OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nikolay Dobronravov (1928)

Nikolay Dobronravov 1928 yil 22 noyabrda Sankt-Peterburg shahrida tavallud topgan. Ikkinchi jahon urushi davrida Dobronravovlar oilasi ham Moskva viloyatiga ko‘chirildi. U 1942 yil Malaxovka shahrida o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirdi. Moskvada o‘qituvchilar instituti va teat studiyasi kursini tugatgach, shahardagi yosh tomoshabinlar teatrida aktyor bo‘lib ishladi, qator rollar yaratdi. 1960 yillar boshidan to‘laligicha adabiy ijod bilan shug‘ullandi, ketma-ket she’riy kitoblari chop etildi. Uning ijodi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

* * *

Charaqlaydi noma’lum yulduz,
Yana ketdik uydan yiroqqa
Vatan ortda, qaradik ilkis
Qo‘nalg‘ada yongan mayoqqa.

Bunda kunlar tuman, yomg‘irli,
Bunda tonglar sokindir juda.
Bunda dara, so‘qmoqlar sirli,
Sayr etmaymiz huda-behuda

Uzoqlarda yillar armoni,
Ko‘z oldingdan kechar muqarrar.
So‘nar ekan g‘azab bo‘roni,
Qolmas ekan ginadan asar.

Ayriliqda aylagin toqat.
Suyanch bo‘lsin ishonch, qat’iyat.
Sabr qilsang, albatta kelar,
Yaqinlardan quvonchli xabar.

Xotiradan o‘chmaydi sira,
Aytolmagan qo‘shiq xayoli.
Intiq ko‘zlar tortmasin xira,
Yodda yurtim mayin shamoli.

Safarlarda yuribmiz yolg‘iz,
Bizni qiynar ayriliq dog‘i.
Ko‘kda porlar noma’lum yulduz,
Porlar, guyo umid mayog‘i.

Umid so‘nmas yo‘lchi yulduzdir,
Jasoratga mukofot — omad.
Yurt tuyg‘usi muqaddas so‘zdir,
Yurt haqida kuylang sarbaland.

ANNA GERMAN XOTIRASIGA

Mashhurlar eslanar turguncha dunyo,
Zavol yo‘q hikmatli qo‘shiqqa, so‘zga.
Billur ovozingiz aylangan go‘yo,
Cheksiz koinotda yorqin yulduzga.

Go‘zal Anna, dilbar qo‘shiqlaringiz,
Bizning qalbimizga hamisha malham.
Ularda hayajon, armonlar dengiz,
Ularda eng ezgu orzu mujassam.

Avjda kuylash nasib etmadi sizga,
Necha bor sahnada behol turdingiz.
Umid yulduzini qoldirib bizga,
Ketdingiz siz ichga yutib dardingiz.

Berilib tinglaymiz qo‘shiqlaringiz,
Barchaga yoqimli mayin nolangiz.
To dunyoga kelar ekan o‘g‘il-qiz,
Yangrar Zbishekka aytgan allangiz.
 
ZAMIN MADHI

Yulduz sari boshladik safar,
Qarshimizda sirli olamlar.
Jo‘natamiz sizga xushxabar,
Omon bo‘ling, aziz odamlar!
Jilvalanar oldda koinot,
Har so‘zimiz misli qasamyod.

Buncha mitti bizning sayyora!
Sog‘inamiz sening sehringni.
Biz bolangmiz bag‘ri sadpora,
Darig‘ tutma issiq mehringni.

Koinotning yakka-yolg‘izi,
Hatto maysang isi darmondir.
Sen o‘zingsan umid yulduzi,
Zamin tengsiz go‘zal makondir.

Inson ko‘kda aylasa parvoz,
Bu tafakkur, zamin azmidir.
Turnalarday taratsa ovoz,
Bu zaminga vafo ramzidir.
Hamma joyda birday otar tong,
Bu dunyoda biz — bir oila.
Odamzodda yuksalsa ham ong,
Ona zamin sen bizni siyla,
Mehring bilan isit, avayla!

QO‘SHIG‘IMDA ARZIM JO

Umrim Haqqa iltijo,
Qo‘shig‘imda arzim jo.
Necha yillar izlab zor,
Axir, seni topdim yor.
Sen bilan keldi yondosh,
Dilga shodlik, ko‘zga yosh.

Unut bo‘lar g‘am-hijron,
Yetishamiz tilakka.
Qolmagay dilda armon,
Payvand yurak yurakka.
Yillar yo‘lda baxt bekat,
Uchrashtirdi muhabbat.

Yaxshi niyat-orzuga,
Hayot meni chog‘lagan.
Taqdirimiz manguga
Quyosh nuri bog‘lagan.
Yonma-yon kutsak oqshom,
Doim otar oppoq tong.

