Xo‘sh, biz ilm deganda nimani tushunamiz? Ma’lumki, dunyo boshidan oyog‘igacha — jumboq. Ana o‘sha jumboqlar eshigiga tushadigan kalit ilmdir. Bu kalitga ega bo‘lmoq uchun esa odam bir qadar poklanmog‘i joiz. Mabodo, ilm ishiga pul aralashsa, mazkur holatning o‘zi zalolat botqog‘i tomon yetaklamog‘i bor gap. Zalolat inson bolasini o‘zligidan mosuvo qiladi. Mamlakat inqiroz jari yoqasiga yaqinlashadi. Alhol, elu yurt taqdirini olimlar belgilaydilar. Hadisi sharifda, olimlar payg‘ambarlarning vorisidir, deb bejizga aytilmagan. Ilm kishilari mol-dunyoga mayl qo‘ydimi, shu asnoda o‘z vazifalarining teskarisini bajara boshlaydilar. Ya’ni xalqni gumrohlik sari yetaklashadi.
“Jahon adabiyoti” taxlamlarini varaqlab o‘tirib, “Ko‘lankadagi Rossiya” (2003 yil, 5-6-son) sarlavhali maqolaga ko‘zim tushib qoldi. Maqolada quyidagi gaplar diqqatimni tortdi: “Agar institutlarning o‘qituvchilariga maosh to‘lanmasa ham hechqisi yo‘q — ular, baribir, ishga qatnayveradilar, chunki ularning ta’magirlik va poraxo‘rlik bilan topadigan mablag‘larining manbai bitmas-tuganmasdir. Shuni ham aytib qo‘yayki, mening tanqidiy mulohazalarim, birinchi navbatda gumanitar fakultetlarga taalluqli. Texnikaviy va boshqa fakultetlarda vaziyat o‘zgacha bo‘lishi ham mumkin, lekin bu o‘zgachalik ko‘lankadagi o‘qituvchilik faoliyatining ko‘lamiga aloqador bo‘ladi, xolos”.
Ozod Obid tarjimasida e’lon qilingan mazkur maqolada poraxo‘rlik, ta’magirlik sistemasining “qurilishi”, ish jarayoni asosli dalillar vositasida fosh etiladi: “...Hozir abiturientlarning ota-onalari repetitorlarga shunchaki mashg‘ulot o‘tagani uchun emas, oliy o‘quv yurtiga kirishga kafolati uchun haq to‘lashga tayyorlar. Ayni ana shu kafolat pulga arziydi. (Ba’zi bir o‘quv yurtlarida repetitorlik uchun alohida pul olishadi, institutga kirish uchun alohida olishadi, chunki bu repetitor kirish imtihonlari tarkibiga kirmay qolishi (mumkin), bunday hollarda repetitor hamkasabalari bilan bo‘lishishga majbur bo‘ladi). Amalda har bir fakultetda “faol” o‘qituvchilarga institutga olib kirishi lozim bo‘lgan abiturientlarning miqdori avvaldan belgilab qo‘yiladi...”
Demak, bu hali poraxo‘rlikka asoslangan mashina g‘ildiragining ilk siljishi ekan. Undan so‘ng esa “... har qaysi sessiya davrida sovg‘a-salomlar tuhfa etish jarayoni boshlanadi. Buning natijasida davlatning ta’lim tizimida uchiga chiqqan poraxo‘r va bu jinoyat uchun deyarli jazolanmaydigan o‘qituvchilar guruhi paydo bo‘ladi, oqibatda ikki pulga qimmat mutaxassis yoshlar yuzaga keladi. Bunday yoshlar ko‘lankadagi iqtisodiyot bobida birinchi saboqlarni oliy o‘quv yurtida oladi”.
Yuqoridagi iqtiboslarni bejizga keltirmadik. Boisi, bu qabildagi “ko‘lankadagi tadbirkorlik” faqatgina Rossiya oliy ta’lim tizimiga xos emas, balki ayni vaqtda sobiq ittifoqdosh respublikalarning aksariyati aynan o‘sha illatni boshdan kechirayotir.
