Antonina Iplina 1981 yilda Namanganda tug‘ilgan. 2002 yili Namangan davlat universitetini tamomlagan. «Beregite lyubov», «Vse probujdaetsya vesnoy» she’riy to‘plamlari chop etilgan. Namangan davlat universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi.
IXLOS
O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaga
O‘zbek tuprog‘ida undim, ulg‘aydim,
Shu yerda tug‘ildim, shu yerda uyim.
Ona zamin mehri dilni cho‘lg‘aydi,
O‘mg‘irda boshoqdek cho‘zildi bo‘yim.
Sirli so‘z yuz ochib ko‘rsatar jamol,
She’riyat kalitdir ko‘ngil qulfiga.
Buyuk sharq nazmidan oldi zar ro‘mol
Qirqkokil qizaloq she’rga Zulfiya.
Tog‘dan, dovonlardan oshib boraman,
Chakalakzorlarni qilmayman pisand.
Yuragimda tuyg‘u toshib boraman,
Bulbul kabi navo qismatimga band.
Birovning quvonchin, birovning dardin
O‘zimniki bildim, elni o‘yladim.
She’rim bilan yuvdim yurakning gardin,
Baxtimni, dardimni aytib kuyladim.
Muhabbat, sadoqat, hayot oshig‘i
Zulfiya ijodi — nafosat bazmi.
Shoiraning she’ri — ona qo‘shig‘i,
Alla kabi kuchli shoira nazmi.
Sirli so‘z yuz ochib ko‘rsatar jamol,
She’riyat kalitdir ko‘ngil qulfiga...
PEGAS
Qandoq o‘rgatayin seni, asov ot?
Aqlu fikrim erur o‘zimga tuzoq.
Axir qay bir kimsa o‘rgatar, hayhot,
Uchayotgan otni tutaman qandoq?!
Yaxshi niyat haqdir, umidli dil haq,
Biroq xayol boshqa, boshqadir hayot.
Yelib-yugursam ham izingdan ilhaq,
O‘lingni tutqizmay qoqasan qanot.
Yana yolg‘iz qoldim uyda, xumorim,
Qanotli tulporim, oppoq tulporim.
Tuyog‘ingning izi samoda hilol,
Qanotingning izi shabboda, shamol...
SO‘ZLAR
Ayol, xayol, hayo, hayot —
Bu so‘zlarda sehr, joziba, hikmat.
Shaklan va mazmunan ohangdosh, otdosh,
Muhabbatdek jondosh, mehrdek qondosh.
Ona, opa-singil, qizdek va yordek,
Muqaddas Vatandek, ona diyordek.
Hayot va tiriklik mangu barhayot —
Umrboqiy qo‘shiq, abadiy bayot.
ILTIJO
Baxt va shodlik berar har qismatga xos,
Yelkamda hayotning yuki, tolmayman.
Xudodan ozgina so‘radim, xolos,
Ortig‘ini esa ko‘tarolmayman.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi