1948 yilda Chimboy tumanida tug‘ilgan. 1975 yilda Nukus Davlat pedagogika institutini tugatgan. “Oraliqlar”, “Vaqt minorasi”, “Unutilgan oy”, “Mening derazalarim”, “Oroldan keldim”, “Ko‘ngil mulki” kabi she’riy kitoblar muallifi. Ayni damda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi. Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
Tug‘ilgan tuprog‘im so‘qmog‘i
Sovuq kuz ruhimga sanchilar chim-chim,
Bulutlar – kechikkan karvon emasmi?
Ufq jiyagida sarobdek ohim
Ko‘nglimdagi qat-qat armon emasmi?
Mana, mezon o‘tdi. O‘rladi aqrab,
Shimoldan izg‘irin shamollar esdi.
Negadir yuragim o‘rtandi qaqrab,
Chimboy so‘qmoqlari yodimga tushdi.
Bir ovchi yo‘qotgan po‘lat pichog‘in
Kutilmagan yerdan topgani kabi.
Yuz yil suv chiqmagan cho‘llarda tag‘in
Oqin suvlar toshib chopgani kabi.
Umr o‘tayotir bir shirin tushdek,
Ko‘nglimda orzular o‘sdi barq urib.
Xayolim misoli bezovta qushdek
Nimanidir izlab, uchdi charx urib.
Ko‘ngil alg‘ov-dalg‘ov, xotira og‘ir,
Shu olis yo‘llarda yo‘qotdim neni?
Dedi: “Qadamingga bosaman bag‘ir”, –
Chimboy so‘qmoqlari chaqirdi meni.
Bolalik so‘qmog‘i
Xushbo‘yli maysalar, yam-yashil olam –
Bahorda to‘shalgan gul patli gilam,
Senga qaytgim kelib, qo‘msayman har dam,
Yalang oyog‘imga tor bo‘lgan so‘qmoq.
Shod edik. Kun uzun, ko‘ngil to‘q edi,
Loyqa ariqlarda suvlar ko‘p edi,
Yuraklarda sira g‘ubor yo‘q edi,
Yozda tuproq, qishda qor bo‘lgan so‘qmoq.
Uydan so‘ng bedazor, polizga dovur,
Ko‘z ilg‘amas olis-olisga dovur,
Kakku sayragandan, to kuzga dovur
Yugurib tovonim yorilgan so‘qmoq.
Azizdir tepasi, chuquri, qiri,
Yurakka tutashgan boshi-oxiri,
Sendan yurgan odamzodining bari,
Har kimga o‘zgacha yor bo‘lgan so‘qmoq.
Goh qumlardan o‘tib, goho soyadan,
Goho tut, qoratol bo‘lib soyabon,
Daraga tushsang ham, oshsang ham dovon,
Daryo kabi mehri bor bo‘lgan so‘qmoq.
Borib jo‘ralarning uyi qoshiga,
Burilib maktabga, ovul boshiga,
To‘qnashishin bilmay taqdir toshiga,
Chorrahaga borib chor bo‘lgan so‘qmoq.
Tor so‘qmoqda to‘qishtirgan boshlarin,
Sog‘inib kelganman, qayda do‘stlarim,
Ko‘z o‘ngimdan o‘tkazib bari-barin,
Seni quchoqlashga zor bo‘ldim, so‘qmoq.
Yoshlik so‘qmog‘i
Qachon yurgan edim, bilmam, izingdan:
Ko‘ngil bergan dushvor ko‘ngil topmog‘i,
Qancha orzu-armon ko‘rdim o‘zingdan,
O, meni chorlagan yoshlik so‘qmog‘i.
Uzoq o‘ylanibman sochimni tarab,
Bir kuni negadir oynaga qarab,
Yuragim o‘rtandi bir nima so‘rab,
Sarobdek porlagan yoshlik so‘qmog‘i.
Ko‘rsam qizil guldek nozanin qizni,
Xayol olib qochdi, unutdim o‘zni,
Go‘zallik mahliyo ayladi bizni,
Yurakka o‘rlagan yoshlik so‘qmog‘i.
Lol aylab, sumbul soch, lola yanog‘lar,
Qalam qosh, xipcha bel, g‘uncha dudog‘lar,
Sohibjamol qizlar – baland dimog‘lar
G‘o‘r qalbni “xo‘rlagan” yoshlik so‘qmog‘i.
Duch kelib muhabbat atalmish tuyg‘u,
Dildan orom qochdi, yo‘qoldi uyqu,
Ko‘kdan oyni olmoq – xomxayol qayg‘u
Necha yil o‘rtagan yoshlik so‘qmog‘i.
Uzoq sirlashuvlar, oshiq-ma’shuqlar,
Ko‘ngilda ochilgan oltin eshiklar,
Maktublar, ilk she’rlar, to‘ng‘ich qo‘shiqlar
Bulbuldek zorlagan yoshlik so‘qmog‘i.
Sog‘inchu hijronni solib oraga,
Orzuga ergashib ketgan qal’aga,
Qara, tanirmisan, qora bolaga,
Necha yil ko‘rmagan yoshlik so‘qmog‘i.
Umr so‘qmog‘i
Men bosib o‘tgan yo‘l, men yurgan ko‘cha,
Yillarim tuyalar misoli ko‘cha,
Qissamni so‘ylasam, necha ming kecha,
Badavlat karvonim – umr so‘qmog‘i.
Bu yo‘lda kimga or, kimga ot talosh,
Kimga hayot talosh, kimga zot talosh,
Necha tulpor talosh, necha ot talosh,
Kurashim, isyonim – umr so‘qmog‘i.
