OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Iogannes Robert Bexer (1891-1958)

Bexer Iogannes Robert (1891.22.5, Myunxen - 1958.10.11, Berlin) — nemis yozuvchisi.
Dastlabki asarlari ekspressionizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan. «Hammaga» (1919), «Doimiy qo‘zg‘olonda» (1920), «Xudo nomi bilan» (1921) asarlarida spartakchilarning qahramonligini kuylash bilan insonga xos yaratuvchilikni va adolatsizlikka qarshi kurash g‘oyalarini ulug‘laydi.
Bexerning realizmga intilishlari bosqinchilik urushlarini qoralovchi «Lyuizit» (1926) romanida yaqqol ifodalangan. U fashizmga qarshi adabiy harakatda muhim o‘rin egallaydi.
1933-45 yillarda muhojirlikda yashaydi. «Baxt izlovchi va yetti gunoh» (1938), «Asr o‘rtasiga qadam» (1958) va boshqa she’riy to‘plamlari; «Vidolashuv» (1940) romani bor. Bu romani o‘z biografiyasi asosida yozilgan. «Tajribalar» (1951— 57) madaniyat muammolariga bag‘ishlangan.
Xalqaro mukofot laureati (1952).

LYUBLINDAN KELGAN BOLALAR BOSHMOQCHALARI

Bu sudda ko‘p dalillar, ammo
Ularni yodingda saqlagin doim.
Boshmoqchalar zalda bo‘lganda paydo,
Hakamlar turdilar bosh egishib jim.

Guvohlar ortidan kelar guvohlar,
Balki eshitildi sudga ham elas,
Bolalar olisdan aytgan vidolar —
Motam ko‘shig‘idan taralgan bir sas.

Boshmoqlar zal bo‘ylab tashlaydi odim,
Lentaday cho‘zilib, qatoru qator.
Jiddiy zal ichida sukunat hokim.
Faqat eshitilar vidolar — oh-zor.

Ularga kimlar yo‘l ko‘rsatdi ekan,
Kim buyon chorladi bu namoyishni?
Ba’zisi qoqilar polga dam-badam,
Hali o‘rganmagan oyoq qo‘yishni.

Ba’zisi nafasni rostlamoq bo‘lib,
Qatordan chekkaga chiqadi bir dam.
So‘ngra ko‘z yoshlarday safga tizilib,
Ohu fig‘on aro bosgani qadam.

Sud yonidan o‘tar ularning safi,
Bari shoshibgina tashlaydi qadam,
Havoday yengildir hamma-hammasi —
Hammasi g‘aroyib, g‘alati biram.

Charmdan, barqutdan, shohidan bezab,
Zarhal iplar bilan tikilgan rangin —
Mehribon buvalar bayramga siylab,
Do‘mboqlarga qilgan sovg‘asimikin?

Biri yarqiraydi — to‘qasi po‘lat,
Ipak po‘paklari yonadi gulgun.
Biri uzoq yo‘lda chekkan ko‘p zahmat,
Yomg‘ir qamchisiga chidagan beun.

...Bola va onasi... Ayozli oqshom.
Oynavand do‘konlar porlar muhtasham.
«Tufli olib bering menga, onajon,
Qarang, u naqadar issig‘u ixcham.»

G‘ussali jilmayib onasi deydi:
«Pul yo‘q. Pulni qaydan olamiz, bolam».
Mana, bebaxt yirtiq boshmoqlar endi
Zar aro imillab mashaqqat bilan —

Mitti paypoqlarni sudraydi nigun,
Toki zulmat ichra bo‘lguncha abas.
...O, bu qalbni o‘rtar namoyish nechun,
Nechun motam kuyi taratgan bu sas...

Boshmoqlar o‘tmoqda beson-besanoq,
Kator-qator kelar, tugamas safi.
Birining ichida borar qo‘g‘irchoq,
Bo‘m-bo‘sh boshmoq suzar qayiqcha kabi.

Mana, yana kelar o‘zga bir jufti:
Qachonlardir beg‘am bu ikki boshmoq,
Ko‘cha-yo‘lkalarda tepishib to‘pni
Chopardi biridan-biri o‘zaroq.

O‘rmalab kirar bir yolg‘iz boshmoqcha,
Hamrohini izlab haryon jovdirar:
Yo‘lning qor-sovug‘i bo‘ldi ortiqcha —
Ko‘plar yetolmasdan muzlab qoldilar.

