Aristotelis Valaoritis (Αριστοτέλης Βαλαωρίτης Lefkas 1824 — 1879) — XIX asrda yashab ijod qilgan atoqli yunon shoiri. U 1824 yili Lefkas orolida tug‘ilgan. Shoir yunon she’riyatidagi Yetti orol maktabining eng yorqin vakili hisoblanadi. U tirik chog‘idayoq millat shoiri deb atalgan. Kostis Palamas yozganidek,Valaoritis hamisha kitobxon millatdoshlariga o‘z she’rlari orqali «men» emas, «biz» deb murojjat qilgan.
DIMOS VA UNING MILTIG‘I
“Bolalarim, qaridim men. Oltmish yil ortda.
Ellik yilki, to‘yib uxlaganim yo‘q, oxir charchadim, uyquga ketaman endi.
Yuragim tindi, bo‘ldi ado. Daryo bo‘lib oqqan qonlar tushdi so‘ngi tomchisigacha.
Uyquga ketarman endi. Butalarni kesinglar.
Navnihol bo‘lsin hali suvi qochmagan, ho‘ldir novda.
Novdani to‘shanglar – va meni shox-shabbalar ustiga yotqizing.
Kim biladi, vaqt o‘tishi bilan qabrim tepasida gullar qay daraxt!
Qad rostlasa ulkan chinor, uning quyuq soyasida
yosh o‘g‘lonlar miltiqlarin osarlar shoxga.
Yoshlar mening va safdoshlarimning jasoratini etarlar madh.
Sarv daraxti o‘sib chiqsa, qora azadorlik kiyimin kiysa –
qariyalar yosh daraxtga pishgan meva terish uchun kelarlar.
yaralarini yuvarlar va Dimosni olarlar yodga.
Olov o‘g‘irladi shamshirimni, kuchimni oldi yillar.
Vaqtim bitdi. Kerakmas ko‘z yosh. O‘g‘illarim, bardam bo‘linglar.
Jangda toblangan botirning o‘limi yoshlarga hayotni qoldirar meros.
Yaqinroq kelinglar. Atrofimni o‘ranglar. Bosh ustimga egilib,
ko‘zlarimni yopinglar, oq fotiha olinglar mendan.
Kenja o‘g‘lim, bahodirim tog‘ cho‘qqisiga chiqsin.
Miltig‘imni olsin qo‘lga, sodiq piltamiltiqni.
Samoga uch marta o‘q otsin va qichqirsin uch bor:
“Keksa Dimos ketdi bizni tashlab, ado bo‘ldi Dimos!”
Tog‘ darasi og‘ir xo‘rsinar, qoya aytar marsiya,
tog‘lardagi arvohlar qo‘zg‘olar va jo‘shar irmoqlar,
va tog‘lar boshidagi salqin shabadalarning nafasi siqar,
shamollar madorsiz qanotlarin pastga tushirar,
bu uvvosni ilib olib, tarqatishdan cho‘chir, –
tarqatsa ko‘hna Pind va Olimp eshitar,
mangu qorlar erib ketar va qurib qolar shoxu butalar.
Yugur, bolam, shoshilgin. Chiq eng yuksak cho‘qqiga.
Uch bora otilsin miltiq. Uyquga ketarkanman mangu,
bu gumbur-gumburni eshitay so‘ng bor, so‘nggi bor.
Yosh bahodir chopar ohu kabi. Qoyaga chiqar shiddatkor.
Tog‘ning cho‘qqisiga chiqib, baqirar uch bor:
“Keksa Dimos ketdi bizni tashlab, ado bo‘ldi Dimos!”
Qoyalarni tutdi qaltiroq, jarliklar otilar ingroq.
Bahodir birinchi bor otar. Ikkinchi bor ham otar o‘q.
Va, nihoyat, mana oxirgi, uchinchi bor. Shonli piltamiltiq
o‘kirar, yovvoyi hayvonday hayqirar, og‘zini ochar
va yorilar, qo‘ldan tushar, yiqilar yaralangan botirday,
qoyadan jarlikka, daryoga yiqilar – endi yo‘q u, endi u yo‘q…
Dimos bu gumburlashni eshitdi, chuqur uyqu ichra eshitdi.
Va jilmaydi, keyin – mangu uyquga ketdi…
Keksa Dimos ketdi bizni tashlab, tamom bo‘ldi Dimos!
Bahodirning salobatli ruhi uchar,
samodagi miltiq gumburini uchratar,
birodarday bag‘riga bosar,
bulutlar ortiga ketar –
so‘nar, endi ular yo‘qdir
Yo‘qlikda…
Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimalari