OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yannis Ritsos (1909-1990)

Dunyoga mashhur yunon shoiri. Kasodga uchragan yirik yer egasining oilasida dunyoga kelgan. Ikkinchi jahon urushi paytida yunon qarshilik harakatida ishtirok etgan. Uzoq yillar mobaynida qamoqda o'tirgan. Yannis Rutsosning 50 she'riy kitobi nashr etilgan.

Ulardan eng mashhurlari: "Traktorlar" (1934), "Ahromlar" (1935), "Singlimning qo'shiqlari" (1937), "Sinov" (1943), "Oydin sonata" (1956), "Shahodatnoma" (1 jild ,1963; 2 jild 1966). Uning yunon mif va afsonalai asosida yozgan dostonlari ("Orest", "Filoktet") ham 20 asr yunon adabiyotinig yetuk namunalari sanaladi.

BIZ TAYYORMIZ

Chodirlar o‘rmalar qoyaga—
Osmonga qarab.
Chodirlar toshlarga mixlangan,
Yirtiqlari
Chidam bilan chatilgan.
Chodirning ko‘ksida quyosh nayzasi,
Ufq tarang
Xuddi mirshab kamari kabi.
Kunlar kelib,
Kunlar ketmoqda.
Faqat qoyalar ketmas ko‘z o‘ngimizdan.
Ba’zan kema suzib kelar,
Ba’zan bulut yuzib kelar
Bir narcha soyasin sudrab zaminda —
Bu soya,
Bu bir parcha soya
Zaminda daraxtlar tirik bo‘lgan
Allaqaysi zamonga
Ochilib turgan derazalardir.
Hech narsa o‘zgarmas —
Tosh ham, yurak ham:
To‘shagimiz toshdan — unda uxlaymiz.
Nonimiz ham toshdan — tishni charxlaymiz.
Shamollar yengolmas hech qachon
Bu toshni, bu yurakni.
Shamol ufqning alvon bayrog‘ini
Olisda o‘rab olar.
Dengiz nafasini sezib peshonamizda,
Qoyalarni tishda qisib uxlaymiz qattiq.
Neki kelar boshimizga, kelaversinlar —
Biz tayyormiz, o‘rtoq,
Tayyor turar yo‘l to‘rvalarimiz,
Yuragimiz yo‘l to‘rvalarida.
Indamas, sas chiqarmay,
Do‘stlar ko‘ylagidagi tugmani
burab o‘ynaymiz,
Bu aytishga hech gap yo‘qligidan emas,
Bu do‘stimizning juda sevgalimizdan.
Demokratiya oldida qasam ichamiz,
Zaminga bitamiz qutlug‘ ismni.
Faqat bir ismni:
Ozodlik ismini.

JOLIO KYURIGA

Mening Joliom,
Ai-Stratisdan senga xat bitmoqdaman.
Bu yerda biz — uch ming mahbus —
Ziyolilar, mehnatkashlar, oddiy odamlar.
Ustimizda yirtiq junko‘rpa,
Besh dona g‘o‘r meva, bpr bosh piyoz,
Bir burda non oldimizda.

Daraxtlardek oddiy odamlarmiz,
Gunohi yo‘q oddiy odamlarmiz.
Biz faqat sen kabi, Jolio,
Barcha odamlar kabi
Tinchlikni, ozodlikni
Juda sevamiz!

Biroq, bu biyday taqir orolda
Non tugilgan tugunni
Va tugilgan yurakni ko‘tarib,
Bir qayg‘udan ikkinchisiga o‘rmalaymiz, Jolio.
Yuraklarda ishonch bor faqat!
Goho nonsiz,
Tashnalikdan lablar yorilib,
Kishanlarni jaranglatib
Deraza bilan,
Daraxt bilan
Do‘stlashishga ulgurmay turib,
Bir qayg‘udan ikkinchisiga o‘tib yashayapmiz.
Daraxtlardek oddiy,
Daraxtlardek yengilmas bo‘lganimizdan,
Tinchlikdan, ozodlikdan
Kecha olmaganimizdan
Bizning qo‘llar kishanlangan, Jolio.
Makronisos orolida uzoq yashadik.
O‘lim bilan bir to‘shakda uxladik, Jolio.
Ko‘plar bunda qo‘lini yo‘qotdi,
Ko‘plar bunda dilini yo‘qotdi,
Oyog‘ini, so‘ngaklarini yo‘qotdi.
Ko‘plar qo‘ltiqtayoqda sudralib yurar,
Ko‘plar hatto yurmoqdan ham bunda benasib.
Ko‘plar bunda kechalari qichqirib chiqar,
Ko‘plar bunda og‘zini ham ocholmas hatto
Va juda ko‘plar abadiy ko‘rmas
Oqshomning nimpushti surati uzra
Bulutlar suzishin qirmizi qayg‘usi bilan.
Juda ko‘plar onasini qaytib ko‘rmaydi —
Ularning gunohi
Xuddi senday dildan sevarlar
Tinchlikni,
Ozodlikni!

