1947 yilda Qubadli tumanining Dilali Miskanli qishlog‘ida tug‘ilgan. 1965— 1969 yillarda Ozarbayjon Davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olgan. Universitetni tamomlagach, o‘qituvchilik qilgan, armiyada xizmat qilgan, so‘ngra Ozarbayjon teleradio qo‘mitasida muharrir bo‘lib ishlagan.
Yoshligidan adabiyotga qiziqqan. Ilk she’ri 1966 yilda "Ozarbayjon yoshlari" gazetasida chop etilgan. Bir nechta she’riy to‘plamlari chop etilgan. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi bo‘lgan.
QIYINI
Qiyini — onadan tug‘ilmoq,
onadan tug‘ildingmi,
har holda, ulg‘ayarsan
bu yer yuzida,
jonim Mammad, ko‘zim Mammad.
Qiyini — ulg‘aymoq,
ulg‘aydingmi,
kitoblar berishar qo‘lingga,
o‘tirib tinimsiz o‘qib chiqasan.
Qiyini — kitob o‘qimoq,
kitob o‘qidingmi,
seva boshlaysan.
Qiyini — sevmoqdir,
sevdingmi,
bolang tug‘ilar.
Qiyini — boladir,
bolang tug‘ildimi,
jonim Mammad, ko‘zim Mammad,
onadan tug‘ilganing
chiqar yodingdan...
Jonim Mammad, ko‘zim Mammad,
qiyini — onadan tug‘ilmoq.
GINA
O‘zi insof bersin Sori Oshiqqa,
O‘zi insof bersin Mammad Orazga,
O‘zi insof bersin Ali Karimga,
Meni qo‘ymadilar o‘z tashvishimga.
Meni qo‘ymadilar o‘z tashvishimga,
Bayoti aytdilar, qo‘shma aytdilar,
Garoyi aytdilar meni ko‘rganda,
Qo‘shiq kuyladilar qalbimga hamroz.
Qo‘shildim ularga, berildim she’rga,
Ular bitta yozsa, men beshin yozdim.
O‘z ishlarim qoldi chala-yarimta,
Kimlarning... kimlarning tashvishin yozdim.
Tosh topay, qum topay degandim men ham,
Degandim — uy quray qavatma-qavat.
Ariqochib kelay Oraz soyidan,
Bog‘ qilay degandim Mug‘on cho‘lida.
Degandim — uy solay odamlar kabi,
Bir yoni bog‘chali, bir yoni bog‘li,
Bir yoni chechakli, bir yoni gulli,
Bir yoni o‘rdakli, bir yoni g‘ozli.
O‘rdak qayda qoldi, g‘oz qayda qoldi,
In ham tiklolmadim o‘rdakka, g‘ozga.
O‘zi insof bersin Ali Karimga,
O‘zi insof bersin Mammad Orazga.
Usmon Qo‘chqor tarjimalari