Jo‘shqin lirik va chinakam xalqona shoir Sergey Yesenin ijodi rus adabiyotshshng yorqin sahifalaridan birini tashkil etadi. U sovet davri talablari quyushqoniga tushmagan va tushishni istamagan, erkatoy va tanti, ammo mislsiz iqtidorli shoir edi. Ryazan shahri atrofidagi Konstantinovo qishlog‘ida tavallud topgan shoir umrining oxirigacha dehqon-shoir, rus qishlog‘i hayoti va tabiat kuychisi bo‘lib qoddi. 1924 - 25 yillarda shoir O’rta Osiyo va Kavkazorti mintaqalarida sayohatda bo‘lgan, qisqa bo‘lsa-da, Toshkenda ham yashagan. Yeseninning «Fors taronalari» deb nomlangan she’rlar turkumi ana shu o‘lkalarga sayohat chog‘ida yaratilgan. Bu she’rlar turkumini o‘zbek tiliga Erkin Vohidov o‘girgan. Yeseninning «Anna Snegina» nomli mashhur poemasi Botumi shahrida yozilgan. Uning «Go‘daklikdan ma’lum har odam» she’ri asosida kurashchanlik g‘oyasi yotadi.
ONA IBODATI
Qishloqning bir chetida
Pastakkina uy turar,
Sajda qilib shu uyda
Onaizor o‘ltirar.
Yolg‘iz o‘g‘lin eslar u
Yonib achchiq firoqla.
O’g‘li esa yurt uchun
Jang qiladi yiroqda.
Ona sajda qiladi,
Ko‘z yoshlari shashqator.
Bir nuqtaga tikilgan,
Xayolida nelar bor?
Ko‘z oldiga keladi:
Keng dala — jang maydoni.
Jonsiz yotar maydonda
Mard o‘g‘li — pahlavoni.
Ko‘kragida jarohat,
Qop-qora qon har yog‘i.
Qolmish jonsiz qo‘lida
Dushmanining bayrog‘i.
Ona yuzin qoplar g‘am,
Chimirgancha qoshini
Asta suyar qo‘liga
Oppoq sochli boshini.
Yurak dardi yosh bo‘lib,
To‘lib kelar ko‘ziga.
Marjon-marjon tomchilar
Oqib tushar yuziga,
IT HAQIDA DOSTON
Quyosh o‘ynar javdar xirmonda,
Chiptalarda nuri tilla rang.
Bolaladi ona it tongda,
Yetti kuchuk tug‘di mallarang.
Yuvib-tarab tillari bilan,
Oqshomgacha erkaladi u.
Ona itning issiq bag‘ridan
Qor ustida erib oqdi suv.
Oqshom payti, tovuqlar endi
Qo‘nog‘iga tizilishgan dam,
Uy egasi xo‘mrayib keldi,
Qopga soldi yettovini ham.
Sho‘rlik ona chopdi ketidan,
Uzoq-uzoq quvlab bordi u.
Muzdek terlar oqib etidan,
Achchiq-achchiq uvlab bordi u.
Botqoqlardan kechib o‘tdi loy,
Oyoqlari toldi, urindi.
Qaytar ekan tom ustida oy,
Bolasiga o‘xshab ko‘rindi.
Sho‘rlik yana bolasin so‘rab,
Ko‘kka boqib uvladi xasta.
Yangi oy ham asta g‘ildirab,
Tushib ketdi ufqdan pastta.
Bechoraga ermaklab, kulib,
Non o‘rniga otishgandek tosh,
It ko‘zidan yulduzlar bo‘lib,
Qorga oqdi tomchi-tomchi yosh.
* * *
Tongda meni uyg‘ot ertaroq,
Mehribonim, mushfiq onajon!
Men yo‘llarga ko‘z tutay mushtoq,
Bizning uyga kelmoqda mehmon.
O’rmon ichra bugun, onajon,
G’ildirakning izlarin ko‘rdim.
Yellar uni aylab zar kamon,
Tortqilagan kezlarin ko‘rdim.
Erta tongda mehmon keladi
Oy shapkasin boshga ko‘yib dol.
Uchqur oti ravon yeladi,
Kokillari tovlanadi ol.
Meni sahar uyg‘ot, onajon,
Chiroqlarni yoqib qo‘y hozir.
Deydilarki, bo‘lmog‘im ayon
Rossiyada shuhratli shoir.
She’r aytaman mehmonga ul dam,
Senga, onam, o‘sgan yerimga.
Sahar turib soqqan suting ham
Quyiladi mening she’rimga.
