Buyuk tarixiy shaxslarning tarjimai holini yozish va ular haqida izlanish olib borish uchun manbalar va adabiyotlar yetishmasligi ko‘pincha muammo bo‘lsa, Sohibqiron Amir Temur haqida esa manbalar va adabiyotlarning nihoyatda ko‘pligi muammo hisoblanadi.
Bu buyuk inson va iqtidorli davlat arbobi haqida ko‘plab asarlar yozilganligiga qaramasdan, totalitar sovet tuzumi davrida uning hayoti qirralari, siyosiy va huquqiy qarashlari xalqimizdan sir saqlab kelindi. Hukmron mafkura uning siymosini mubham-qora pardaga o‘rab ko‘rsatishga intildi.
Biz bu o‘rinda bir misol keltirmoqchimiz. Frantsuz olimi professor Lyusen Kerenumrining asosiy qismini temurshunoslikka bag‘ishlab, bu borada juda ko‘p asarlar yaratgan inson. Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bu boradagi xizmatlari uchun «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Ming afsuslar bo‘lsinkim, qizil imperiya davrida, Amir Temur to‘g‘risida biror-bir ijobiy so‘z aytmoq amri mahol edi. Uning faoliyati va shaxsiyati faqat qora ko‘zoynak orqali o‘rganildi, talqin qilindi. Mustaqillikka erishilgandan so‘ng, bu borada xayrli ishlar boshlandi, bobokalonimiz nomlari haqiqiy ravishda hurmat va ehtirom bilan tilga olina boshlandi. YuNYeSKO rahnamoligida Sohibqiron tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi.
Lyusen Keren haqli ta’kidlaganidek, sovet tuzumi davrida Amir Temur shaxsiyatini yerga urish, uni asosan bosqinchi sifatida talqin etish urf bo‘ldi. Olim 1961 yili O‘zbekistonda bo‘lganida Temur qanday davlat arbobi bo‘lganligi, uning ijobiy fazilatlariga doir savollariga javob berishdan bosh tortganlar. Ammo Temuriylar davri yodgorliklarini inkor etib bo‘lmasligi ma’lum edi, Temuriylar madaniyatiga, xususan Ulug‘bekka hurmat sezilib turardi.
Sohibqironning nuroniy qiyofasidan birinchi bo‘lib bunday qalin va qora pardani ko‘tarib tashlagan jasoratli olim, akademik Ibrohim Mo‘minov bo‘ldi. Undan keyin olimning mumtoz shogirdlaridan biri, O‘zbekiston tarixi bilimdoni, akademik Bo‘riboy AhmedovSohibqiron haqida chuqur ilmiy asarlar yozdi, uning «Tuzuk»larini nashr qildirib, vatan tarixining porloq sahifalarini yoritib berdi. Shuningdek, Temuriylar davrini yoritishda iste’dodli mehnatkash olim Turg‘un Fayzievning xizmatlari va yozgan asarlari ham katta ahamiyatga ega.
Biz arab, turk, fors va g‘arb tillarida nashr etilgan adabiyotlardan tashqari, aytib o‘tilgan olimlar yozgan asarlardan ham foydalanib, buyuk Amir Temurning huquqiy qarashlari va inson huquqlari haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Temuriylar buyuk davlatining asoschisi Temurbek ibn Tarag‘ay, yoshligidanoq zo‘ravonlik va zo‘ravonlarga qarshi kurash olib borib, jamiyatda adolat me’yorlariga muvofiq ish yuritish tuyg‘ulari bilan birga o‘sdi va kamolot darajasiga ko‘tarildi.
Temur asos solgan davlatda o‘rnatilgan huquqiy tizim har doim ustun bo‘lib, uning talablariga rioya qilish barcha uchun majburiy bo‘lgan, tartibni buzgan va o‘z vazifasini bajarmagan kishilarga qattiqqo‘llik bilan munosabatda bo‘lingan. Ayniqsa, davlat xavfsizligini buzganlar qattiq jazolanganlar.
