SEN BOR – DUNYO BOR
Tomchi toma – toma toshni teshadi,
Yaxshi gul toshda ham yaxshi o‘sadi.
Biz dunyoni to‘rt fasl deb anglasak,
Eng go‘zali bahor fasli deyishadi.
Sunbul sochlaringni shamol siypalar,
Ey gul yuzli dilbar,sen bor – dunyo bor.
Seni tabriklasin dastlab tabiat,
Ko‘kda ko‘zyosh to‘ksin qushlar ham bot-bot.
Kelmaganingda sen agar dunyoga,
Uchmoqqa kam bo‘lar edi bir qanot.
Senga quchoq ochar nozlar, jilvalar,
Ey nozanin dilbar, sen bor – dunyo bor.
Kelmaganingda sen agar dunyoga,
Xor edim, zor edim mehrigiyoga,
Poyqadaming fayzi enib baxtimga,
Xonadonim to‘ldi nurga, ziyoga.
Sen – farovon hayot, sen – to‘kin ro‘zg‘or,
Ey vafodor dilbar, sen bor – dunyo bor.
Sen bahorni boshlab kelding olamga,
Endi, bahor kelar senga salomga.
Guldek yarashursan chechak sochursan
Har to‘rtta faslga – har bir maqomga.
Hali senga necha g‘arib qul bo‘lar,
Ey sevimli dilbar, sen bor – dunyo bor.
CHANQOVUZ
Onam seni sandig‘ida saqlagan,
Saqlamasa ko‘ngli qaror topmagan.
Eshitganda sening suluv sasingni
Esayotgan shamol chetlab to‘xtagan,
Bir chiroyli nag‘mang uchun, Chanqovuz.
Tilla zabon sayrasa har nag‘maga,
Yorug‘ dunyo bo‘lsin senga sadag‘a.
Yurt yig‘ilgan sayil, bazmu to‘ylarda
Bog‘bon bog‘in nazir etgan xudoga,
Bir chiroyli nag‘mang uchun, Chanqovuz.
Qiz-juvonlar qo‘zg‘ab yurak dardlarin,
Ochiq aytgan oshiqlikning shartlarin.
Olisga ot, yaqinga xat jo‘natib,
Asir olgan yigitlarning mardlarin,
Bir chiroyli nag‘mang uchun, Chanqovuz.
Oltin tiling nur taratgan bahorday,
Unda tilsim, bir ajoyib sir borday.
Chappor urib gullayotgan dunyoning
Go‘zalligi senga bo‘lgan nisorday,
Bir chiroyli nag‘mang uchun, Chanqovuz.
Onam seni sandig‘ida saqlagan,
Saqlamasa, ko‘ngli qaror topmagan.
Qoraqalpoq – sahro bulbuli deya,
Vatanimning o‘zligini oqlagan,
Bir chiroyli nag‘mang uchun, Chanqovuz.
MAQTOV
(Hazil)
– Bizning ayol farishtaning singlisi,
Naqd tovusning tusidek tovlanishi.
Jilvasi jon olar desam, lof bo‘lar,
U so‘zlasa, sayrab ketar gung kishi.
– Shuyam gapmi? Asl ayol bizda bor,
Unda jilva-da bor, tilla tish-da bor.
Senga yolg‘on, menga rost, men desa u,
U ko‘zini bu ko‘zidan qizg‘anar...
– Bizni yorga bunday maqtov yoqmaydi,
Biroq u hech kimning qo‘yin boqmaydi.
Ko‘zimga tik qarab, aybim aytdi deb,
Ko‘pchilikka meni rosa maqtaydi.
– Nimalar deyapsiz, buzib xayolni,
Fikr yo‘qmi boshqa boshli-poyonli?..
Hayotida maqtash, axir, bekor gap,
O‘lgandan so‘ng maqtash kerak ayolni...
O, SEVGILIM
O, sevgilim, qo‘lingda
Oyna bo‘lsam, deb edim.
Kecha-kunduz yo‘lingda
Shaydo bo‘lsam, deb edim.
Yuzlaringni ko‘kdagi
Oyda ko‘rsam, deb edim.
Sochlaring to‘lqinlarin
Soyda ko‘rsam, deb edim.
Sening birla sayr aylab,
Boqqa borsam, deb edim.
Ko‘zlaringni ko‘rgan payt
O‘tda yonsam, deb edim.
Qo‘lingdagi uzukning
Ko‘zi bo‘lsam, deb edim.
Dilingdagi qo‘shiqning
So‘zi bo‘lsam, deb edim.
Yangrayotgan dutorning
Tori bo‘lsang, deb edim.
Men – vaslingga xumorning
Yori bo‘lsang, deb edim.
Qo‘lga qo‘ngan ko‘kkina
Kaptar bo‘lsang, deb edim.
Qo‘shiq yozsam sho‘xgina...
Daftar bo‘lsang, deb edim...
SEN QADRLI
Odam uchun oltin beshik,
Ota makon yer qadrli.
O‘z yerida o‘ynab-o‘sgan,
Baxtin topgan er qadrli.
Kelajakka talpintirgan
Bola, o‘smir, yosh qadrli.
Taqdiringga sherik bo‘lgan
Fidoyi yo‘ldosh qadrli.
Chin yurakdan ko‘ngil bergan
Sadoqatli yor qadrli.
Bizni mag‘rur etib yurgan
Nomus bilan or qadrli.