Sen telba dengizsan, ufurgan to‘fon,
Ko‘z yumib ochguncha boshlangan bo‘ron,
El-yurtim kechirgan ne davru davron,
Hasratim, armonim – umr so‘qmog‘i.
Kim otni qamchilab, dov boshlab keldi,
Kimdir to‘nin yechib, po‘st tashlab keldi,
Kim yig‘lab, o‘ksinib, ko‘z yoshlab keldi,
Hamrohim, hayronim – umr so‘qmog‘i.
Kimni yetaklading cho‘qqiga tomon,
Kimni manziliga yetkazding omon,
Tashvishing, azobing ko‘pligi yomon,
Murakkab dovonim – umr so‘qmog‘i.
Azaldan Yaratgan chizib bergandi,
Taqdir peshonaga yozib bergandi,
Kimga tor, kimga keng – jozib bergandi,
Makri ko‘p jononim – umr so‘qmog‘i?
Zimmamga yuk joylab turibman hozir,
Safarga ot shaylab turibman hozir,
Xizmatga bel boylab turibman hozir,
Davronim, zamonim – umr so‘qmog‘i.
Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi
AYLADI
Falak kimni saru samon ayladi,
Ko‘nglimda har kuni fig‘on ayladi,
Ming yil quyosh nurin to‘kib zaminga,
Dashtu sahro-cho‘lni rayhon ayladi.
Olamga keltirdi tog‘larning toshin,
Odam goho kuldi, goh to‘kdi yoshin,
Qaddini tik tutdi, ko‘tardi boshin,
El-yurt berib, davru davron ayladi.
Goho qanotsizga zo‘r parvoz berdi,
Kimga nozik ko‘ngil, yana soz berdi,
Chayqalgan ko‘llarga so‘na – g‘oz berdi,
Yaxshini gohi dam yomon ayladi.
Shodlik bilan birga in’om etdi g‘am,
Hasrat to‘la jomda qatra quvonch kam,
Inson taqdirida barin etib jam,
Tag‘in yuz ming sirin pinhon ayladi.
Qo‘shqanot bermadi, berdi zabonni,
Uchqur xayol berdi va berdi jonni,
Ishq berdi sevsin deb, Vatanni, nonni,
Yana olamlarni kayhon ayladi.
Bizga ham dunyoda navbat kelibdur,
Ming faylasuf o‘ylab sifat beribdur,
Qismatdoshlar bir tashvishga sherikdur,
Ne avlodlar qaddin kamon ayladi.
INONMA
So‘zlarga inonma, so‘zlar aldamchi,
Ko‘zlarga inonma, ko‘zlar aldamchi,
Quyosh bo‘lib boqqan yuzlar aldamchi,
Faqat yuragingga ishongil, jonim!
So‘z bilan suyganlar pand berib ketar,
Ko‘z bilan suyganlar termulib o‘tar,
Chin oshiqlar ishqning qadriga yetar,
Faqat yuragingga ishongil, jonim!
Bahorda ko‘z yorgan yaproqlar yashil,
Kuzda sarg‘ish tortib aylanar fasl,
Toza ishq yurakda yashar muttasil,
Faqat yuragingga ishongil, jonim!
Bul davron o‘tkinchi, o‘tkinchi dunyo,
Orzuga roz aytar turlangan samo,
Sevgining har oni bir mehrigiyo,
Faqat yuragingga ishongil, jonim!
QALPOG‘IM
Magar dard, qayg‘udan bo‘lgansan qora
Yoki bir qushmiding – ko‘ksida yara,
Iqbol daragini moziydan so‘ra,
Taqdiri tarixga ko‘chgan qalpog‘im.
Seni qancha mardlar kiygan esa-da,
Ipagingni qizlar suygan esa-da,
Naqshing olov, cheting kuygan esa-da,
Qoraqalpoq yurtim oshgan, qalpog‘im.
Otingga aylangan xalqimning oti,
Erkinlik qo‘msagan, turkiydir zoti,
Eng ulkan meros sen – bobolar yodi,
Kiyganimda ko‘nglim o‘sgan qalpog‘im.
O‘lchab ko‘rdim seni ne-ne boshlarga,
Odat bo‘lolmading, afsus, yoshlarga,
Kiygizayin desam yoru do‘stlarga,
Ko‘kayimni gumon kesgan, qalpog‘im.
Xalqimning boshida qalpoq cho‘g‘ kabi,
Qalpoq haqida so‘z – qalbim matlabi,
To‘rt burjida titrar gullarning labi,
Nomardlar boshidan yechgan qalpog‘im.
Seni boshga kiygan turkiyning uli,
Doim erkin, yolg‘iz ollohning quli,
Qatimingda talaq zamon dovuli,
Guvillab-guvillab esgan, qalpog‘im.
QAYTADI
Ko‘kda “qur-qurey”lab turnalar qaytdi,
Shamollar sog‘inish qo‘shig‘in aytdi,
Seni, qorako‘zim, nelar munglatdi,
Munglanma, bahoring keladi yana.
Nega ko‘ngling dog‘li, ko‘zlaring yoshli,
Muhabbat bir totli azobdir, asli,
Gullar g‘uncha bog‘lab oshiqlar fasli,
Jonajon bahoring keladi yana.
Soy bo‘yiga boshlab qildek so‘qmoqlar,
Tag‘in gul ochilib, uyg‘onar bog‘lar,
Nafis yomg‘irlarga chayilib dog‘lar,
Sen kutgan bahoring keladi yana.
Aytgil, vafo bormi toju taxtlarda,
Tonggi dardlarni ko‘r tungi baxtlarda,
Dunyodan umidni uzgan vaqtlarda,
Sog‘ingan bahoring keladi yana.
Qoraqalpoq tilidan Salim ASHUR tarjimasi