OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Moris Karem (1899-1978)

http://ziyouz.com/images/poets/moris_karem.jpgBo‘lajak shoir Vavrada, mo‘jaz Brabanta shaharchasida mehnatkash oilasida dunyoga keldi. Otasi bo‘yoqchilik, onasi sotuvchilik qilib, amallab ro‘zg‘or tebratsalar-da, o‘g‘li Morisning ilmli bo‘lishini istashdi. U maktabni tugatdi. Bryuseldagi ishchilar shaharchasida o‘qituvchilik qildi. Yoshligidan o‘g‘liga qalam oldi–diliga she’r ishqi tushdi.
1972 yili Parijda «Shoirlar qiroli» unvoniga sazovor bo‘ldi. Shoirning Bryuseldagi uy muzeyida mavjud kitoblar faqat muzey boyligi bo‘lib qolmadi, aksincha, jahon adabiyotida o‘zining muhim o‘rnini egallab, dunyo xalqlarining tilidan tiliga ko‘chib, hamon baland ruhda yangramoqda.
Moris Karem - chin ma’nodagi xalq shoiri. Buni uning so‘zlari ham aytib turibdi:
«Shunday bir shakl, ifoda yaratsamki, u eng tiniq oyna kabi yuragimni, uning zarblari, torlarini ko‘rsatib tursa».

ODAM

Sayrayotgan qushga qaradi odam,
"Nega sayraysan?"-deb so'radi odam.
"Agar bilganimda,- javob berdi qush.-
Balki chiqarmasdim hech qachon tovush".

Odam olmaxonni ko'rdi daraxtda,
"Nega sen o`ynaysan?"- deb aytdi shartta.
"O, agar bilsaydim,- dedi olmaxon.- 
O'ynamas edimmi balki hech qachon".

Kulgan chaqaloqqa qaradi odam,
"Nega kulasan?"-deb so'radi odam.
"Nega kulishimni,- deb aytdi go'dak,-
Men tugul xudoyam bilmasa kerak".

Odam boshi qotib mozor yonidan
O'tardi - o'yida ming bitta xayol.
"Nega o'ylaysan?"- deb so'radi undan
Sochlari gurkirab o'sgan majnuntol.

Daraxtda sayragan qushchaga o'xshab,
Olmaxonu kulgan go'dakka o'xshab,
Bu og'ir so'roqqa u nido etdi:
"Eh, agar bilsaydim..."
Ammo bilmasdi...


AVLIYOLAR

Matfey dedi: 'Menga qaranglar,
Ioanndan borib so'ranglar'

'Luka mendan donoroq,bu dam
Unga boring' - dedi Ioann.

'Yo'q - der Luka, - Markka boringlar,
Bu savolni unga beringlar.

Men bilmayman, qilolmayman hal, 
U xitoycha yozuvday chigal'

Mark ham dedi:'Bu jumboq:lekin
Buni Matfey bilishi mumkin'

Tongdan shomga qadar odamlar
Avliyolar ortidan yurar -

Ular bilmoq istar yashirin
Osmon va Yer qonunin sirin.

Odamlarni qiynar muammo,
Avliyolar bilmaslar,ammo:


ALLA OG'USHIDA

Balki, dengizga yana
Bir tomchi suv kerakdir?
Balki, dalaga yana
Bir hovuch don kerakdir?

Balki,osmonga bitta
Qaldirg'och yetishmaydi?
Balki, qo'shni chorboqqa
Bitta chumoli karak?

Hamma yerda bir nima kerak:

Senga-chi,ey go'dak,ayt,
Sokin ko'l bag'ridagi 
Mittigina orolday
Sen onang quchog'ida 
Uxlarsan-ku, sahar payt?..

Nima yetishmas senga?...


* * *

Yurmoq bo'ldi - bog'ladilar oyoqlarini.
Yaratmoq istadi - qayirdilar darrov qo'llarin.
Nimadir demoqchi bo'ldi - og'zini yopdilar.
Yig'lamoqchi bo'ldi - ko'zlarini o'yib oldilar.
Sevmoq istadi u - o'ldirdilar muhabbatini.

- Qanday yashay? - deb so'radi oxir Isodan.
Og'zini ochmadi mixlangan rasul.

Xurshid Davron tarjimasi

 YOLG‘IZLIK


Suhbatlashmas sen bilan hech kim,
Javob bermas savolingga-jim.
Na kuylash bor, na sas, na iddo,
Biron tildan ko‘chmas iltijo.

Yolg‘iz eding. Butunlay. Yurak
Tubida yarq, etdi zo‘r istak.
Dub barglari duv-duv to‘kildi,
Daraxt bilan so‘zlashging keldi.

