IQBOL Muhammad (1873 yoki 1877.22.2, Sialkot — 1938.21.4, Lohur) — hind shoiri, faylasuf. Urdu va fors tillarida ijod qilgan. Sialkot, Lohur kollejlarida ta’lim olgan. 1905—08 y.larda Angliya va Germaniya un-tlarida o‘qigan. Ilk she’r («Yetim nolasi», 1899) va doston («Himolay», 1899)laridayoq insonni, tabiatni, xalq dardi va kayfiyatini kuylaydi. «Eronda tasavvufning taraqqiyoti» (1908) asarida Sharq falsafasi va diniy ta’limotlarini tahlil qiladi, Ibn Sino, Ibn Arabiy kabi faylasuflarning dunyoqarashini yuksak baholaydi. «Shaxs sirlari» (1915), «Shaxs sirlarining ochilishi» (1919) dostonlarida, «Zabure Ajam» (1927), «Jovidno-ma» (1932), «Jabroil qanotlari» (1935), «Hijoz arg‘umoni» (1938) va b. diniyfalsafiy, ijtimoiy-axloqiy asarlarida shaxs va jamiyat, tabiat va xudo, sevgi va akl, Sharqva G’arb, shaxs va jamiyat haqidagi falsafiy karashlarini ilgari surgan. I. mustaqil hind konfederatsiyasi tarkibida musulmon davlatini tuzish tarafdori bo‘lgan. I. ba’zi masalalarni hal etishda islom ta’limoti asosida ish kursa, ayrim masalalarda G’arb faylasuflari, xusu-san, Gegel, Kant, Bergson, Leybnis va Eynshteyn pozitsiyasida turadi. Olimning moddiy boylik va bilish nazariyasi Gegel dialektikasi ta’sirida bo‘lgan.
Ad.: Anikeev N. P., V?dayushiysya m?slitel i poet Vostoka Muhammad Ikbal, M., 1959; Xorijiy Sharq xalqlarining ilg‘or ijtimoiyfalsafiy fikrlari tarixi ocherki, T., 1971. (“O’zME”dan)
ISHQ VA O`LIM
Go`zal edi olam yaralgan chog`i,
Go`zal edi chindan borliq quchog`i.
Quyoshning boshida oltin toj edi,
Oy kumush shu’ladan borivoj edi.
Tun egnida edi tim qora mato,
Shamdek nur sochardi Mirrix va Zuhro.
Daraxtlar chulg`anib zumrad yaproqqa,
Ko`klam nafasini urib tuproqqa.
Farishtalar berdi shabnamga ko`z yosh,
Gullar chehrasida kulki bo`ldi fosh.
Hurlarning sochidek tim qora bulut
Ko`k sayriga chiqdi — yo`li behudud.
G`uncha xomush, bulbul sernavo bo`ldi,
Shoir yuragiga dard ato bo`ldi.
Shunda zamin dedi — men o`zim osmon,
Makon nido qildi — menman lomakon.
Xullas, hokim edi yerda obodlik,
Hayot ham mujassam kulgu va shodlik.
Mangulik shu’lasi yoritib yuzin,
Malaklar parvozda sinardi o`zin.
Ishq deb atalardi ularning biri,
Doimo ezgulik edi tadbiri.
Iztirob va nurning timsoli edi,
Badbinlik, makrdan u holi edi.
Bir kun u gulshanda uchardi yakka,
Uchrab qoldi o`lim otli malakka.
So`radi: «Sen kimsan, nedir kasb-koring,
Bunchalar dahshatli turqu atvoring?»
O`lim javob berdi: «Nomim ajaldir,
Meni ato qilgan taqdir azaldir.
Tiriklik libosin pora qilurman,
Borliq ro`zgorini qora qilurman.
Mening ko`zlarimda adam jodusi,
Yo`qlikdan xabardir uning yog`dusi.
Va lekin olamda bordir shunday kuch.
Uning oti ishqdur — kelolmayman duch.
