OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Genjamurod (1959)

 Baxtiyor Genjamurod 1959 yil 11 mayda Qorakalpog‘istonning Qo‘shko‘pir tumanida tug‘ilgan. Berdaq nomidagi Qorakalpoq davlat universitetini tamomlagan (1985). «Oftobning umri» (1987), «Saraton» (1990), «O’q qadalgan oy» (1997) she’riy to‘plamlari qorakdlpok, tilida, «O’kuzdaryo bitiklari», «Made xon so‘zi yoxud Chin ipagidagi bitik» (2006) kabi asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (2002).


* * *

Vatanni qo‘shiqqa sig‘dirmoq... Yo‘q! Yo‘q! 
Navolarga sig‘mas sarkash tuyg‘ular. 
Onang boqqanini qo‘shiqqa solmoq –
Onangni maqtamoq erish tuyular.

Umrim o‘tar Kun va Tunning orasi –
Sening shapalog‘ing... Sening quchog‘ing. 
Onajon, sen mening ko‘zim qorasi, 
Onajon, o‘zingta kelar o‘xshagim.

BIR ONANING BOLALARIGA

Umr - bitta, ajal sonmingta.
Sevish - bitta, sevilish bitta. 
Taqdir - qishda sovqotib to‘ngsam, 
isintirar quyoshim - bitta.

Baxt - bitta, Muhabbat - bitta, 
Ko‘ksimdagi yuragim - yolg‘iz. 
Bu dunyoda Baxtiyor - bitta, 
Meni guqqan onam ham - yolg‘iz. 

Onam - bitta, Ona Yer - bitta, 
Aylanadi olamda yolg‘iz. 
Bu dunyoda shoir ham bitta, 
Qo‘shiq yozgan qalam ham yolg‘iz...

OT QISSASI

Doim uloq chopgan qari arg‘umoq 
Hurkidi, arqonin uzdi-da ketdi. 
Tuyog‘i qizidi tulpor jonivorning, 
Quchog‘i keng dala gumburlab ketdi.

... toptab o‘sgan yerning lola gullarin, 
g‘aflatda to‘qishdi bir uchmak toshga. 
Jonivor sezdimi so‘nggi damlarin... 
Termulib o‘qraydi botgan quyoshga.

Ko‘zlari so‘nggi bor mungli olayib, 
qulinchoq kezlarin o‘ylay boshladi. 
"Otni tirigida halollaylik", - deb, 
Yo‘lovchi xanjarin qayray boshladi.

SAVOL

Ajab, ko‘z taqdiri - kulmoq yig‘lamoq, 
Lablar bevafoday tuyular go‘yo.
Hayotim - tog‘lardan oqayotgan irmoq, 
Yurak cho‘qqisidan quyular daryo.

Aytilmagan dardli bir qo‘shiqdaymiz, 
Aslo tinchlik bermas bir savol menga: 
Ko‘z yosh qolmaguncha nega yig‘laymiz?! 
Ko‘zdan yosh oqquncha kulamiz nega?!

* * *

Ko‘zimdan to‘kilmang, ko‘zim yoshlari... 
Suyangan tog‘imning toshi tegdi deb. 
"Yeserdan er chiqar" - El bolalari 
yurtning tayog‘ini yeydi ko‘p.

Mushtlashib er yetar elning yesiri, 
Alamlar tig‘laydi yuragin, qalbin. 
"Shoirlar - tebrangan telba"si bo‘lar 
Ham yig‘lab, ham kulib kuylagan xalqin.

Ko‘zimdan to‘kilmang, ko‘zim yoshlari...
Tosh bilan urganni tosh bilan urmoq..."
Yo‘q... Yo‘q...
Telbalikni qo‘y endi, qalbim.
Ham yig‘lab, ham kulib
Bir qo‘shiq bitib,
Suyangan tog‘ingga alvido aytgil...

"Yeserdan er chiqar".
Elning tentagi
tog‘lar toshi tegib aylanar tig‘ga.
Tosh bilan urgaini osh bilan siylab,
Parvona bo‘ladi son necha mingga.
Ko‘zimdan to‘kilmang, ko‘zim yoshlari...

