OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Takarai Kikaku (1661-1707)

Oyning porloq shu’lasi!
Qarag‘ayning soyasi
Tushib turar chiltorga.

* * *

Yo‘lda yo‘lovchi gado!
Yozda bor-yo‘q libosi —
Uzoq osmon, qattiq yer!


* * *

Tong chog‘i onajonim
kirib keldi tushimga...
Quvib yuborma uni
sayrog‘ing bilan, kakku!

* * *

Sening baliqlaring naqadar totli!
Biroq sen ularni, keksa baliqchi,
Totib ko‘ra olsayding o‘zing.

* * *

Naqadar achchiq faryod!
Mushuk qo‘liga tushgan
Qushning onasi yig‘lar.

* * *

Qahraton qish.
Keng sahroda qo‘riqchi —
Qarg‘alarga qo‘nalg‘a.

* * *

Vaqt qishga boj to‘ladi
Va tinchib qoldi birdan
Saratonda dengizday.

* * *

Ivib qolgan qaldirg‘och!
Oshyoningga kirganday
Shamsiyaga kirib ol.

* * *

To‘lin oy nuri!
Qarag‘ayning soyasi
bo‘yraga tushdi.

* * *

Pashshalarning yengil galasi
Baland uchar — yuzguvchi ko‘prik
Mening orzularim uchun.

* * *

Oy gardishi tuman ichinda...
Ikki soqqa yaltirar butalar aro:
Ko‘zoynagi xira Boyqushning.

* * *

Tong yulduzi!
Olchazorda tinchlik yo‘q.
Tog‘ boshida bulutlar.

* * *

Basyo xotirasiga
Mana, o‘n yil o‘tib ketdi,
Kechagina vafot etganday go‘yo...
Majnuntollar xomushdir!

Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi

* * *

Gado yo‘lda!
Bor-yo‘q engil-boshi –
Osmonu zamin.

* * *

Tushlarimga kirmoqda edi
Xo‘rozlaru... qichqiriqlari,
Nechun haydab yubordingiz, ona?

Rus tilidan Abdu Nabi tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.