Bizni, Jolio, ta’qib qilishar Vatanimizda —
Uni juda sevganimiz uchun.
Sevganimiz uchun
Bu qadimiy zaytunzorlarni,
G‘azabi, qayg‘usi, iztirobi bilan
Sevganimiz uchun uzumzorlarniyu
Kechalari ostonamizga yog‘du sepgan
Burdalangan marmartoshlarni
Sevganimiz uchun.
Tunlari bedorligimiz uchun,
Boshimiz uzra chiroqlar yoqqan
Po‘rtahol shoxlarin sevganimiz uchun,
Yelkasida asrlarni, quyoshni ko‘targan
Mehribon chinorlarni sevganimiz uchun.
Tinchlik haqqi hurmati
Qadoq qo‘limizga olgan ko‘p qadim
Qurollarimizni sevganimiz uchun
Bizni ta’qib qilishar Vatanimizda.

Bizni ta’qib qilishar
Begona etiklar Vatanimizni
Toptashiga yo‘l qo‘ymaganimiz uchun,
Ona Elladani tinchlikdan, ozodlikdan
Ayri tasavvur etmaganimiz uchun
Bizni ta’qib qilishar.

Qari Vayitsa haqida
Eshitganmisan, Jolio?
U qatl oldidan
Yuvinib tarandi,
Boshmog‘ini bo‘yatib oldi.
So‘ng ajin bosgan yuzlarida
Tabassum uyg‘ondi,
Jilmaydi daraxtlar shoxlari aro
Bizga quyosh nurlarini
Sochgani kabi.
U qo‘lga qop-qora ro‘molin ushlab,
Qamoqxona hovlisida
«Alvido, buloqlar» kuyi ostida
Miriqib raqsga tushdi,
Ro‘molini silkitib.
Qari Vayitsani ko‘rganmisan, Jolio?
Ko‘rmasliging mumkin emas, axir, Jolio.
Qari Vayitsa raqs tushganini
Qo‘l ushlashib ozodlik va tinchlik bilan?
Bilasanmi, birodarim, Jolio,
Mariya Leontiaduni?
U oqsoch, kambag‘al, cho‘ri qiz edi.
Begona uylarni yig‘ishtirardi —
O‘zining uyi yo‘q edi, Jolio.
Yuvardi begonalar kirini —
Yuvishga o‘zining ko‘ylagi yo‘q edi.
Faqat ikki qo‘li bor edi, xolos —
Ikki mehnatkash,
Temirdan, qayg‘udan dag‘allashgan
Mehnatda horib tolgan,
Oqshomgi
Daraxtlardek kuygan
Ikki qo‘li bor edi, xolos.
Uni o‘ldirdilar, Jolio,
Ammo ishonaman, ertaga
Tinchlik va ozodlik hurmati haqqi
Uning ikki mehnatkash qo‘li
Tinchlik va ozodlikni erkalamoqda
Qaytadi gul bo‘lib, sarin yel bo‘lib.
Mariya yaxshi bilardi,
Xuddi biz bilgandek,
Xuddi sen bilgandek,
Osmon ibtidosi do‘llardagi nondadir.
Shundan o‘limi oldida qo‘ygancha
Ikki qo‘liniyam ko‘ksiga
Kunchiqarga boqib shivirladi jim:
«Agar odamlar to‘yib non yemog‘i uchun kerak bo‘lsa
(Men o‘zim to‘ymadim),
Mayli, yig‘lay,
Faqat och qolmasa bas, odamlar».
Mariyani qaytib ko‘ramizmi, Jolio,
Tong nurlarin pichan o‘ramidek
Qo‘lida ushlab turgan,
Kelajak yo‘lkalarin supurib turgan
Va yoki shamolda to‘lg‘angan,
Ulkan alvon bayrog‘in tutib turgan
Mariyani qaytib ko‘ramizmi, Jolio?
Mariyani qaytib ko‘ramizmi
Tinchlik va ozodlik
Tantanasida?