Sohibqiron Amir Temur islom huquqshunoslik ilmini har tomonlama o‘zlashtirib olgan edi. Bu sohada u zot yuksak darajaga ko‘tarilib, fatvo berish salohiyatiga ega bo‘lgan. Qur’oni karimning barcha oyatlarini yodlab, ularni avvaldan oxiriga va oxiridan avvalga qarab yoddan o‘qish malakasiga ega bo‘lgan Amir Temur, ularning tub mazmunini chuqur tushunib, ayrimlarini o‘zining ish dasturiga aylantirgan edi. Oyatlar va hadislarga uning ishonch va e’tiqodi shu qadar kuchli bo‘lganki, ularni o‘sha davrning buyuk binolarida chiroyli «islimiy» xatlar bilan yozib qo‘yishga buyruq bergan.
Amir Temur davlatida islom huquqining asosiy qoidalaridan biri bo‘lmish va hozirda ham xalqaro miqyosida qabul qilingan qoida, ya’ni «jinoyatning shaxsiyligi»ga jiddiy rioya qilingan, ya’ni jinoyatchining gunohi uchun uning qavm-qarindoshi, og‘a-inilari (jinoyatda ishtirok etmagan holda) javobgar bo‘lmaganlar, shuningdek, jinoyatga qo‘l urgan kishi jazosiz qoldirilmagan va gunohsiz kishini jazolashga yo‘l qo‘yilmagan. Amir Temur ushbu printsipni davlat huquqiy tizimining asosiy qoidalaridan biri deb bilgan. U «men har doim askarlarimni qonunga itoat qilish ruhi bilan tarbiyalab keldim, qonun buzuvchilarni jazosiz qoldirmadim» deb ta’kidlagan edi.
Afsuski, ayrim tarixchilar, g‘oyaviy, mazhabiy yoki etnik taassublarga asoslangan holda, Amir Temurga nisbatan asossiz fikrlar bildirib, uning davlatida adolat me’yorlari amalga oshirilganligiga shubha ko‘zi bilan qarab kelganlar. Ibn Arabshoh yozgan to‘qima fikrlarga qo‘shilib, unga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lganlar.
Akademik Bartold o‘zining «Ulug‘bek va uning davri» nomli asarida va amerikalik mashhur tarixchi Xoruld Lemb o‘zining «Temur» nomli kitobida ibn Arabshohni g‘arazli kishi deb bilib, u bergan ma’lumotlarni dushmanlik va adovatdan sarchina olgan va u yozgan iboralarni hajv va istehzo (masxara qilish)dan boshqa narsa emas, deb yozganlar (Ibn Arabshoh kitobining forscha tarjimasi muqaddimasi). Lekin Sohibqironning shaxsiyati shu qadar yuksak va maqomi shu qadar baland ediki, Ibn Arabshoh har qancha qora oyna ortidan boqsa ham, uning dahosi, layoqati, insoniy qiyofasi va adolatsevarligini inkor qila olmagan va ularni e’tirof etishga majbur bo‘lgan. Biz uning kitobidan (forscha matnidan tarjima qilib) ayrim satrlarni keltiramiz:
«Ishlarni bajarishda Temur o‘tkir fikr va uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega edi... Uning tafakkur dengizi cheksiz edi... Har doim qonunlarni o‘z mamlakatida amalga oshirib turardi... Hikmat va jadal (munozara)da Ibn Sinoni ortda qoldirar, mantiqda yunonliklarni soqit qilardi».