Odamzodga bu dunyoda
Ozod yashash — eng qadrli.
Vatan — Ona,
Baridan ham
Sen qadrli, sen qadrli!
QORAQALPOG‘ISTON BU
Quyosh chiqsa kun chiqishdan,
Olam bo‘lar nur, guliston.
Bir o‘lka bor baxti bahor,
Quyosh bilan bir tug‘ishgan.
Bir ajoyib bo‘ston bu,
Qoraqalpog‘iston bu.
Oyga to‘lgan osmonlari,
Kuyga to‘lgan bo‘stonlari.
Guloyim va Arslon kabi
Qiz-yigiti doston bari.
Botirlikka unvon bu,
Qoraqalpog‘iston bu.
Qora tog‘dek salmog‘i bor,
O‘narli o‘n barmog‘i bor.
Navoyidan saboq olgan
Ajiniyoz, Berdag‘i bor.
Tilidan dur sochgan bu,
Qoraqalpog‘iston bu.
Mustaqillik — quyoshi bor,
Toshkent — mehrigiyosi bor.
Bu o‘lkaning yuragida
Do‘stlik jo‘g‘rofiyasi bor.
Bir ajoyib bo‘ston bu.
Qoraqalpog‘iston bu.
CHANQOVUZ
Onam seni sandig‘ida saqlagan,
Saqlamasa, ko‘ngli qaror topmagan.
Eshitganda sening suluv sasingni,
Esgan shamol el girdida to‘xtagan
Jon oluvchi nolang uchun, Chanqovuz.
Tilla zabon sayrasa har nag‘maga,
Yorug‘ olam bo‘lsin senga sadag‘a.
Yurt yig‘ilgan har maraka-to‘ylarda
Bog‘bon bog‘in ehson etgan xudog‘a...
Jon olg‘uvchi nolang uchun, Chanqovuz.
Qiz-juvonlar izhor etib dardlarin,
Ochiq aytgan
oshiqlikning shartlarin.
Olisga ot, yaqinga xat yo‘llashib,
Yengib olgan yigitlarning mardlarin
Jon olg‘uvchi
nolang bilan, Chanqovuz.
Tilla zabon sochgan
shu’la-nur bordir,
Tillaringda ajib teran sir bordir.
Qulf urib gullagan —
mangu yashnagan
Go‘zal dunyo tillaringga qurbondir
Jon olg‘uvchi nolang uchun, Chanqovuz.
Onam seni sandig‘ida saqlagan,
Saqlamasa, ko‘ngli qaror topmagan.
“Sahro bulbuli” deb bekordan bekor
Atalmagan axir qoraqalpoq ham
Jon olg‘uvchi nolang uchun, Chanqovuz.
BERDAQMI DEYMAN
Umrbod izlab mard umrdoshlarni,
So‘zlari eritgan qora toshlarni.
In’om etgan ilhom, dard, ko‘zyoshlarni
Orol dengiz bilan Mo‘ynoqli deyman.
“Yaxshi odamlarga jonim sadag‘a”, —
Deb yuzin qaratgan doim Ka’baga...
Shunday bandasidan qodir Xudo-da
Rozi bo‘lsa kerak shu vaqtda deyman.
Kuylab u o‘zining Orol dengizin,
Halol mehnat bilan topgan rizq-ro‘zin,
Tug‘ilgan yeriga baxsh etgan o‘zin
Berdaq — ilohiy ruh-arvohmi deyman.
Hali yillar siljib, fursat o‘tadi,
Zamon chin insonnni baxtli etadi,
Yaxshi so‘z yetti otaga yetadi,
Barimiz Berdaqday bo‘lsaqmi deyman.
* * *
Olisdan oy ko‘rindi,
Jilg‘ayu soy ko‘rindi,
Aylana, tevarak dasht,
Qarasang ko‘zing to‘ymas,
Xo‘b ajib joy ko‘rindi.
Olisdan oy ko‘rindi,
Chopishgan toy ko‘rindi,
Arg‘umoq ot bo‘lajak,
Boysunga yetkazajak
Boysari, Boybo‘ringni.
Olisdan oy ko‘rindi,
Xushqomat bo‘y ko‘rindi,
Alpomish, Gulbarchinlar
Bir biriga mehribon,
Biram xushro‘y ko‘rindi.
Olisdan oy ko‘rindi,
Tabiat boy ko‘rindi,
Suv oqar soydan soyga,
Sevgilim, sen ham to‘yga
Kelgin, chiroy ko‘rindi.
Olisdan oy ko‘rindi,
Jilg‘ayu soy ko‘rindi,
Jonim, kiyib kel sen ham
Keng etak, uzun yengli
Xon atlas ko‘ylagingni.
IZHOR
Ikkimiz do‘stlashaylik,
Hamroz bo‘lib yashaylik.
Ahdlashib tong sahardan
Dengiz sari shoshaylik.
Ov qilaylik to‘r yoyib,
Baliqqa to‘lsin qayiq.
Biz tufayli bir yo‘la
El-ovul qolsin boyib.
Eshkakni bir eshaylik,
To‘fonlardan oshaylik.
Tug‘ishgan dengiz bilan
Birlashib tillashaylik.
Ikkimiz do‘stlashaylik,
Birlashmoqqa shoshaylik.
To‘lqindan ilhom olib,
Dengiz bo‘lib yashaylik.