Addu Agvo - nigeriyalik shoir. Ingliz tilida ijod qiladi.
BU ZOTNING SAFARI TUGADI, TAMOM…
Azadorlar yakdil turarlar yig‘lab,
Yana bir botirga o‘q tortdi kamon,
Manziliga yetdi yana bir yo‘lchi,
Bu zotning safari tugadi, tamom.
Janoza tugadi — mulla jim aytdi;
«Tuproqdan yaralgan tuproqqa qaytdi».
Marhumga qilishdi duo, ehtirom -
Bu zotning safari tugadi, tamom.
Yerga ko‘mishdi va ketdi do‘st-yoron,
Qabr – tor, qorong‘u, zulmat, zimiston,
Mayitdan tirikka ne naf tegadi?
Bu zotning safari endi tugadi.
Endi uning kuni na tund, na chaqnoq,
Endi xotini ham qilmas noz-firoq,
Qavmu qarindosh ham yoprilib kelmas,
Bu zotning safari tugadi, adoq.
Yulduz miltillamas, esmaydi shamol,
Kuni uzun emas, tuni ham alhol,
Na suv sovuq unga, na otash – zavol,
Bu zotning safari tugadi, tamom.
Endi qo‘rqmaydi u to‘fondan, xundan,
Hech ne umid qilmas ertangi kundan,
Na zilzila xavfli, na o‘qli kamon.
Bu zotning safari tugadi, tamom.
Hayot tashvishidan uyg‘oqmiz tun-kun,
Dunyo der nafsimiz, chorasiz avom,
Kurashib, talashib, chopamiz hamon,
Hali
Safarimiz
Etmoqda davom…
Karim Bahriyev tarjimasi