Gabriela Mistral (taxallusi; asl ism-sharifi Lusila Gadoy Alkayaga) (1889.7.4, Vikunya —1957.10.1, Xempster, AQSh) — chili shoirasi, pedagog, jamoat arbobi. 16 yil o‘qituvchilik qilgan. 1922 yili Meksika ta’lim vazirligiga taklif qilingach, Meksika maktablari va kutubxonalarini isloh qilish loyihasini ishlab chiqqan. 1924—46 yillarda Chili elchisi sifatida Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Braziliya, AQShda ishlagan. BMT tashkil bo‘lgan davrdan Millatlar ligasi ishlarida qatnashib kelgan. Birinchi she’riy to‘plami — «O‘lim sonetlari» (1914). Lirikasida ispan she’riyati an’analari bilan indeyslar mifologiyasidagi animistik obrazlilik qo‘shilib ketgan.
«Noziklik» (1924) she’riy to‘plamida onalik baxtidan mahrum ayolning dardlari aks etgan. «Yakson qilish» (1938) she’riy to‘plamida fashizm krralangan. Gabriela Mistral «Tushkunlik» (1922), «Tala» (1938), «Taxtakach» (1954) kabi she’riy va «La’natlangan so‘z» (1950) publitsistik maqrlalar to‘plami muallifi. Nobel mukofoti laureati (1945).
U QANAQA BO‘LAR EKAN?
U qanaqa bo‘lar ekan? Gullarning yaprog‘iga uzoq tikilib, keyin u barglarni quvonch bilan ushlab ko‘raman: men o‘g‘limning ruxsori xuddi shu gul bargiday, yumshoq, beg‘ubor bo‘lishini orzu qilaman. Men maymunjoniing novdalarini to‘zg‘itib o‘ynayman. Men uning sochlari qora va quyuq bo‘lishini xohlayman. Bordiyu bolam qorachadan kelgan, kulollar sevadigan qizg‘ish loyning rangiga o‘xshagan bo‘lsa ham, sochlari mening butun hayotimday oddiy, silliq bo‘lsa ham hechqisi yo‘q.
Men tog‘lardagi tumanga qoplangan o‘ngirliklarga tikilaman. Nazarimda, tuman xuddi qiz bola qiyofasiga, nozik-nihol qiz bolaning qiyofasiga o‘xshab ketadi. Mayli, qiz tug‘ilsa ham.
Lekin eng muhimi, bola xuddi erimning nigohiday muloyim, mehrli, issiq nigoh bilan menga boqadigan bo‘lsin, bolaning ovozi xuddi erimning tovushi singari dilbar, erkalovchi, samimiy bo‘lsin. Zero, men kutayotgan insonni xuddi o‘z bo‘salari bilan meni baxtiyor etgan kimsani sevganday sevay.
UMRLI DARD
U mening jismimda azob chekayotganidan behol bo‘lib ranglarim o‘chib ketadi. Uning qimirlashidan dard chekaman, men ko‘rganim, lekin tanamda ardoqlab yurganim jonning bir harakatidan o‘lib ketishim hech gap emas.
Ammo men bu dardni his qilishim, uning menga bog‘ liqligi faqat tanimda ekanligidangina deb zinhor o‘ylamang. U dadil qadam tashlab o‘z yo‘lini topib yurganda ham, hatto juda uzoqlashib ketganda ham unga kelgan shamol mening tanamni qamchilaydi va uning chnnqirig‘i mening lablarimdan ko‘tariladi. Mening yig‘im, mening tabassumim sening chehrangda tug‘iladi, o‘g‘ilginam!
SHU TUFAYLI
Maysalarning tagidagi ingichka jilg‘a kabi uyquda yotgan shu jon haqqi, menga ozor bermang, og‘ir yumushlarni buyurmang, agar qandaydir taomni tusamay qolgai bo‘lmasam, shovqin-suronni ko‘tarolmay qolgan bo‘lsam, o‘sha jon tufayli meni kechiring.
Hayotning hamma pastu balandi, ro‘zg‘orning og‘ir-engilliklari haqida men bolamii yo‘rgakli kilganimdagina men bilan so‘zlashishingizni iltijo qilaman. Qo‘lingizni peshonamga qo‘yasizmi, biron ozor topib o‘sha yerdan nido beradi.
YER TIMSOLI
Men ilgari yerning asl qiyofasini ko‘rmagan ekanman. Yer xuddi qo‘lida go‘dak ko‘tarib turgan ayolga o‘xshaydi.
Men endi narsalarning onalik mohiyatini anglay boshladim. Menga qarab turgan ana u tog‘ ham — Ona, oqshomlari tuman uning kiftlarida, tizzalarida xuddi go‘dakday erkalanib o‘ynaydi. Men vodiydagi o‘ngirlarni eslayman. Uning tublarida qoyalar himoyasida hammayoqni kuyga to‘ldirib irmoq chopadi, men ham xuddi shu o‘ngirga o‘xshayman. Men o‘z jismimning tub-tubida kichkinagina irmoqni his qilaman. U o‘ziga yo‘l topib, yorug‘ dunyoga kelguncha men o‘z tanimni qoya singari uning ixtiyoriga topshirganman.
