* * *
Osmon qora edi, zimziyo, biroq
Otning sag‘risidan edi u oqroq.
O’ltirardik gulxan yonida bedor,
Paydo bo‘ldi shunda bir qora tulpor.
Ta’rifga sig‘masdi to‘sdek siyog‘i,
Ko‘mirdek qop-qora edi oyog‘i.
Yo‘q edi sirtida qilcha ham ziyo,
Yolidan dumiga qadar sim-siyoh.
Bag‘oyat tim qora edi ushbu dam
Uning salt yag‘rini — egar ko‘rmagan.
Tek qotib turardi. Uxlardi go‘yo.
Qora tuyoqlari g‘alati, bejo.
Soyani sezmasdi qoraligidan,
Sira bo‘lolmasdi qoraroq bundan.
Qora edi — go‘yo zulmat suvrati
Yo xuddi yaltiroq igna siyrati.
Qora edi nursiz uzlatday mutlaq
Yo ko‘krak qafasin bo‘shlig‘iday naq.
Shundoq shudgor bag‘ri — urug‘ tushgan joy,
Bizning ham ichimiz qora, hoynahoy.
Boqar u haykaldek — tek qotib butun!
Vaqt-chi, endigina edi yarim tun.
Lekin qo‘yolmasdi oldga bir qadam,
Og‘in chulg‘agandi quyuq tun bu dam.
Turardi sharpadek chiqmayin sasi,
Qolmagandi uning biron qashqasi.
Ko‘zlari yarqirar bir juft tirqishdek,
Qo‘rqinchliroq edi qorachig‘i lek.
Tasviri edi u kimningdir qora,
Nega yugurishdan to‘xtab u, yo rab,
Nega nafas olib qora havodan,
Bexos shox-shabbaga tegib damo-dam,
Gulxanning yonidan ketmadi aslo,
Yonimizda qoldi sahargacha to?
Nega sochar ko‘zi sim-siyoh yog‘du?
Chavandoz tanlardi oramizdan u.
STANSLAR
Haqqim yo‘q tolega
Domongir bo‘lmoqqa,
Vasilevsk oroliga
Kelaman o‘lmoqqa.
Lek seni bu paytda
Chulg‘arki tun-tuman, —
Men namchil asfaltga
Yiqilgum yuztuban.
Va qalbim ozurda
Zulmatda urinar,
Petrograd ustida —
Ko‘prikda ko‘rinar.
Aprel jalasi-yu,
O’ynarkan qor g‘ujg‘on,
Tinglayman bir sasni:
— Xayr endi, jo‘rajon.
Bu loqayd vatanga
Bosgancha yuzimni, —
Daryoning ortida
Ko‘raman o‘zimni.
Kizchalar misoli
Bokira, sho‘x yillar -
Turishib orolda
Qo‘llarin silkirlar.
* * *
Men ashaddiy yirtqich o‘rniga kirdim qafasga,
Muddatimni va qavmimni qizigan mix-la barakka o‘ydim.
Dengiz sohilida yashadim, uchragan har kasga
Befarq boqdim va hoyu havasga to‘ydim.
Muzliklarning cho‘qqisidan yarim dunyoga termildim bir qur,
Uch bor cho‘kdim va chavaqlandim men ikki marta.
Suyub ulg‘aytirgan yurtdan bosh olib ketdim mag‘rur,
Meni unutganlar bir shahar bo‘lar, to‘planishsa agarda.
Daydidim cho‘llarda — yovvoyi xunnlar izg‘ib-hayqirgan,
Qayta urfga kirgan liboslarni egnimga kiydim.
Javdar ekdim, xirmonlarni qora to‘l bilan to‘sdim yomg‘irdan,
Nuqul suv ichmadim, maydan ham gohi nafsimni tiydim.
Tushlarim-chun izn etdim soqchining qora qorachig‘iga,
Kuvg‘in uqubatin nonini yedim, qoldirmay ushoq.
Ovoz pardalarim doddan bo‘lak qichqiriq berdi—jon achchig‘ida,
Keyin shivirlashga o‘tdim. Qirqdaman bu choq.
Nima deyin hayot haqda? Ko‘nglim o‘rgandi dardga, firoqqa.
Men faqat g‘ussalar-la ulfatman, qilurman ular-la yorlik.
Toki og‘zim to‘lmas ekan bir kun qora tuproqqa,
Undan yangrayverar rahmat, tashakkur va minnatdorlik.
Iosif Brodskiy (1940-1995)
Mirpo'lat Mirzo tarjimalari