OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Syulli Pryudom (1839-1907)

MEN O’ZIMNI SHOIR SANAYMAN

Qismatimga ko‘ra, shoirdirman men.
Kim biladi, balki bu xato?
Inongum men haqqa, ezgulikka chin,
Bu umiddan charchamam aslo.

Balki uddalay ham olmasman butkul
Yuraklarga junbush solishni.
Balki kuylamog‘im mushkuldan-mushkul
Qalbimdagi ezgu xohishni.

Har qalay, san’atkor yo‘narkan haykal,
Zahmatlardan toliqsa behad,
Yuz ochmasa unda eng nafis sayqal,
San’atbozlik bo‘lmas bu minba’d.

Kim his etmas mening orzu, ko‘z yoshim,
Hamma ham tuyadi buni, bas,
Biroq yurakdagi hislar taloshin
Qog‘ozga tushirmoq osonmas.

Goh topmam qalbim-chun so‘zlarni yorqin,
Ilhom zo‘r bo‘lar-u, qudrat oz.
Juldurvoqi libos ostida tag‘in
Iste’dodimni men ko‘mgum boz.

Bisotimda tillo bisyor erur, ha,
Ko‘tarolgay nomimni yuksak.
Biroq ular bari yombi shaklida,
Men jilolar bermog‘im kerak.

Mangulik nimadir? Yo‘qlik qa’rida
Yitmaslikning imkonidir bu;
Yashab odamlarning qalbin to‘rida,
O’lmaslikni aylamak orzu!

Ha, bir payt dovrug‘ deb entikkan yurak,
Yuksalmasa shoirlik sha’nim,
Chin shoirga ta’zim qilurman beshak,
Yozishi-chun yozolmaganim!..


ANA ULAR

Ko‘rdim men ularni — g‘amgin nigohim
Xandon ko‘ngillarin qilmadi purg‘am.
Faqat shivirladim men o‘zimga jim:
— Demak, sevmagansiz siz meni dildan?

Bahor bu — nastarin atrin sochgan payt,
Ko‘kda oq bulutlar suzar edi shan...
— Shundoq ajib kunga siz buncha loqayd?
Demak, sevmagansiz siz meni dildan?

U sizga damba-dam qilib sho‘x hazil,
Qo‘lingiz tutardi chaqqon va ildam.
— Bundan mening ko‘nglim sinmasmi chil-chil?
Demak, sevmagansiz siz meni dildan?

Siz meni ovloqda payqab bexosdan,
Siyladingiz shirin tabassum bilan —
Uqtirmoq bo‘ldingiz yoki siz, rostdan,
Sevmasligingizni meni chin dildan?

Mirpo'lat Mirzo tarjimalari

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.