Sen, Jolio, onaxonimiz Mamalina
Haqida eshitganmisan?
Onaxonimiz Mamalina
To‘qson yoshdadir.
Ko‘zlarining ikki chetida
Ikki ajin daraxti shovillab turar,
G‘urur jarligi bor
Qoshlarining qoq o‘rtasida,
Egnida motamlik qop-qora libos:
To‘ng‘ich o‘g‘lini italiyaliklar o‘ldirdi,
O‘rtanchasini — nemislar,
Kenjasini esa kecha devorga tirab
Peshonasidan otib tashlashdi...
Onaxonimiz Mamalinani esa,
Bechora to‘qson yashar kampirni,
Xuddi bizdek, xuddi sendek
Tinchlik va ozodlikni sevgani uchun
Umrining oxirigacha qamoqxonada
Yashashga mahkum etishdi.
Hozir onaxonimiz Mamalina
Kamerada o‘lganlarni sanab yuradi,
O‘lganlarga paypoq to‘qiydi
Va oppoq ko‘ylak to‘qir
Sovuqqotgan tinchlik uchun,
Alvon papoq to‘qir
Kelajak navnahorga.
Yo‘q, taslim bo‘lmas onaxonimiz Mamalina,
U qahva qaynatar, Jolio,
Ilojini topsa,
Keyin mehmon qilar sopol to‘stag‘onda
Tinchlik va ozodlikni issiq qahva bilan.

Jolio,
Bu xatga ko‘plar imzo qo‘yardi,
Faqat xat-savodi yo‘qdir ularning.
Ba’zilar barmoq bosar
Bonikro dalasin dehqonlariday.
Ammo, o‘sha qo‘l qo‘yishni bilmaganlar ham
Yuraklarin berishga tayyor
Tinchlik uchun, ozodlik uchun.
Shuning uchun
Tinchlik deb,
Ozodlik deb
Yuraklarin berishga tayyor
Turganlar nomidan o‘zim qo‘l qo‘yaman.
Jolio, birodarlarpmga yetkaz,
Nerudaga, Erenburgga, Aragonga,
Elyuarga, Pikassoga yetkaz,
Yetkaz, hamma birodarlarimga:
Biz bunda uch ming kishimiz.
Yonib ketgan uyimizning cho‘g‘ini
Yelkamizda ko‘tarib turganimiz uchun,
Toki tunlar qo‘rqmasin deb onalarimiz,
Toki bobolarimiz o‘lim bilan
bir to‘shakda uxlamasin deb
Katta-katta derazalari kunchiqarga qaragan
Yangi uy qurmoqchi bo‘lganimiz uchun
Biz bunda mahbusmiz —
Uch ming kishimiz.

Nima, bo‘lar, Jolio?
Kun kelar — eritib snaryadlarni
Bolg‘alarga, omochlarga, qanotlarga,
Ravoqlarga aylantiramiz ularni.
Qanotsiz quvonch haykalini esa
Mahallamizdagi avtobus bekatiga
O‘rnatajakmiz.
Daraxtlarga ko‘milgan mahallaga
Tiklanayotgan xo‘jalik haqidagi raqamlarni
Xabar beruvchi,
Baxtli muhabbat haqida she’rlar aytguvchi,
To‘g‘onlar haqida,
Dunyoni elektrlashtirpsh haqida
So‘zlab beruvchi
Kasaba uyushmasining karnayi osilgan
Mahallada
Qanotsiz quvonch haykalini o‘rnatajakmiz.

Eh, birodarlarim,
Agar yondirilgan uylar bo‘lmaganda edi,
Dunyoning o‘zi ulkan uyga aylanardi,
Quyosh bo‘yab chiqqan bo‘lardi
O‘sha uyning devorlarini
Va bu uyni gulday yashnatardi
Onamiz — ozodlik,
Ozodlik farzandi — tinchlik. 

KICHIK DOSTON

Qushning qanotini ushlab turar it -
Toshlarga tomchilab to'kiladi qon.
(Ovchi o't ustida cho'zilib yotar)
O, qanday chiroyli uning yotishi.
Chekkasida alvon teshik. Qon.
Ovchi boshi uzra qotib turar it.
G'amgin nigohini uzmasdan boqar,
Qushning qo'yib yubormay...


YOZ

Yog'du juda yorug' edi.
Derazadan nari -
Chorbog'da chirillar chigirtka,
Qo'lni kuydurgudek eshik dastasi.
Stol ustidagi tanho stakan
Yaraqlaydi bamisli daho.

