.
Qachongacha dilga qamayman, axir,
Do‘zaxning otashin hasratlarini?!

Ko‘rdim, bot-bot o‘shal men ko‘rgan quyosh,
Ufqning ortiga ko‘mildi ma’yus.
Ufqsiz quyoshim janub ko‘ksiga
Jim botdi so‘lib va sarg‘ayib, afsus.

Nima axtaraman bundan so‘ng undan,
Bundan so‘ng ne kutay undan intizor?
Sovuq ko‘z yosh to‘kib, yaratmoq uchun,
Tuprog‘i sovimay turgan bir mozor.

Deraza ortida qor yog‘adi jim,
Deraza ortida qor yog‘adi jim,
Dilim sukutiga kimningdir qo‘li,
Qayg‘u urug‘ini sochar betinim.

GUNOH

Gunoh qildim, lazzat ko‘pirgan gunoh,
Qaynab turgan issiq og‘ush ichra mast.
Gunoh qildim, temir bilak sirtmog‘i
Jismimga, jonimga aylaganda qasd.

Qorong‘i va jim-jit ul xilvatgohda
Boqdim sehr to‘la ko‘ziga behol.
Ko‘ksimda yuragim titradi zir-zir,
Istak toshib turgan nigohidan lol.

O‘shal jim-jit, tiyra xilvatgoh ichra
To‘zg‘idim, bag‘rida tuyib ehtiros.
Shavq to‘kib lablarim yuziga labi,
Telba dil g‘amidan ayladi xalos.

Men ishq qissasidan so‘yladim bir-bir,
Seni istayurman qadimdan-qadim.
Seni istayurman, ey jonbaxsh og‘ush,
Faqat, seni, telba oshig‘im manim.

Uning ko‘zlarida porladi havas,
Jon chayqaldi gulgun sharobga to‘lib.
Mayin to‘shak uzra mening vujudim,
Ko‘ksida titradi mast-alast bo‘lib.

Gunoh qildim, lazzat ko‘pirgan gunoh,
Bir bag‘irda titrab, hushdan ayrildim.
Ul qorong‘i, jim-jit xilvatgoh ichra,
Qaydan bilay, Tangrim, men nima qildim?!

KUZ

Afsungar tabiat yuzidan oldim,
Fam yo‘g‘irgan nuri diydalarimni.
To ko‘rmasin deya otash nigohim
Hasratu motamning jilvalarini.

Kuz, xokka belangan yo‘lovchi, nadir
Ko‘ylaging ostida qappaygan bo‘xcha?..
Dunyo orttirmading dunyoda, axir,
Qurg‘ab, xazon bo‘lgan yaproqdan o‘zga.

Shoir qalbiga g‘am, alam baxsh aylar,
Kunbotaring ko‘zi, —
Aylangan toshga.
O‘rtangan jonimga ne ham baxsh aylar,
Og‘ushing, rutubat, g‘ussadan boshqa?!..

Mudragan qiynoqlar bostirib kelar,
Qayg‘uga limmo-lim sukut qa’ridan.
Bedarak yo‘qolgan orzular yelar,
Pinhona tasavvur qanotlarida.

Kuz, ey, mehnat yukin xush taronasi,
Kuz, ey, o‘ychan qo‘shiq – xayolga mahkum.
Afsungar tabiat chehrasidagi
Ayanchli tabassum…

QAYTISH

Ibrohim Gulistonga

Jismu jonim qorong‘ilik oyati, ey voh,
Seni takror-takror aylab jismu jonimda
Olib ketay barqaror barq sahargohiga.

Bu oyatda yonib senga ohlar aytdim, oh,
Bu oyatda seni butkul payvand ayladim
Daraxt nasli, suv nasabi, olov zotiga.

Hayot, balki, bir kechadir, uzundan-uzun,
Bu kechadan har kuni bir ismsiz ayol
Ko‘targancha o‘taverar to‘rxaltasini.

Hayot, balki, bir arqondir, ushbu arqonga
Har kuni bir erkakmijoz erkak, bemajol
Yelkasidan osib qo‘yar o‘z gavdasini.

Hayot, balki, bir boladir, maktabdan qaytgan
Yo yo‘lovchi, bema’ni bir tabassum bilan
Boshqa bitta yo‘lovchiga «Xayrli tong» der.

