OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sergey Baruzdin (1926-1991)

Sergey Baruzdin (1926-1991) - rus shoiri va yozuvchisi.
M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tugatgan (1958).
"O'tganlarni qaytarish" (1964) romani, "Ayol haqida qissa" (1967) qissasi, "Men ko'chamni yaxshi ko'raman" (1969) hikoyalar to'plami mashhur.  

TOSHKENT

Garchi suyuklidir mening Rossiyam,
Quyosh ham men uchun u yerda balqir.
Lekin Toshkent bordir . ruhimga hamdam,
Begona etmadi Toshkentni taqdir.
Turfa tillar bilan elatlar aro
Eng buyuk yakdillik bundadir balkim.
Men Shimol o‘g‘loni erurman, ammo
Sharqning mehri bilan limmo-lim qalbim.
Qadimu navqiron Toshkent bor albat,
Ruhim qashshoq tortib qolmagay, do‘stlar.
Dilimga nogahon yo‘g‘rilsa hasrat
U faqat Toshkentni, Toshkentni ko‘zlar.
So‘ng esa qaytaman ona yurt tomon.
Ona makon axir . eng ezgu charoq.
Men Toshkent mehriga qonganim zamon
Anglayman Moskvani tag‘in teranroq.

ODAMLAR

Nadomat yo‘q qalbimda sira,
Neni ko‘rdim . ko‘rajakman bot.
Faqat Inson bo‘lsin bokira,
Faqat go‘zal bo‘lsin odamzod.
Men ulardan mo‘’jaz bir bo‘lak,
Qzga holni qilmasman da’vo.
Yonar, titrar, tipirlar yurak
Baxtli bo‘lsin odamlar deb to.

ER KISHI

Kim ko‘p zahmatlarni bo‘yniga olsa,
Va oru nomusga vafolik qolsa
Er kishi o‘sha!
Kimki, tuproq ochib, sochar ekan don,
Qzgalar rizqin ham o‘ylasa bir on
Er kishi o‘sha!
Elu yurt boshiga tushganda xatar,
Kimki bo‘la olsa eng jasur askar
Kimki do‘stlar bilan hamisha hamdam,
So‘nggi nonini ham ko‘rolsa baham
Er kishi o‘sha!
Kim ayol zotini yo‘lga sololsa,
Ham unga zarur payt quloq osolsa
Er kishi o‘sha!

FIL
(Hindiston she’rlaridan)

Nechog‘ noyob bo‘lsa bizlarda tulpor
Qshanday noyobdir Hindistonda fil.
Mana u turibdi cho‘ng va ulug‘vor,
Birmuncha sodda-yu aqlli, qobil.

Ustida o‘ltirgan ustomon filbon
Andisha qilmayin boshlab qolar so‘z:
. Qani, hunaringni ko‘rsat, qadrdon,
Ikki rupiyani qani endi, cho‘z.

Garchi zabon yo‘qdir filda va lekin
Xo‘jasidan ko‘ra u ziyrak, hushyor.
Har nechuk u bilar, yemish yo‘q tekin,
Qorinni to‘yg‘azish nechog‘lik dushvor.

Yaxshiyam uquv bor unda rosmana,
Muqomlar qiladi g‘alati, qiziq.
Yemish topish uchun fil endi, mana,
Xaloyiq oldida ko‘rsatar qiliq.

BOR GAP

O’tgan u kunlarni eslayman giryon,
Yolg‘on so‘z aytmoqqa yo‘q menda toqat.
Urushda qo‘rqmayman degan so‘z yolg‘on,
Behudaga o‘lmoq dahshatdir faqat.

Garchi har kimlarga bosh egmadik, yo‘q,
Harb chog‘i qochmadik orqaga garchi.
Hayotingni yulsa tasodif bir o‘q,
Shunga rozi bo‘lsang . emassan jangchi.

Osoyish kunlar ham qoida shundoq:
Garchi senga boy-boy iqbol yor.
Tasodifiy baxt ham baxt emas mutloq,
Faqat sobit erur neki barqaror.

Abdulla Oripov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.