Bosqinchilar o‘lkani qonga belab, o‘z xohish va rejalariga monand tarzda yangi shahar va qasabalarni, temir yo‘llar va sanoat korxonalarini qurib, o‘lkada mustahkam o‘rnashib oldilar. Yuz minglab odamlarini ko‘chirtirib kelib, serunum va obod yerlarni egalladilar. Oltin, gaz, ko‘mir va boshqa xilma-xil tabiiy boyliklarni o‘zlashtirib turdilar. Ayni mahalda o‘zbeklar Rossiyada yuzaga kelgan urushlarning girdobiga ham tortildilar. Xususan, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari shular jumlasidandir.
XX asr ibtidosida nufuzli davlatlar o‘rtasida dunyoni qaytadan taqsimlab, egalik qilish maqsadida boshlangan o‘zaro kurash oxir-oqibatda 1914-17 yillarda keng quloch yoygan Birinchi jahon urushiga olib kelgandi. Unda 1,5 milliard aholini qamrab olgan 38 davlat qatnashdi. Ular bir-biriga dushman ikki guruhdan tashkil topgandi: bir tomonda Angliya, Fransiya va Rossiya, ikkinchi tomonda esa Olmoniya, Avstriya va Vengriya boshchiliklarida tuzilgan harbiy ittifoqlar.
Dastavval Yevropada alanga olgan urush so‘ngroq Uzoq va Yaqin Sharq, Afrika, Atlantika, Tinch va Hind ummonlari bo‘ylab tarqaldi. Urush harakatlarida 1914 yili 480 diviziya qatnashgan bo‘lsa, 1917 yilda u 889taga yetdi. Jang maydonlarida 10 milyon kishi halok bo‘ldi, 20 milyon kishi dunyodan ko‘z yumdi. Chor hukumati urushda ketma-ket mag‘lubiyatga uchrab, o‘n minglab askarlari o‘ldirildi va yarador qilindi. Urushning aks sadosi Turkiston o‘lkasini ham qamrab, og‘ir siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada keskinlashtirib yubordi. Chor hukumati urush bahonasida mustamlakachilik siyosati va milliy zulmga zo‘r berdi. Xususan, o‘lkadan frontga yordam tariqasida 41 milyon pud paxta, 3 milyon pud paxta yog‘i, 200 milyon pud sovun, 70 ming bosh ot, 1279 bosh tuya, 300 ming pud go‘sht, 474 ming pud baliq, 270 arava, 1344 o‘tov, ko‘p miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari, quruq mevalar Rossiyaga olib ketildi. Birgina 1915 yilda faqat Sirdaryo va Yettisuv viloyatlaridan bir milyon bosh qo‘y jo‘natildi. Oqibatda o‘lkaning o‘zida oziq-ovqat, kiyim-kechak, gazlama va qurilish uskunalarining narxi juda oshib ketdi. Masalan, gazlamalar narxi 300-400, kiyim-kechaklar 200-300 foizga ko‘tarildi. Farg‘ona vodiysida ilgari 15 so‘m turadigan otning narxi 100-200, 5 so‘mdan oshmaydigan qo‘yning narxi 30-35 so‘mga chiqdi. Turli soliq va yig‘inlarning hajmi ham ko‘tarilib, mehnatkash ommaning ahvoli nihoyatda og‘irlashdi. Bir pud paxta tolasiga 2 so‘m 50 tiyin qo‘shimcha soliq olish joriy qilindi. 1915 yil yanvaridan boshlab aholiga (harbiy xizmatni o‘tamaganliklari evaziga) daromadlardan qo‘shimcha 21 foiz soliq solindi. Chor hukumati asirga tushgan 150 ming kishini Turkistonga ko‘chirishi ham iqtisodiy hayotning og‘irlashishiga olib keldi. Oqibatda oziq-ovqat yetishmovchiligi orqasida o‘zbeklarning tortayotgan azobiga azob qo‘shildi. Boltiqbo‘yi, Polsha va boshqa joylardan ko‘chirilgan 70.000 kishi ham Turkistonga joylashtirildi. Ko‘chirib keltirilganlar olmonlar, avstriyaliklar, vengerlar, polyaklar, chexlar, latishlar, slovaklar va boshqa millatlardan tashkil topgan edi. Har tomonlama talangan tub aholi qulog‘igacha qarzga botib, xonavayron bo‘ldi. 1916 yilgi ma’lumotga ko‘ra, dehqonlarning bo‘ynidagi qarzi o‘z zamonasi uchun juda katta mablag‘ — 156,7 milyon so‘mni tashkil etgan. O‘lkadagi qashshoqlikni va uning oqibatlarini shoir Zavqiy shunday tasvirlaydi:
Qahatchilik bo‘ldi, bu Farg‘onamizda
Topilmas parcha non vayronamizda.
