Nodim Uchar 1945 yilda Turkiyaning Navshahariga qarashli Ko‘shektosh qishlog‘ida tug‘ildi.
U boshlang‘ich ta’limni qishlog‘ida, o‘rta ma’lumotni Hojibektosh shaharchasida egalladi. 1960-1963 yillarda Politsiya kollejida, 1964-1967 yillar mobaynida Anqara Politsiya akademiyasida tahsil oldi.
Nodim Uchar adabiyotga 1974 yilda nashr etilgan “Yolg‘iz” nomli ilk she’r kitobi kitobi bilan kirib keldi. Shundan so‘ng “Yomg‘ir bilan kelmoqdaman” (1991), “Yulduzlar tushar hovuchlarimga” (1992), “Ko‘z uchirgan yulduzlar” (1992), “Zamon kun yog‘dusida” (turk va ingliz tillarida, 1993), “Titroq suvlar” (turk va ingliz tillarida, 1993), “Yashil vodiylarda oqshom” (2000), “Ko‘nglimning irmoqlari” (2010) kabi she’riy to‘plamlari, “Ular nega muzlamadilar” (1992) nomli romani, “Kechaning burgutlari” (1992), “Bir kun 24 soat” (1995) kabi dramatik asarlari e’lon qilindi. Turkiyada uning asarlari ko‘p nusxada chop etiladi va sevib o‘qiladi.
TO‘RTLIKLAR
* * *
Hanuz yo‘lning yarmidir, ellikdan o‘tdi yoshim,
Sig‘madi dengizlarga, bulut bo‘ldi ko‘z yoshim.
Yolg‘izligim o‘rarkan hasratning devorini,
Boshi ko‘klarga tekkan tog‘lardir qabrtoshim.
* * *
Ko‘kdagi sariq yulduz qursharkan moviy oyni,
Kechaning motamida ortmoqda yolg‘izligim.
Senga yetishmoq uchun bu yolg‘onchi dunyoni
Ko‘ngil tarozusida tortmoqda yolg‘izligim.
* * *
Mendan shunday xabarsiz kechib ketmoq bo‘lmas, axir,
Yurakdagi ishq guli suvsiz qolsa so‘lmas, axir.
G‘amning chuqur qudug‘i uch-besh kunda to‘lmas, axir,
Qismat shudir dersan Sen, ko‘z yosh to‘kkan kulmas, axir.
* * *
Ochiq moviy dunyoda suv ichra menman suvsiz,
To‘kadirman dardimni tunlarga ora-chora.
Seni Seningsiz sevib yashayapman qo‘rquvsiz,
Gunohimni izlama, tug‘ildim baxtiqora.
* * *
Bahor fasli kelganda yashil tuproqlardaman,
Yoz issig‘i kelganda esgan shamollardaman.
Xazon fasli kelganda sariq yaproqlardaman,
Qish mavsumi kelganda yoqqan oppoq qordaman.
* * *
Sevgingni uzoq etma, ko‘ngil bog‘im so‘lmasin,
Eng baxtli onimizda ko‘zimga yosh to‘lmasin.
Ruhimning ko‘rfazida topingan bandargoh bo‘l,
Taqdir bo‘roni bizni har qaerda qo‘llasin.
* * *
Bu oqshom uyimizga chuqur bir huzun to‘ldi,
O‘tgan soniyalik vaqt go‘yoki asr bo‘ldi.
Olloh rahmat aylasin, xo‘b sobir banda edi,
Bir toshning soyasida – ishonchli joyda endi.
* * *
Shuncha yo‘lni qatladim, umidlarim bitmadi,
O‘sha ma’sum boqishing xayolimdan ketmadi.
Izlarkanman baxtni men ko‘ngildek zarra-zarra,
Qaytadan yetishmoqqa umrim vafo etmadi.
* * *
O‘z dardimdan ortiqroq boshqasiga yonarman,
Men har zarra qalbimda Ollohni yod etarman.
Ba’zan sovuq suv kabi muhabbatga qonarman,
Bir xato qilganimda uyatdan tosh qotarman.
* * *
Bir shamning olovidek qorong‘ulik ichidan
Mohtobning qanotida yuraman dengizlarga.
Elanarkan xotira zamonning suzgichidan,
Ko‘k gumbaz maskan bo‘lar ko‘rpasiz, uysizlarga.
* * *
Kech kuzning sukunati tog‘larni qoplar ekan,
Bormikan bu dunyoda maqsadi-la birlashgan?
Chechakning maftunidir uchi o‘tkir bir tikan,
Sening ham darding bormi oyog‘ingga ilashgan?
* * *
Titragan dudoqlaring rang olarkan gilosdan,
Shamolning sasi tindi, qor yog‘adi oz-ozdan.
Bu yolg‘onchi dunyoda ham yolg‘izman, ham yetim,
Sira vafo ko‘rmadim na bahordan, na yozdan.
* * *
Har ikki jahonda ham mehnat qilgan qozonar,
Tabiat ko‘klam chog‘i ol, yashilga bezanar.
Icharkan tong yulduzi kechaning qorasini,
Oq sochli ulug‘ tog‘lar samolarga uzanar.
* * *
Billur qadahlar kabi parchalansa-da qalbim,
Shamol bo‘lib, yel bo‘lib yana Senga borarman.
Huzun bulutlarida kechsa-da butun umrim,
Yomg‘ir bo‘lib, sel bo‘lib yana Senga borarman.
* * *
Hayotimning soyasi uzanmoqda tuproqqa,
Kuz quchgan umidlarim do‘ndi quruq yaproqqa.
Shox sindi, qushlar uchdi, parvoz qildi bu ko‘ngil,
Yozdi qanotlarini qo‘nmoq uchun yirokqa.
* * *
Ming bir qiyinchilikda ko‘nglim g‘ururin yengdi,
Tik turgan mag‘rur boshim egildi, yerga indi.
Butun yukim ustiga olamning yuki mindi,
Dardlarim ko‘payganda ichimga soyam singdi.
* * *
Ochib kirsang qalbimga, go‘shasida Sen borsan,
Ko‘zimdan yoqqan yomg‘ir, sochimga tushgan qorsan.
Necha yil o‘tgandan so‘ng men qadringni angladim,
Mening uchun eng go‘zal, eng vafoli dildorsan.
* * *
Tutilmagan qo‘llardan, so‘zlashmagan tillardan,
Bahor chog‘i sarg‘aygan ifori yo‘q gullardan –
(Sen bilan umr bo‘yi baxtni totgan ekanman) –
Tangrim, bizni asrasin sevgisiz ko‘ngillardan.
* * *
Ketsam gar uzoqlarga olib g‘arib boshimni,
O‘sha damda to‘karman yurakka ko‘z yoshimni.
Bahorning yomg‘irlari tusharkan yaylovlarga,
Tog‘larning cho‘qqisiga qo‘ying qabrtoshimni.
* * *
Shamolning qanotida bulutlar qor chechagi,
Quyoshning qo‘llarida ufq anor chechagi.
Ufq qizilligiga qadalarkan ko‘zlarim,
Titrab turgan qo‘limda bir dasta yor chechagi.
* * *
Kechalar bo‘lisharkan fursatni kunduz bilan,
Faqat tin olmoq emas, uyqudir Sening ishing.
Kezgan har makonimda biror iz paydo Sendan,
Ketishing ayriliqdir, quvonchimdir kelishing.
* * *
Shamolning makoni tog‘ning boshidir,
Bulutlar tog‘larning hilol qoshidir.
Visolga yetishda xudbinlik nega?
Ayriliq do‘stlikning sinov toshidir.
* * *
Poezd sasi keladi so‘l ko‘ksimning boshidan,
Ko‘l bo‘ldi kulgichlarim ko‘zlarimning yoshidan.
Bir kuni g‘olib chiqsam odamiylik jangida,
O‘qirsiz hikoyatim mozorimning toshidan.
* * *
Sening bu hasratingdan olovlanar, yonar ko‘nglim,
Berkilar visol yo‘li, uzoq vaqt qonar ko‘nglim,
So‘ngsizlik makonida qush bo‘lar, qanot qoqar,
Bir bo‘salik lahzada manzilga qo‘nar ko‘nglim.
* * *
Qish qo‘llarin tortarkan ko‘klamoyning boshidan,
Ko‘chaning sasi kelar yo‘lkalarning toshidan.
Ko‘kdagi sariq yulduz uyg‘onganda tushidan,
Tuproqning yuzi kular bulutlarning yoshidan.
* * *
Tuyg‘ularim Sen bilan, xayolimda Sen borsan,
Sohilda sentyabrni sekin-asta icharman.
Mavsumlar orasida Sen hamisha bahorsan,
Bahorning shamoliga aldanarman, ucharman.
* * *
Oy suzilib borarkan bulutlar orasidan,
Yulduzlar xabar berar turnalarning ko‘chidan.
Yasminning xush ifori chirmoviqni qursharkan,
Tomar shabnam tomchisi oppoq gulning sochidan.
* * *
Sarg‘aygan yaproqlarda xazonning soyasi bor,
Ishq tomon ketgan yo‘lda kechadan qolgan tuzoq.