Yoki hayot – kulohini boshidan olib
Iljaygancha «Xayrli tong» der ekan, gangib
Ketayotgan yo‘lovchining boshi oqqan yer.

Hayot, balki, sarhad ichra o‘rtangan lahza…
Qarog‘ingda to‘zg‘ib ketar bandi nigohim
Dosh berolmay bu hududning qutqulariga

Va bu lahza ichra shunday tuyg‘u bor, go‘yo
Bu tuyg‘uni bilmay qo‘shib yuborgandayman
Qorong‘ida oyni anglash tuyg‘ulariga.

Butun boshli tanholikka barobar uyda
Termular jo‘n baxtiyorlik bahonasiga
Butun boshli muhabbatni qamragan qalbim.

Guldondagi gul zavoli, mo‘‘jaz niholga
Va ovozi darichani butkul to‘ldirib
Kuylayotgan bir qushchaga termulgan kabi.

Hissam shuldir,
Hissam shuldir,
Hissam shuldir,
Oh…
Osmon manim ulushimdir, yuz to‘sar chog‘da
Mendan olar yuzidagi pardalarini.

Ulushim shul – tark etilgan pillapoyaning
Tag‘in bitta poyasidan qulab, ulasam
Chirib ketgan g‘amgin g‘urbat jandalarini.

Ulushim bu – mahzun-mahzun kezingan xayol,
Xotiralar xiyoboni uzra charx urib
Xotirotning xayolotga qovushganidir.

Va ularning azob bilan jon berayotib
«Qo‘llaringni suyaman» deb aytgan lahzada
Tomog‘ida qaltiragan tovushlaridir.

Qaldirg‘ochlar tuxum qo‘yar barmog‘im aro
Va bilaman, ko‘taraman chorvoqlaringga
Qadar bo‘lsam bo‘yalgan besh barmoqlarimni.

Qulog‘imga isirg‘alar osib, qirmizi
Va qo‘shaloq giloslardan, tirnoqlarimga
Qadagayman yorongulning yaproqlarini.

Bir kecha bor, menga oshiq-beqaror bo‘lgan
Sochi paxmoq, bo‘yni nozik, oyog‘i oriq
O‘g‘lonlar bor bu kechada, yuragi – yarim.

Ular bir tun shamol o‘zi bilan obketgan
Qizaloqning ma’sumgina tabassumini
Yod etarlar tanholikda, yod etarlar jim.

Bir kecha bor, mening yarim-yorti yuragim
Bu kechani qachonlardir, qo‘rqib-qaltirab
O‘g‘irlatgan bolaligim mahallasidan.

Zamon yo‘li uzra kechgan safar – bir maarom
Ziyofat yeb qaytayotgan, taqdirdan ogoh
Hodisotdir mudroq zamon bachadonida.

Birov o‘lar,
Birov qolar,
Mana – hodisot.
Chuqurchaga quyilguvchi ariq tubidan
Marvarid, zar ovlamaydi hech qaysi sayyod.
Men taniyman kichkina bir parizodani,
Bir ummonda vatan tutgan, yog‘och nay chalib
Yuragini allalaydi sokin, sumboda.

O‘sha g‘amgin va g‘aroyib, kichkina pari
Tunda bitta bo‘sa birla dunyodan qaytar
Va tong chog‘i bir bo‘sadan qaytar dunyoga…

QO‘G‘IRCHOQ

Bundan-da ko‘p
Jimjitlikning zormonda qurbi.

O‘liklarning nigohiday nigoh bilan lol,
Bir sigorning dudi ichra
Va bitta jomning
Qa’riga jim cho‘kib ketsa bo‘lar bemalol.
Patgilamning rangsiz guli,
Devor yuzida
Egri-bugri chiziq yanglig‘ bo‘zarib turib,
Qurigan qoq panjalarning ko‘magi bilan,
Derazadan pardalarni bir yonga surib,
Ko‘rsa bo‘lar: Kecha uzra yomg‘ir yog‘ar tez,
Bir do‘ppili, varrak tutgan bolakay – mahzun.
Va hayohuy shitob bilan, bo‘m-bo‘sh maydonni
Tark etganin, beso‘naqay jilpanglab faytun.

Qolib ketsa bo‘lar bitta joyda bir umr,
Qolib ketsa bo‘lar sabru toqatlar to‘lib,
Qolib ketsa bo‘lar o‘shal parda ortida
Qolsa bo‘lar, ammo, ko‘ru
Ammo, kar bo‘lib.

Behudaga ohu faryod aylasa bo‘lar,
Maftunlikda sabil qolib ketsa jonu tan.
Soxta sado, yolg‘on tovush, yot ovoz bilan
Kimgadir ishq izhor etsa bo‘lar:
«Sevaman».
Suprasimon badan bilan,
Badhaybatsaro
Bir erkakning toshday qattiq panjalarida
Toshdan qattiq siynalarning jilvati bilan
Do‘nsa bo‘lar ofatijon manjalaqiga.
Bir pok ishqning nomusini toptasa bo‘lar,
Nishon tugul, nom qoldirmay urvoqlaridan,
Qay bir telba,
Qay bir piyon,
Qay bir sayoqning
For komiday yutoqqan sard quchoqlarida.
Har jumboqni
To‘g‘ri chiziq misoli yechib,
Kalavaning uch-uchidan ushlasa bo‘lar.
Har ta’birni besh yo olti so‘z bilan sharhlab,
Behudaga ko‘ngilni ham xushlasa bo‘lar.
Bir umr tiz cho‘kib egik,
Yo‘qlasa bo‘lar
Xudoni ham noma’lum bir lahad qa’rida.
Imon topsa bo‘lar ojiz sadaqa bilan,
Ziyoratxon pirday
Masjid hujralarida.
Ko‘paytirish, qo‘shish bilan, ayirish bilan
Qoldirmasdan nomdan nomu nishondan nishon,
Jamlangan har yig‘indining natijasini
Bir nafasda etsa bo‘lar vayronu yakson.
O‘z chohida qurib ketsa bo‘lar suv kabi,
Cho‘ksa bo‘lar chuqurlikning tubsiz qa’riga.
Fazablangan ko‘zlaringni o‘xshatsa bo‘lar,
Rangi o‘chgan eski kovush tugmalariga.

Bir lahzalik go‘zallikka,
Oniy quvonchga,
Fursat soya solganda dil g‘ashlasa bo‘lar.
Bir lahzalik go‘zallikni, xijolat tortib,
Sandiqning tub-tubida ham asrasa bo‘lar.
Tiqsa bo‘lar bo‘shab qolgan kun g‘ilofiga,
Mahkum, mag‘lub yo bir moxov suvratin malul.
Devor darzin suvratchalar bilan berkitib,
Ketsa bo‘lar suvratlarga qo‘shilib butkul.
Qo‘g‘irchoqqa do‘nsa bo‘lar,
Abadul abad
Boqsa bo‘lar dunyoga dun oralig‘idan.
Somon tiqib to‘ldirilgan tan bilan mangu,
Quti ichra, shisha ko‘zning qorachig‘idan.
Zebu ziynat ilinjida yitib lojaram,
Qo‘g‘irchoqday
Qo‘l tekizsa bir suyuqoyoq,
Va shunchaki faryod solib hissiz, besabab
Aytsa bo‘lar:
«Oh, men juda baxtliman bu chog‘».

BO‘SA

Gunoh kular edi ikki ko‘zida,
Yuzida kulardi to‘lgan oy nuri.
O‘sha sokin lablar uzra kulardi,
Shu’laning bepanoh sehri, sururi.

Uyalib ketardi gung bir istakdan,
Porlagan nigohi – mastlikka moyil.
Boqib uning ikki ko‘ziga, dedim:
Ko‘tarmoq kerakdir bu ishqdan hosil.

Soyaning ustiga egildi soya,
Sehrli xilvati edi qop-qora.
Gunohning yuzida sirg‘aldi nafas,
Bo‘sa porlab ketdi ikki lab ora.

DEVOR

O‘tkinchi damlarning sovuq bag‘rida,
Jim-jit nigohlaring beun, beomon,
Atrofimda devor tiklar,
Qocharman
Sendan
Yo‘llardagi yo‘lsizlik tomon.

Dashtu damanlarni ko‘rgunimcha to
Oyning ruxsorida, oyning dog‘ida,
Changu g‘ubor qo‘ngan badanimni ham
Yuvgunimga qadar nur bulog‘ida,
Etagimni yozning iliq tongida
Sahroyi chechakka to‘ldiray yurib.
Eshitay xo‘rozlar qichqirig‘ini
Dehqon kulbasining tomida turib.