Yo hayqirsang bor ovoz bilan,
Aks-sadosi qaytsa... Soz bilan
Aytilmagan qo‘shiq qolmasa,
Qayg‘u-hasrat joning olmasa.

Tiz cho‘ksangu, ibodat qilsang,
Bag‘ringni keng dunyo deb bilsang,
Anglasang ham barisi-bekor,
Nimanidir kutsang intizor.


 SHIMOL DENGIZI

Dengiz o‘sha-o‘sha, qarshimda
Qumtepalar, o‘sha shamollar...
Yashayotir kunduz arshida
Deraza va stol, xayollar...

Qushlar uchar, yashil qirg‘oqqa
Bosh uradi mayin to‘lqinlar.
Qalqib-qalqib turar oyoqqa
Yurakdagi o‘lmas epkinlar.

Bolalikning zavqi betakror,
Quyoshdan ham erta uyg‘onib
O‘yin boshlar, yelar bolalar
Qumtepalar qurar quvonib.

Elas-elas shovqin tovushi,
Stol. Yana qo‘llarimda ish.
Oddiy, sodda so‘zlar qovushib,
Kuylasaydi ko‘nglimdagi ishq.

Ko‘rinadi yaqin va yiroq,
Xayollarim kemaga yetdi.
Kemadagi tillarang mayoq
Quyosh bilan to‘qnashib ketdi.


 BOLALIK DUNYOSI

Ko‘k qush mening bilan uchmas osmonda,
Mushuk ham etigim olib yurmaydi.
Kulrang bo‘ri qalin quyuq o‘rmonda
Meni uchratmaydi, suhbat qurmaydi.

Sehrli chirog‘in bermas Olouddin,
Menda yo‘q narsaning kechdim baridan.
Javohir o‘lkasin izlamadim, chin
So‘zim shu, so‘zlayman yillar qa’ridan.

Bolalikning quvnoq olami najib,
Shamol bilan esgan o‘yin, ertaklar.
Men bilan yashaydi, naqadar ajib!
Go‘dakka aylandim, hayrat erkalar.

Bu sevinch yo‘lining yo‘qday adog‘i,
Hayotni jon qadar suydim yoniqib.
Qaniydi, shu tubsiz daryo qirg‘og‘è,
Ichsaydi ishqimdan qonib, qoniqib.


 SEHRLI KO‘ZGU

Donishmand sehrgar yaratdi bir kun
Ko‘ngil aks etguvchi sehrli ko‘zgu.
Qirollikda ko‘plab kazo-kazolar
Yuragida vahm, ko‘zda yo‘q uyqu.

Yashirdilar uni bo‘m-bo‘sh saroyga,
Qarovsiz, tashlandiq qasrga besas.
Bir kun kelib qoldi bo‘ri, oynaga
Ko‘zi tushdi, ko‘rdi u-vahshiy emas.

Kunlardan bir kuni qirol o‘zini
Atay shu ko‘zguda ko‘rmoqchi bo‘ldi.
Ko‘rindi-bir hamla bilan dunyoni
Yutguday yirtqich qush, g‘azabga to‘ldi.

Chil –chil sindirildi ko‘zgu shu onda,
Sehrgarni o‘lim kutdi beshafqat.
Hozir saroydagi barcha oynalar
Qalb emas, ko‘rsatar yuz-ko‘zni faqat.


 QIROLNING QAYTISHI

Boshda temir qalpoq,
Yog‘och qo‘ltiq tayoq,
Qirol uyga qaytdi urushdan xurram.
Chang yutib askarlar
Qo‘shiqlar aytarlar,
Ularga jo‘rovoz oqsoq qirol ham.

Liboslari ko‘rkli,
Baxmal, ipak, erkli
Qirolicha kutar minorada tik.
Ro‘molcha epkini,
Qo‘shin to‘lqini,
Kuylab yuboradi malika tetik.
Oyoqyalang, juldur,
Qalpoqda gul, dovdir
Olomon avji raqs etar maydonda.
U kuylar basma-bas,
Ki, jim ham turolmas,
Bundayin kunlarda, bundayin onda.

Nog‘oralar avjli,
Bayroqlar mavjli,
Urushdan vatanga qaytar shahanshoh.
Urushda yengildi,
Oyoqdan ayrildi,
Lek o‘zida yo‘q shod-tirik qaytdi shoh.


 QIZCHA VA O‘G‘IL BOLA

-O‘g‘il bola bo‘lsaydim,-
Qizcha qizishib derdi.-
Afrikaga bir sakrab,
Yugurib yetar edim.

-Men qizaloq bo‘lsaydim,-
Bola qizishib derdi.-
Ninaga ip o‘tkazib,
Dunyoni tizar edim.