Tarixdan ma’lum — jadidlar jamiyatdagi islohotlarni zamonaviy usuldagi maktab va oliy ta’lim tizimidan boshlaganlar. Iqtidorli bolalar tanlab olinib, homiylik asosida xorijiy mamlakatlarga o‘qishga yuborilgan. Gohida ularni mahalliy boylar pul bilan ta’minlab turishgan ham. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat obodligi edi. Ha, aynan ilm vositasida mamlakat gullab-yashnaydi. Chunki hamma narsani kadrlar hal qiladi. Kadrlarni esa oliy o‘quv yurtlari yetishtirib beradi.
Rossiya oliy ta’lim tizimi nuqsonlariyu, xorijiy mamlakatlardagi ilg‘or yutuqlarni chekkaga surib qo‘yib, o‘zimizdagi manzaralarga bir qur nazar tashlaylik. So‘z avvalida misol keltirmoqchiman. O‘z sohasining professori, taniqli iqtisodchi olim bilan anchadan beri tanishman. U kishi san’at, adabiyot shaydosi. Shu boisdan tez-tez muloqotga kirishib turamiz. O‘sha inson hojatbarorligi bilan ham tanilgan. Birov nimanidir iltimos qilsa, yo‘q deya olmaydi. Kunlardan bir kun yo‘l-yo‘lakay falon institutga kirib o‘tadigan bo‘ldik.
— Yaqinda Xorazmga borib keldim, — dedi u, falonchi (vohada ancha taniqli odam — B.R.) qattiq iltimos qilib yubordi. O‘g‘li sessiya imtihonlarini topshira olmabdi — yordam kerak ekan...
Iqtisodchi akamiz umr bo‘yi halol yashab kelayotgan odam. Birovdan bir so‘m ta’ma qilganini eslolmayman. Lekin ichkilikka sal ishtiyoqmand — qizishib olgach, bahsu munozaraga kirishib ketadi. Iltimos qilgan boyvachcha nari borsa quyib bergandir... Xullas, ikkovimiz institut sari yo‘l oldik.
Har xil talabalarni ko‘rganmiz. Lekin... institut eshigi yonida o‘ziga bino qo‘yib, bashang kiyingan talabalarga ko‘z tushgach, masala mohiyatiga yetganday bo‘ldim. To‘g‘ri, ularning orasida ilmga ishtiyoqmandlari ham bordir. Ammo takabburona qadam tashlashlar talabaning kimligini fosh etib turganday go‘yo...
Ancha domlalar hojatbaror akamizning shogirdlari ekan. Quyuq salom-alikdan so‘ng maqsadga ko‘childi.
— Bahosini qo‘yib beraman, — deydi domla peshonasi tirishib. — Bir-ikkita darsga qatnashsin axir?! Mashg‘ulotlarga umuman kelmaydi. Qaerda yallo qilib yurishini xudo biladi?!
Ikkovlon o‘sha boyvachchaning o‘g‘lini izlab ketdik. Otasi poytaxtdan shinamgina uy sotib olib bergan ekan. Yonida onasi parvona. Kamtaringina juvon. O‘g‘il esa uyali telefonni qo‘ldan qo‘ymaydi. Hech kim bilan gaplashgisi yo‘q.
— Domlalaringni taniysanmi o‘zing, — dedi hojatbarorning jahli chiqib. O‘g‘il “yo‘q, tanimayman” dedi. Qarang, rostdan ham mashg‘ulotlarga qatnashmas ekan. Domlalar umuman darsda ishtirok etmaydigan talabaga baho qo‘yishdan og‘rinadi-da, axir?
Ilmga mehri yo‘q uning. Pul bor, mol-dunyo bisyor. Erkatoylik shu darajadaki, bobosi tengi odamni, taniqli olimni nazariga ham ilmayapti. Bu o‘z navbatida o‘sha boyvachcha shaxsiyatining inqirozi emasmikan?
