Ispan she'riyatining buyuk namoyondal;aridan biri Xuan Ramon Ximenes 1881 yili Ispaniyada tug'ilib, 1958 yili Puerto-Rikoda vafot etgan.
Xuan Ramon Sevilla universitetining yuridik fakultetida o'qigan, ammo tamomlamagan. Ruben Dario ijodi orqali she'riyatga kirib kelgan. 1900 yili ikkita she'riy kitobini chop ettirgan. Fuqarolar urushi boshlanishi oqibatida oilasi bilan birga Kubaga ko'chishgan. Undan so'ng AQSh va Puerto-Rikoda yashashgan.
1956 yili "ispan she'riyatining badiiy go'zalligi va ruhini saqlab qolgani uchun" Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan.
Uning 50 dan ortiq kitoblari chop etilgan.
* * *
Yelkasida irg‘ay tayog‘i,
qoraygan ufq tagida ravon
Yoyilyotgan qarag‘aylarga
Tikiladi umidsiz cho‘pon.
So‘qmoqlarni changitgan poda
Qorong‘ida imillab borar.
Qo‘ng‘iroqlar sasi oydinda
qayg‘uliroq yangrar tobora.
Oq tumanda yashirinar kent,
ko‘rinmaydi o‘tlog‘u chiroq.
Faqat izg‘ib yurar kimdandir
qolib ketgan abadiy firoq.
Soy ichiga yutar nafasin,
ko‘rinmas suv yo‘li simlikda,
Biroq ayon bo‘lar suvlarning
teranligi cheksiz jimlikda.
Yoyiladi borliq. Go‘yoki
o‘lik voha — yo‘qdir bir kimsa.
Faqat ulkan oyning tagida
qo‘ng‘iroqlar nolasi tinmas.
* * *
Huvillagan dalalar g‘amgin,
g‘aramlarga serob sayhonda
kuz oqshomi to‘shalar sokin,
pichan hidi anqir yobondan.
Qaerdadir yig‘ladi bulbul,
qarag‘aylar — jamiydi xobda,
boshlarida osmon nastarin
tusidagi nafis hijobda.
Sayhon rohi boshlaydi meni —
ergasharman qo‘shiq tovshiga,
kuz nafasin taraydi qo‘shiq.
xudo bilar, kimning boshida
kuylar avval kuylaganiday,
chorlab ketgan yorini nolon,
to‘shalardi kuz oqshomi jim,
pichan hidin tarardi yobon.
* * *
Tor ko‘chalar qarshilar shomni,
ko‘hna jimlik bag‘rida atrof.
Jimlik bilan birga tushadi
daraxtlaru darchalarga xob.
Chetda qolgan shahar ustida
sitoralar miltillab yondi —
bu kelgindi, aprel osmoni —
binafsharang, xomush osmonda.
Bog‘ simg‘ovi osha chiroqlar,
it angillar shomgi xilvatda.
Safsarlashgan ko‘kda qorayib
ko‘rshapalak chiqar zulmatdan.
Ko‘r bolaning qotgan ko‘ziga
sarg‘ish shu’la tushar chiroqdan,
esir xotin xotiralari:
murdalar ham ingrar haryoqda!
Afsonalar aytardik uzoq
mana shunday seryulduz osmon
ostidagi aprelning shunday
tunlarida bizlar bir zamon!
Oqshom esa ulkan, mayindir,
olislarga yetar kechasi
tunni chorlab aks-sadoday
hayqiruvchi qishloqlar sasi.
* * *
Aravalar keldi, shu yerda...
— dedi qarag‘aylar, shabada,
oy shivirlar, qichqirar sado,
tuman ogoh bo‘ldi xabardan —
Aravalar quyosh izidan
birin-ketin borar sudralib,
olib kelar ular o‘rmondan
daraxtlarning qora murdasin.
Qanday ingrar bu aravalar
Pueblo Nuevo yo‘lida!
Ho‘kizlar ham erinib qo‘msar
yulduzlarning bo‘zargan nuri
ostidagi yoz, hovli, pichan
hidi anqib turgan oxurni.
Aravalar ortidan kelar
podachilar o‘ychan, parishon:
kiftlarida — uchli tayoqlar,
ko‘zlarida — oqshomgi osmon.
Qanday ingrar bu aravalar
Pueblo Nuevo yo‘lida!
Aravalar kelar daladan,
daraxtlarning qora murdasi
yuraklarga qoldirib ketar
sovuq havo, buxo‘rning isin.
Qishloqchada kechki sajdaga
jom chalinar, ohanglar bo‘zlar
chirishlarning hidini ufurgan,
huvillagan dalalar uzra.
Qanday ingrar bu aravalar
Pueblo Nuevo yo‘lida!
* * *
Bilaman, mangulik
daraxtiman men,
yulduzlarni boqdim
o‘z qonim bilan,
shoxlardagi qushlar —
orzu tushlarim.
Agar men yiqilsam,
gar kessa o‘lim —
qulaydi osmon.
* * *
Qayg‘uli o‘y uyimga kirdi,
go‘yoki tun qushi to‘satdan
uchib kirdi uyga kunduzi.
Qanday haydab chiqaray uni!
Qimirlamay, jimjit o‘tirar,
soy, gullarga qarab beparvo.
* * *
Tasodifiy shodlik,
unutma meni!
Qachondir negaki ishondim — tondim,
neniki orziqib kutdim — unutdim.
tasodifiy shodlik, ey sen, bevafo,
unutmagin meni,
unutmaysanmi?
KUZGI QO‘SHIQ
Oqshomning oltin ufqida
turnalar uchar... Qaerga?
Oltinsoy oltin barglarni
oqizib ketar... Qaerga?
Boraman oltin ang‘izdan,
bilmayman, ammo — qaerga?
Qaerga, axir, oltin kuz,
oltin suv, axir, qaerga?
MUSIQA
Tomirlaring mustahkam emish,
qani axir
o‘sha tomirlar?
Tomirlarim ertangi kunda,
ertangi qush, maysalardadir!
YASHIL QUSHCHA
Daryoga kiraman,
suvning izidan
ketaman zangori sohillar aro.
Zangor sohillardan boqdim: tobora
uzoqlab borardim suvning izidan,
qovushib, qo‘shilib borardim shitob
qirg‘oqda qolayotgan go‘zallik bilan.
Alvido! Qo‘rqinchli emasdir biroq
o‘zni go‘zallikda qoldirib ketmoq!
VATAN
Quyoshning beg‘ubor
yaprog‘i — qaydan?
o‘ylayotgan bu bosh, ezilgan yurak —
qaerdan?
Qaerdan bu kuylayotgan
shiddatli oqim?
* * *
Kiftga ko‘yib irg‘ay tayog‘in,
kunbotarda tumanlar misol
qora tortgan karag‘ayzorga
xomush qarab yurar qo‘ychivon.
Qorong‘ilik bosg‘an oldinda
suruv yo‘lni changita borar,
ko‘ng‘iroqlar tovshi oydinda
qayg‘ulirok, yangrar tobora.
Ko‘rinmaydi qishloq olisdan,
ko‘rinmaydi sayhon, chirog‘i.
Faqat izg‘ib yurar borliqda
kimlarnidir achchiq firog‘i.
Yo‘qoladi soyning shov-shuvi,
bilinmas qay tarafga yurar.
Allaqayda oqyotgan suvning
chuqurligi sezilib turar.
Korong‘iga qo‘shilar borliq,
ko‘rinmaydi birorta kimsa.
Ulkan oyning tagida yolg‘iz
ko‘ng‘iroqlar nolasi tinmas.
* * *
Qaytolmasman. Abadulabad
mayin to‘lqin singari endi
yolg‘iz oyning tagida faqat
tun erkalab tebratar yerni.
Na bir izim, soyamdan asar
qolmagan bu qarovsiz uyda
endi shamol kezar darbadar,
kezar ruhim izlab behuda.
Izlaydimi birov ortimdan,
qilarmikin birov meni yod,
xudo bilar, o‘zi bormikan
meni eslab yig‘laguchi zot.
