OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ismixon Muhammad

I
 
O, titragan dudoqlaring
Hasratiga qurbon o‘lam.
Hayot bergan nafasingning
Shafqatiga qurbon o‘lam.
 
Ko‘zimga chizgin surating,
Tinmoq menga bo‘lur metin.
Tili bog‘liq muhabbatning
Himatiga qurbon o‘lam.
 
Yulduz kabi oqishingning,
Chaqmoq kabi chaqishingning,
Boqishimla boqishingning
Suhbatiga qo‘rbon o‘lam.
 
Javharisan tilagimning,
Quvvatisan bilagimning,
Yuragimla yuragingning
Vahdatiga qurbon o‘lam.
 
Sayrog‘isan bizning ko‘lning,
G‘unchasisan bizning gulning,
Bu ko‘ngilla u ko‘ngilning
Ulfatiga qurbon o‘lam.
 
U baxtimning azalining,
U suhbati mazalining,
O‘zbekiston go‘zalining
Ismatiga qurbon o‘lam.
 
II
 
Bu bichimda bo‘lmas malak,
Rivoyatdir, alloh-alloh!
Undan jonni avaylamoq
Jinoyatdir, alloh-alloh!
 
Dirillagan bir simdir u,
Sehrlandim, tilsimdir u,
Bu jamolla har kimdir u –
Qiyomatdir, alloh-alloh!
 
Ul ko‘zlarda singib qolmish,
Bir dostonga do‘nib qolmish,
Muhabbatdan tonib qolmish,
Hikoyatdir, alloh-alloh!
 
U ham suyuk, men ham suyuk,
Bag‘rim bo‘ldi o‘yiq-o‘yiq,
Boqishidan qoldim kuyub –
Shikoyatdir, alloh-alloh!

Karim Bahriyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.