Yaqinda bir maqola o‘qidim. AQShga safar qilib kelgan telejurnalist ummon orti davlatlaridagi oliy o‘quv yurti haqida mulohaza yuritibdi. O‘sha o‘quv yurti xususiy ekan. Ya’ni bir milliarderniki. Xotini mazkur oliygohda o‘qituvchi bo‘lib ishlarkan. Ularning yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li xuddi ana shu universitetga uch yildan beri hujjat topshirib, kirolmayotgan ekan. Qarang, ota bir og‘iz gapirsa — hamma ish hal bo‘ladi-qo‘yadi. Biroq ota kirish imtihonlariga aralashmagan. O‘zbek jurnalisti buning boisini so‘raydi. “Mening shaxsiy manfaatimdan Amerika manfaati ustunroq” deya javob qaytaradi milliarder ota.
Yana bir misol. “O‘qituvchi” nashriyotida Doimo Rahmonbekova degan musavvir xizmat qilgan. 1989 yilda u turmush o‘rtog‘i bilan birga — uyam rassom — Parijga yo‘l oladi. Dastavval iqtisodiy jihatdan birmuncha qiynalishadi. So‘ng shaxsiy ko‘rgazmasini ko‘rgan frantsuz boylaridan biri san’atiga oshufta bo‘lib qoladi va ularga homiylik qila boshlaydi. O‘sha boyvachchaning besh farzandi bor ekan-u, bolalariga parvo qilmaskan. Farzandlari norozi qiyofada ota huzuriga kirishibdi. “Men bu boyliklarni o‘zim ter to‘kib topganman. Sizlarga bir tsent ham bermayman. O‘zlaringiz mehnat qilinglar. Lekin talantli kishilarni rag‘batlantiraman. Talantli odamlarga albatta homiylik qilmoq joiz. Negaki, talantni ro‘yobga chiqarish nafaqat bir millatga, butun bashariyatga foyda keltiradi”, debdi ota.
Tabiiyki, bolalar avvaliga biroz ranjishgan. Keyin esa pul topish yo‘lini izlab ketganlar. Va nihoyat otaning naqadar haqligi isbotini topgan: uyli-joyli bo‘lishgach, farzandlar otaga minnatdorchilik bildirishadi. Mabodo ota bolalarini moddiy jihatdan to‘la ta’minlab qo‘yganida edi o‘sha yoshlar pulning qadriga yetishmasdi, yetuk shaxs sifatida shakllanmas edi. Mana sizga turmush falsafasi!
Bizda qanaqa? Farzandni boqishdan tortib, o‘qishigacha, uyli-joyli qilishgacha ota-ona gardanida. Bola aqlini taniganidan keyin ota-onasini shu ishga majbur, deb o‘ylaydi va unda yashash uchun kurash salohiyati shakllanmay qolaveradi.
Yuqorida zikr etilgan frantsuz milliarderi haqidagi hikoyani menga Doimoning onasi, taniqli pedagog olima Qumri Abdullaeva hikoya qilib bergan edi. “Qizimizga homiylik qilgan odam rafiqasi bilan Toshkentga keldi. Minnatdorchilik tariqasida uyimizga taklif qilgandik — bunaqa narsalarga e’tibor qilmas ekanlar. Mehmonxonada turishdi. Tinmay sayohat qildilar — hatto Orol bo‘ylarigacha”, — deydi opa. Frantsuzlarning hayot tarzi shunday: ular Aql va Vaqtning qadriga yetishadi.
Ilm bilan pul aralashdimi, bu millat inqirozining bir nishonasi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deydilar. Bolalik davrlarimizda o‘qituvchilarning non yeyishini tasavvur etolmas edik. Nazdimizda o‘qituvchi farishta edi. Ana shuning uchun ham ideal inson sifatida o‘qituvchini tanlaganmiz. Ma’lum darajadagi haqiqatparvarligimiz shu ideal xosiyatidandir.