* * *
Go‘daklikdan ma’lum har odam,
Bola boshdan degan gap to‘g‘ri.
Mabodo men shoir bo‘lmasam,
Bo‘lar edim bezori, o‘g‘ri.
Jikkakkina shum bola edim,
Tengdoshlarim ichra "qahramon".
Qaytar edim ko‘chadan doim
Burnim pachoq, usti boshim qon.
Qo‘rqib ketgan onam qoshida
Derdim tutib o‘zimni mahkam:
"Hechqisi yo‘q. Qotsildim toshga.
Ertagacha qolmas o‘rni ham".
Yillar o‘tdi, ketdi bolalik,
Nihoya yo‘q armonlarimga.
Yoshlikdagi sho‘xlik, olovlik
Ko‘chdi she’ru dostonlarimga.
Bolaligim ketdi borini
Satrlarda qoldirib butun.
She’rlarimda shum, bezorining
Xislatlari aks etar bu kun.
Mag‘rurligim hamon qolmagan,
Hamon baland o‘tli ko‘kragim.
Bolalikda burnim qonagan,
Bugun esa qondir yuragim.
Mendan kulgan to‘da qoshida
Deyman tutib o‘zimni mahkam:
"Hechqisi yo‘q! Qoqildim toshga,
Ertagacha qolmas o‘rni ham".
Meni so‘kmang! Bo‘lar ish bo‘ldi,
So‘z sotuvchi savdogarmasman.
Oltin boshim quyi egildi,
Bu dunyodan sovidim, bas, man.
Shaharda ham qolmog‘im mahol,
Na qishloqqa mayl sezarman,
Bir yo‘l qoldi; o‘stirib soqol
Rossiyani daydib kezarman.
Xayr, deyman doston, she’rlarga,
Io‘lga to‘rva olurman, xolos.
Ko‘chadagi bir darbadarga
Shamollar ham qo‘shiq aytar soz.
Piyoz, turup hidin taratib,
Bilganimni qilib yurarman.
Burnim oqsa yengimga artib,
Peshonamda borin ko‘rarman.
Qor quyunin tinglarman behis,
Baxt kerakmas bundan ziyoda.
Bunday ajib turfa ishlarsiz,
Yashamasman yorug‘ dunyoda.
* * *
Aldamasman o‘zimni bu kun,
Yuragimda uqubatli g‘ash.
Bezori deb nom oldim nechun?
Nega nomim bo‘ldi janjalkash?
Ug‘ri bo‘lib o‘rmon kesmadim,
Bo‘yamadim qo‘limni qonga.
Aybim faqat ko‘cha kezganim,
Jilmayganim o‘tgan-ketganga.
Men maskovlik bir dalli yigit,
O’zimga xon, tanti, chapani.
Ko‘chadagi har bir daydi it
Yurishimdan taniydi mani.
Tverskoyda ko‘rib yiroqdan,
Bosh irg‘ashar menga otlar ham.
Jonvorlarga yaxshi o‘rtoqman,
She’rim ular dardiga malham.
Boshimdagi bul tsilindrim
Jononlarga yoqish uchunmas.
Unda berib baytallarga yem,
Chaynashiga qilurman havas.
Odamlardan yuvdim qo‘limni,
O’z do‘stlarim sari intildim.
Eng chiroyli galstugimni
Kuchuklarning bo‘yniga ildim.
Endi darddan xoliman bu kun.
Dilimda yo‘k uqubatli g‘ash.
Aldoqchi deb nom oldim shu-chun,
Shu-chun nomim bo‘ldi janjalkash.
* * *
Bas! Bo‘lar ish bo‘ldi, kerakmas,
Qaytmas bo‘ldim endi yurtimga.
Yaproklari qanot teraklar
Soya solmas endi ustimga.
Pastak kulbam bunchalar mensiz,
O’lib bo‘lgan qari itim ham.
Maskovning bir burchida, esiz,
Zavol topmoq chog‘i nasibam.
Bu shaharga bo‘ldim men shaydo,
Garchi ko‘hna, ko‘rimsiz makon.
Mudrab yotgan oltin Osiyo
Gumbazlarda bo‘lur namoyon.
Tunda esa, oy nur sochgan dam
Go‘yo... bilmam, nima singari...
Bosh eggancha tashlayman qadam
O’sha tanish mayxona sari.
Meni kutar bu dahshat maskan,
Bunda tunni ulab saharga,
May ichaman o‘g‘rilar bilan,
She’r o‘qiyman fohishalarga.
Kayf tumani chulg‘aganda men
Faryod bilan ochaman ko‘nglim:
"Men ham sizdek gumroh bandaman,
Mening ham yo‘q, qaytarga yo‘lim".
Pastak kulbam bukchayar mensiz,
O’lib bo‘lgan qari itim ham.
Maskovning bir burchida, esiz,
Zavol topmoq chog‘i nasibam.
* * *
Bir manzilga borurmiz kam-kam,
Bir manzilki, halovat hokim.
Yig‘ishtirmoq chog‘i menga ham
Boqiy yo‘lga do‘kon-dastgohim.
Ey siz, suluv, oppoq qayinlar,
Ey sen, zamin, bog‘lar, barxanlar.
Ketayotgan saflarga qarab
Yuragimga cho‘kar armonlar.
Men o‘zimcha ko‘p o‘ylar surdim,
O’z hakimda she’r aytdim talay.
Baxtlimanki, yashadim, ko‘rdim,
Bu dunyoga keldim har qalay.
Baxtlimanki, sevdim, intildim,
Quloch yozdim chechaklar aro.
Jonvorlarni ukam deb bildim,
Boshlariga urmadim aslo.
Bilaman, ul manzilda balqib
Yotmas oqqush bo‘yin boshoqlar.
Ketayotgan saflarga boqib
Shundan menda alam, qiynoqlar.
Bilamanki, o‘shal ma’voda
Bu kengliklar bo‘lmas, shubhasiz.
Shuning uchun menga dunyoda
Yashayotgan odamlar aziz.
AYOLGA MAKTUB
Usha kun, albatta,
Yodingizdadir.
Burchakka qisilib
Ojiz turganim.
G’azabnok edingiz,
Va g‘oyat og‘ir —
So‘z bilan urdingiz
Betimga manim.
Dedingiz:
Bas, yetar,
Ajramoq kerak.
Betartib umrimdan
Toqatingiz toq.
Izlamoq bo‘ldingiz
Oqilroq erkak.
Mening qismatim-chi,
Tubanlab ketmoq.
Men sizni sevardim,
Siz esa aslo.
Parvo qilmasdingiz,
Men edim bexol —
Shaddod bir suvoriy
Xaloyiq aro
Qamchilab choptirgan
Sho‘rlik ot misol.
Siz bilmas edingiz,
Bo‘ronda, axir,
Meni o‘z bag‘riga
Tortganin girdob.
Qayon eltmoqdadir
Bizlarni taqdir,
Bilolmay chekardim
Achchiq iztirob.
Yuzni ko‘rmoq qiyin
Boqib yaqindan,
Har narsa yiroqdan
Ko‘rinar ayon.
Dengiz harakatta
Kelsa to‘lqindan,
Bilingki, kemaning
Axvoli yomon.
Yer katta kemadir,
Kimdir nogaxon
Yangi hayot uchun,
Yangi shon uchun
Bu ulkan kemani
Dahshatli bo‘ron,
To‘lqinlar qo‘yniga
Yo‘lladi bugun.
Kema chaykalarkan
Notinch dengizda
Boshi aylanmagan,
Yiqilmagan kim?
Juda kam,
Juda kam,
Bundaylar bizda,
Ularning idroki
Qalbiga hokim.
Shunda men
Xaloyiq shovqini aro
O’qchigan yuzlarga
Boqishdan toldim.
Shunda men, toqatsiz,
Kemaning qaro
Ostki xonasiga
Kirib yo‘qoldim.
Qahvaxona edi
Bu ostki xona.
Shu kundan qadahga
Egildi boshim.
Dunyoni unutdim
Tamom mastona,
May bo‘ldi hayotda
Yolg‘iz yo‘ldoshim.
Sevgilim!
Men uchun —
Qiynaldingiz ko‘p.
G’amgin ko‘zingizdan
Sezardim buni.
Axir men sharobga
Bosh bilan cho‘kib,
G’avg‘osiz o‘tmasdi
Biror-bir kunim.
Siz bilmas edingiz
Bo‘ronda, axir,
Meni o‘z bag‘riga
Tortganin girdob.
Qayon eltmoqdadir
Bizlarni taqdir,
Bilolmay chekardim
Achchiq iztirob.
Mana, yillar o‘tdi,
Ulg‘aydi yeshim.
Fikru hislarim ham
O’zgacha butun.
Bayram sharobidan
Ko‘tarmay boshim
Darg‘aga sharaf-shon
O’qiyman bugun.
Dilni erkalarkan
Nozik tuyg‘ular
Sizning tashvishingiz
Yodimga oldim.
Shoshaman siz tomon
Bermoqqa xabar:
Bir zamon kim edim,
Kim bo‘lib qoldim.