O‘lim xavfi o‘rab qishloqlarni,
Na qishloqu jiboz ovloqlarni.
Qirildi qancha odamlar vabodan,
Nishona qolmadi mehru vafodan.
Mana shunday chidab bo‘lmas sharoitda 1916 yil 25 iyunda imperator Nikolay IIning imzosi bilan “Imperiyadagi rus bo‘lmagan erkaklarni harakatdagi qo‘shin hududidagi mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yo‘llarini qurish ishlariga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan har qanday yumushlariga jalb qilish haqidagi” farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra Turkiston general-gubernatorligidagi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklar Rossiyaga jo‘natilishi kerak edi. Bu farmon tub aholi orasida “mardikorlikka olish” iborasi bilan keng tarqaldi. Aslida u “ishchi bataloni” ma’nosini bildirardi. Safarbar etiladigan odamlarning soni esa quyidagicha belgilandi:
Farg‘ona viloyatidan — 51.233 kishi; Sirdaryo viloyatidan — 60.000 kishi; Samarqand viloyatidan — 32.407 kishi; Yettisuv viloyatidan — 43.000 kishi; Kaspiy viloyatidan — 13.830 kishi. Hammasi — 200.470 kishi.
Minglab ishga yaroqli kishilarning olib ketilishi ko‘p oilalarning boquvchisiz qolishlariga olib keldi. Bir umr chetga chiqmagan odamlarning uzoq va sovuq joylarga yuborilishi mahalliy xalq uchun g‘ayritabiiy bir hol, dahshatli fojea edi. Hatto, hukumat mardikorlik noqobil kishilarni to‘g‘ri jang maydoniga olib ketadi, degan so‘zlar xalqni yanada qattiqroq tashvishga soldi. Bulardan tashqari safarbar etish — hosilni, xususan paxtani terib olish vaqtiga to‘g‘ri keldi. Shu bois uni amalga oshirish dehqonlarni daromaddan tamomila mahrum qildi. Ular esa mana shu paxta hisobiga bank va sudxo‘rlardan olgan qarzlarini uzishga umid bog‘lagan edilar.
O‘n minglab kishilarni to‘plash va jo‘natishga mutlaqo tayyorgarlik ko‘rilmay, farmon to‘satdan paydo bo‘ldi. Xalqning uzoq joylarga borishi uchun moddiy imkoniyat mutlaqo yo‘q edi. Buni keyinchalik Rossiya Harbiy vaziri o‘rinbosari A.P.Frolov ham tan olgan edi: “Tub aholi va ma’muriyat begona joylarga mardikorlarni jo‘natishga tayyor emas edi, ammo shunga qaramay bu ishga shoshilinch ravishda kirishilishi katta tartibsizlikni yuzaga keltirib, qon to‘kilishiga va qurol ishlatilishiga sabab bo‘ldi”.
Imperator farmoni mustamlakachilik siyosati va milliy zulm girdobida ezilib yotgan xalqning bosh ko‘tarishiga olib keldi. 1916 yil 4 iyulda Samarqand viloyatiga qarashli Xo‘jand shahrida olomon bilan askarlar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib, ulardan bir nechtasi o‘ldirildi. Shundan keyin viloyatning deyarli barcha tumanlarida xalq qo‘zg‘olonlari ko‘tarilib, “mardikorlikka bermaymiz”, “ochmiz” va “urushga bormaymiz”, degan azmu qarorga keldilar.
