OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabiyra Toreshova (1953)

1953 yilda tug‘ilgan. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri. Nukus Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetida o‘qigan. Shoiraning “Yoshligim mening”, “Uch ovoz qo‘shig‘i”, “Parizod”, “Azizim” singari she’riy to‘plamlari hamda pesa va qissalardan iborat qator kitoblari chop etilgan.
Nabiyra Toreshova ayni paytda, “Amudaryo” jurnali Bosh muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda.


 O‘zligimiz

Dunyoda millat ko‘p, dunyoda xalq ko‘p,
Bari – odam o‘g‘li, lekin farqi ko‘p.
O‘zlik amali yor, fe’lli, zalvorli,
O‘zlik kelbati bor, nomusli, orli.

Har bir xonadonning tutimi o‘zga,
Libosi, bezagi, yer, qumi o‘zga.
Yon qo‘shning – jon qo‘shning, deyishar bizga,
Har birining mehmon kutumi o‘zga.

Barimiz – ildizi bir turkiy avlod,
Har birimiz tuzdik bir makon obod.
Ota meros g‘urur, sha’nimiz birdir,
To‘lib-toshgan o‘zlik – qalblarda nurdir.

Qoraqalpoq qalpog‘idan bo‘ylashib,
Ko‘hna yo‘llar kechayotib so‘ylashib,
Ming yilliklar o‘tayotir siylashib,
Qadim-qadim tomirlarni iylashib.

Orolbo‘yin ota makon aylagan,
Issiq qoni yuraklarda qaynagan.
O‘z uyini qushlar tashlab ketmadi,
Bobolarim ko‘zim yoshlab ketmadi.

Biroq, ketgan qaytdi tuproqqa yana,
Ajdodlar chorlagan quchoqqa yana.
O‘zga yurtda topolmadi chin makon,
Topolmadi bunday havo, bu osmon.

Bu makonga tinchlik urug‘in sochib,
Elboshilar elim, deya yo‘l ochib,
Shu yo‘l tortib, yetib keldik hurlikka,
Nima yetsin bu jahonda birlikka?!.

Xalqim, yorug‘, to‘kis, to‘lin oylaring,
Sening bilan ezgu ishga boylandim.
Tengligimiz dunyo turgunicha, bil,
Qoraqalpoq otli oltin zarkokil!


 Ustoz Zulfiyaga

Odamzod makoni shu ona yerdan,
Gullolasi kabi yaralding nurdan,
Ko‘ngillarga yorug‘ his solib sirdan,
Yulduzli osmonda javlon urgan qiz.

Ko‘p ekan dunyoning g‘alayonlari,
Goh og‘uli, goho shirin onlari,
Bitaversa, qani, dil armonlari,
Barisi qalbida yig‘lab turgan qiz.

Bahor gullaganda ishq yolqinida,
Yordan ayro tushib, qora toshqinda,
Yuragi o‘rtanib, kun ila tunda
Olimjonni yodlab, qo‘shiq yozgan qiz.

Ikki qo‘lda, ikki farzand yetaklab,
Yana xalqqa kuylar to‘kding etaklab,
Yor ixlosin yuragingga madadlab,
Sadoqatning suvratini chizgan qiz.

Neki og‘ir yuklar ortingda endi,
Baxt – iqbol yulduzi yarqirab yondi,
Vatanini suyub, har dam suyundi,
El mehrini ich-ichidan sezgan qiz.

Barcha onalarning onasi kabi,
Muhabbat gultoji, donasi kabi,
Qo‘shiq dunyosining lolasi kabi
Zulfiya ismli davru davron qiz.


 * * *
 
Mehrda ham noz qalqir
Ko‘zingning qiyig‘ida.
Yuzlaringda yoz qalqir
Nur o‘ynab miyig‘ingda.

Sozga berding kuch va his
So‘ylattirmoq ishqida.
Yuzga berding toza tus
Sir olmoqlik mashqida.

Sabrlaring sitarman
Kimligimni bildirib.
Qarmog‘ingga ketarman
Naq tilingdan ildirib.
 
 
 Yaxshi so‘z

“Yaxshi so‘z – jon ozig‘i”, –
Ko‘ngillarning yozig‘i.
Hech kimsani ko‘zdan qochirmay
Band etarlik qozig‘i.

“Yaxshi”, desa qizingni,
Yuzing yashnaydi gul-gul.
Ardoqlasa qo‘shningni
Dildan dard arir butkul.

“Yaxshi”, desa o‘g‘lingni,
Bo‘lkillaydi bovuring.
Yelkangdagi yuklarning
Bilinmaydi og‘iri.

“Yaxshi”, desa yoringni,
Butun olam gullaydi.
Ayamaysan boringni,
Sevinchlaring sellaydi.

“Yaxshi”, desa ishingni,
Yana toshib ketasan.
Charchoq nima sezmasdan
Manzilingga yetasan.

Yaxshi so‘z – jon quvvati,
Yuragingni toshtirar.
Yaxshilik – qo‘sh qanotli,
Dunyoga gul ochdirar.

Qoraqalpoq tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.