Sevgilim!
Quvonch-la qilurman bayon,
Men bir tik qoyadan
Yiqilmay qoldim.
Sho‘rolar yurtimda
Endi bu zamon
Men ashaddiy hamroh.
Nomini oldim.
Men tamom boshqaman,
Yor bo‘lsam bugun
Sizni qiynamasdim
Balki u qadar.
Shonli mehnat uchun,
Erk va baxt uchun
Borishga tayyorman
La-Manshga qadar.
Siz meni kechiring,
Siz endi boshqa.
Bugun sizga oqil,
Jiddiy er hamdam.
Bizning tashvishlarni
Urmaysiz boshga,
Zarra kerakmasman
Sizga o‘zim ham.
Mayli, yashang yangi
Yorning oldida,
Baxtli bo‘ling, shudir
Tilagim mening.
Sizga salom bilan,
Sizni yodida
Doim saqlaguvchi
Sergey Yesenin.
ONAMDAN MAKTUB
Endi ne ham o‘ylab
Topadir xayol,
Javobni o‘ylayman
Chakkamni tutib.
Stolim ustida
Yotar xafahol
Onaginam menga
Yo‘llagan maktub.
"Ko‘zimiz to‘rt bo‘ldi,
Bolam, kelaqol.
Yaxshiydi bayramga
Kelsang, har qalay.
Otangga ishtonlik,
Menga jun ro‘mol
Olakel, bizlarda
Kamchilik talay.
Menga sira yoqmas
Shoirliging ham,
Janjalkashlik bilan
Topgan shuhrating.
Undan ko‘ra omoch
Haydasang, bolam,
Obro‘ keltirardi
Halol mehnating.
Men ham qarib qoldim,
Hech yo‘q darmonim.
Oh, sen bo‘lsang eding
Mening yonimda.
Kelinlik bo‘lardim,
So‘nggi armonim —
Nabira suyardim
Asrab jonimda.
Sen bola-chaqalik
Bo‘lmading, daydi.
Yuragingni berding
O’zgaga oson.
Oilang bo‘lsaydi,
Do‘sting bo‘lsaydi,
Senga mayxonalar
Bo‘lmasdi makon.
Jonim bolaginam,
Ne bo‘ldi senga?
Mo‘min-qobil eding
Bir vaqt naqadar.
El-yurt havas bilan
Aytardi menga:
Aleksandr Yesenin —
Baxtiyor padar.
Afsus, niyatimiz
Bo‘lmadi hosil.
Barbod bo‘ldi so‘nggi
Umidimiz ham.
Otang o‘ylar edi —
She’r yozib qoyil,
Bir dunyo pul topib
Keladi bolam.
Ammo sendan bir so‘m
Kelmas, bolajon.
O’kinchlarimizning
Bosh sababi shul.
Xomtama bo‘libmiz,
Holingdan ayon:
To‘lamas ekanlar
She’r yozganga mo‘l.
Menga sira yoqmas
Shoirliging ham,
Janjalkashlik bilan
Topgan shuhrating.
Undan ko‘ra omoch
Haydasang, bolam,
Obro‘ keltirardi
Halol mehnating.
Endi bo‘lsa bizni
Ezdi g‘am, alam.
Ot yo‘q,
Pul yo‘q, borib
Olsak naqd so‘mga.
Uyda bo‘lsang eding,
U zehning bilan
Rais bo‘lar eding
Volijroqo‘mga.
Boshqacha bo‘lardi
Bizning tiriklik,
Sarson yurmas eding
Sen ham yiroqda.
Xotining yonimda
Urchuq yigirib,
Sen birga qararding
Qarigan chog‘da..."
Xatni g‘ijimlayman,
So‘z aytmoq qiyin,
Oh, bormi girdobdan
Chiqmoqqa imkon.
Yurak so‘zlarimni
Aytaman keyin,
Javob maktubimda
Qilaman bayon.
ERON TARONALARI
***
Dog`lar ketmish majruh ko`ngildan,
Mast vasvasa qo`zg`amas tug`yon.
Men dardimga Tehron gulidan
Choyxonada topoldim darmon.
Choyxonachi — barvasta, o`ktam,
Qoyil qolsin rus, deb, choyimga,
O`tkir aroq, may o`rniga ham
Achchi`-achchiq, choy tutar menga.
Qo`y, mezbonim, ammo had bilan,
Bog`ing aro turfa gullar bor.
Oqshom menga niqob ostidan
Ohu ko`zin suzdi gulruxsor.
