OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vasile Nikolesku

ANTIFASHIST-QAHRAMONLARGA KICHKINA MARSIYA

O‘ldirilgan orzuni ko‘rgandagi og‘riq,
qurigan dengiz ehtirosi,
sindirilgan qanotlar,
so‘zi yo‘q qo‘shiqlar,
kesib tashlangan qo‘lni ko‘rgandagi og‘riq.
Qaytalagan og‘riqlardan,
qulayotgan yulduzlardan qolgan bu og‘riq,
Og‘riq, og‘riq, og‘riq.
Qabrlar oralab
betoqat to‘lg‘anib kezadi
yaralangan arslon kabi Oy.
Oy onaday odimlar sokin
quloq solib toshbag‘irlarga.

Og‘riqning tuganmas musiqasida
uning qa’rlaridan
ko‘tarilar oq bayroq.

KREMATORIYDAGI KO‘RGAZMA

Dong qotgancha
murdalar kabi
uxlaydi botinkalar.

Suvsiz bandargohda,    
nomsiz bir qirg‘oqda    
tashlandi kemalarday.

Inlarsiz shohlar aro,
xayolsiz shoxlar aro
o‘lgan oq qushlar.

Oppoq bir jimlikda,
uxlashar juft-juft bo‘lib,
uxlashar botinkalar.

Ikki ko‘zim: quyoshning    
ikki tubsiz girvati,
Muqaddas jaziradir
insoniyat ko‘zlari.

GULXAN

Boshqa ko‘rmaslik uchun
bu razilliklarni,
sho‘rlik qurbonlarni,
boshqa ko‘rmaslik uchun
xochparchin qilayotganlarni,
rasvo qilib
kaltaklayotganlarni,
krematoriy o‘choqlarida
yoqayotganlarni —

Boshqa ko‘rmaslik uchun
bu tikonli simlar to‘rini,
vujudga sanchilgan o‘qlarni
Boshqa ko‘rmaslik uchun,
mayliga, gulxanda yonayin,

osilay kimningdir o‘rniga
xochparchin bo‘layin,
yonayin krematoriy o‘choqlarida,
o‘qlarga ko‘ksimni tutayin,
mashq qilayotgan o‘qchilar uchun
turayin bir tirik nishonday.

Shavkat Rahmon tarjimalari.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.