OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rafael Alberti (1903-1999)

Rafael Alberti 1903 yili Ispaniyaning Puerto de Santa María shaharchasida (Andalusiya) dunyoga keldi. Uning she'riy to'plamlarii: "Marinero en Tierra" ("Yerdagi dengizchi, 1924), "Sobre Los Ángeles" ("Farishtalar haqida", 1929), "Retornos de lo vivo lejano ("Uzoq hayotga qaytish", 1953)

Bundan tashqari Alberti 1925 yili "Marinero en Tierra" to'plami uchun Ispaniya adabiyot sovrinini qo'lga kiritadi. Ispaniyadagi fuqarolar urushidan so'ng u Argentinada panoh topadi. 1977 yili Ispaniyaga qaytib, to umrining oxirigacha shu yerda istiqomat qiladi. Rafael Alberti 1999 yilning oktyabrida vafot etadi.

DENGIZDAGI BUQA

(Yo‘qolgan jo‘g‘rofiy xarita haqida o‘ylar)

Bu o‘lkani shunday deb
atardilar qadimdan.
Qara, buqa terisi
ko‘rinadi bahrdan.
Go‘yo moviy ummonga
boshsiz jasadin suqa,
yalpaygancha yotibdi.

(Zangori o‘lik buqa.)

* * *

Bilasanmi, bu o‘lkada
donli to‘lqinlarda suzsang bo‘ladi.
Faqatgina kimsasiz,
jimlik oqimiga o‘zingni tashla.
Shimoldan janubgacha quruqlik bo‘ylab
qonli to‘lqinlarda suzib ketarsan.

* * *

Po‘rtaholzor, bog‘ edi o‘lkam,
dengiz yuvib turadigan bog‘,
tirishqoq zanglar o‘lkasi edi,
zaytunzorda o‘ynagan titroq.

Qo‘ng‘ir bo‘ldi pitra do‘lidan,
tob tashlagan teriga do‘ndi.

* * *

Koshki yig‘lab, ko‘ngil bo‘shatsang.

Qushqo‘nmasu g‘azanda o‘tlar,
xandaqlarda muzlagan balchiq,
etik yechish haqda o‘ylama.

Askar halok bo‘lgan lahzada
derazani lang ochib, yo rab,
dodlavordi mushtipar dengiz
o‘g‘lonining rasmiga qarab.

Koshki so‘zlab berolsang buni.

* * *

Mendan ikki qadam narida o‘lim,
sendan ikki qadam narida o‘lim.
Men uni payqadim,
sen-da payqading.

Qoqardi hammaning darvozasini,
baqirar hammaning quloqlariga.
Ovozin eshitdim,
sen-da eshitding.

Biroq u ataylab ikkimizni ham
ko‘rmaganday o‘tdi naridan.

* * *

Bir qishloqi askar,
o‘spirin bir askar orzu qilardi —
mabodo bir kuni urush tugasa,
qallig‘imni olib kelardim,
bir ko‘rsaydi po‘rtahollar gullaganini,
tushiga kirmagan dengizni ko‘rsin,
kemalarni, qayiqlardan yayrasin derdi.

Bir kuni urush ham tugadi.
Zaytunlardan qon tomar,
dalalarda yoyilardi qon.

* * *

Tamakining tumanday tutunidan ko‘rinar
farang daryosining yuzasi,
ilashar moybo‘yoqli suvo‘tlariga
chpqindilar, siniq narsalar.
Ammo ko‘rinmaydi derazalardan
na ispan daryosi, na terakzor ispan yo‘llari.

Qo‘llarimni solaymi sovuq suyuq balchiqqa,
qo‘llarim-la to‘saymi.
Sassiq loyqa qusayotgan bu quvurlar og‘ziga
mushtlarimni tiqaymi.
Biroq ko‘rinmaydi derazalardan
na ispan daryosi, na terakzor ispan yo‘llari.

Yangi shilingan teri parchasiga qarayman,
bir parcha buqa terisiga,
teri bilan suzadi cho‘kkan dodlar sharpasi
suzar, suzar dengnzga, bo‘m-bo‘sh dengizga.
Ammo ko‘rinmaydi derazalardan
na ispan daryosi, na terakzor ispan yo‘llari.