«U behuda so‘zlash va hazilkashlikni yoqtirmasdi, hech qachon havo va havasga ko‘ngil bermasdi, to‘g‘rilik va rostlikni hatto uning zarariga bo‘lsa ham yaxshi ko‘rardi... Uning majlisida nosazo aytish, qon to‘kish, asirlikka olish, or-nomusga tegish va g‘orat qilishdan so‘zlash mumkin emas edi... Temur yetuk aql, ajoyib idrok, yuksak baxtu iqbol, kelishgan tole, izchil iroda va qat’iy fikr egasi edi... Nihoyat ziyraklik bilan haqni botildan ajrata olib, o‘z dahosi bilan haqiqiy o‘git beruvchini laganbardordan farq etardi... O‘z yorqin fikrlari bilan porloq yulduzlarga yo‘l ko‘rsatardi va yulduzlar o‘qi uning ra’yi (fikri) va irodasiga qarab, maqsadga borib tegadi deb o‘ylardi kishi».
Amir Temur, Ibn Arabshoh e’tirof etgan oliy xususiyatlar egasi bo‘lishidan tashqari, shariat soqchisi va adolat homiysi sifatida hukmronlik qilib kelgan. Qur’oni karim oyatlari va shariat ta’limotining ruhi uning «Tuzuklar»iga singib ketgan. Ilohiy yo‘llanmalarni nazarda tutgan holda Sohibqiron adolatning kuchiga, uning g‘alabasi va yengilmasligiga chuqur ishongan edi. Qonun darajasiga ko‘tarilgan ushbu ishonch va aqidani uning «Tuzuklar»idagi ushbu qisqa so‘zlardan anglash mumkin: «Adovat emas, adolat yengadi», «qonni qon bilan emas, suv bilan yuvishni o‘rgan», «men saltanatimni islom dini, to‘ra tuzuklar asosida mustahkamladim».
Sohibqiron o‘z avlodlarini o‘ch-intiqom olmaslikka, har doim tinchlik va yarashish yo‘llarini ochib qo‘yishga chaqirib kelgan. Shuning uchun Amir Temurdan keyin ham vatanparvarlik, adolatsevarlik, qonunga bo‘ysunish Temuriylar davlatining unutib bo‘lmas an’analariga aylanib qolgan. Chunonchi, Hindistondek katta o‘lkada Boburiylar imperiyasi hududida adolatni ta’minlash maqsadida Avrangzeb Olamgir nazari ostida «Fatvoi Hindiya» deb atalgan to‘rt jildlik huquqiy kodeks yaratilib, Boburiylar hokimiyati tugagunga qadar butun Hindiston sudlarida rasmiy qonun sifatida ishlatilib kelingan.
Sohibqiron Amir Temur asos solgan buyuk davlat o‘zining turli bosqichlarida, ham Turon, ham Xuroson, ham Eron va ham Hindiston yarim orolida adolat me’yorlariga asoslangan tuzum sifatida barcha olam ahlining diqqatini o‘ziga tortib kelib, bugunga qadar ham o‘z tarixiy ahamiyatini yo‘qotmagan.
Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temurning hurmat va e’tiborga molik meroslaridan biri uning siyosiy va huquqiy qarashlari majmui bo‘lgan «Temur tuzuklari»dir. Dunyoning turli tillariga tarjima qilingan ushbu asar, davlatni idora qilish usullari, qo‘shinni tashkil etish qoidalari, urushlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan turli harbiy uslublar singari qator siyosiy, huquqiy, harbiy va axloqiy g‘oyalar va me’yorlarni o‘z ichiga olgan. «Tuzuklar»ning markazida inson, uning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish turadi.
Amir Temurning maslahatchisi va G‘arb mamlakatlariga yuborgan elchisi (Sultoniya usqufi) hozirda Parij ilmiy kutubxonasida saqlanayotgan xotiralarida Amir Temur haqida:«Temurbek fors, arab va turk tillarini biladi. Qur’on ilmi va islomhuquqshunosligi ilmida shu qadar kuchli olimki, hech bir musulmon olimi u bilan munozara qilishga qodir emas, u olim va shoirlarga katta hurmat bilan qaraydi. Buning sababi shundaki, uning o‘zi olim va donishmanddir», deb ta’kidlagan.