Chechak ochgan g‘unchada bulbullar azasi bor,
Sen boqqan ko‘zgu orti g‘ij-g‘ij sir. Bilgum qandoq?
* * *
Men baxtga atarkanman umrimning so‘ng damini,
Sovurdim yulduzlarga ko‘zlarimning namini.
Visolga yetmoq uchun oy yog‘dusi ostida
Xuzzam*dan qo‘shiq qildim kechaning motamini.
* * *
Yoz quyoshi ostida meni hasrat qovurdi,
Esgan zaif qora yel kullarimni sovurdi.
Aslida, bu dunyoda muhabbat bir saltanat,
Yaralangan yillarim yuragimga in qurdi.
* * *
Sen otashning cho‘g‘isan yuragimda so‘nmagan,
Jayronlar kezgan o‘sha buloqlarning ko‘zisan.
Bahorning sabohida men rangiga to‘ymagan,
Ufqlardan yuksalgan kunning oydin yuzisan.
* * *
Kechaning qandillari to‘kilar boshimizdan,
Najotning mash’alasi dilda yongan havasdir.
Bir siniq o‘rindiqda yuzma-yuzman Sen bilan,
Meni Senga bog‘lagan mehr to‘la bir sasdir.
* * *
Sevgimning badalini Sen qachon bilajaksan?
Chuqur dengiz kabidir tuyg‘umning turg‘unligi.
Qish, bahor, yoz ham bitdi, qishdami kelajaksan?
Yuzimdagi ajinlar yillarning horg‘inligi.
* * *
Har kun oshiq bo‘larman boqqanimda ko‘zingga,
Ma’no qo‘shar kulishing shirin, latif so‘zingga.
Umidlarim Sen bilan, tuyg‘ularim Sengadir,
Dunyoni bersalar-da, alishmam hech izingga.
* * *
Mening horg‘in yuragim tog‘dagi bir hovuch qor,
Inar ba’zan vodiyga, bo‘lar shoxdan tushgan nor.
Yolg‘izlikdan tashqari qo‘rqmadim hech narsadan,
Boshimda g‘am shamoli, ichimda telba dard bor.
* * *
Urushning holatida dag‘allashgan tuyg‘ular –
Shamollar yirtgan o‘sha yaproqlarning o‘lishi.
O‘chmas iz qoldiradi har insonning qalbida
O‘qqa uchgan go‘dakning ma’sumona kulishi.
* * *
Bulutlardan anglarsan yomg‘irning kelganini,
Ko‘radirsan yulduzlar osmonni tilganini.
Suvsiz tuproq hirs ila yutarkan yomg‘irlarni,
Tomosha qil daraxtning ko‘kka yuksalganini.
* * *
Xotirangni qalbimning eng tubiga ko‘mganman,
Muhabbating o‘tida yonib-yonib so‘nganman.
Borim Senda yashirin, yo‘qligim Sendan nari,
Bahorda xazonlarning yaprog‘iga do‘nganman.
* * *
Necha yilki, kul bo‘lgan qalbimdagi otashni
Oy yog‘dusi ostida yoqmoqqa kim keladi?
Ruhimda saqlagan ilk sevgimning quyoshiga,
Aytgin, Sening nomingdan boqmoqqa kim keladi?
* * *
Hanuz quloqlarimda Sen so‘ylagan yolg‘onlar,
Men Seni yuragimdan sevgandim bir zamonlar.
Bir ummon ichra meni tomchiga muhtoj etding,
Bo‘ronlarda yiqildi men topingan makonlar.
* * *
Meni yo‘lning so‘ngida telba etding, toq etding,
O‘zing salqin suvdasan, meni-chi, o‘tda yoqding.
Yangi to‘lgan oy kabi qarshimdan chiqding mudom,
Tong yulduzi misoli kelding, qalbimda oqding.
* * *
Sharros quygan yomg‘irda ko‘zlaring sarxush boqar,
Tuproqdan sizgan suvlar soy tomon horg‘in oqar.
Soyning chechaklarini sochiga taqar dengiz,
Dengizning nigohlari qalbimni tinmay yoqar.
* * *
Sensiz kechgan yillarga qayrilib boqmasman hech,
Gul to‘kkan yuragimni Seningsiz yoqmasman hech.
Sevgimiz ertak emas, ayni bir haqiqatdir,
Bahor seli misoli bekorga oqmasman hech.
* * *
Oshmoq uchun tog‘larni umrim juda oz qoldi,
Bir yonimni kun urdi, bir yonimni yel oldi.
Yetti iqlim, to‘rt mavsum aylanarkan samoda,
Daydi ko‘nglim umidga chulg‘anib nurga to‘ldi.
Turk tilidan Alisher Tursunov tarjimalari