Rossiyada gulday qizlarni
Tutqunlikda saqlamas erlar.
Sarmast etar busa bizlarni
Bexanjaru, bemakru bezar.
Bu tong yuzli dildor qoshimda
Bir bor xirom etsa noz bilan,
Shohi ro`mol solgum boshiga,
Yo`llariga sheroziy gilam.
Mezbon, choy quy menga lolagun,
Shoir senga so`ylamas yolg`on.
Ehtiyot bo`l o`zingga bukun,
So`ngra mendan qilmagin gumon.
Eshikka ko`p qarayberma san,
Gul bog`ingga baribir yo`l bor.
Oqshom menga niqob ostidan
Ohu ko`zin suzdi gulruxsor.
***
Bukun dedim sarrofga atay,
Alisharkan so`mni tumanga:
«O`rgat, go`zal La’limga aytay,
O`rgat, sevdim, demoqni manga».
Ul sarrofga dedim bukun man
Yeldan sokin, jilg`alardan tinch:
«O`rgat menga, go`zal La’limdan
Fors tilida surayin o`pich».
Yana dedim sarrofga atay
Hayajonim dilda berkitib,
O`rgat, go`zal La’limga aytay,
O`rgat, aytay «menikisan», deb.
Shunda menga dedi u, evoh —
Ishq vasfiga topilmas so`zlar.
Sevaman, der dildan chiqqan oh,
Yoqut kabi yonguvchi ko`zlar.
So`rma mendan bo`saning ismin,
Nomi yo`qdir senga aytmoqqa.
U keltirib atirgul isin,
Gulbarg bo`lib qo`nar dudoqqa.
Sevgi dilga bermas kafolat,
Sevgi baxtga, yo dardga yo`llar.
Menikisan deyolur faqat
Yuzdan niqob ko`targan qo`llar.
***
Shahinam, o, mening Shahinam,
Bilsang, shimol Vatandir menga.
Dalalardan so`ylaymi senga,
Oy nur sepgan boshoqlardan ham,
Shahinam, o, mening Shahinam.
Bilsang, shimol Vatandir menga,
Unda oy ham yuz bora ulkan.
Sheroz qancha bo`lmasin ko`rkam,
Aziz o`lka Ryazandir menga,
Bilsang, shimol Vatandir menga.
Dalalardan so`ylaymi senga?
Sochim olmish bug`doyidan rang,
Barmog`ingga o`ra xohlasang,
Zarra og`riq sezilmas menga,
Dalalardan so`ylaymi senga?
Oy nur sepgan bosho`lardan ham
Oltin sochim so`ylasin, dildor.
Kul, o`yna-yu, dalamdan zinhor
Gapirmagin menga, jonginam,
Oy nur sepgan boshoqlardan ham.
Shahinam, o, mening Shahinam,
Shimol yoqda bir nozanin bor,
Senga o`xshar, g`oyatda dildor,
Balki meni o`ylar ul sanam...
Shahinam, o, mening Shahinam.
***
Deding: Sa’diy doimo yorning
Siynasidan olarkan bo`sa.
Xudo haqqi, shoshma, dildorim,
Qochmas axir o`rganish bo`lsa.
Qur’onda bor, deding, azaldan
«Alqasosul minalhaq», tamom.
Men tug`ilgan bo`lsam Ryazanda,
Qaydan tanish bo`lsin bu kalom.
Sen kuylading: «Firot ortida
Gullar borki qizlardan go`zal!»
Boy bo`lsaydim qo`shiq bobida,
To`qir edim boshqa bir g`azal.
Gar qizlardan bo`lsa ziyoda,
Men gullarni qirqardim butkul,
To ko`rmayin yorug` dunyoda
Shahinamdan suluvroq bir gul.
O`git bilan qiynama endi,
O`gitlaring menga ne darkor?!
Shoir bo`lib dunyoga keldim,
Shoir kabi o`paman, dildor.
***
Za’far yurtga nur to`kar oqshom,
Bog`da gullar javlon urgan payt.
Kel, jonginam, qo`shiq ayt, Xayyom —
Kuylab o`tgan qo`shiqlardan ayt,
Bog`da gullar javlon urgan payt.
Oy nuriga g`arq bo`lgan Sheroz,
Parvonadek uchar yulduzlar.
Menga yoqmas, o`tinaman, rost,
Niqob tutsa dilrabo yuzlar,
Oy nuriga ko`milgan Sheroz.
Qizlar yuzin saqlar niqobda,
Issiqdanmi bo`lib asramoq,
Yo kuymasin derlar oftobda
Sevsin uchun yigitlar ko`proq —
Qizlar yuzin saqlar niqobda.
