OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

K. V. Tirumalesh (1940)

K. V. Tirumalesh (1940 yili tug'ilgan)hind shoiri. 
Haydaroboddagi Chet tillari institutida dars beradi.
Bir necha she'riy kitoblar muallifi. Hindistondagi Kannada tilida she'rlar yozadi.
 


TO‘G‘LOQ

Tun edi. Bir butun Dehlining
Jimlikka ko‘milgan har yog‘i.
Bo‘sh uylarning ochiq eshigi.
Ishonish qiyindir, bir kun ilgari
Bu shaharga to‘lib yashagan
Uzilmish odamlar oyog‘i.

Ular ketib borishar yolg‘iz, 
Ikki kishi – Shoh va bir Sayyoh.
Yo‘l ustida ko‘rinmas hech iz.
Hatto itlar hurmaydi qasddan.
Ibn Batuta so‘raydi asta:
«Ma’nisi ne bularning, ey shoh?»

Shoh jilmayib beradi javob:
«Bu tarixda yuz bergay ba’zan,
Sen yaxshisi zavqlan jimlikdan!
Bir kun yana shu ko‘chalarga
To‘lar odam, shovqin va shitob.
Imkon bo‘lsa, yetsaydi kuchim,
Bo‘shatardim hatto dengizni -
Tubida sayr etmoqlik uchun.»

So‘ng ibn Batuta uzlatda
Allohga yuzlanib aytadi:
«Jimlikka ko‘milgan xilqatda
So‘zlar tug‘ilsaydi daf’atan,
Gulxanlar yonsaydi qaytadan.
Zolimni etmagin hech ogoh,
Ummonlar siridan ey Alloh!» 

A'zam Obidov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.