BOLAMNING DADASIGA
Dadasi, menga yondashmang. Xuddi suv o‘zidan nilufar bunyod etganiday, siz mening borlig‘imda inson ato qildingiz. Endi men nilufar o‘sayotgan ko‘lday osoyishta bo‘lmog‘im lozim.
Meni seving, ilgarigidan ko‘ra qattiqroq seving. Men murg‘akkina bo‘lsam ham sizga, sizning hayot yo‘llaringizga hamroh bo‘ladigan jon hadya qilaman. Men juda ko‘rimsizman, men sizga olam lazzatlaridan to‘la bahramand bo‘lishingiz uchun yana boshqa ko‘zlar, boshqa dudoqlar tuhfa etaman. Men shunday mo‘rtmanki, sevgingizdan hayot sharbati to‘la shishaday darrov sinib, sharbat kabi yoyilib ketaman.
Kechiring meni, dadasi! Mening yurishlarim ham beo‘xshov, choy uzatishlarim ham qo‘pol, nachora, hammasiga o‘zingiz sababsiz. Mana endi arang qimirlab yuribman.
Menga har qachongidan ko‘ra ham mehribonroq, g‘amxo‘rroq bo‘ling, dadasi, jonimga hayajon solmang, yuragimni ham o‘ynatmang.
Men endi — yengil, harir bir pardaman. Bugun mening tanim misoli bir parda, uning ostida go‘dak uxlayapti.
ONAJON
Onam mendan xabar olgani keldi. Biz yonma-yon o‘tiribmiz. Biz hayotimizda birinchi bor qandaydir og‘ir sinovlar haqida so‘zlashayotgan egachi-singildek o‘tiribmiz.
U titroq qo‘llar bilan mening qornimni siladi va ko‘kraklarimni ochib, avaylabgina uchlarini ushlab ko‘rdi. Nazarimda, uning qo‘llari tegishi bilan men xuddi nafis guldek ochilib ketdim. Va ko‘ksimni qandaydir yoqimli hislar to‘lqini to‘ldirib yubordi. Qizarib, uyalibgina, ne andishalar bilan tanamdagi dardlarim va xavotirlarim haqida so‘zladim.
So‘zlar ekanman, onam ning ko‘ksiga boshimni qo‘yib olibman. Men qayta boshdan hayot oldidagi tahlikadan uning qo‘llarida yig‘lab turgan kichkinagina qizaloq bo‘lib qolgan edim.
SO‘ZLAB BERING, ONAJON!
Boshingizdan kechirgan onalik dardlaridan xotirangizda qolganini menga hikoya qilib bering, onajon! Qani, ayting-chi, bola qanday tug‘iladi? Tanachasi hali mening tanamga bog‘liq go‘dak qay yo‘sinda yorug‘ dunyoga keladi?
Ayting-chi, onajon, mening ko‘kragimga uning o‘zi talpinadimi yoki mening o‘zim ko‘krak tutishim kerakmi?
Mehru muhabbat haqidagi hamma bilimlaringizdan voqif eting meni, onajon! Yangicha erkalashga, eng nozik, eng latif erkalashga — erimning erkalashlaridan ham o‘tli erkalashga o‘rgating meni!
Uni qanday qilib cho‘miltiraman? Qanday qilsam unga ozor bermasdan yo‘rgaklayman?
Men tebratib o‘ltirib aytgan allalaringizni endi menga o‘rgating, onajon! Hamma qo‘shiqlardan ham go‘zal bu alla go‘dakni orom og‘ushiga oladi, onajon!
MUQADDAS QONUN
Aytishlaricha, tanamda jonim dildirab kolibdi. Lekin men o‘zimni juda yengil his qilib, erkin nafas olyapman.
— Men kim bo‘ldimki,— deyman o‘zimga-o‘zim,— o‘g‘limni tizzalarimda erkalab o‘ltirsam?
O‘zimga-o‘zim javob kilaman:
— Ayol! Sevguvchi va sevgisi birinchi bo‘sadan zurriyot tilagan ayol! Zamin menga va men qo‘llarimda ko‘tarib turgan o‘g‘limga qaraydi va meni sharaflaydi. Chunki endilikda men mevali palma daraxtiman, jo‘yaklar misol jahonga hayot bergan mevali va muqaddasman.
ALLA
Tun dorong‘u, tun g‘arib
Tun ichra koldi dengiz.
Men beshiging tebratib,
O‘zni sevmayman yolg‘iz.
Osmon olamda g‘arib,
Oyni ham kuchdi dengiz.
Seni qo‘lda ko‘tarib.
O‘zni sezmayman yolg‘iz.
Inson yer uzra g‘arib,
Topilmas biron g‘amsiz.
Sen bilan to‘liq bag‘rim,—
Emasman yakka-yolg‘iz…
EZGULIK
Senga atab men aytsam qo‘shik,
Butun zamin unutar g‘amni.
Kulging misol muloyim, iliq
Tog‘u toshlar, qirlar tikani.
Senga atab aytaman qo‘shiq,
Dildan quvib og‘ir o‘ylarni.
Nafasingdan mehrga to‘liq
Zulfiya tarjimalari