Niqob bilan do`st bo`lma, gulro`,
Yoz so`zimni yoding lavhiga,
Umr o`zi g`oyat qisqa-ku,
To`ymoq qiyin tole shavqiga,
Yoz so`zimni yoding lavhiga.
Qismatlarda ne qaroliq bor,
Qolmas bir zum baxsh etsang rohat.
Gunoh bo`lur shu sabab, dildor,
Bu dunyoda yashirsang tal’at,
Bergach uni ona tabiat.
Bog`da gullar tebranar oqshom,
Yuragimda o`zga bir diyor.
O`zim senga qo`shi` aytay, yor!
Bu qo`shiqni bilmagan Xayyom.
Bog`da gullar tebranar oqshom...
***
Havo toza, musaffo, zangor,
Gulzor bo`ldi menga saylgoh.
Ufqlarga yo`l olgan sayyoh,
Yetolmaysan manzilga zinhor,
Havo toza, musaffo, zangor.
Dalalardan o`tasan tanho,
Bog`lar senga ochadi quchoq.
Sen-chi, bo`lib gulga maxliyo,
Tikanlarga bosmagin oyoq,
Dalalardan o`tganda tanho.
Shitirlar, yo`q, shivirlar barglar,
Nafis, go`yo Sa’diy g`azali.
Ko`zlaringga ko`kning go`zali —
Oltin oydan yoriladi zar.
Nafis go`yo Sa’diy g`azali.
Dil qo`shig`in bastalar pari,
Nay sasidek mayin, dilrabo.
Og`ushiga olsa ul barno,
Ketar dildan g`am, hijron nari,
Nay kuylaydi mayin, dilrabo.
Mana, uzoq kezib piyoda
Charchaganning ezgu matlabi:
Esar salqin, xushbuy shabboda,
Shimiradi qaqragan labim,
Esar salqin, xushbuy shabboda.
***
Oy yuzida tillarang jilo,
Sambitguldan taralar xush bo`y,
Kezmoq, na soz, quvnoq va xushbo`y
Moviy o`lka sukuti aro.
Yiroqlarda Bag`dod. Bir zamon
Shahrizoda yashagan diyor.
Ul sanamga endi ne darkor,
Xazon bo`lmish jannat guliston.
Ul sharpalar singmishdir yerga,
Dev, parilar bo`lmishdir tuproq,
Bosh egma, ey sayyoh, qabrga,
Arvohlarga solmagin quloq.
Atrofga boq, qanchalar barqut!
Dudog`ingni tortar chechaklar.
Dushmanga ham do`stlik qo`lin tut,
Yorug` bo`lsin ko`nglim, desang gar.
O`yna, sendan ne qolur o`lsang,
Visol aylab ishq boliga to`y,
O`liklarga sig`inmoq bo`lsang,
Tiriklarni o`z holiga qo`y.
Shunday degan Shahrizoda ham,
Barglar aytar yana bir bora.
Bu dunyoda armonsiz odam
Bechoralar ichra bechora.
***
Xurosonda bir darboza bor,
Ostonasi gulga ko`milgan.
Unda yashar bir pari ruxsor,
Xurosonda bir darboza bor,
Hayhot, uni ocholmadim man.
Qo`llarimda kuch ham yetarli,
Sochlarimdan oltin rang olgan.
Asir etdi meni ul pari,
Qo`lda garchi kuchim yetarli,
Ul eshikni ocholmadim man.
Mardligim ne ishq maydonida,
Ayting, kimga qilay sharhi g`am,
Sevmas bo`lsa Shahi jonidan,
Ul eshikni ocholmas bo`lsam,
Mardligim ne ishq maydonida?!
Yana tushdi Rus sari yo`lim,
Eron, sendan ketgummi hali?
Nahot, seni boz ko`rmas bo`ldim
Ona yurtga mehrim tufayli?
Yana tushdi Rus sari yo`lim.
Xayr endi, xayr, parizod!
Darbozangni ocholmasam-da,
Shiring g`aming birla umrbod
Kuylab o`tay seni o`lkamda.
Xayr endi, xayr, parizod!
^
***
Firdavsiyning moviy diyori,
Ko`pni ko`rgan, ey ko`hna diyor!
O`ychan nigoh, ko`zi zangori
O`rusingni unutma zinhor!
Firdavsiyning moviy diyori.
Ajoyibsan, go`zalsan, Eron,
Bog`laringda lolayu nargiz,
Ular menga olis, bepoyon
Bir o`lkani eslatar har kez.
