1948 yil 22 fevralda Armanistondagi Kalinino tumanining Evli qishlog‘ida tugilgan. Shu yerda o‘rta maktabni tugatgach, Ozarbayjon Pedagogika institutida tahsil olgan (1968— 1972). 1972 yilda ona qishlog‘iga qaytib, avval til-adabiyot o‘qituvchisi, so‘ng maktab direktori bo‘lib ishlagan (1972— 1988).
1988 yildan beri Boku shahrida yashaydi. 1970 yildan boshlab poetik asarlari, publitsistik maqolalari matbuotda e’lon etila boshlagan. Ilk she’ri "Ozarbayjon yoshlari" gazetasida chop qilingan. U "Yangi fikr" gazetasining xodimi, keyinroq bosh muharriri bo‘lib ishladi (1992—1993). Ozarbayjon Davlat Televidenie va radioeshittirishlari shirkatida Radioeshittirishlari tahririyatining Janubiy Ozarbayjon sho‘‘basida muharrir vazifasida ishladi (1993). 1993 yildan boshlab Ozarbayjon radiosida "Xalq ijodiyoti" tahririyatining Bosh muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmokda.
* * *
Ayo, Tangrim, meni qush qil,
Bog‘la bir qush qanotiga.
Yana takror qush aylagil —
Bir go‘zal qiz inodiga.
Dunyo meni sindirsin, qo‘y,
Sokin suvdek tindirsin, qo‘y,
So‘ngra tag‘in mindirsin, qo‘y,
Bitta asov jin otiga.
Suvlar jo‘shib, bo‘zlab borar,
Sokin maskan ko‘zlab borar.
Hamma panoh izlab borar,
Ehtimol, tuproq ostiga.
* * *
Yo‘qsa men bundoq bo‘lmasdim...
Seni mendan oldilar-ku,
Qalbimga cho‘g‘ soldilar-ku,
Toptab-toptab toldilar-ku,
Yo‘qsa, men bundoq bo‘lmasdim.
Ul olqishlar, bul qarg‘ishlar —
Toleimga ne bag‘ishlar?
Qaqragan yerga yog‘ishlar
Yog‘sa, men bundoq bo‘lmasdim.
Aytilmasa so‘z vaqtida,
Azobiga to‘z vaqtida.
Yildirimlar o‘z vaqtida
Chaqsa, men bundoq bo‘lmasdim.
DARBAND
Uzoqdir o‘zimiz qadar,
Ham yaqin Darbanddir bizga.
Ko‘ngil Qorabog‘dan kechar,
Darband ham bir darddir bizga.
Ko‘zimiz o‘tni kuydirar,
Og‘zimiz totni kuydirar,
Cho‘limiz yotni kuydirar,
Ichimiz g‘urbatdir bizga.
Keldik, yana ketar gardmiz,
O‘zimizdan kechar mardmiz,
Yarim azob, yarim dardmiz,
Dard ham bir shuhratdir bizga.
* * *
Hammadan yuksalib goho,
Sen kezasan toqu tanho,
Nigohimdan saqlan, ayo,
Niqob — shu ro‘moling bo‘lsin.
Har tilda noming aylanar,
Ko‘klam ortingdan shaylanar,
Kularsan, yonog‘ing ollanar,
Ul ollangan xoling bo‘lsin.
Xayol surib tikilursan,
Go‘zalsan, o‘zing ham bilursan,
Bilmam, tunlar ne qilursan,
Ne qilsang haloling bo‘lsin.
Usmon Qo‘chqor tarjimalari