Sud zaliga kirar sukunat saqlab,
Bir juft azob tortgan, horigan shippak.
Ular charchaganlar — yomg‘irda yaxlab,
Ammo bunda hozir bo‘ldilar beshak.

Beuylar, bemorlar farzandlarining
Botinka, etigu, boshmoqchalari...
...Yalang oyoq ular qayga ketdilar.
Qaerda ularning oyoqchalari?!

G‘ussali hukmni o‘qiydi hakam,
Halok bo‘lganlarga aytadi vido.
Olislardan esa taralar motam
Ko‘shig‘idan ko‘chgan armonli nido.

...Tongda qochar ekan nemislar shoshib,
Qoldirib ketdilar boshmoq to‘la qop.
«Egalari qayda?» so‘radik ochib,
Shunda boshmoqchalar berdilar javob:

...Zulmatgoh vagonlar bizni yutdilar,
Tun aro qichqirdi parovoz. Ketdik.
Masofalar elas suzib o‘tdilar.
Qorong‘u kechada manzilga yetdik.

Turfa yurtlar edi bizlarga makon,
Qismat hammamizni yig‘di birpasda.
Yo‘l azobi ko‘pni qo‘ymadi omon,
Ba’zilar koldilar yura olmasdan.

Onam nola qildi: «Axir, uch hafta...
O‘zingiz o‘ylang-chi... Yo‘lmas, mashaqqat...
Go‘daklarga ovqat kerak, albatta!»
It bilan keldi bir amaki faqat:

«O-ho! Qancha odam! Juda ajoyib:
Ovqat beriladi hammaga shu zum.
Zarra tashvish tortmang, bu yer g‘aroyib...»
Osmonga o‘rlardi qop-qora tutun.

«Qarang, sizlar uchun pechkalar yoqdik,
Shamollab qolgandir go‘daklar yo‘lda.
Sovuqqan do‘mboqlar, olmangiz hadik,
Lyublinda issiq ham o‘rgangan qo‘lga!»

Bir nemis xolaning oldiga bordik,
Sukut saqlab turdik qarshisida jim.
«Endi, mittijonlar, olasiz hordiq.
Tuflilarni yeching, bolajonlarim.

Voy-buy! Nima uchun to‘kmoqdasiz yosh,
Hozir o‘rmon uzra (ufqqa qarang!)
Iliq kunni sudrab chiqadi quyosh,
Shunda qulay bo‘lar yugurmoq yalang.

Bu yerlar shunaqa — ketadi yonib!
Keling, sanash-sanash endi o‘ynaymiz.
Men avval sizlarni sanayin, qani...
Bir, ikki... o‘n... o‘n besh... ellik... to‘qson... yuz...

Yig‘lamang, ko‘zingiz bo‘ladi abgor,
Yoshingizni arting, qo‘zichoqlarim.
Men ertakdan tushgan xolaman — tayyor,
Farishtaman, sizlar qo‘g‘irchoqlarim.

Uf! Yuzni bekitmoq naqadar uyat!
Bekor tiz cho‘kdingiz, qarg‘aysiz nohaq.
Turing! Qo‘shiq ayting, o‘qimang oyat,
Karang Lyublin uzra yonmoqda shafaq».

U qo‘shiq kuyladi o‘ynab ming ko‘yda,
Yana bir sanadi qo‘shiqlar ayta...
Lovullagan shafaq tug‘ilgan uyda
Bizni uchinchi bor sanashdi qayta.

Yo‘l ko‘rsatdi qora libos odamlar...
Go‘daklar nidosi bo‘g‘izda qotdi.
...O‘sha kun bolalar poyafzallarin
Kimlardir beparvo kuzovga otdi.

Bunda qonli «yumush» bitadi oson!
Baraklar, lagerlar — barchasi barhaq.
Pechkalarda esa tinmaydi bir on —
Kecha-kunduz yonar germoncha shafaq.

Qabridan qurbonlar bir kun tik turib,
Qonxo‘rlardan agar so‘rasalar xun,
O‘sha boshmoqchalar birinchi bo‘lib,
Germon tuprog‘iga kirishi mumkin.

Qaro tunning qaro qo‘ynida kezib
Ezgulikning jajji qasoskorlari,
Topadi uyma-uy, yurtma-yurt yurib,
Ko‘li qonga botgan jallodning barin.

