OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jaloliddin Rumiy (1207-1273)

Jaloliddin Rumiy — jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri. U o‘zidan keyingi Sharq va G’arb so‘z san’atiga katta ta’sir o‘tkazdi. Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi buyuk so‘z ustalari Mavlononi o‘zlariga ustoz deb bilishgan. Buyuk Hyote Abulqosim Firdavsiy, Shayx Sa’diy, Xo‘ja Hofizlar qatorida Jaloliddin Rumiy ijodini ham «Xizr chashmasi» deb atagan. Mashhurlikda Firdavsiyning «Shohnoma»si, Sa’diyning «Guliston»i, Hofizning «Devon»i bilan bir qatorda turgan, forsiy Qur’on nomi bilan shuhrat qozongan «Masnaviyi ma’naviy»ni inson ma’naviy hayotining qomusi sifatida nafaqat Sharqda, balki G’arbda ham ixlos bilan o‘rganishgan. «Dekameron» asaridagi ko‘plab syujet va motivlarni Sharq og‘zaki va yozma adabiyotidan olgan Jovani Bokkachcho «Masnaviyi ma’naviy»dagi qator hikoyatlar asosida ham novellalar yaratganligi ma’lum.
Mavlono 1207 yilda qadimiy Balx shahrida o‘z davrining mashhur mutasavvuf donishmandi,yirik xatib va voizi bo‘lgan Bahovuddin Valad oilasida dunyoga keladi. Bahovuddin Valad aslida Shayx Najmiddin Kubro (1135 - 1221) ning Majdiddin Bag‘dodiy, Sa’duddin Hamaviy, Raziuddin Aliyi Lolo, Sayfuddin Boxarziy, Bobo Kamol Jandiy kabi 300 ga yaqin zabardast shogirdlaridan biri hisoblanardi. Jaloliddin 12 yoshida uning ota-onasi ham mo‘g‘ul bosqini xataridan qochish, ham haj farizasini ado etish niyatida Balxni tark etadilar.
1230 yildan bu oila Kuniyada qo‘nim topadi. Yosh Jaloliddin Shom, Halab, Damashq, Qaysariya va boshqa yirik ilm markazlarida 7 yil ta’lim oladi, o‘z davrining etuk donishmandi bo‘lib etishadi. Taniqli rumiyshunos Zarrinkub ta’biri bilan aytganda, "Mavlononing 68 yillik ajoyib umri boshdan oyoq bir she’r, go‘zal, betakror, tug‘yonli ash’or jarayoni, sadosi va bongi bilan yo‘g‘rilib o‘tdi".
Mavlono Rumiy o‘zidan keyingi avlodlarga 5 muhim va qimmatbaho asar qoldirdi: 
1. "Devoni kabir", "Devoni shamsi tabriziy", "Devoni shamsul haqoyiq" degan nomlar bilan mashhur devon. yevon g‘azal va ruboiylardan iborat.
2. "Masnaviyi ma’naviy" - 25700 baytdan iborat bebaho tasavvufiy-ishqiy asar. Songgi yillarda taniqli o‘zbek shoiri Jamol Kamol tomonidam I-II - jildlari, shoir Asqar Mahkam tomonidan I-jildi o‘zbek tilida nashr etildi.
3. "Fiyhi ma fiyhi" ("Ichingdagi ichingdadir") - Mavlononing suhbatlaridan iborat falsafiy kitob. 1998 yilda Toshkentda o‘zbek tilida nashr etildi.
4. "Mavoizi majolisi sab’a" - bu asar Rumiyning etti o‘git va pand-nasihatlaridan iborat.
5. "Maktubot" - Mavlononing turli davrlarda zamondoshlariga yozgan maktublaridan tashkil topgan to‘plam.