Dahshat solur menga o`sha kuch faqat,
Uning ko`zlarida nuri hidoyat.
U gohi ko`zlardan yosh bo`lib oqur,
Ammo tiriklikka bu ko`zyosh zarur».
Ishq tinglab bu so`zni kuldi. Bu kulgu
Lahzalik chaqmoqdek taratdi yog`du.
O`limning yuziga tushdi-yu bu nur
Uni pora qildi. Barhayot, mag`rur.
Ishq oldida o`lim toru mor bo`ldi,
O`lim o`ldi, sevgi barqaror bo`ldi.
ALIGARHLIK TALABALARGA
Turli payg`omlar bo`lur, men bitguchi xatdir bo`lak,
Mehrlar ko`p, lek vatanga chin muhabbatdir bo`lak.
Sen qafasning bandi bo`lgan qush ovozin tinglading,
Lekin ozod qush navo qilganda lazzatdir bo`lak.
Qorli tog`lar bu hayot ma’nosi sokinlik, desa,
Kamtarin mo`r aytadurkim: zavqi mehnatdir bo`lak.
Telba anjumlar xiromida ne qilgay joziba,
Yarqiroq surat bo`lakcha, lek g`ayratdir bo`lak.
Kimki mahrumdir xayot zavqidan, ul marhum erur,
Charxi gardundir bo`lak, jomi saodatdir bo`lak.
Sham’i subh, aytur: yonishdur bu hayotning lazzati,
Ishq o`tida yonsa dil, rohi hidoyatdir bo`lak.
Dayr aro xum og`ziga qo`ygin kaliso g`ishtini,
Kim sharobi ishq keturgan chin kamolatdir bo`lak.
YANGI IBODATXONA
Ey barahman, senga bir so`z aytgali dil yonadur,
Turfahol bo`lmish sanamlar, butlaring vayroanadur.
Sen musulmonlarni hinduga raqib deb so`ylading,
Bizga voizlar ham aytmish: hindu yov, begonadur.
Toqatim toq bo`ldi, kechdim ikki maslakdin tamom,
Menga na masjiddur oshno, na ibodatxonadur.
Tosh sanamlardin, jarangdor va’zdin ne naf menga.
Jonim o`lkam zarra tuprog`i asl durdonadur.
Kel, birodar, o`rtadin ol sharmisorlik pardasin,
Ikki millat asli bir maqsaddadir, do`stonadur.
Uyg`otib uyquda yotgan bu ko`ngullar mulkini,
Bir ibodatxona qurgaymiz, demang afsonadur.
U jahonda tengsiz o`lgay, qomati tog`day baland,
Gumbazi moviy samoning gumbazidek yonadur.
Bir ajoyib kuy taralsin har tomon tong chog`ida,
Kuy emas — bu ishq, sharobi, el dili — paymonadur.
Tinchligu qudrat bo`lur ushbu ibodatda abad,
Lek najot qasriga birlik ham mehr ostonadur.
GO`ZALLIK MOHIYATI
Bir kun tangriga shundoq, savol qildi go`zallik:
«Nega meni etmading mangulik va azallik?»
U shunday javob berdi: «Olam bir suratxona,
Tun bilan kun bo`lmasa — xayot o`zi afsona.
Borliq, axir har lahza o`zgarishdan iborat,
Odamzodni band etar — neki bo`lsa omonat».
Oy bu so`zni tinglagach, g`amgin bo`ldi, bo`zladi,
O`z dardini tongotar yulduziga so`zladi.
Zuhro tongga so`yladi, tong so`yladi shabnamga,
Bu nidodan g`amginlik, sukut cho`kdi olamga.
Gul yoqasin chok etib, asta egdi boshini,
G`uncha barri kon bo`ldi, shabnam to`kdi yoshini.
Chamanlarni tark etdi armon bilan gul ko`klam,
Ketdi gulshanga shodlik izlab kelgan yoshlik ham.
Erkin Vohidov tarjimasi