Ajoyibsan, go`zalsan, Eron.
Sipqorurman eng so`nggi bora
Sharob yanglig` mushkin buyingni,
Jonim Shahi, dilbar kuyingni
Ayrilarkan sendan, ne chora,
Tinglagayman eng sunggi bora!
Kuying mangu qalbimda qolar,
Seni aslo unutmam, jonon!
Tog`lar oshib, kezib sahrolar,
Sen haqingda kuylayman doston,
Kuying mangu qalbimda qolar.
G`amlaringdan qo`rqmasman sira,
Faqat meni saqla yodingda,
Rus haqida bir kuy qoldiray,
Meni esla kuylar oningda,
Qo`shiq, bo`lib yashay yoningda.
***
Shoir bo`lmoq — bu-ku tayin gap —
O`z joningni o`rtamoq, faqat.
Xanjar urib nozik taningga,
O`zgalarga baxsh etmoq lazzat.
Shoir bo`lish — borliqni kuylash,
Senga ko`proq, bo`lsin deb oshkor.
Bulbul ko`ngli bularmi hech g`ash,
Qilar ekan bir kuyni takror?!
O`zgalarning ovozi bilan
To`tiqush ham biyrondir, ammo
Kuyla faqat o`z sozing bilan
Qurbaqadek bo`lsa ham hatto.
Qur’onda man’ etmish Muhammad
Lab urma deb hatto sharobga,
Shoir ichar shuning-chun ham may,
Tashlar ekan o`zni azobga.
Shoir kelib yori oldiga
Yot qo`ynida ko`rsa uni gar,
O`t solsa-da alam qalbiga,
Qiz ko`ksiga urmaydi xanjar, —
Rashkda yonib, ko`nglida tug`yon,
Mungli kuylab tashlaydi qadam:
«Mayli, o`lay xoru sargardon,
Taqdirimda bor ekan bu ham».
***
Bir juft oqqush jonon qo`llari
Sho`ng`ir oltin sochlarim aro.
Bu dunyoda odamlar bari
Ishqni kuylar takror va takror.
Kuylaganman men ham bir mahal,
Bukun yana takrorlar ko`ngil.
Otash so`zim boisi o`shal,
Nafis she’rim sababi ham ul.
Jon-joningga singsa muhabbat,
Qalb ko`ksingda oltin tosh bo`lur,
Baxsh etolmay kuyga harorat,
Tehron uzra oy ham fosh bo`lur.
Qanday yashay endi, bilmayman,
Yo Shahi-la kechsin tunlarim.
Qariganda yo qilay armon
Ishqni kuylab o`tgan kunlarim.
Har kimda bir o`zgacha e’zoz,
Har kimda bir o`zgacha xavas.
Gar eroniy kuylolmasa soz,
Bilingki, u sherozlik emas.
Men hakimda ayting, kimki bu
Kuyim tinglab meni so`rsa gar,
U bundan ham soz kuylardi-yu,
Xarob qildi o`shal oqqushlar.
***
Nechun ma’yus taratar ziyo
Oy Xuroson chamanlariga?
Rus bag`rida kezaman go`yo
Cho`mib oqshomm tumanlariga.
Shunday deya, ey go`za La’lim,
Shamshodlardan so`radim savol.
Bu sir bizga emasdir ma’lum,
Degan kabi boqdi ular lol.
«Ne uchun oy ma’yus sochar nur?»
Chechaklarni tutdim so`roqqa:
Ular dedi: guldan so`rab ko`r
Sahar payti kirganda boqqa.
Gul tebratdi asta shoxini,
Tilga kirib so`yladi gulbarg:
«Uzga bilan bo`ldi Shahina,
O’pdi bu kech ag`yorni dilbar».
Dedi yoring:«Qaydan bilar rus,
Qo`shiq, unga ham tanu ham jon».
Shuning uchun oy boqar ma’yus,
Shuning uchun yuzida yo`q qon.
Ne jafolar ko`rmadi olam,
Xiyonatu ko`z yoshdan xunlar.
Lekin, mayli, har na bo`lsa ham,
Mo’tabardir nafarmon tunlar.
***
Talpinma ko`p, devona ko`ngil,
Barchamizdan yuz o`girmish baxt.
Shafqat tilar gadolar faqat...
Talpinma ko`p, devona ko`ngil.
Fusunkor oy kiyib zar libos,
Shu’la to`kar kashtanlar uzra.
Qo`yib La’lim siynasiga bosh,
Niqobini tortaman yuzga.
Talpinma ko`p, devona ko`ngil.
