Nadiya Genduz 1932 yili Oresda (Jazoir). Fransuz tilida ijod qiladi.
* * *
Men ko‘rdim toshlaringni,
Qaro yerlaringni ko‘rdim,
Yerga tomgan ko‘z yoshlaringni,
Tog‘laringni, vohalaringni,
Qorlaringni, bahorlaringni;
Men ko‘rdim maysa nish urib,
Bo‘liq boshoqlarga aylanganini,
Ko‘rdim hatto yanvarda
Bodom gullab,
Yashamoqqa shaylanganini.
Ko‘rmasam bo‘lardi, ko‘rdim-
Mahbusxonalarning tikonli simlarini,
Ular eslatardi menga
Kechagi kunimizni.
Ammo zaytunzorlarda
Daraxtlar silkitardi menga boshini.
Tingladim shabbodalarning ohangida
Barglarning shildirashini.
Jazoir!
Men manguga senikiman.
Kecha tuprog‘ingni
Qaro qildi qon.
Bugun bolalaringga
Zaytun olib kelib,
Ayladim ehson.
Kecha zaminingda
Vujudlar ezildi,
Jonlar qiynoqda.
Bugun tuproqda yotgan tanlar ustida
Donga to‘lmoqda boshoqlar.
Kecha O‘lim o‘zining qora urug‘ini
Sochgandi yerlarga, ammo bugun
Yerga ekilgandir umid donlari,
Orzu ulug‘lari qadalgan:
Ular po‘lotdan emas,
Qo‘rg‘oshindanmas,
Buni bolalar yaxshi biladilar…
Yer ostida yotgan o‘liklarni unutmanglar,
Birodarlar…
Yer ustida quyosh nurini shimib,
Shafiqlashar zaytunzorlar.
Karim Bahriyev tarjimasi