Jaloliddin Rumiy ijodi yuksak badiiyati bilangina emas, balki mantiq kuchi, falsafiy fikrlarga boyligi bilan ham katta ta’sir quvvatiga ega. Taniqli olim va adib Radiy Fish so‘zlari bilan aytganda, shoirning «mavhum mantiqiy kategoriyalarda emas, balki otashin shoirona timsollar vositasida» talqin etilgan tabiat va jamiyat hodisalarining doimiy o‘sish, o‘zgarishda ekani, eskining yo‘qolib, yangining paydo bo‘lishi — «dunyoning ziddiyatlar birligidagi ziddiyatlar jangi»dan iboratligi to‘g‘risidagi qarashlari buyuk nemis faylasufi Gegelyushg e’tiroficha, unta dialektik metod yaratishga yordam bergan. Yoki ulug‘ mutafakkir Husn va Ishq tortilishi misolida birinchi bo‘lib olamning asosida o‘zaro tortishish kuchlari yotishi haqidagi fikrni o‘rtaga tashlaydiki, mazkur qonunning chindan-da amal qilishini bir necha asrdan keyin ingliz olimi Nyuton kashf etdi.
Jaloliddin Rumiy ijodi usmonli turk adabiyotining sarchashmasi hisoblanadi. Zero, shoirning millati — turk, kelib chiqishi — xorazmlik. Uning buvisi Alo’iddin Muhammad Xorazmshohning qizi bo‘lgan. Mavlono tavallud topgan Balx shahri u davrda Xorazmshoxlar davlatiga qarar edi. Hozirda Afg‘oniston hududida bo‘lgan bu qadimiy va dongdor shahar aslida uzoq asrlar mobaynida Turon mulkining mashhur shaharlaridan biri sanalib kelgan.
Jaloliddin Rumiy she’riyatini, asosan, ilohiy ishq bilan bog‘lashadi. Bu bejiz emas. Zero, Mavlono o‘zining 53 mingdan ortiq misrani o‘z ichiga olgan «Masnaviyi ma’naviy»si, 84 ming misradan iborat «Devoni Kabir» («Ulug‘ devon»)ida yeru ko‘kning sarvari bo‘lmish Ollohi karimni va uning zamindagi xalifasi Hazrati insonni ulug‘laydi.
Ma’lumki, Jaloliddin Rumiy o‘z davrining an’anaviy adabiy tili bo‘lmish forsiyda ijod qilgan. Bizda shoir ijodini o‘rganish va targ‘ib etish Radiy Fishning «Jaloliddin Rumiy» deb nomlangan tarixiy-biografik romanini tarjima qilish bilan bonshandi (Ruschadan J. Kamol tarjimasi). Shundan keyin Sh. Shomuhamedov Rumiy g‘azallari, ruboiylari va masnaviylaridan bir nechtasini o‘zbekchaga o‘girib, fors-tojik mumtoz shoirlari asarlaridan tashkil topgan «Injular ummoni» kitobida e’lon qildi. J. Kamol esa avval Rumiy ruboiylari va masnaviylaridan namunalar tarjima qilib, «Uchmoqqa qanot yo‘q vale uchgayman» nomi bilan alohida kitobcha holida nashr ettirgan bo‘lsa, yaqinda buyuk «Masnaviyi ma’naviy» tarjimasini nihoyasiga yetkazdi. Jami olti kitobdan iborat bu ulug‘ asarning 4 tasi bosmadan chiqdi. A. Mahkam «Masnaviy»ning birinchi kitobi bir qismini sharhlari bilan o‘zbekchalashtirib, nashr qildirdi.
Hazrat Alisher Navoiy "Ustozlar ustozi" deb sharaflagan, Abdurahmon Jomiy esa "U payg‘ambar emas, ammo payg‘ambarlik kitobi bor" deb ulug‘lagan Mavlono Jaloliddin Balxiy-Rumiy 1273 yilning izg‘irinli qish kunlarining birida vafot etgan.

 

RUBOIYLAR

Man zarra-u, xurshidliqo sensan,
Man xasta-u, ayni davo sensan.
Qanotim yo'q, poyingda ucharman zor,
Man qadahman, yor, qahrabo sensan. 

* * *

Agar o'lsam tanimni keltiring, do'stlar,
Vujudimni nigorimga bering, do'stlar.
Labimdin bo'sa olsa ul masihim,
Tirilsam gar - yaqo tutmay turing, do'stlar.

* * *

Voh, dilimni g'amga bandi qildi yor,
Kech-kunduz dilni tig'siz tildi yor.
Kecha-kunduz nola cheksam qayg'irib,
Pinhon-pinhon, shirin-shirin kuldi yor. 

* * *

Ma'shuqa oftob ila bahs boyladi,
Oshiq ham o'zini chun xas o'yladi.
Ishq bahor yeli kabi esdi chunon,
Qurmagan shox bo'lsa,bas,raqs ayladi.

* * *

Ishqimdin pokroq obi zilol yo'qdur,
Ishqimdek g'amu dardi halol yo'qdur.
O'zgalar ishqi faqat hol bo'lsa gar,
Manim ishqi nigorimga zavol yo'qdur.

* * *

Lutf etsang tosh ham jonona bo'lg'ay,
O'shal dam shevasi mastona bo'lg'ay.
Zulfingning zanjiri gar bo'lsa zohir,
Luqmoni Hakim ham devona bo'lg'ay.

* * *

Jamoling namozim, ko'zingdir ro'zam,
Labing ishqida man - gado, daryuzam*.
Aybliman, netay, yor, sarxush edim man,
Suyingni ichdimu sindirdim ko'zang.

* Daryuza - gado, hech narsasiz odam

* * *

Ishqing otashidin men tomchiga zor,
Xayoling tushlarimda manga yodgor.
Suving sharob yanglig' yondirdi mani,
Charxpalakdek aylanurman nolakor.

* * *

Dildor manga aytdi: 'Oyning o'ziman,
Ne berursan bo'sa bersam ko'zimnan?'
'Tillo!' - dedim,dedi: 'Tillo ne kerak?'
'Jonni!' - dedim, dedi: 'Mayli,roziman!'

* * *

Ayt, nechun oshiq mudom dildan judo?
Yorining zulfini deb bo'lg'ay ado.
Jo erur oshiq dili rubob aro,
Pardasida yoshirun munglig' sado.

* * *

Zulfinin har tolasin bir joni bor,
Zulfinin dardida man bo'ldim xumor.
San dema: 'Voh,muncha ko'p g'am-hasrating?'
Hasratim huriliqo nozicha bor.

Forschadan Xurshid Davron tarjimasi
 
1

Yashnab, ochilib, menga qarab keldingmi?
Makringni tabassumga o‘rab keldingmi?
Ul kun ketib erding-ku olib qalbimni,
Bul kun yana jonimni so‘rab keldingmi?

2

Ishq ul — toki xalq uchun saodat bo‘lsin!
Ishq ul — bu saodat to qiyomat bo‘lsin!
Ul ishq meni tug‘di aslida — ona emas,
Ul onaga ming tahsinu rahmat bo‘lsin!

3

Biz oshiqi ishqmiz-u, musulmon boshqa,
Biz zaif chumolimiz, Sulaymon boshqa.
Bizdan so‘ra kuygan dilu somon yuzni,
Kim savdo qilar mol bila — do‘kon boshqa.

4

O’tgan kecha men erdim-u, jon mahrami boz,
Mendan hama zor erdi-yu, undan hama noz.
Tun o‘tdi-yu, yetmadi biroq so‘nggiga so‘z,
Tunda ne gunoh, bo‘lsa uzun dildagi roz?!*
__________
* Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.

5

Ul yor havasida dil rubobdir, rubob,
Ishq o‘tida qovrilib kabobdir, kabob.
Dardim eshitib, etsa sukut dildorim,
Shul jimligi menga ming javobdir, javob.

6

Qil yaxshilik — yaxshilikni bilgay dunyo,
Poydordir u yaxshilik tufayli tanho.
Mol qoldi-ku hammadan, qolar sendan ham,
Qoldirdi baxil — mol, yaxshilikni — dono.

7

Ishqing o‘tidan jo‘shgusi yoshlik qoni,
Ko‘ksimda jamoli jonlanar Layloni.
O’ldirsang agar o‘ldir — haloling bo‘lsin,
Yor qo‘lida o‘lsa, boqiy oshiq joni!

8

Ishqingda g‘am ichra ushladim ko‘ngilni,
Qar lahza izingga boshladim ko‘ngilni.
Yel menga olib keldi bugun bo‘yingni,
Shukr etdim-u, yelga tashladim ko‘ngilni.

9

Olamda vafosi yo‘q kishi kam bo‘lsin!
Har bir kuni bevafoni(ng) motam bo‘lsin!
Yod etmadi g‘amdan o‘zga hech kimsa meni,
Ming tahsinu rahmat senga, ey g‘am, bo‘lsin!

