OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sesar Valexo (1892-1938)

Sesar Valexo (isp. César Abraham Vallejo Mendoza) – Lotin Amerikasi qit’asi va ispantilli she’riyatning eng mashhur siymolaridan biri. U 1892 yilning 16 martida Peruning Sant’yago de Chuko shahrida tug‘ilgan. Umr bo‘yi o‘qituvchilik bilan shug‘ullangan Sesar Valexo juda mashaqqatli hayot kechirdi. Hayotini o‘nglash va umrini ijodga bag‘ishlash maqsadida ona yurtini tark etib, Parijga boradi. Ammo, XX asr ibtidosidan boshlab dunyo shoirlari va musavvirlarini ohanrabodek tortgan faranglar poytaxtida ham Sesar Valexo nochorlikdan qutilolmadi. She’rlarining birida aynan Parij shahrida vafot etishini oldindan bashorat qilganidek, shoir 1938 yil 15 aprelda Parij shahrida 46 yoshida vafot etadi.


OQ TOSH QORA TOSH USTIDA

Parijda o‘laman yomg‘ir yog‘gan payt,
Hech qachon unutib bo‘lmaydigan kun.
Parijda o‘laman, shu bugungiday,
Ayni payshanbada yolg‘iz va dilxun.

Payshanba bo‘ladi shu bugungiday,
Xuddi hozirgiday yog‘adi yomg‘ir,
Qog‘ozga egilib g‘am to‘kkanim payt,
O‘shandayam yelkam zirqirab og‘rir.

Alvido,Valexo! Eding beozor,
Ammo azoblashdi seni bir umr,
Tunu kun hayotdan qildilar bezor.

Barchasiga guvoh: ko‘zda so‘ngan nur,
Uzun payshanbalar,og‘rigan qo‘llar,
Yolg‘izlik, oxiri ko‘rinmas yo‘llar…

INSONIYAT

So‘ngiga yetarkan savash, bir odam
Halok bo‘lgan askar yoniga keldi.
“Men seni sevaman, o‘lmagin!” — dedi,
Ammo, askar tirilmadi.

Yana birov keldi, ikkkovlon bo‘lib,
“Ketmagin,tirilgin,yashagin!” — dedi.
Ammo, askar tirilmadi.

Yigirma,yuz,ming, besh yuz ming kishi
Qoshiga keldilar hayqirib gurros:
“O‘limga qarshidir bizning sevgimiz!”
Ammo, askar tirilmadi.

Boshida to‘planib million odam,
Bir bo‘lib aytdilar:”Qaytgin,birodar!”
Ammo, askar tirilmadi.

Nihoyat, to‘plandi bor insoniyat,
Shunda murda mahzun ko‘zini ochdi,
Duch kelgan eng birinchi odamni quchdi,
Oldinga talpindi so‘ng shiddat bilan…

HAYOTNING ENG QO‘RQINCHLI LAHZASI

Bir odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Marne savashi paytida,
Ko‘ksimdan yarador bo‘lgan paytimdir.

Bir boshqa odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Iokogamada zilzila payti,
Dengiz yoqdan yoprilgan to‘fon
Bo‘yoq do‘koni ayvonida turgan barchani
Yutganida omon qolgan paytimdir.

Va bir boshqa odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Kunduz kuni uxlab qolgan chog‘imdir.

Va bir odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Yakka yolg‘iz qolganimni tuygan paytimdir.

Va bir odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Peruda qamoqqa tushgan kunimdir.

Va bir odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Tasodifan otamni anglagan paytim.

Va eng so‘nggi odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Haligacha tugagani yo‘q.

Xurshid Davron tarjimalari

MASHAQQAT

Tamom. Va tag‘in — hayot!
Tamom. Va tag‘in — o‘lim!
Tamom. Va tag‘in — jimlik!
Tamom. Va tag‘in — hechlik!
Tamom. Va tag‘in — olam!
Tamom. Va tag‘in — gard!
Tamom. Va tag‘in — tangri!
Tamom. Va tag‘in — xok!
Tamom. Va tag‘in — nur!
Tamom. Va tag‘in — dud!
Tamom. Va tag‘in — yig‘i!
Tamom. Va tag‘in — kulgi!
Tamom...

Ikrom Otamurod tarjimasi

XALQ QUDRATI

Jang tugadi. Halok bo‘ldi askar.
Yoniga tiz cho‘kdi o‘rtog‘i:
«O‘lmagin! Men seni sevaman, axir!»
Ammo u bejon edi, bejon edi faqat.

Keyin ikki do‘sti qo‘shilib bo‘zladi:
«Ketmagin! Tiriklar yoniga qaytgin!»
Ammo u bejon edi, bejon edi faqat.

Keyin o‘n, yuz, ming, yuz ming odam
unga najot istab yig‘lashdi:
«O‘limdan kuchlidir senga sevgimiz»,
Ammo u bejon edi, bejon edi faqat.

Millionlab odamlar nola qildilar
Boshida turishib: «Biz bilan qolgin!»
Ammo u bejon edi, bejon edi faqat.

Shunda insoniyat egildi uning boshida.
Noxos bebaxt askar ko‘zini ochib,
O‘rnidan ohista turdi-da,
olg‘a yurib ketdi,
kimnidir yelkasidan quchib.

QORA KUN

Birov dedi:
– Ko‘ksimni o‘qlar
teshib o‘tganda
Marneda bo‘lgandi
Mening eng qora kunim.

Boshqasi dedi:
– Men eng qora kunimni
Ikogamada uchratdim;
sohildan yuvib ketdi odamlarni
zilziladan mavjlangan dengiz —
Men omon qoldim.

Yana biri dedi:
– Kunduzlari uxlab qolsam
Bu — mening eng qora kunimdir.

Yana biri dedi:
– Bir gal yolg‘iz qolgandim,
O‘sha mening eng qora kunimdir.

Yana biri dedi:
– Men eng qora kunimda
zindonga tushgandim Peruda.

Yana biri dedi:
– Mening eng qora kunim —
otamni tushungan kunimdir.

Oxir biri dedi:
uzoq jim qolib:
– Mening qaro kunim
hali kelgan yo‘q…

* * *

Durbinga ishongin, ko‘zlarga emas,
Shotiga ishongin, zinaga emas,
Qanotga ishongin, qushlarga emas
va ishon o‘zingga, o‘zingga, o‘zingga mudom.

Sharobga ishonma, jomga ishongin,
Tirikka ishonma, o‘likka ishon,
Yovuzlikka ishon, yovuzga emas
va ishon o‘zingga, o‘zingga, o‘zingga mudom.

Bir kishiga emas, ishongin ko‘pga,
Shimga ishonmagin, oyoqqa ishon.
O‘zanga ishongin, oqimga emas
va ishon o‘zingga, o‘zingga, o‘zingga mudom.

Derazaga ishon, eshikka emas,
To‘qqiz oyga emas, onaga ishon,
Taqdirga ishongin, tasodifgamas
va ishon o‘zingga, o‘zingga, o‘zingga mudom.

Ruschadan Usmon Azim tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.