Suluv sahroning keng etaklariga,
Men sendan qocharman, qoldirib g‘amni.
Yo ichay taniga oyog‘im tirab,
O‘sha maysadagi sovuq shabnamni.

Qochaman,
Bulutning soyasi tushgan
Bo‘m-bo‘sh qirg‘oqdagi tosh uzra mahzun,
O‘yinqaroq dengiz to‘fonlarining
Raqsini tomosha aylamoq uchun.

Toki, o‘shal olis kunbotardagi
Yirtqich va yovvoyi kaptarlar yanglig‘,
Dashtlarni, tog‘larni va osmonlarni
Bemalol bag‘rimga bosayin qattiq.

Toki, qovjiragan ul butoqlarning
Uzilib ketmasdan so‘nggi nafasi,
Kelsin iltijoga to‘lgan sasidan,
Sahroyi qushlarning shodon nag‘masi.

Men sendan qochaman,
Sendan olisda
Qo‘yarman orzular shahriga qadam.
Shahar ichra…
Ochib, oltin qoplangan
Yolg‘on qasrin mahkam qulflarini ham.

Lek, ko‘zlaring sokin faryodi bilan,
Barcha yo‘lni aylab ko‘zlarimga tor,
Sehrli zulmatin yoyib betinim,
Mening atrofimda tiklaydi devor.

Bir kuni qochaman oxir-oqibat,
Munofiq diydalar sehridan tayin.
Bir kuni taralib ketaman nogoh,
Yolg‘onlar gulining atriday mayin.

Qo‘zg‘alib ketaman, tungi shamolning
Sochi to‘lqinida beg‘am, beqayg‘u.
Boraman quyoshning qirg‘og‘igacha,
Jahonda mudroq
Va oromda – mangu.

Qahrabo bulutning to‘shagi ichra
Shirin entikaman, dildan ketar g‘am.
To‘kilib ketar shod osmon yuziga
Nurning kokillari –
Ohangsiz olam.

Men o‘sha olamda sarxush va ozod
Ko‘zimni tikaman ketgan dunyoga.
Afsunkor ko‘zlaring mening ko‘zimga
Yo‘llarni butkul tor etgan dunyoga.

Ko‘zimni tikaman o‘shal dunyoga,
Afsunkor ko‘zlaring takror va takror
Sehrli zulmatin yoyib beqiyos,
Uning atrofida tiklaydi devor.

TUPROQ UZRA

Hargiz havas qilmaganman,
Ko‘k sarobida
Uzoq-uzoq yaltiragan yulduz qismatin.
Yo olqangan ruhlar kabi farishtalarning
Sirli, beun suhbatini orzu qilmadim.
Men hech qachon mushfiq yerdan ayro tushmadim,
Men hech qachon zamin qolib, yulduz quchmadim.

Tuproq uzra yashayapman, tuproq ustida
O‘t-o‘landay shimib nurni, shamol va namni.
Tuproq uzra yashayapman, ko‘tarib boshga
O‘t-o‘lanlar poyasiday mo‘‘jaz tanamni.

Istaklarim yuki yerda qoldi, ketardim,
Dardlarimning ruhi yerda qoldi, ketardim.
Tuproq uzra yashayapman, bil’aks, cho‘kardim,
Olisdagi yulduzlar ham olqasin dedim,
Shabbodalar mensiz yig‘lab qolmasin dedim.

Darichadan mo‘ralayman, taronalarning
Navosiday, nolasiday abasman, abas.
Va barhayot emasdirman, birgina qo‘shiq
Sadosidan boshqa sado menga kerakmas.

Famning g‘arib jimligidan ko‘ra bokira,
Bir lazzatning nolasiyu fig‘oni aro
Tanam uzra shabnam kabi qo‘ngan badandan
Men qo‘nalg‘a axtarmayman, men – baxtiqaro.