Qo‘zg‘olon, ayniqsa, Jizzax shahri va uezdida qizg‘in tus olgan edi. Abdurahmon Abdujabborov, Nazirxo‘ja, Mulla Mahamat Rayim, Sharifboyvachcha Xudoyberdiev, Bobobek Abdujabborov va boshqalar qo‘zg‘olonga boshchilik qildilar. Qo‘zg‘olon shiddatli o‘tib, to‘qnashuvlarda chor ma’muriyatining vakillari va askarlari o‘ldirildi. Xalq ozodligi uchun kurash Jizzax uezdining 22 tumaniga yoyildi. Bu kurash Sirdaryo viloyatida ham keng quloch otdi.
1916 yil 11 iyulda Toshkent shahrida birinchi bo‘lib o‘zbek ayollari chorizm siyosatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Ularga erkaklar ham qo‘shilib, 2000-3000 kishilik olomon temir-tersak, tosh va qo‘lga ilingan narsalar bilan qurollangan holda Eski shahar politsiya boshqarmasiga hujum qildi. Yordamga yetib kelgan askarlar bilan to‘qnashuvda bir ayol o‘ldi, ikkinchisi jarohatlandi. Erkaklarning orasida ham o‘lgan va jarohatlanganlar bor edi. Qo‘zg‘olon viloyatning boshqa joylarida ham ko‘tarildi. G‘alayon Andijon, Marg‘ilon, Namangan, Qo‘qon shaharlari va atrofdagi qishloqlarga keng tarqalib, Marg‘ilon shahrining o‘zida qo‘zg‘olonchilar soni 20-25 mingga yetgan. Bunday shiddatli harakatlar vodiyning deyarli barcha tumanlarida kechib, ularda ayollar ham qatnashdilar. Xullas, ozodlik kurashi o‘n minglarcha kishini jalb etdi.
Shuni aytish lozimki, bu kurashlarda tub aholi bilan birga tojik, qozoq, qirg‘iz va turkmanlar qatnashib, birdamlik namunalarini namoyon qildilar. Bu haqda hozirgi Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston hududlarida ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlari guvohlik beradi.
G‘oyat keng yoyilgan 1916 yilgi qo‘zg‘olonlarni bostirish uchun chor hukumati 14 batalon, 33 kazak harbiy bo‘limi, 42 artelleriya va 69 pulemyot jalb qilgani ma’lum. Zobit va askarlardan 97 kishi o‘ldirilib, 86 kishi yaralandi va 76 kishi esa daraksiz yo‘qoldi. Shahar va qishloqlar vayronaga aylantirildi. Ayniqsa, Jizzax shahri ostin-ustun qilinib, xarobaga yuz tutgan edi. Bu fojea xalq og‘zaki ijodida ham o‘z aksini topgan:
Taxta ko‘prik bitdimi?
Nikolay poshoh o‘tdimi?
Jizzax shahrini vayron
Qilib murodiga yetdimi?
Osh kadi, palov kadi
Tomga chiqib dod ayladi.
Namozgohni askar bosib,
Jizzaxni vayron ayladi.
Faol qo‘zg‘olonchilarning mol-mulki musodara qilindi. Masalan, Jizzaxda 2000 gektar unumli yer davlat foydasiga tortib olindi.
Qo‘zg‘olonchilardan 3000 dan ortiq kishi tergovga tortilib, shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lindi. Hibsga olinganlar orasida ayollar ham bor edi. Mahbuslarning ayanchli ahvoli haqida rus ayoli Korshunova shunday yozadi: “Toshkent qamoqxonasi hovlisida ochlikdan o‘lgan farg‘onaliklarning murdalarini ko‘plab aravalarga solib qo‘yilganligini ko‘rdim. So‘ngra mahbuslar joylashtirilgan qamoqxona yerto‘lasiga tushdik. Bu yerda odamlar qalashib yotganidan oyoq bosishga ham joy topish qiyin edi. Bizni erkak va ayollarning kir bosgan oriq va za’faron yuzlari, qo‘rquv va shu bilan birga nafrat bilan boquvchi ko‘zlari hayajonga soldi. Yoshi ulg‘aygan bir ayol mening oyog‘imdan tutib, yosh va g‘amga to‘lgan qora ko‘zlari bilan boqqancha, nimalarnidir gapirdi. Biroq men til bilmaganligim bois uning ho‘ngrab yig‘lagan holda aytgan so‘zlarini tushunmadim. Men eski choponidan bir tutam paxtani yulib olib chaynayotgan bir novcha kishini ko‘rdim. Odamlardan ba’zilari esa qo‘llarini kemirayotgan edi. Mahbuslar orasida ko‘pchiligining nafas olishi sezilmas, aftidan ular jon berish arafasida edilar. Mahbuslar orasida es-xushlarini yo‘qotib qo‘yganlar ham bor edi”.