Shamshir o‘tkirlashar qayralgan sayin. 
Tayoqni ko‘p yegan mushtlagich kelar.
Makkorlik, manmanlikdan qochib, atayin 
Adolat tog‘iga adl suyanar.

Xayr endi, toshini menga otganlar. 
Alvido, aldangan go‘dak ishonchim... 
Bugun asov qalbim g‘amga botganda 
Tog‘ kimu dala kim barin tushundim...

Dalalarga ketdim... Alvido, toshlar... 
Go‘dak umidlarim - aldamchi tilak. 
O’zimda qolinglar, achchiq ko‘z yoshlar, 
O’zimda qolinglar, issiq ko‘z yoshlar. 

Bevafo ishonchim, xayf sizga yurak.
Ko‘zimdan to‘kilmang, ko‘zim yoshlari...

 * * *

Labingni qumsayman ko‘rib uzumni, 
yuzingdek shaftoli oladi hushim. 
Qo‘lim yetmas edi, o‘zing uzilding –
bu sehr shayton yo parining ishi?!

Bilmadim, bilmadim. Tiyiqsiz banda –
Ollohga gunohkor Odam otaday 
beklik – behishtlikdan quvildim men ham, 
yuragimga sog‘inch - tig‘ botadi-ey!

Husn - mulking egasi devona aylab, 
Mag‘ribga, mashriqqa tashlab jabr etdi, 
ham aqlu hushimdan begona aylab, 
seni izlamoqni menga amr etdi.

Mevazor bog‘lardan izlayman seni –
shoda-shoda uzum, olmayu anor, 
serhosil yoz hamda kuzdaysan endi, 
siynangda gul bilan sutning isi bor...

Inson

Sening tabiating jumboqdir, Inson,
Olamda ne bo‘lsa, zuvalangda jam.
Tabiatning barcha xossasi zotan,
Jismingda, joningda erur mujassam. 

Teringning ostida yashar ashaddiy,
Mahluqlar olamin bosh parlamentlari.
Ulug‘ Mendeleev davriy jadvalin,
Reaktsion kimyoviy elementlari.

Jismingda o‘t va nur, antiqa tok bor,
Tortilish kuchlari, magnit maydoni.
Yuragingda sirli Galaktikalar,
Farishta va Iblis uchar aylanib.

Tangrim yaratganda tuproqdan seni,
Naqd qirq yil yomg‘irda iylab pishirgan.
Rosa bir kam qirq yil quyib g‘am selin,
So‘ngra bir yil shodlik nurin tushirgan. 

Shuning uchun yovuzlikka moyilsan,
Gunoh ishga boshlar qadaming, yo‘ling.
Shaytonning shahriga kirib, keyin sen
Farishta bulog‘ida yuvasan qo‘ling.


* * *

Nurga qoldirmaysan yurakda o‘rin,
O‘zingni shoh bilib, o‘zni o‘ylaysan,
Aslo uzolmaysan Iblisning to‘rin,
Qobildek Hobilni qonga bo‘yaysan.

Nafsing ajdahosi katta og‘izlik,
Ko‘ksingda yuraging qattiqdir toshdan.
Ilondan ilonga yetmas yovuzlik —
Kim bo‘lding Yusufni quduqqa tashlab?!

Aylanib Azozil qo‘g‘irchog‘iga,
Toj kiymoq, mol-davlat uymoq istaysan.
G‘animni do‘st tutib, otajoningni —
Mirzo Ulug‘bekdek suymoq istaysan.

Bu axir o‘tmish-ku, deb o‘zimizni
Yupatmoq bo‘lamiz, o‘zni aldaymiz.
Ming yil yiring bosgan qalb ko‘zimizni
Tarix suvi bilan yuva olmaymiz. 

Mardlik nishoni bor oltin tarixda —
Qutuldik qullikdan, qor-yomg‘irlardan.
Istibdod zulmidan chiqdik yorug‘ga,
Ozod bo‘ldik sovet fir’avinlardan.

Inson, sen shukrona qilmaysan, biroq
Or-nomus, vijdonni, erkni sotasan.
Hali nafsga qulsan, sen kesik quloq,
Mardlarning boshiga toshlar otasan...

Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.