Kulbam – umr, yulovchilar undan hatladi,
Yodgor qoldi muhabbatning qora xatlari,
Yaralangan yuraklarning malomatlari,
Ezg‘ilangan shamning kuyuk mahobatlari,

Telbalikning qing‘ir-qiyshiq imlosi uzra
Imillagan so‘nik tinish alomatlari,
Yodgorliklar daryosining xarobatlari
Sohilida tentiragan ul kechalarda
Lablarimga yetishgan lab halovatlari…
Hammasini yorug‘ yodgor – yulduz bilgayman,
Nechun endi yulduzlarni orzu qilgayman?
Mening mavzun taronam bu, taronalarim
Burungidan ko‘ra baland yangraydi tag‘in.
Mening mahzun taronam bu, samoviy, so‘lim,
Yuragimga oshno, oshno yurakka yaqin…

TUSH

Sokin xilvat qoldi,
Men qoldim tag‘in,
Olis xotirlardan qoldi yolg‘iz yod.
Hasratu dard bilan o‘tib go‘r sari
Rihlat etgan yorsiz ishqdan bir faryod.
Sham yoqdi umidim vayronasiga,
Kimningdir afsungar barmoqlari jim.
To‘qindi bu go‘rda yotgan jasadning
O‘tli nigohiga tumtoq nigohim.
Bo‘zladim, bu – o‘sha…
Zor yuragimda
O‘tli nigohidan qoldi vahm, darz.
Lablarida zahar xanda urdi barq:
— Meni esladingmi, ey sen, bulhavas?..
Titradi qayg‘uga limmo-lim qalbim,
Voy sho‘rim, devona bo‘lgan ekanman.
Voy sho‘rim, uni men o‘ldirdim, unga
O‘shanda begona bo‘lgan ekanman…
Menga yuragini oldirdi, biroq,
Ishqimdan qalbida eyildi dog‘lar.
Toptadim bu yurak ostonasini,
Ko‘zimni ko‘r g‘urur tashladi bog‘lab.
Unga azob berdim, ozorlar berdim,
Uqubatlar ko‘shdim ohu zoriga.
Voy sho‘rim, voy Xudo, voy xudoyim-ey!
Uni berib qo‘ydim o‘z mozoriga.
Labim sukutida singraydi nola,
Sham nuri qaltirar marqad qa’rida.
Bir qatra yosh ko‘rdi so‘qir ko‘zlarim,
Jasad kiprigining qabatlarida.
Poyiga cho‘kay deb boladay chopdim,
So‘ray deb pushaymon qalb illatini.
Degayman: – Men gumroh, bir bechoraga
Tilagin Ollohning maxfiratini…
Etagim hilpirab, qulab tushdi sham,
Qorong‘ilik ichra yo‘qoldi ko‘zlar.
Ortidan yolvordim: – Ketma, sabr qil…
U ketdi so‘z demay, u ketdi bo‘zlab.
Voy sho‘rim, buncha sho‘r peshonadirman?
U yotibdi topib tuproqda to‘zim.
Voy sho‘rim, bunchalar devonadirman?
Uni qaro yerga bergan Men O‘zim…

QUYOSHGA AYLANAR

Qara,
Qarog‘imning ichidagi g‘am
Nechuk qatra-qatra suv bo‘lar bir-bir!
Qanday qilib,
Sarkash, qop-qora soyam
Quyoshning qo‘liga tushmoqda asir?
Qara,
Xarob bo‘lar borlig‘im manim,
Qandaydir alanga tortar komiga.
Meni avjlar sari ketgaydir olib,
Meni tortib ketar tubsiz domiga.
Qara, mening olis osmonim – go‘zal,
Duraxshon yulduzga to‘lmoqda har gal.

Olislardan kelding, olis-olisdan,
Atr, nur yurtidan kelding,
Porlaysan,
Oqlikdan,
Bulutdan
Va shaffoflikdan
Yasalgan qayiqqa meni joylaysan.
Olib ket, umidning saltanatiga,
Olib ket, she’ru g‘am mamlakatiga.

Yulduz to‘lgan yo‘lga ketarsan boshlab,
Porlayman yulduzdan ko‘ra balandroq.
Qaragin,
Yulduzlar yondirar meni,
Tungi yulduzlarga to‘lib ketdim, boq.
Qizil baliqlarday soda, besabr,
Tun ko‘lidan yulduz tergayman bir-bir.

Olis edi ko‘m-ko‘k darchali osmon,
Bundan oldin yer ham emasdi yaqin.
Eshitaman endi farishtalarning
Qorli qanotining sadosin tag‘in.
Qara,
Yetib keldim o‘shal makonga,
Mangulik, cheksizlik va kahkashonga.

Endi,
Yetib keldik avjlar avjiga,
Mavjlar sharobiga cho‘miltir tag‘in.
Harir libosiga o‘rab bo‘saning,
Eng uzun tunlarda meni qo‘msagin.
Meni hech qaerga yo‘llama, ey yor,
Meni yulduzlardan ayirma zinhor.