Ey, parcha teri, ey daryoda suzgan darbadar,
senga tikilgan chog‘imda
tomchilashini unutgan ko‘zyoshlarim to‘satdan
oqaverar daryo kabi, daryo kabi.
Ammo ko‘rinmaydi derazalardan
na ispan daryosi, na terakzor ispan yo‘llari.

* * *

Sho‘rlik buqa! Bir kuni turasanmi
boshingni tumanday chulg‘agan xobdan.
Haydaysanmi so‘nalarni kuchli duming-la,
chayib salqi qovoqlarni dengiz suvida,
qaraysanmi avvalgidek tetik va mag‘rur.
Qon qusib yotibsan,
zulmatu qo‘rquvdan ezilib,
tinmay bo‘kirasan,
kutasan tongning qizg‘ish shu’lasi
tunni qoq ikkiga bo‘lar paytini,
ko‘tarasan nayzalarday muguzlaringni.

Bugun esa zarrin chag‘alaylar-la
tasodifan o‘rmonlaru dalalardan uchib kelgap
mehmon qushlar galasp muguzlaring uzra
ayanchli nolalardan chambarlar to‘qir.

Moyi sirqib oqayotgan,
pachoq bo‘lgan xampalardan oqqan qonday sharobga
bo‘kib ketgan jonsiz qirg‘oqlaring bo‘ylab
delfinlarni minib o‘tlar cho‘kkan bolarlar.
Sen tobora ko‘zlarimdan uzoqlashasan,
orzu qolar, umid qolar mening bag‘rimda —
dengiz uzra bir kun yuksalar, deyman.
porlab qolar deyman quyosh, oyu yulduzlar
bu o‘jar buqaning buqrasida.

* * *

Hali oyoqqa turib, yana isyon qilasan,
yovvoyi hamda qaysar, shoxlaring sanchib ko‘kka,
maysalarni toptaysan, adirlarga o‘rlaysan,
tirilgan, yashil buqa.

Shunda barcha qishloqlar
yo‘llaridan qochib ketar sen bilan ko‘rishgani.
Qadlarin rostlab qolar bukchaygan daryolar-da,
chiqajak yer qinidan irmoqlar xanjarlari,
shodlikday gullasin deb qurigan daraxtlarning
joni yo‘q panjalari.

Shunda barcha qo‘ylar
cho‘ponlardan qochib kelar sen bilan ko‘rishgani.

Dengizlar yuva turib seni sharaflar,
yana erkin o‘tlaysan tog‘lar, vodiylar aro,
erkin buqa, tag‘in sen o‘z holingga qaytasan,
o‘z-o‘zingga hukmdor.
Shunda barcha yo‘llar
shaharlardan qochib kelar sen bilan ko‘rishgani.

CHET ELLIK

Tilim, aytgin, o‘zga ellarda
menga qanday yordaming tegar?

Bir yutim suv bo‘lsaydi koshki.

(Chet ellikmi? Nima so‘raydi?
Suvmi? Qani, eshikni berkit:
Kun ko‘zidan yashir buloqni.)

Bir burda non bo‘lsaydi koshki.
(Chet ellikmi? Nimaga vaysar?
Qorni ochmish? Itlarni yechvor:
bir burda yo‘q o‘zimizda ham.)

Tilim, tilim, o‘zga ellarda
biror narsa so‘rama aslo.

* * *

Qichqirdi u uyg‘onib tongda,
Men giyohman,
namchil giyohman.

Men giyohman. Qat-qat yaproqli
gultoj bo‘lgum ulg‘ayganimda.

Men giyohman. Sakrasam agar
Shovillashim mumkin daraxtday.

Men baqirib qushga do‘naman,
Agar uchib chiqsam...

Shu kechasi nozik giyohning
ovozini eshitdi osmon.

* * *

Kuylash kerak do‘nmoq uchun
elim guliga.

O‘tlab yursin atrofimda
elimning moli.

Ko‘shig‘imni yodda tutsin
elim qo‘shchisi.

Diqqat bilan quloq solsin
elimning oyi.

Chanqog‘imni bossin dengiz —
elim dengizi.

Boshim uzra kelib tursin
elimning qizi.

Ich-ichiga ko‘msin meni
elim yuragi.

Chunki, juda yolg‘izdirman,
qara, elimsiz.

Biroq hali yashamadim
bir kun elimsiz.

