OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nikiforos Vrettakos (1912-1991)

Taniqli shoir Nikiforos Vrettakos (Βρεττάκος Νικηφόρος; 1912 — 1991) — o‘rtahol dehqon oilasida tug‘ilgan. Mablag‘i bo‘lmagani uchun Afina universitetini tugatolmaydi. Zavodda ishlaydi. Ikkinchi jahon urushi paytida qarshilik harakatining faol ishtirokchisi. Uning bu paytdagi siyosiy qarashlari «Qahramonlik simfoniyasi», «33 kun» nomlangan she’riy to‘plamlarida aks etadi. 1987 yili Afina fanlar akademiyasi a’zoligiga saylanadi.


YOLG‘IZLIK BO‘LMAYDI

Qo‘sh qo‘shilsa, qo‘shiq kuylansa, qo‘l yuvilsa,
Odam bor joyda yolg‘izlik bo‘lmaydi.
Qaerdadir daraxtlar yaproqlarin silkitsa,
Yolg‘izlik bo‘lmaydi. Qaerdadir hasharotlar
Gullarga yopishsa, jilg‘alar yugursa,
Suvda oy, yulduz aksi bo‘lsa,
Go‘dak qo‘lchalarin ona ko‘ksiga qo‘yib
Uxlayotgan bo‘lsa, yolg‘izlik bo‘lmaydi.

LABIRINT

Kunlarim bir-birin qo‘llaydi,
qushlarga o‘xshab, kimo‘zarga o‘ynab,
kesib o‘tar cho‘lni g‘ira-shirada.
Bir-birin quvib o‘tib, qah-qah otar, urilib ketar, –
bir butun bo‘lar, birlashar. Dushanbalar
yakshanbani yorib kirar, oylar chiylangan qartaday.
Mart va birdan dekabr, ortidan avgust,
dushanbani bozor ortidan, aprelni maydan oldin
qo‘ymoqchi bo‘laman, barmoqlarim muzlaydi.
Yana bir haftani
kunlarga bo‘lishim kerak.

SHE’RLARIM

She’rlarim – oltin nurlar cho‘mgan qor,
Ot ko‘zida porlar ezgulik,
Moychechakni salobati bosgan tong,
Ilk umid ishqidan yongan yurak
Jim yomg‘irda qolgan qo‘y-qo‘ziday itoatkor.

Rus tilidan Rauf Subhon tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.