Anna Greki (haqiqiy ismi Kolett Anna Greguar, 1931–1966). Jazoirda tug‘ilgan. Fransuz tilida ijod qilgan.
KELAJAK ERTAGA KELAJAK
Kelajak keladi ertaga.
Kelajak keladi ildam.
Kaftlarimizdagi oftob kuydirar
charsillagan otashi bilan,
G‘azabning olovi
tomog‘imizni yondirib kelmoqda tilimiz tomon,
Rangin chehralari ila xotiramiz ortmoqlagan kelajakni —
Nozik, ammo mustahkam xotira, achchiqdir yomon.
Faqat mahbusxonada bilasan, “Ozodlik” so‘zi
O‘zining azaliy, eng tiniq, yagona ma’nosiga ega bo‘ladi:
Ozodlik — muhabbat demak,
bizni jangga otar muhabbat,
Otar odamlar va qo‘rg‘oshinning
qonli olishuviga.
Kelajak keladi ildam.
Kelajak ertaga kelajak.
Bugun kelajakni so‘zlar bilan ifodalash og‘ir —
hali kelajakni chizolmas tilimiz.
Tushkun kimsalar dahshatdan ko‘karib valdirar,
go‘yo kecha o‘lik tug‘ilgan tong
erga ko‘milgan,
Aytarlar, erkka intilish — gunohlar ichida eng katta gunoh,
Bu sakkizinchi gunoh uchun
tayyor o‘lim jazosi,
dor,
sirtmoq …
Ammo tunlar ichra tong urug‘i zimdan ko‘karar,
boshdan judo etilgan kelajak
boshin ko‘tarmoqda yana.
Kelajak keladi ildam.
Kelajak ertaga kelajak.
Ammo boshidan judo bo‘lgan kelajak
ko‘tarmoqda boshini qaysar,
Ado bo‘lgan ayollar
bolalaridan faxrlanadilar,
toqatdan tomoqlarigacha to‘ygan, kuygan ayollar,
jim turolmaydilar, jimlikni istamaslar.
Ayollarning barmoqlari — sovuq urgan barg singari —
yiringlagan peshonamizni artadi.
Ayollarning barmoqlari —
tirik novdalar kabi —
falakka cho‘zilar,
Har bir tongda ular
yulduzlarni qo‘lga o‘rgatadilar,
Yo‘qotadilar tamom
zulumotni,
qorong‘u zulmatni.
Kelajak keladi ildam.
Kelajak ertaga kelajak.
Qamoqxonaning bo‘g‘iq devorlari osha,
zanglagan panjaralari orasidan
quyoshga talpinar fikrlarimiz,
kelajak bizga talpinar.
Ozodlikning me’morlari,
nazokatning kamtar hurlari,
Sizni bag‘rimga bosaman, opa-singillar,
Aytaman:
«Ertagacha!» —
biz aniq bilamiz, axir:
Kelajak kelmoqda ildam.
Kelajak ertaga kelajak.
Karim Bahriyev tarjimasi