Temuriylar saltanati va Markaziy Osiyodagi Uyg‘onish davrining ikkinchi bosqichiga asos solgan Sohibqiron Amir Temur o‘zining barcha siyosiy va amaliy faoliyatini shariat qoidalariga tayanib yuritgan. U «Men o‘z saltanatimni boshqarishda uchragan harqanday voqea va ishni tuzuk asosida bajardim. Shariat qonunlariga itoat qilish, urf-odatga e’tibor berish men uchun katta ahamiyatga ega edi. Hozircha ham shunday ahamiyatga egadir. Menimcha, modomiki, bir hukmdor butun umri davomida ot ustida o‘tirib, o‘ziga tegishli bo‘lgan katta iqlimning har tomonidaharakatda bo‘lib, bir nuqtada turib qolmas ekan, o‘zining keng qalamravi (mamlakati) undan itoat qilishiga amin bo‘lishi kerak. Bunday ishonchga faqat shariat qonunlari va urf-odat qoidalarini amalga oshirish orqali muyassar bo‘la oladi. Mening mamlakatimda turli sohalarda qonunlarga qat’iy amal qilinadigan bo‘lsa, men o‘zimni o‘sha yerda hozir turganday sezardim. Shariat va urfqonunlarini nazarda tutgan holdagina, odamlar sening ishlaringga ishonadi va uni jonu dil bilan bajaradi», — deb ta’kidlagan.
Qonunga asoslangan tizimning ahamiyatini chuqur anglab olgan Amir Temur haqli ravishda, «Kuch — adolatdadir» degan oliy me’yorni shior qilib olgan. Uning bu so‘zi bugun ham qudratli, huquqiy demokratik davlat qurish uchun asosiy yo‘llanma hisoblanadi. Amir Temurning huquqiy qarashlari va amaliy faoliyati «har doim adolat va insof me’yorlari bilan hamohang bo‘lgan. U adolatsiz hokimiyatni tasavvur qila olmagan. O‘z davlatida tuzuk-to‘ra va shariat qoidalari ustuvorligini amalda ta’minlagan. U davlatni boshqarish uchun shunday bir qonuniy tizim yaratganki, undan keyin ham ko‘p asrlar davomida barcha Xuroson, Turkiston, Movarounnahr va Hindiston hududlarida uning «Tuzuklar»iga asoslanib ish yuritilgan. «Adovat emas, adolat yengadi» degan mo‘‘jaz va qimmatli so‘zi hayotda hamon ahamiyatlidir.
Sultoniya usqufi ta’kidlaganidek, Amir Temurning Tuzuklariga binoan, urushsiz taslim bo‘lgan shaharlarda biron-bir navkar biron bir kimsaga, xususan, ayol kishiga tajovuz qilsa yo birovning molini tortib olsa, bunday askar o‘ldirilgan.
Sultoniya usqufi o‘z xotiralari so‘ngida: «Men yaqin vaqtlarda jahon miqyosida iqtidor, boylik va saxovat sohasida Temurga teng keladigan podshoh kelishi mumkin emas deb o‘ylayman», — deb yozib qoldirgan.
Amir Temur har doim ilmu fanga qiziqqan, turli kitoblar va ilmiy asarlarni o‘qigan, ularning tub mohiyatini tushungan. Masalan, buyuk orif-shoir Mahmud Shabistariyning «Gulshani roz» asari uni butunlay o‘ziga tortgan. Kitob muallifiga hurmati sababli, Ozarboyjonni tasarruf qilgandan so‘ng, shoirning Vatani bo‘lmish Shabistar aholisini ardoqlab, ularning har biriga besh misqol tilladan, hammasi bo‘lib, 18 ming besh yuz besh misqol tilla bag‘ishlaydi.