OQLIQ

Ko'rmay deb yalang'och, ochiq oqlikni
Qog'ozni bekitdi qo'li bilan u
Va himoyasiz qo'lini ko'rdi.
Shunda ko'zlarini yumdi - tingladi:
Ulg'ayib kelardi, o'sib kelardi
Vujudida pinhon, bepoyon oqlik.

* * *

- Meni ushlab olishing mumkin,- dedi u, -
Sen meni qamab ham qo'yishin mumkin.
O'ldirishing mumkin sen meni hatto!
Ammo sen
Uchayotgan qushni tutolasanmi?
O'ldirolasanmi
Tirnog'im ostida
Yashiringan havoni?

* * *

- Xato qildim.
Ha, xato qildim.
Faqat aldamadim.
Menga yordam bering, - dedi u, -
Tirnog'imni olay.
Qaychi bo'lsa o'tmas.
- Menga yordam bersalaring-chi! - dedi u, -
Haqiqatni aytay men!
Qanaqa haqiqatni?
Tirnog'i o'sadi
Murdalarning ham.

* * *

Ovqatini keltirib qo'ydim.
Keyin ketdim.
U kelgunicha sovib qolmaydi.
Men qo'yganimni u anglar -
Faqat anglarmikan
U ketganimni?

* * *

Afsus, buning iloji yo'q, - dedi u.
- Ahmoq, - dedi birov, -
She'riyatda
Hamma narsaning iloji bor
Va juda boplab qilishi mumkin
Bu ishni. 
- Juda boplab qilishi mumkin,-
- Qo'shib qo'ydi birov,-
Shuhrat kelib javob berar,
Shuhrat kelib qasos olar.
Hammasi uchun.

* * *

Garchi bugun muhabbatga ishonmasalar-da,
Men sizga muhabbatim ishonmoqchiman.
Sizga yoqadigan so‘z topmoq uchun
Sizdan yashiraymi muhabbatimni?

Tun eshigi oldida turgancha yolg‘iz,
Sizning ko‘zingizga boqaman,
Chiroqlarni yoqaman,
Ko‘chalarni bezayman yalovlar bilan -
Bayroqlarin hilpiratib,
Bandargohga kirib kelayotgan kema – menman.

…Odamlar ko‘chalarda sarson yurishib,
Sonsiz zinalar ustida hayron turishib,
Panjaralar, simtikanlar ortida
Kishanlarni jaranglatib,
Muzlagan qo‘llarin zo‘rg‘a qimirlatib,
Chiroq tugmasini izlashib,
Qora tun devorin paypaslashadi:

— Qayda?!

Yoqsangiz-chi inson umidining chiroqlarini…

CHILI

Ostonaga qo‘yib o‘ting go‘zal yigit tobutin!

Bugun mis qimmati uch yarim tsentga oshdi.
Temir, yana temir, dollar, soldat etiklari.
“Qozon qaerda? – deb baqirdi u. –
Qatron qaynab turgan qozon qaerda?

Mixlar teshgan, nochor qo‘llarimni
Koshki tiqib olsam o‘sha qozonga —
Bo‘ynimga arqon sololmagan jur’atsiz qo‘llarimni»

Go‘zal yigit tobutini balandroq ko‘taring!
Ostona oldida balandroq ko‘taring!

Dunyoda achchiqroq narsa bormi,
Tarix vayronalari ostidan,
Qahramonlar o‘ligini qazib olib,
Keyin hech kimga bildirmay,
Tamaki qoldiqlari, baliq solinadigan savatlar
Bilan birga yuk vagonida
Olib chiqib ketmoqlikdan achchiqroq narsa bormi?
Nishoni, belgisi ko‘rinmasin deb
G‘ijimlangan bayroqlarni o‘ramoqdan,
So‘ng ularni majruh gadolarning
Hasrat toshlari solingan
Tugunlari turgan yerga tashlamoqdan
Va g‘ijim bayroqlar ustida
Nerudaning ko‘krakdor gitarasini
Ko‘rib qolmoqdan achchiqroq narsa bormi?

“Qozon qaerda? – deb hayqirdi u. –
Qatron qaynab turgan qozon qaerda?
Tiqib olay o‘sha qozonga
Bo‘yinga sirtmoq tashlashni
O‘rganishni istamagan bu qo‘llarimni”.

AJDODLARIMIZ QABRLARI

Ajdodlar qabrlarin asramog‘imiz kerak,
asramog‘imiz kerak umidlarini.

Bo‘lmasa,
dahshatli bir soniya kelar
dushman kelar, qazib olar qabrlardan
bizga meros qolgan
ajdodlarimiz umidlarini.