Ammo gulu yulduzlar bordir,
tag‘in jafo, sevinchu bahor,
daraxtlarning tagida xoli
nogahoniy uchrashuvlar bor.
Goh eskirgan pianino ham
bo‘shliqlarga taratar sado,
ammo endi qrrong‘i bosgan
derazamni ochmasman aslo.
Shavkat Rahmon tarjimalari
* * *
NIHOYA
Men ham ketarman.
Avval qanday sayragan bo‘lsa,
qushlar shunday sayrayveradi,
bog‘ qoladi bog‘ligicha,
bog‘dagi daraxtlar ham,
quduqning tubida erkalanar oy.
Qo‘ng‘iroqlar jaranglab xushhol,
porillagan kunning tig‘ida,
men haqimda eslar ehtimol.
Ufq bir dam saqlagay sukut.
O‘zgaradi yo‘llar, so‘qmoqlar,
o‘tar bir-bir suyganlarim ham.
Bog‘imdagi sokin o‘tloqning
og‘ushida zerikar soyam.
Men ketaman, hammasi qolar —
daraxtlar, tonggi shudringlar,
oyni quchog‘ida erkalagan
qudug‘im ham qolar, shubhasiz...
Avval qanday sayragan bo‘lsa,
qushlar shunday sayrayveradi.
* * *
Yog‘iladi tillo barkashdan
ko‘z olguvchi yal-yal sharora.
Quyilgani sayin tobora
munavvarlik to‘lar ko‘ngilga.
Go‘yo quduq tubidan zilol
chashma sizib chiqqan singari.
Talpinadi osoyish bilmay
yog‘du, tashna Ona-Yer sari
Gul va yulduz shunday yonma-yon
esib turar huzurbaxsh sabun.
Baxt to‘kilib qolgan bu joyda
moviy dunyo yotar yastanib.
* * *
Bir kun qo‘ngil ochib shunchaki,
desam, mening yolg‘iz tilagim —
yorim bahor yashnagan chog‘da
kiyib yursa harir ko‘ylagin.
Pirpiratib moviy ko‘zlarin,
umid-la u boqdi irg‘anib,
shu dam g‘uncha labidan ma’yus,
tabassumi ketdi sirg‘alib.
Shundan buyon may oqshomlari
taqdir bizni duch qilib turar —
ko‘chasining boshida u qiz
oppoq ko‘ylak kiyib o‘ltirar.
* * *
Keldi umr kabi o‘tkinchi,
xo‘shlashmoqning sokin oqshomi.
So‘nggi tug‘ishganim, alvido...
Men istayman mangu yashashni!
Shafaqlangan ufq lovillar...
Majruh qilar qontalash yaproq,
orzularga to‘liq dilimni.
Men istayman mangu yashashni!
Qanday go‘zal bu turfa olam!
So‘nib qolma, pirpiragan sham,
Men albatta mangu yashayman,
sen ham mangu qola qol, oqshom!
* * *
Meni unutmagin
kutilmagan quvonch!
Ishonchlarim chilparchin bo‘lgan,
uzoq kutganlarim unutilgan.
Ammo, sen beqaror, kutilmagan quvonch,
unutmagin meni!
Unutmaysanmi?
YOSHLIK
O‘sha oqshom erta tong bilan
ketajakman, deganim hamon.
Xavotirli tabassum qildi,
boqishlari sirli va giryon.
— Nega? - dedi xiyol dovdirab.
Go‘yo men ham qoldim qovjirab,
hukm surgan bu sukunatdan.
— Nega? — qalbga o‘t solar savol.
— Bilsang, bu yurt kengliklariga
yurak sig‘mas, qichqirmoqqa shay.
Yo‘qdir o‘zni oqlamoqqa hol...
xit qiladi so‘zlar topilmay.
— Qayon?
— Bundan nariga,
baland joyga zulmat osmoni —
shunday joyga, toki yulduzlar
sukut saqlab, ezmasin mani.
Ko‘zlariga g‘arq bo‘ldi shu on,
g‘aflat bosgan yulduzlar...
Uni sirli tabassumi berkitdi.
Ruschadan O‘ktam Mirzayor tarjimalari