Biz barchamiz go`dakmiz bir oz,
Goh, ko`zda yosh, goh labda kulgu.
Bo`lmish ushbu dunyoda meros
Odamlarga shodlik va qayg`u,
Talpinma ko`p, devona ko`ngil.
Ko`rganman ko`p elatlarni men,
Tole izlab kezganman jahon.
Yuragimning ezgu istagin
Endi ortiq qidirmam sarson,
Talpinma ko`p, devona ko`ngil.
Umidim bor hayotdan hali,
Tugamagan ko`nglimda bardosh,
Kel, bir nafas orom ol, qalbim,
Uxla, qo`yib yor ko`ksiga bosh,
Umidim bor hayotdan hali.
Zora taqdir boshimiz silab,
Saodatga yor etsa bizni,
Tole bulbul ovozi bilan
Allalasa pok sevgimizni,
Talpinma ko`p, devona ko`ngil.
***
Endi qaytmam uyimga
Men elkezar devona.
Ko`z tikibdir yo`limga
Ko`m-ko`k o`tloq yagona.
Unda meni sog`ingan
Faqatgina qichitqon,
Boshi quyi solingan
Chuchmo`mai nafarmon.
Oy tepamda yuksakdir,
Shapka otsam yetmaydi.
Qo`shiq asli yurakdir,
Tug`iladi — yitmaydi.
Uyga umr so`ngida
Biz qaytamiz turfahol,
Vujud titroq, qo`ynida,
Yarim murda, yarim shol.
Sening uchun, ey odam,
Ko`hna maqol aytadi:
«Ular chog`i itlar ham
Uz uyiga qaytadi».
Kel, Djim, uzat panjangni menga,
Momiq panjang bunchalar mayin.
Men ham bu kech qo`shilib senga
Oyga boqib nola qilayin,
Kel, Djim, uzat panjangni menga.
Faqat, do`stim, ko`p erkalanma,
Holatimni tushungin, axir.
Sen bilmaysan, yashamoq nima,
Bu hayotning ma’nosi nadir.
Ho`jayining mashhur va hotam,
Ko`p yo`qlashar do`stu yoronlar.
Ulug` mezbon ko`ngli uchun ham
Siylashadi seni mehmonlar.
It holingga g`oyat suluvsan,
Odamdan hech ketmaysan nari.
Surmay-netmay o`pmoq bo`lursan
Kayfi oshgan do`stlar singari.
Mehmonlaring ko`p juda, sonsiz,
Bir-biriga o`xshamas albat.
Mabodo bir o`ychan, ma’yus qiz
Shu tomonga o`tmadimi, ayt?
U albatta keladi bir kun,
Ostonangdan o`tganda dildor,
Mening bor-yo`q gunohim uchun
Qo`llarin o`p, yig`layu yolvor.
Bu dunyoda men bir yo`lovchi,
Shodon menga qo`l silki, erkam.
Xuddi shunday tinch, erkalovchi
Ziyo to`kar kuz fasli oy ham.
Isinarman oyning taftiga,
Ilk bor undan orom olar jon.
Allaqachon sungan sevgiga
Umid bog`lab yashayman hamon.
Bunga bois — shu makonimiz
Shu yer — oppoq, sho`r manglay turbat,
Qaylardadir toptalgan nomus,
Kimlardadir qadrdon g`urbat.
Yashirmayman, har kim ham bilar:
Boshqa-boshqa emas, jon singil,
Ikkimiz ham bir sevgi bilan
Shu vatanga qo`yganmiz ko`ngil.
***
Dalalar oq kiygan, oqargan oy ham,
Kafanga o`ralib yotibdi o`lkam.
O`rmonlarda yig`lar oq qayinlar jim,
Bu yerda kim o`lgan? Balki men o`zim?..
***
Shoir, tun qo`ynidan nima izlading,
Chiqdingmi oyga she’r bitmok o`yida!
Ko`pdan xira tortmish mening ko`zlarim
Muhabbat, kartayu sharob ko`yida.
Ko`k uzra suzadi sokin oymoma,
Shunchalar oydinki, tinadi nigoh.
Men toppon xotinga tikkandim, ammo
Sho`rimga tuz qarg`a chiqibdi, e voh!
***
Xayr endi, xayr, do`stginam,
Bag`rimdasan, ko`ngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham
Visoli bir oldinda hali.
Xayr, do`stim, so`zga ochma lab,
Qo`y, men uchun o`rtama bag`ir,
Bu hayotda o`lmoq-ku bor gan,
Yashamoq ham yangimas, axir!
Erkin Vohidov tarjimalari