Mazkur satrlarni ko‘z yoshlarisiz o‘qib bo‘lmaydi, albatta. Mustamlakachilar shunchalik yovuz bo‘lishganki, hatto erkak va ayollarni bir xonaga qamab qo‘yishgacha borganlar. Bunday fojea hech qaerda hech qachon sodir bo‘lgan emas. Qo‘zg‘olon qatnashchilaridan 347 kishi osib o‘ldirishga, bir necha yuz kishi uzoq muddatli qamoq va surgunga hukm qilindi. Shu tariqa qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostirildi. Chor ma’muriyati imperatorning mardikorlikka olish haqidagi farmonini bajarishga kirishdi. Endilikda ommaviy ravishda jazolash va o‘ldirishlar, ochlik ta’qiblardan tinkasi qurigan va toliqqan xalqning farmonning amalga oshirilishiga qarshilik ko‘rsatishga holi qolmagandi. Shunga qaramay mardikorlikka olish juda qiyinchilik bilan kechdi. Belgilangan 200.470 kishi o‘rniga 120 mingdan ortiq odam safarbar etildi. Ulardan 101600 kishi Rossiyaning Yevropa qismiga, 4000 kishi Sibirga, 7405 kishi Kavkazga joylashtirildi. 10 mingdan ziyod kishi Turkiston o‘lkasida ishlatildi. Mardikorlarning aniq o‘rnashgan joylari quyidagicha bo‘lgan: Moskva, Peterburg, Ryazan, Tula, Orel, Smolensk, Penza, Bryansk, Dvinok, Nijniy Novgorod, Qozon, Samara, Perm, Yekaterinburg, Orenburg, Kiev, Xarkov, Yekaterinslav, Odessa, Zaparoje, Kerch, Tbilisi, Botumi va boshqalar. Usti yupun mardikorlar harbiy va oddiy sanoat korxonalarida, konlarda, temir yo‘l qurilishlarida, o‘rmonlarda va ayrim nufuzli kishilarning xo‘jaliklarida ishlatildi. Ular ochlik, xo‘rlik va mashaqqatli mehnatdan ko‘p azob-uqubatlarni boshlaridan kechirdilar. Ko‘pchilik sillasi qurib kasallandi va hayot bilan vidolashdi.
Bundayin zulm og‘zaki ijodida ham o‘z tajassumini topgan:
Poyezdning g‘ildiragi,
O‘txonasi bilan do‘ngalagi,
Dvinskaga ketishdi.
Mard yigitning bir bo‘lagi,
Dvinskaga ketmas edi.
Dvinskaga ketgazgan,
Nikolay zolimning zambaragi.
Dvinskaga yo‘l bo‘lsin,
Qarag‘ayzoring kul bo‘lsin.
Yigitlarni qiynagan,
Nikolaying yo‘q bo‘lsin.
So‘k oshingni ichmayman,
Etigimni yechmayman,
Qorda qarag‘ay kesganman,
Hech haqimdan kechmayman.
Kuch va holdan toygan mardikorlar 1917 yilda chor hukumati ag‘darilgandan keyin vataniga qaytgandilar.
Shunday qilib, Birinchi jahon urushi vaqtida o‘zbek xalqi ayovsiz talandi va ezildi. Mardikorlikka olingan odamlarning talay qismidan, behisob boyliklaridan ayrildi.
Hamid Ziyoyev. Birinchi jahon urushi va o‘zbeklar (birinchi maqola)
O‘zbek xalqi ko‘p ming yillik tarixning muayyan bir davrlarida chet el bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashlarida yuz minglab odamlari va boyliklaridan ayrildi. Ko‘p shahar va qishloqlar vayronaga aylantirildi. Ammo xalqimiz o‘tmish zamonlarda chorizm va sho‘ro davlatining 130 yillik hukmronligi davridagidek qirg‘in-barot, talon-taroj va azob-uqubatlarni boshidan kechirmagan edi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 19-sonidan olindi.