Amir Temurning huquqiy tizimida jinoyatga qo‘l urgan barcha kishilar, kimligidan qat’i nazar, qonun oldida hech qanday imtiyozsiz javobgarlikka tortilgan. Biz Amir Temur hayotini o‘rganar ekanmiz, u amalga oshirgan odilona ishlarni xalifa Umar Foruq bajargan buyuk va adolatli ishlarga o‘xshatgimiz keladi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Umar Foruqning o‘g‘li islom shariatida man qilingan «sharob»ni ichganligi uchun Misr voliysi Amr ibn Os tomonidan «Had» jazosi, ya’ni darra urish bilan jazolanadi. Lekin jazolash yuzaki o‘tkazilganligi uchun, odamlar e’tiroziga duch keladi. Ushbu voqeadan xabar topgan Hazrat Umar o‘g‘li bilan Misr hokimini o‘z huzuriga chorlab, o‘g‘il o‘z gunohini e’tirof etgandan keyin, shariat qoidasiga muvofiq jazolashni buyuradi. O‘g‘il darra zarbidan halok bo‘ladi. Albatta, Hazrat Umar bu ishni, qonunni hammaning ustidan bir xil tatbiq etish maqsadida amalga oshirgan edi.
Sohibqiron hayotida ham shunga o‘xshash bir voqea bo‘lib o‘tgan. Sultoniyaning hukmdori bo‘lmish uning o‘g‘li Mironshoh o‘ziga yaqin davlat arboblari va amaldorlari bilan birgalikda maishatga berilib, davlat ishlari va raiyat ahvoli nazoratsiz qolib, zulmu sitam haddan oshadi, davlat xazinasi tugab, aholi og‘ir ahvolga tushadi. Bundan xabar topgan Sohibqiron Sultoniyaga lashkar tortib borib, beklar, amirlar, sarkardalar kengashini tuzib, ulardan davlat xazinasini barbod qilib, tunu kun maishatga berilib, raiyatni og‘ir ahvolda qoldirgan hukmdor va uni bu yo‘lga boshlagan amaldorlarni jazolash haqida maslahat olgandan keyin, o‘z o‘g‘li Mironshoh va uni bu yo‘lga solgan barcha amaldorlarga o‘lim jazosi berib, ularning barcha molu mulki musodara qilinsin deb buyuradi. Bunday qat’iy hukmdan dahshatga tushgan uning piru murshidi Sayid Baraka o‘rtaga tushib, hukmning ijrosini to‘xtatishni iltimos qiladi. Amir Temur uning iltimosini qabul qilmaydi. Bir necha amaldorlar o‘ldirilgandan keyin, Mironshoh va boshqalarga navbat yetganda, jallodlar uni jazo taxtasiga yotqizib, boshini kesmoqchi bo‘ladi. Sayid Baraka Amir Temurga, mazkur hukm amalga oshirilsa, Temuriylar avlodida o‘g‘lini o‘ldirish an’ana tusini olish xavfi borligini uqtiradi. O‘shandagina Amir Temur Mironshoh va uning boshqa hamkorlari ustidan chiqargan o‘lim hukmini bekor qiladi. Lekin, baribir, o‘g‘lini hukmdorlik huquqidan mahrum qiladi. Uning o‘rniga ikkinchi o‘g‘li Umar Mirzoni Sultoniya hukmdori etib tayinlaydi.
Bunday qattiqqo‘llik bilan hukm yuritish va haqni tiklashda qat’iylik ko‘rsatish Sohibqironning shariat qoidalariga va o‘z «Tuzuklar»iga ishonchidan kelib chiqqan. U haqli ravishda «Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim», — degan edi. Uning «Adlu ehson bilan jahon gulshani obod bo‘ladi»degan hikmatli so‘zlarining tub mazmunini ana shunday hodisalar mag‘zidan tushunib olish mumkin.
Akmal Saidov
Abdulhakim Juzjoniy
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 15-sonidan olindi.