Shunda biz nochor qolamiz.

Hech kim bizga berolmas madad –
xavf-xatar boshimiz ustida turar.
Shundan keyin qanday yashaymiz –
uysiz, o‘choqsiz, dalalarsiz, ko‘zimiz o‘rgangan,
bir vaqtlari jangda, ilmda mashhuri zamon
ajdodlarimiz qabrlarisiz?

Yodimizga olaylik,
bir paytlari spartaliklar Teganda ko‘milgan
Orest qabrin ochib, so‘ngaklarin o‘g‘irlashganin.

Shunday ekan, dushman bilmasin
ajdodlarimiz qabrlari qaydaligini.

Faqat bizlar qaydan bilamiz
dushman kimligini va u qay tarafdan
bostirib kelishin qaydan bilamiz?

Yolg‘iz bir chora bor:
qabrlar ustidan qo‘poring hasham toshlarni,
O‘chiring toshlardan zarhol yozuvlarni
– ular faqat diqqatni tortar.

Ajdodlarimizga
ularning keragi yo‘q – ularga bari bir,
ular kamtar,
ular abadiyan sukutda yotar.
ularni qiziqtirmas zarhal yozuvlar,
qurbonliklar,
sadaqalar,
madhu sanolar.

Yaxshisi, oddiy tosh qo‘yaylik,
ustiga qo‘yaylik bir juft yorongul
va tag‘in hech kim bilmas yashirin belgi,
aslida hech narsa bo‘lmasa yana yaxshiroq.

Yaxshisi, yuraklarda asramoq kerak,
yana yaxshisi o‘zimiz ham mutlaq bilmasak
ajdodlar mozori qaydaligini.

Lekin bu dunyoda g‘alat ishlar bo‘lib turadi —
Tag‘in kim biladi,
balki allaqachonlar jadlarimiz qabrlarini
biz o‘zimiz ochib tashlab
xalos bo‘lgandirmiz murdalaridan…

MUHABBAT

- Ketaman, — dedi ayol. – Ketaman…
Chidayolmayman…

Qanday chiday bu kechaga,
Bu oqshomga qanday chiday!

Erkak qartalarni chetga irg‘itdi,
Irg‘itdi achchiq bir nadomat bilan
Va yangradi zinapoyadan
Chopib tushgan qadamlar sasi…

Eshik tag‘in ochildi.
Yog‘du chinni kosaday
Chilparchin sinib tushdi.

Ayol yerda sochilib yotgan
Qartalarni terib oldi-da,
So‘ng uzatdi erkakka sekin —
Go‘yoki oradan yillar o‘tmagan,
Go‘yoki ketmagan erkak yonidan.

Ayol hech narsa bo‘lmaganday
Almashtirdi guldon suvini.

Faqat aytilgan o‘sha so‘z
Xona bo‘ylab uchar edi xuddi pashshaday…
Qishning sovuq nafasin sezib
besaranjom uchgan pashshaday…

Xurshid Davron tarjimalari

YERNING TORTISH KUCHI

Oy oynaga yopishgan, xuddi eskirgan marka kabi.
Egasiga yetmagan maktubday.
Yog‘och ustaxonada yumshoq o‘rindiq, stollar, ko‘zgu.
It o‘z soyasidan qo‘rqadi, avtochiroqlarga huradi.
Qay buyumni qancha baland otmagin, havoda turib qolmas,
qanot ham chiqarmas, albatta, yerga qaytib tushadi.
Tushgan joyiga chilpillab yopishadi.
Xuddi baxtin sinab otilgan tangaday,
boshqa yuzi tushadi,
niyat qilgan tomoning emas…

* * *

It hurdi
daryo
tog‘ tomonda
so‘ng jimib qoldi
qachondir
changal tagiga ko‘mganim
bir qo‘lli qo‘g‘irchoqni tishlab
paydo bo‘ldi yonimda
ular menga tikilishdi
ko‘zlari
bo‘zargan.

* * *
Qon to‘kilar mahal
Gunohing yo‘qligin
oqlab bo‘lmaydi.

Rus tilidan Rauf Subhon tarjimalari

AGAR BILGANIMDAYDI
 
Osmon zahil. Oy g‘amgin
agar bilganimdaydi
qanday ko‘ylak kiyganing,
sening qayda ekaningni

bilganimdaydi agar,
boshqacha bo‘lardi:
dovushim ham,
osmon ham.

Ikrom Otamurod tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.