Tinch qo‘y bizni ayriliq,
Sevgimiz baxtga loyiq.
Sen quyoshsan yagona,
Ko‘ylay sho‘xchan tarona.
Umrim Haqqa iltijo,
Qo‘shig‘imda arzim jo.

SENING ISMING

Sening isming doim dilimda,
O‘zing jonim, o‘zing hayotim.
Sening isming doim dilimda,
Shirin visol endi hayotim.

Seni ko‘rsam go‘zaldir dunyo,
Vujudimni chulg‘aydi sevinch.
Tinchlik kuyi ostida guyo,
Bitim tuzgan visol va sevinch.

Ba’zan bulut quyoshni to‘sar,
Shunda sevging men uchun mayoq.
Chor atrofda izg‘irin esar,
Ko‘z ochirmas kuzgu barg-yaproq.

Xazon to‘zar, boshdan uchar hush,
Nahot hozir boshlanar to‘fon.
Ko‘kdan qular yaralangan qush,
Buncha uzun bo‘lmasa hijron.

Kulib boqding kelib nomozshom,
Hujram bo‘ldi birdan charog‘on.
Bag‘ishladi iforing orom,
Bu toledan qoldim lol-hayron.

Sening isming doim dilimda,
O‘zing jonim, o‘zing hayotim.
Sening isming doim dilimda,
Shirin visol endi najotim.

Sening isming... sening isming...

XAYR, SEVGILIM

Yaproqlar sarg‘aydi alvido ayta,
Qaniydi, umrimiz yashasak qayta.
Oqqush qo‘shig‘ida keldi muhabbat,
Tushun, sevgilim,
Sen o‘tgan yo‘llarni
 qildim ziyorat.

Hayotimga kirding bag‘ishlab orom,
Dilimga ishq solding
 va solding ilhom.
Oqqush qo‘shig‘iga to‘ldirmish dunyo,
Aziz sevgilim,
Men uchun faqat sen
 tengsiz va tanho.

Biz o‘zga baxtiga emasmiz befarq.
O‘zimizni hijron etsa hamki g‘arq.
Oqqush qo‘shiqlari bunchalar nolon,
Tushun, sevgilim,
Chetan ranggi sarg‘ish,
 sarg‘ish rang — hijron.

Yaproqlar sarg‘aydi alvido ayta,
Qaniydi, umrimiz yashasak qayta.
Oqqush qo‘shig‘iga to‘lmishdir dunyo,
Xayr, sevgilim,
Yagonam-yolg‘izim, xayr, alvido!

* * *

Bolalik davrimdan go‘yo bilaman,
Qandayin yashasam baxtli bo‘laman.
Sevish yaxshi, ammo bor sinov-hijron,
Sevilish — bu orzu, emasdir oson.

Kimlardir yashaydi koyitmasdan jon,
Ular o‘zlaricha yurar shod-xandon.
Iste’doding bo‘lsa izmingda imkon,
Foydali ish qilish emasdir oson.

Bezovta qalb bilan tebratdim qalam,
Netay, dardlarimni yozmasam bo‘lmas.
Muxlislar she’rimni yodlamasa ham,
Kimdir yaqin olib o‘qib qo‘ysa bas.

Tiz cho‘kib Xudodan so‘rayman najot,
Qishloqqa qochsam ham ergashar qayg‘u.
Bildim, neni ravo ko‘rmasin hayot,
Halol yashash kerak, eng to‘g‘ri yo‘l shu!

* * *

Kuzgi bargday to‘kilar so‘zlar,
Nahot keldi umidsiz kezlar.

Ko‘p narsani aytolmadim, rost
Fido etmay qo‘shiqqa jonim.
Kam qolishdi vafoli so‘z-do‘st,
Chegarali ekan imkonim.

Bizdan nima oladi dunyo?
Qolar qay so‘z, qaysi ixtiro!

Yog‘du, havo, jala, guldurak...
So‘zda qanday etay ifoda?
Qorni yorib chiqar boychechak,
Unga mos so‘z bormi dunyoda.

Dilda sevmay yolg‘iz o‘zingni,
Aytolmadim eplab so‘zimni.

Yumaladi yuzingdan yoshing,
Bormi tomchi yoshingga baho?
Bunchalar ham munis qarashing,
Unda jodir qo‘shiq va navo

Qanday mard deb atay o‘zimni,
Bolalikdan cho‘chib yashadim.
Qo‘lyozmada qancha so‘zimni,
O‘z qo‘limda chizib tashladim.

Haqsizlikdan yonsa ham ichim,
Sukut saqlab turaverdim jim.

Axir, sukut emasdir yolg‘on,
Guyo so‘zlar aro bir bo‘shliq.
Tushunarsiz do‘sti qadrdon,
Yozilmadi qaysidir qo‘shiq.

Har narsaning o‘z soati bor,
Bahor kelar, gullar bo‘tako‘z.
Qancha dilim etmayin izhor,
Mendan qolar aytilmagan so‘z.

Rus tilidan Asror Mo‘min tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.