* * *

Ochlik olib ketar orzuni,
lek hamisha kuylamogim shart.

Turma to‘sib qo‘yar orzuni,
lek hamisha kuylamotim shart.

O‘lim halok etar orzuni,
ammoki men
o‘shanda ham kuylamog‘im shart.

* * *

Rasm, tasvir kabi ularni
men olib ketaman ko‘zlarimda,—
ko‘zlarimning tubida.

Men kelaman, ko‘zlarimga boqarlar,
biror odam so‘ylar:
«Daryolar va otlar bor ko‘zlaringda» deb.

Yot ufqlar joni qoldi
asta jimidi
ko‘zlarimning tubida.

Eshitmayapsizmi? Olisdagi suvlar
unutilgan otlar ohista
ko‘zlarimdan o‘tmakda.
ko‘zlarimning tubidan.

* * *

Bugun olib keldi menga bulutlar
uchar xaritasin Isnaniyaning.
Bu xarita daryo uzra munchalar kichik,
muncha ulkan yaylovlarga
tushgan soyasi.

Xaritadan tushgan ko‘lanka
yopdi yilqi uyurlarini,
bu soya tagidan izladim.
qishlogimni, uyimni otda.

Men hovliga kirdim, bunda qachondir
favvoradan suv otilardi.
Garchi o‘zi bo‘lmasa hamki
sharqiradi tinsiz favvora.
Garchi unda suv bo‘lmasa ham
chanqog‘imni qondiradi suv.

BU GENERAL

— Mana, keldi general,
Generalga ne kerak?
— Yaroq so‘rar general.
— Yaroq yo‘qdir, general.
Generalga ne kerak?
— Bir ot so‘rar general.
— Ot qolmadi, general.
Generalga ne kerak?
— Jang qilsam, der general.
— Endi jang yo‘q, general.
Generalga ne kerak?
— O‘ynash so‘rar general.
— Endi o‘ynash bo‘lmas, general.
— Bir bo‘chka may bering, deydi general.
— Bo‘chkayam, may ham yo‘q endi, general.
Generalga ne kerak?
— Bir bo‘lak yaxna go‘sht so‘rar general.
— Endi so‘qimlar yo‘q, general.
Generalga ne kerak?
— Ozgina o‘t yesam deydi, general.
— Endi o‘tlar yo‘q general.
Generalga ne kerak?
— Bir qultum suv so‘rar general.
— Endi suv yo‘q, general.
Generalga ne kerak?
— Karavotda uxlavolay deydi, general.
— Endi karavot ham, uyqu ham yo‘q, general.
Generalga ne kerak?
— Yerga kirib gumdon bo‘lay, deydi general.
— Endi yer qolmadi, general.
Generalga ne kerak?
— Hech bo‘lmasa itday o‘lay deydi, general.
— Endi it qolmadi, general.
Generalga ne kerak?
Generalga ne kerak?
General qotib qoldi shekilli.
General nes bo‘lib qoldi shekilli.
General o‘ldi shekilli.
Afsus, ming afsus-a hatto it kabi —
O‘lolmasdan o‘ldi general.
Qaytadan generalsiz yashay boshlaydi dunyo.

Ispanchadan Shavkat Rahmon tarjimalari

YO'QOLGAN TAROQQA QASIDA

Uxla, uxla, sevgilim,
Quvnog'im,
Qayda qoldi shishadan
Yasalgan ul tarog'ing?

Ul shishadan yasalgan
Tarog'ing yo'q endi,
Uxla,uxla,sevgilim,
Uning rangi ko'k edi.

Uxla,uxla,sevgilim,
Titrog'im,
Yo'qoldi ko'k shishadan
Yasalgan tarog'ing.

* * *

Istaymankim, kulmasang deyman,
Qoshga surma surmasang deyman,
Chakkangga gul ilmasang deyman,
Zangor ko'ylak kiymasang deyman,
Qizil shalvor kiymasang deyman.

Istaymanki,gulmas,kul bo'lgin,
Qora kiygin,qayg'uga to'lgin.
Ko'zlaringdan boqsin doim tun,
Ko'zlaringda bo'lsin doim mung.

SEVGILIM

Mening yorim bo‘larsan,
Faqat yorim bo‘larsan.

Sevgan qizim bo‘larsan
Sen men uchun, ey jonon.

Ammo bilgin men senga
Uylanmayman hech qachon.

* * *

Agar ketsam yiroqqa,
Agar ketsam, yor,

Ketsam-da, sog‘inmasam
Men seni, dildor,

Shamollar kelib quchar
Va meni sen tomonga
Shamollar olib uchar.

* * *

Uyg‘on, jonim, tong otma, uyg‘on,
Kelib cho‘m tun daryosiga, yor.

Simiraylik sohilda turib
Tongning tilla salqinini, yor –
Men seni kutarman zor.

Men seni kutsamu zor,
Tongni kutmoq shartmi, yor.


QORA GUL

Qora kiydim, ko‘zlarimda yosh,
To‘rtta devor ichra asira,
Yuzga qora o‘rtuk tortilgan.

Osholmassan sen bu devordan,
Totolmassan bu lab totidan.
Po‘rtaholu limular shoxi
Devorlardan turibdi oshib.
Qanday salqin bu qo‘l yetmas bog‘…

Ko‘zim nuri va bu oltin bog‘
Nasib bo‘lmas senga hech qachon.

* * *

G‘am solganing uchun yurakka
Dog‘ bo‘lgani uchun bu ko‘ksim,
Aylan qora kaltakesakka,
Seni ko‘rib baqayam ko‘lsin.

Oromimni olganing uchun,
Tunlar dilim tilganing uchun,
Sovuq, qizil ilonga aylan,
Aylan, qora qarg‘aga, aylan.

Qamchi xanjar bo‘lganing uchun
Qulog‘ingga so‘zlarim yetsin;
Qora dengiz deviga aylan,
Toki seni o‘pqonlar yutsin.


ASIRA

Ota-onang
Seni deb o‘lar,
Kecha-kunduz
Seni qo‘riqlar.
Urisharlar qoshingga
Kelsam
Yoki senga gapirsam,
Kulsam,
Agar menga erga chiqmasang
Dunyo harom, deb senga aytsam…

* * *

Tunda pinhon eshikdan chiqqin
Ota-onang uyqusin buzmay
Va zaytunzor yoqqa qarab chop.

Huv, zaytunzor, qo‘l cho‘zsang yetar…
Otim tayyor – jarda yotarman,
Faqatgina seni kutarman.

Qo‘rqma, kelgin, qursatni cho‘zma,
Zulmat senga ko‘ylagin berar…
Ota-onang uyqusin buzma.

* * *

Ko‘chalarning toshiga
Oyog‘im qoni tomdi,
Kezdim
Bog‘ing chetida,
Devor
Yoqalab yurdim,
Uyingga ko‘zim tikdim –
Ko‘rinmading, sen dildor.
(Qaydasan, jonim, qayda?)
Kutganlarim
Befoyda!

* * *

Bir sirdan dunyo ogoh,
Bu sirni farrosh bilar.
Chegachi uni kuylar,
Do‘kondorga yosh hammol
Bu sirni har kun so‘ylar,
Shishasoz esa boshin
Likillatib ma’qullar,
Go‘rkov xunob: bu sirni
Hatto murdalar bilar…
Faqat sen bilmaysan, yor.

 

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Bilamanki, orzularni ochlik yeb-bitirajak,
Ammoki, men avvalgiday kuylayverishim kerak.

Hibsu zindon umidlarni unutdirib yuborar,
Ammoki, men avvalgiday kuylayverishim kerak.

O’lim orzu-umidlarni o‘ldirajak, ey yurak,
Ammoki, men avvalgiday kuylayverishim kerak.

Tohir Qahhor tajimasi
 
DO‘ST
 
Ko‘rishish nasib etgan chog‘ida,
so‘rashamiz ikki do‘st turib yonma-yon:
( — Qaysi manzillardan kelayapsan, sen?
— Dengizdan. Yaylovdan.)

Ko‘rishish nasib etgan chog‘ida,
dong qotib so‘raymiz bir-birimizdan:
(— Qanday xayollarga bandi bo‘lding, sen?
— Dengizga. Osmonga.)
Ko‘rishish nasib etgan chog‘ida,
xo‘shlashamiz faqat nigohlar ila:
(— Qaerga chog‘lanib, yo‘l olgaysan, sen?
— Dengiz sari. Yolqin sari.)

Ikrom Otamurod tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.