Ulg‘ayishdi, vaqt yetib,
Endi ular er-xotin.
Endi faqat pul haqda
Bahs boylashar kunu tun.


 BOY ODAM

Janob, sizga yana ne deyin?
O‘qigansiz juda ko‘p kitob.
Lek Shekspir haqda bahs tayin
Yarashmayroq turibdi shu tob.

Doim bandsiz. Yil ortidan yil
Kelar, bitta tashvishingiz bor:
Daromadni barakali qil,
Boylik o‘sib turmog‘i kerak.

Dasturxonda turfa taom jam.
Oshpazingiz-parijlik, baland
Uyingizning jihozi ko‘rkam,
Xizmatchingiz-mallasoch shotland.

Ajoyibdir mevali chorbog‘,
Kezinadi tovlanib pati
Rangin qushlar, gulga to‘la bog‘,
Ko‘rib deysiz, bu-er jannati.

Siz bilmagan sirlar ham bormi,
Janob, nechun dilingiz og‘rir?
Suvday oqqan umr bekormi,
Ne yetishmas? Savollar og‘ir.


 ISTAKLAR

Yurmoqni istadi-
Bog‘landi yo‘llar.

Olmoqni istadi-
Qayrildi qo‘llar.

So‘zlamoq istadi-
Yonib ketdi so‘z.

Bo‘zlamoq istadi-
Oqib tushdi ko‘z.

Sevmoqni istadi-
Qatl etildi ishq.

Qanday yashash mumkin?-
So‘rar Isodan.

Yo‘q sado, yo‘q taskin
Mixlangan xudodan.


 G‘ARIBLAR

Keldi qora qismat,
Manglayda yoziq:
Na tovuq, na-da ot,
Na hovli, na qoziq.

Shunda butoqlardan
Yana yer bag‘irlab,
Tikladilar vatan,
Omon-omon terlab.

Uy-joysiz qoldirib,
O‘ldira olmagach,
Ochlikdan toldirib,
G‘ajishmoqchi g‘arch.

Choy, suvdan mosuvo,
Nondan yo‘q urvoq.
Qoldi faqat samo,
Va saxiy tuproq.

Shunda nasibasi-
Mevali o‘rmon.
Kashtan jozibasi,
Qo‘ziqorin xirmon.

Bostirmay qo‘yishdi
Qishloqqa qadam.
Bor yo‘lni o‘yishdi,
Yopishdi, na g‘am!

Buyruq haddan oshdi-
O‘rmondan quvishgach,
G‘ariblar tilashdi-
Osmon, bag‘ring och...


 HAVORIYLAR

Matfey dedi: «Sizdan yashirolmayman,
Javob bera qolsin yaxshisi Ioan».

«Lukaga uchrashing,-so‘z qotdi Ioan,
Luka-donish. Javob topar begumon».

«Eng avvalo, Markka eting murojaat,-
dedi Luka.–Yechim topgusi albat.

Bilsangiz, men uchun ushbu muammo
Xitoy xati kabi qorong‘u savdo.»

Mark ham kuttirmasdan, o‘tkazmay fursat,
Matfeyga borishni berdi maslahat.

Tongda uydan chiqib ketgan odamlar
Goh u, goh bu havoriyga borarlar.

Ular chaqa olmas, ochmas og‘zini,
Yeru ko‘k qomusin asil mag‘zini.


BEBAHRALIK

Baridan bebahra-
Na non bor, na sharob.
Baridan bebahra,
Lek jilmayar, yo rab.

Bilar, muhtojlik hokim,
Umrbod ayrilmaydi.
Ammo yuzdan tabassum
Bir nafas toyrilmaydi.

Og‘ir, hayoti og‘ir,
Bo‘lsa hamki, baribir
O‘zini yiqitmasdan
U yashay oldi, qarang,
Kuni o‘tsa-da arang,
Dilini og‘ritmasdan.


 BIR HOVUCH

Stol, uning ustida
Olma, yonida pichoq.
Ularning yonida-non.

Non, olma, pichog‘i bor
Stolning qarshisida
Bitta odam turibdi...

Shunday ham, deylik, mayli:
“Hammasi-siyqa gaplar”-
Aytarsiz, ammo
Bu odam-musavvir.

U aks ettira oldi-
Stol, uning ustida
Non, olma va pichoq.
Ularni ushlab turgan
Bir hovuch osmonni ham.


 QUROL

Qurol sotib oldi o‘ziga,
Bu - shunchaki ermakka faqat.
Qurol sotib oldi o‘ziga,
Va g‘ilofda saqladi ko‘p vaqt.

Sotib olgan bo‘lsang qurolni,
Nedur qilmoq kerakdir albat.
Sotib olgan bo‘lsang qurolni,
Avval jilddan chiqarmoqlik shart.