10

Nogoh eshigim hatladi ul dilbari mast,
Ultirdi, may ichdi, ushalib mangu havas:
Yor sochini ko‘rib va tutib, oh, u nafas,
Aylandi yuzim ko‘zga, ko‘zim qo‘lga abas.

Ergash Ochilov tarjimalari
 
 “Naynoma” 
(“Masnaviy”dagi ilk o‘n sakkiz bayt)

Bishnav az nay chun hikoyat mekunad,
Az judoyiho shikoyat mekunad.


Tingla bu nay ne hikoyat aylagay,
Ul judoliqdin shikoyat aylagay.

K-az nayiston to maro buridand,
Az nafiyram mardu zan nolidand.


Aylagach ayro nayistondin bu dam,
Tingladi erkak-ayol hasrat-la g‘am.

Siyna xoham sharha-sharha az firoq,
To bigo‘yam sharhi dardi ishtiyoq.


Ayriliqdin pora siyna istaram,
Toki dardim shavqidin sharh aylaram.

Har kase ki dur mond az asli xesh,
Boz jo‘yad ro‘zg‘ori vasli xesh.


Kimki ayrilgan erur o‘z aslidin,
Istagay takror nishon ul vaslidin.

Man ba har jam’iyate nolon shudam,
Jufti xushholonu badholon shudam.


Men bu odam qavmi ichra nay edim,
Shodu g‘amgin ilkida birday edim.

Har kase az zanni xud shud yori man,
Az daruni man najust asrori man.


Har biri o‘z shubhasidin yor edi,
Bilmagay lek ichda ne asror edi.

Sirri man az nolai man dur nest,
Lek chashmu go‘shro on nur nest.

Sirlarim ermas fig‘onimdin yiroq,
Yo‘q erur ko‘zlar ichinda nur biroq.

Tan zi jonu jon zi tan mastur nest,
Lek kasro diydi jon dastur nest.


Bir-biridan tan va jon pinhon emas,
Kimsaga jon ko‘rmagi farmon emas.

Otash ast in bongi noyu, nest bod,
Har, ki in otash nadorad nest bod.


Nay ovozi g‘am erurkim yel emas,
Kimda ul g‘am bo‘lmasa, ul el emas.

Otashi Ishq ast k-andar nay fitod,
Jo‘shishi Ishq ast k-andar may fitod.


Naydagi otash ham asli ishq erur,
Maydagi qaynash-da asli ishq erur.

Nay harifi har ky az yori buriyd,
Pardahoyash pardahoi mo dariyd.


Yordin ayrularg‘a nay ham yor erur,
Pardasidin pardalar sadporadur.

Hamchu nay zahreyu tiryoke ky diyd,
Hamchu nay damsozu mushtoqe ky diyd.


Naydayin og‘uyu afyun kim bilur,
Naydayin hamdam va shaydo kim bo‘lur.

Nay hadisi rohi purxun mekunad,
Qissahoi ishqi Majnun mekunad.


Qon bo‘lib yo‘llar, kalomin shavqidan,
So‘ylagay nay qissa Majnun ishqidan.

Mahrami in hush juz behush nest,
Mar zabonro mushtariy juz go‘sh nest.


Mahramidir hushni hushsizlar-ki, bas,
Tilga tolibdir – quloqdin o‘zgamas.

Dar g‘ami mo ro‘zho begoh shud,
Ro‘zho bo so‘zho hamroh shud.


Bo‘ldi tun, g‘am birla kun bizlar uchun,
Erdi hamroh, so‘z bilan kunlar junun.

Ro‘zho gar raft go‘: “Rav, bok nest,
Tu bimon, ey on, ki chun tu pok nest”.


O’tsa kunlar aytki: “Parvo bo‘lmagay,
Sen faqat qol, Sendayin pok o‘lmagay”.

Har ky, chuz mohy zi obash ser shud,
Har ky bero‘zist, ro‘zash der shud.


Qonadir suv birla kas, mohdin bo‘lak,
Benasib, kun o‘tmog‘in kutmoq kerak.

Dar nayobad holi puxta hech xom,
Pas suxan ko‘toh boyad, vassalom.


Topmasa gar puxtadan hech narsa xom,
Kalta qilgin so‘zni endi, vassalom.

Fors tilidan Kavsar tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.