QAYTMAS BO‘LIB KETAR BO‘LSANG...
Qaytmas bo‘lib ketar bo‘lsang sen,
Qo‘rqqin,
Moviy jomchalardan, qo‘rq —
Tundan ovoz o‘g‘irlaymanu
O‘sha ovoz bilan ortingdan
Bo‘zlayman, bo‘zlayman, bo‘zlayveraman...
Unutmoqchi bo‘lsang sen meni,
Ko‘rinmagin oyga:
oydinda
oyoqyalang yugurganimni
U, albatta, senga eslatar.
Sen tarki yor
ixtiyor etsang,
Ehtiyot bo‘l yomg‘irdan, qordan.
Unutmoqchi bo‘lsang sen meni
Aylanib o‘t,
yaqiniga borma dengizlarning,
Qushlardan ham ehtiyot bo‘lgin.
Bo‘lguncha to xotiring ozod,
Sokin xilqat topmaguningcha
Yerga mahzun soch tashlagan u
Sambittollar ostiga borma.
Sen tarki yor
ixtiyor etsang,
Yosh joningga qasd qila ko‘rma:
Qabrga ham kirishim mumkin
Ortingdan men gulga burkanib...
TILAK
Boladek beg‘ubor, ma’sum tong bo‘lsin,
Xazon bo‘lib shitirlasin
Yog‘dulari subhi sodiqning.
Oppoq qog‘oz,
hafsala bilan uzoq yo‘nilgan qalam hidi
xonani tutsin.
Fikrlardan, muhabbatdan entikib
Yo shunchaki, uyg‘onib uyqudan
Oyog‘imga shippak ilaman,
Yengilgina ko‘ylakda
chiqarman ko‘chaga.
— Hozir nechanchi yil, bilmaysizmi, — deb
mastu masrur so‘ramoq uchun
birinchi uchragan yo‘lovchidan, —
ko‘chaga chiqaman...
UZR
Monelik qila olmayman men
Kunning yigirma to‘rt soatligiga.
Uning uzunligi uchun
Uzr so‘rashim mumkin.
Kapalaklarning tuxum ochib chiqishiga
Monelik qila olmayman.
Kapalak, qurtlar uchun uzr so‘rashim mumkin, xolos.
Gullarning mevaga,
Mevalarning — danakka,
Danaklarning — daraxtga aylangani uchun
sen meni kechir.
Kechir meni buloqlarning daryoga,
Daryolarning — dengizga,
dengizlarning — okeanga aylangani uchun.
Muhabbatning chaqaloqlarga,
chaqaloqlarning — yolg‘izlikka,
yolg‘izlikning yana muhabbatga aylangani uchun
kechir, meni kechir.
Xohish-irodamga qarab qolgan yo‘q,
Kechar tiriklikning azaliy zayli!
Ma’zur tutasan, do‘stim...
Muhammad Rahmon tarjimalari