Zallarga kirishar, yerto‘lalarga,
Hatto tomlarga ham tashlaydilar ko‘z.
Jallodlar o‘zlarin ko‘radi dorda
Boshmoqchalar kelsa shundoq yuzma-yuz.

Shu mahal Vatanim uzra haqiqat
Yog‘dusi yaraqlar misoli tongday...
...Havoda uchadi g‘amgil munojot,
Olisda go‘daklar yig‘lar paydar-pay...

Qotillar olamga fosh bo‘ldi, ayon,
Vahshiylik ataldi ular qilmishi.
...Ko‘zimiz oldidan ketmas hech qachon
Boshmoqlarning zalga kirib kelishi...

SENING SO‘ZLARING BILAN

Men so‘yladim sening so‘zlaring bilan,
Menda davom etar ular jarangi.
Qalbimda labingdan uchgan ming ohang,
Hatto ajraturman jimliging rangin.

Lahzada angladim nimnigohingni,
Olamga tikildim nigohing-la tik.
Kezdim bolaligin oydin rohini,
Umrimizdan avval biz birga edik.

Olisga boqurman ko‘zlaring bilan,
Yetganda ham hijron — dahshatli kadar.
Sening so‘zlaringni takror ayturman:
«Xayr, jon olguvchi visolga kadar».

QORONG‘U TUSHMOQDA BO‘LMASDAN YETTI...

Korong‘u tushmoqda bo‘lmasdan yetti...
Demak, yoz kelmoqda, demak, qish ketdi.
Uylanma, chiroqni yoqqin, oshnajon!
Uylarga cho‘kdirmoq zulmatga amal,
O‘zing yog‘dularsiz o‘ltirgan mahal
Zulmat haqiqatni aytmas hech qachon.

Bizni nurli quyosh aylaganda tark,
Quvonchni qayg‘udan qilolmadik farq.
Menga yog‘du kerak! Gar bo‘lsa ravshan,
Ko‘rasan egridan to‘g‘rini ayri,
Nedir ezguligu yovuzlik zayli,
Qayda yuksakligu qaerda tuban.

Tegramda aylanar charxi kajraftor,
Uni anglash uchun menga nur darkor,
Adashmaslik uchun... Chiroq, yonib tur,
Yuraklar lang ochiq tungi suhbatda,
Hamsuhbatim yuzin ko‘ray, albatta,
Qanday og‘iz bilan gapirayotir?

Menga ko‘rsatinglar uning qo‘lini!
Og‘izmas, til aytar odam ko‘nglini
Quvonchda, iqrorda, yo iztirobda.
Qo‘llar suhbatiga bir dam quloq tut,
Talvasada o‘zin goh aylar unut,
Goho intiladi senga shitob-la!

Zulumot — qo‘rquvdan yasandi qopqon,
Yog‘du — jabrlardan qutqazuvchi shon.
Mana, siz, yulduzlar, kecha qo‘ynidan,
Miltillab boshimdan quyarkansiz nur,
O‘zimga boqaman — ko‘zim yonadir.
Bir qudrat qo‘zg‘olur shunda ko‘nglimda.

Nur bo‘lmasa soat yettida ham tun.
Axir, umr o‘tib ketishi mumkin —
Ko‘zguga tun yopdi pardasin mahkam.
Chiroq yoqa qol! Bu ishda sen haq!
Minglab ko‘zgularga aksing tushgan vaqt,
O‘zing haqiqatga aylanajaksan.

Usmon Azim tarjimalari

SHOIR VASIYATI

Yillar o‘tib, olg‘a intilgan mag‘rur –
Umrim nihoyasi yetib etsa lol.
Seni sharaflayin so‘ng bor Ona-er,
Ruxsat bergil, keyin quchog‘ingga ol!
Nutqlar kerakmas qabrim yonida,
Bir qo‘shiq bo‘lsa bas, tinglasalar jim.
Uzatsalar yerga ayni subhidam,
Toki chalg‘imasin ishidan hech kim.
Nomu sanalarni shartmas qayd etmoq,
Sen esa, suyuklim, tiz cho‘kkil unsiz.
Jumboq eding, faqat men yechgan jumboq,
Yo‘qotmagan narsam o‘zingsan yolg‘iz.
Kimki e’tiqod-la o‘zini sevmish,
Bilmas, ko‘z yumganin sezmas hech kim ham.
Ey, vaqt, noming nima?
Nomi – unutish!
O‘zin unutganlar eng baxtli odam.

Olmon tilidan Nosir Muhammad tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.