AYRICHAKUNLAR
Tund qishlardan ayozmas zinhor,
Oftobro‘ya kunlar yodimda.
Har bir ayyom ajib, betakror
Va behisob ko‘pdir oddinda.
Ular safi ortib betinim,
Qalbga sirli sharora quyar.
U ayricha kunlarkim, ruhing
Ro‘shnolikning nafasin tuyar.
Eslayman u kunlarni beshak,
Chilla yarmi — qish endi yovvosh:
Yo‘llar erir, bo‘g‘otlar — chak-chak,
Muzliklarda isinar quyosh.
Sevishganlar — qalqib yuragi,
Bir-biriga yetishsam derlar.
Qir taftidan daraxtlardagi
Chug‘urchuqlar uyasi terlar.
Mudroq soat millari uchun
Siljimoqlik yokmaydi behad.
Kun tuyular asrdan uzun,
Tugamas hech yog‘du — muhabbat.
TANAFFUSDAN SO’NG
Bundan rosa uch oy muqaddam,
Himoyasiz bog‘chamiz sari —
Kirganida bostirib birdan
Qishning oppoq izg‘irinlari,
Chamalagan edim o‘zimcha,
Ketamanu uzlatga gumdon —
Boyitaman to‘plamim picha,
She’rlar bitib qish haqda chunon.
Lekin ruhim mayda tashvishlar
Ko‘mdilaru qor uyumiday,
Sezmay qobman — qish ham bir mahal
Yarimlabdi, qarasam bunday.
Uqdimki men, shunda ne uchun
Qor selpinib yog‘ib turgan on —
Uchqunlarin so‘ndirsa ham tun,
Tikilganin bog‘dan uy tomon.
Sovuqlardan oqarib labi
Shivirlasa hamki: «Shoshilgin!»,
Kulgandim men bir daqqi kabi,
Ochgan ko‘yi qalamim uchin.
O’ltirarkan chiroq yonida
Tong chog‘i sust o‘ylarga to‘lib,
Qish keliboq ketibdi, menga
Nimanidir eslatmoq bo‘lib.
ILOHIY UZLAT
Tovlanar shom ufqning betida,
Uzun-uzun soyalar — o‘ng-so‘l.
Pochtachi qiz o‘rmon chetida
Uzatadi menga banderol.
Turli jonvor, qushlar subhidam
Qorga solgan so‘qmoqdan sekin
Qaytaman bir quchoq xat bilan,
Uyim — o‘lan to‘shagimga men.
Yozar ulkan kentlar, sarhadlar,
Mamlakatlar, olis orollar...
Va yo‘llarlar sharhlar, suvratlar —
Imzo chekib o‘smirlar, chollar...
O, vallomat yurak xatlari!
Orangizda maktub yo‘qki, chin,
Ki ularda sanjob, jangari
Fikr bo‘rtib turmagan bo‘lsin.
Jondan aziz ayol nomasi!
Garchi osiy yerdaman minba’d,
Tinglang, shudir qalbimning sasi:
Men sizniki bo‘lurman abad.
Siz, hey marka ishkibozlari!
Xat boylami yechilgan zumda
Zo‘r tuhfaga ko‘milardingiz,
Bo‘lsaydingiz mening o‘rnimda!
Boris Pasternak (1890-1960)
Mirpo'lat Mirzo tarjimalari