Mana, g‘ilof olib tashlandi,
Eshitsaydi o‘q ovozini.
Mana, g‘ilof olib tashlandi,
Ko‘rsa ko‘kda o‘q parvozini.

Bekorga o‘q otmoq ne darkor,
Ki, bor ekan jonjotu qushlar?
Bekorga o‘q otmoq ne darkor?
O‘rdak otging kelganga o‘xshar.

Qurol sotib oldi o‘ziga,
Bu shunchaki ermak deb bildi.
Qurol sotib oldi o‘ziga,
Qush otildi, yirtqich otildi.

Va kunlarning birida oxir
Odamni ham otdi, baribir...


 QASHSHOQ

Olislarda qolgan uylarni ko‘rmas,
Eshitmas odamlar tovushin, faqat
O‘zidan o‘zga-la suhbat ham qurmas,
Undan ayrilmaydi yolg‘izlik, g‘urbat.

Xaltasini yerga qo‘yib, aftidan,-
Chorig‘ini yechdi, uvishdi oyoq.
Bu baland, bu moviy osmon ostida
Og‘rinib, o‘grilib yotdi va charchoq

Qo‘llarini qo‘ydi ko‘ksiga besas
Bolalikda kabi. Ko‘zini yumdi.
O‘zi ham bilmasdi-qayta uyg‘onmas,
Titradi-yu, mangu uyquga cho‘mdi.

Uni topishganda labida kulgu,
Ilk bor yayraganday umrida. Hayrat
Ichida qolganday. Abadiy uyqu
Tortiq etgan edi unga chin jannat.


 QARI TEREZA

Hech kim sezmay qoldi-yolg‘iz, begina,
Jimgina yashadi, o‘ldi jimgina.
Stolning yonida bergan ekan jon,
Qora non ushog‘i, bo‘shabdi qanddon.

Qaynatgich tubida qahva quyqasi
Qoraygan, qotigan, chiqqan siyqasi.
Bufetni bezagan bo‘m-bo‘sh shamdonga
Suyangan surat bor, tikilib tongga.

O‘lgan qiziniki. Eshik ortida
Chirigan kartoshka sasir aftidan...
Kecha qabristonda ko‘mishdi uni,
Topilmadi tuproq toshlar yaqini.

Hayotligida kam gapirar erdi,
O‘limdan gap ketsa, qismat-haq, derdi.
Hech kimga aytmasdan ketdi bir so‘zni-
Nahot so‘nggi dam ham ayadi bizni...


 DEYDILARKI

Derlar, Iso Masih payg‘ambar
So‘zi bilan ishi bir erdi.
Ha, ha, so‘zu amal birligi!
Afsus, qisqa umr kechirdi.

Derlar, Iso tirilganini
Ko‘rib Foma hayratda qoldi.
Ha, u ko‘rdi! Va lekin, afsus,
Nom-nishonsiz o‘zi yo‘qoldi.

Derlar, Lazar o‘lganidan so‘ng
Hazrat bo‘lib qayta tirildi.
Ha, u yana ko‘z ochdi. Biroq
Ko‘p o‘tmasdan o‘lim haq keldi.

Derlar, uning ortidan qancha
Avliyolar zab ibrat bo‘ldi.
Va ularning bashoratlari
Quruq so‘zdan iborat bo‘ldi.

Derlar, ishonmoqlik lozimdir
Alar aytgan har bitta so‘zga.
Ammo tarix o‘zgacha ta’rif,
Xulosalar beradi bizga:

So‘zlar chindan juda ko‘p erdi,
Shunchalik ko‘p, aqlga sig‘mas.
Bashoratlar birontasi ham
Kambag‘alga qayishgan emas.


 YOLG‘IZLIK

Yonida bir juft tozi iti,
Qo‘shog‘iz ov miltig‘i qo‘lda.
Sanqib yurmoq emas odati
Kuni bo‘yi o‘rmonda, yo‘lda.

Qoldirmasdan kontsert ko‘radi,
Chalishga bor fortepyanosi.
Yoz kunlari orom beradi,
Ummonlarning salqin havosi.

Xullas, unga kulib boqqan baxt:
Bolaligi kechdi dilovar.
Umr bo‘yi e’tibor, hurmat,
Merosxo‘rlik jozibasi bor.

Faqat... Yo‘lida uchrasa nogoh
Ikki kaptar kabi ikki dil
O‘zi bilmay tortar edi oh,
Uzoqlarga olar edi yo‘l.

Bu iztirob sirli va hazin,
Yuragiga o‘tkazsa hukm,
Hayotining sarxush va shirin
Damlari ham azobga mahkum...

Oygul Suyundiqova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.