Qara,
Yo‘limizda erib, entikib
To‘kilar tun mumi, tunning azobi.
Ko‘zim kosasiga,
Qaynoq allangdan,
Nogoh to‘lib ketar uyqu sharobi.
Ash’orim beshigin hididay sara,
Sen toshib, quyoshga aylanding, qara.

ISHQ TONGI

Ko‘nglim sahifasi yanglig‘ osmonda
Yorug‘ oy yog‘dusi qoldirar izin.
Bu kecha ko‘zimdan shirin uyquni
Quvaman, xayoling – uyqudan shirin.

Qoldim tolning quyuq soyalarida,
Jimlik to‘shagiga chirmab loshimni.
Marg‘ub nag‘malarga ergashaman jim,
Daftarim yuziga qo‘yib boshimni.

Raqsga tushar yuzlab tarona, sasim
Billur jarangiday yangragan onda.
Qandaydir notanish, xayoliy lazzat
Tomirimda yelib-yugurar qonday.

Oh, go‘yo yuragim daxmasi ichra
Oy arvohi kezar tentirab, sanqib.
Yo daydi shamol u, kir etagidan
Kelar yosumanning hidlari anqib.

Labimda loladay, bo‘sang shu’lasi
Yashnaydi, bir istak qo‘zib qonida.
Nogoh men eslagan bir yorug‘ yulduz
Yorishar sehrli oy xirmonida.

Ko‘ksim ichra qay bir notanish kimsa,
Berilib changu rud chertgani sayin,
Hamroh bo‘lib mavzun qo‘shiqlariga
Xushbo‘y yog‘och hidi taralar mayin.

Oh, bunday holatga ishongim kelmas,
Bunday hamrohlikdan ketmasman tonib.
O‘shal bir juft ko‘zning maftun nigohi,
Nahot, turgan bo‘lsa qarshimda yonib.

O‘zga dunyo ichra men tomon boqqan
Zuhra yulduzining ko‘zlari yondi.
Daftarim betiga yozaman masrur:
«Umring boqiy bo‘lsin, ey ishq, ishq tongi!»

QAYG‘U GULI

Masrurman, oloving yondirar meni,
Masrurman, yodingda yig‘layman bedor.
Masrurman, vaslingdan keyin ezilib,
Bezavol ishqingdan yig‘layman zor-zor.

Oramizga tushgan ayriliqdan so‘ng
Boshqa o‘ylamaydi, deb qilma gumon.
Faqat, sening o‘ting yondirar meni,
Sening olovingda yongaydir bu jon.

Tunlar daraxtzorning bir chekkasida
O‘z g‘amidan Korun ketganda toshib.
Go‘yo hasratimning faryodi kelar,
Tingan to‘lqinlarning bo‘g‘zidan jo‘shib.

Oshkor bo‘lgan dardim bo‘lar namoyon,
Bir zum qirg‘oq uzra o‘tirsang tunda.
O‘shanda soyangga tashlasang nazar,
Beqaror ruhimni ko‘rarsan unda.

Tong shamolin sovuq lablari bilan,
Sen uchun tarona o‘qiyman har on.
Men o‘sha yulduzman, porlagan har tun,
Saroying osmoni uzra duraxshon.

Mustahkam qal’aday, ikkimiz aro
Yastansa bepoyon sahrolar, ne g‘am.
Men o‘sha kaptarman, qanotin yoygan,
Daryo kengligida, tanholikda ham.

Masrurman, qurigan shox yanglig‘ tag‘in,
Jabring shu’lalari yondirsa ma’yus.
Shahring quyoshidan qizib, lovillab,
Yonayotgan qaynoq vujudman hanuz.

Seni qanday qilib unutay, axir,
Yoding ilk muhabbat yodiday shirin.
Yoding ta’sirchandir kuzak singari,
Minglab jozibayu jilo yashirin.

Meni atab rasvo, raddi ma’raka,
Ig‘vogar zohidlar ustimdan kular.
Nomimni bulg‘aydi o‘shalar, zero,
Odammas, shaytondan yaralgan ular.

Ammo, men qayg‘uning guliman o‘sha,
Yoding shoxlaridan yaralgan bedor.
Yolg‘izlik uyida, tunlarda seni
Qidiraman, yoding bo‘lganida yor.

