Francheska Jetunda Pereyra 1933 yili Lagosda (Nigeriya) tug‘ilgan. Ingliz tilida ijod qiladi.
QOP-QORA ONAM
Ona-zamin,
Uyqudasan allaqachon.
Sening xalqing -
Tabiat farzandi,
Jonivor,
Hayvon.
Sevadi inchunun,
O‘ldiradi keyin,
Yeb qo‘yadi yashamoq uchun.
Qalbimizni
Razolatdan qutqarish uchun
Begonalar keldi,
Boylik izlashdi,
Bilim izlashdi,
Rosa talashdi.
Seni «Qora» — dedilar,
Bu – rost,
Rostda qorasan.
Ana, xolos!
Ular senga keltirdilar
«Nur»,
Oydinda turding -
Bolalaringni kishanda
Hobil qamchisi ostida
Uqubat yo‘lida ko‘rding.
Bu sertovoze
“Nur” bergan jonlar,
Shakarguftor,
Mehribonlar
Yerimizni tortib oldilar
Bizni himoya qilar, deb saylagan
Daholarimizni
Arzimas sadaqaga
Sotib oldilar,
Bolalarimizni
Sarqitlar bilan boqdilar,
Shirali go‘shtlarni
O‘zlari yeyishdi.
Qora Ona,
Juda, judayam qop-qorasan,
Chinqirding har kimga,
Har yurakda
Sado berdi ovozing:
«Ozodlik, ozodlik
Farzandlarimga!»
Bizga “nur” keltirganlar
Bizdan ketdilar
Go‘yoki
O‘z xohishlari bilan
Ketayotganday,
Vazmin va sassiz
Qutlovlar ostida
Suzib ketishdi.
Ay, Qora Ona,
Daholaring
“Nur” keltirishni
Va kishan yasashni
O‘rganib olgandilar.
Ay, Qora Ona,
Yuraging yara,
Yana chinqirasan:
«O, najot qayda?
Halok bo‘lmoqda
Bolalarim!»
Dunyo
Ovozingni eshitmaydi hech,
Zero yurt – mustaqil,
Mustamlakamas.
Jovdirar
Qora ko‘z bolalaring
Botir, bo‘z bolalaring.
Endi bolalaringni,
Begona emas,
Ezmoqda
O‘z bolalaring…
Karim Bahriyev tarjimasi