MENDAN KEYIN

Ajal yaqinlashar menga o‘sha kun,
Nur mavjidan porlab ketganda bahor.
Yo g‘ubor qoplagan qahraton qishda
Yo kuzni tark etgan chog‘da ohu zor.

Ajal yaqinlashar menga o‘sha kun,
Bundan-da achchig‘u shirindir bundan.
Ichi bo‘m-besh boshqa kunlar singari,
Qolgan bir soyadir kecha, bugundan.

Diydalarim mengzar tor yulaklarga,
Gunohlarim – sovuq marmarlar yanglig‘.
Xalos bo‘lgim kelar g‘amlardan nogoh,
Meni uyqu eltib ketganda qattiq.

She’rning afsunidan forig‘ qo‘llarim,
Daftarim yuzida o‘rmalar asta.
Eslayman, she’r qoni mening qo‘limda
Nurday sochilardi har bir nafasda.

Tuproq chorlar meni o‘ziga har dam,
Yo‘l bosib, tuproqqa qo‘ymoq-chun malul.
Balki, oshiqlarim yarim kechada
Famgin go‘rim uzra qo‘yib ketar gul.

Mendan so‘ng bir yonga surilar nogoh
Umrimning qorong‘i pardalari ham.
O‘rmalar notanish kimsa nigohi,
Qog‘oz, daftarlarim yuzida u dam.

Mendan so‘ng, yod aylab qay bir begona
Mo‘‘jaz kulbam uzra qadam qo‘ygan chog‘,
Qolib ketar ko‘zgu chetida alhol,
Soching tolalari, qo‘l izi, taroq.

O‘zimdan qutilib, qolaman o‘zdan,
Tartib buziladi bunda dod solib.
Ruhim shamoldagi yelkan misoli,
Ufqlar ortida ketar yo‘qolib.

Bir-birin izidan chopar besabr,
Shitob bilan kunlar, haftalar, oylar.
Nomaga intizor, intiq ko‘zlaring
Yo‘llarga termulib, yo‘limni poylar.

Sovuq jasadimni asraydi tag‘in,
Qabrning tuprog‘i chuqur bag‘rida.
Qalbing zarbasidan olisda sensiz
Qalbim chirib ketar tuproq tagida.

So‘ngra shamol, yomg‘ir mening nomimni
Toshlarning yuzidan yuvib ketar jim.
Unutilib ketar yo‘lda, nom-nomus
Ertagidan forig‘ mening mozorim…

Odil Ikrom tarjimalari

QIZIL GUL

Qizil gul, qizil gul, qizil gul,
U meni qizil gul bog‘iga
Olib ketdi va iztirobli
Sochlarimni arolariga
Bir qizil gul taqdi qaro tun.

So‘ngra qizil gul yaprog‘ida
Bo‘salarni tamini totdi.
Qizil gul, qizil gul , qizil gul,
Yaprog‘ida men bilan yotdi,
O‘tli, o‘tli boqdi qaro tun.

Ey oyog‘i oppoq kaptarlar,
Ey bevaqt kesilgan daraxtlar,
Ey ko‘r derazalar yuragim,
Endi ostida tong qadar
Ishq otashin yoqdi qaro tun.

Qizil gullar suron qilganda,
Qizil gullar qonli bir bayroq,
Bir men uchun bosh ko‘targanda,
OG‘IR OYOQ EDIM OH OG‘IR OYOQ
Gullar ohi oqdi qaro tun.

Qizil gul
Qizil gul
Qizil gul

* * *

Har urug‘ zaminin sevgani kabi,
Paykallar sevgani kabi shamolni,
Qayiqlar to‘lqinni sevgani kabi,
Qushlar sevganiday moviy samoni,
Sevaman uni.

Bu ishq nima birla abadiy bo‘lar,
Qanday o‘pich bilan, qanday lab bilan.
Qaysi bir zamonu, qaysi bir tunda
Yo‘q bo‘lib ketgan u menday qalb bilan.

Kunlar kabi kechgan mavsumlar kabi,
Uylar tomidagi qorlarday go‘yo,
U xam oxirda soyalar ichra
To‘zonday yo‘qlikka ketganmikin yo.

Eski surat kabi qaysi bir qo‘lda,
Uni kimdir yirtib g‘ijimlab tashlar .
Qaysi bir yurakda qaysi bir qalbda
Ishq abadiy yashar

Muslimbek Musallam tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.