Bugungi kunda ham shundaymikan? Goho ochiqchasiga ta’magirlik qilayotgan muallimlar haqida eshitamiz. Biz o‘qigan paytlarda ba’zi o‘qituvchilar hatto bayram arafasida yozgan otkritkalarimizni ham qaytarib berishardi. “Buning o‘rniga daftar ol, o‘chirg‘ich, qalam ol — o‘zing uchun ishlat”, deya koyishardi. Hozir-chi? Remont uchun — pul. Parda uchun — pul. Supurgi uchun, gul uchun — pul. Ziyofatlar uchun... Muallimlarga esa alohida sovg‘a-salom... Axir, bunaqa alfozda jajji farzandlarimiz idrokida “hamma narsani pul hal qilarkan-da”, degan tushuncha muhrlanib qolmaydimi?
Oliy o‘quv yurtlarining ba’zilarida esa ta’magirlik urf tusini olgan. Ayniqsa, sessiya imtihonlari mahalida ayrim domlalarning ko‘zida nafs uchqunlari yolqinlanadi. Bir hamkasbimiz hikoya qiladi: “falon institutda ona va qiz talabalarga saboq berarkan. Imtihonni qizi oladigan bo‘libdi. Qo‘lida uyali telefon. Sovg‘a-salom ochiqchasiga... Qiz onasiga sim qoqarmish: “Aya, bir student kofeynik obkepti, bahosini qo‘yaveraymi?” Ona “kofeynik uyda tiqilib yotibdi. Boshqa narsa opkesin. Bahosini qo‘yma!” — dermish”.
Afsuski, bu gap latifa emas. Yana bir o‘quv yurtida esa imtihon pul bilan narxlanarkan. Talabalardan biri “Men sinovga yaxshi tayyorlanganman. Menam pul berishim kerakmi?” desa domlasi “senga l’gota bor — sal kamroq to‘laysan”, dermish. Buni ham to‘qib chiqarishmagan, albatta.
Sal “insofliroq” domlalar esa ta’magirlikning niqoblangan shaklini o‘ylab topishibdi. Avval talabani imtihondan yiqitisharkan. So‘ng esa “repetitor yollab, tayyorlansang bo‘lmaydimi?” deyisharkan. Talaba “Kimni yollasam ekan, domla?” desa o‘zini taklif etishadi. Qarabsizki, ta’magirlik mutlaqo sezilmaydi. Domla repetitor sifatida pul olaveradi-da!
Yana bir toifasi imtihon-sinovlar oldidan talabalarga kitob tarqatishadi. O‘zinikini yoki biror tanishining kitobini. Talabalar o‘sha kitoblarni domla belgilagan narxda sotib olishga majbur. Ko‘nishmasa imtihondan “qulashadi”.
O‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring: talaba kontrakt pulini to‘laydimi, domla cho‘ntagini to‘ldirishga harakat qiladimi... bundan tashqari tirikchilik, ijara haqi, degan gaplar ham bor. Sho‘ring qurg‘ur talaba bu ehtiyojlarni qondirish uchun pulni qaydan topadi?!
Ilmning shu tariqa pulga chaqilgani yomon. Bir jihatdan talabalar kitob o‘qishga o‘zlarida majburiyat sezishmaydi. Pul bo‘lsa bas-da! Ikkinchidan esa domlalar malakasini oshirib borish, talabaga ilm berish mas’uliyatidan mosuvo bo‘ladi. Oxir-oqibatda ma’naviyatga xuddi shu oliy o‘quv yurti ostonasidan darz yetadi.
Xo‘sh ilm sohasidagi poraxo‘rliklarni yo‘qotmoq uchun nima qilmoq kerak? Ma’lumki, Istiqloldan so‘nggi vaqtlarda oliy ta’lim tizimida bir qancha islohotlar o‘tkazildi. Test sinov shakli shularning eng asosiysidir. Binobarin, tizimning o‘zgarishi ayrim nafsi hakalak otgan domlalarning “qora tadbirkorligi”ga uzil-kesil nuqta qo‘ymog‘i darkor edi. Shunday bo‘ldi ham. Ammo... boyvachcha ota-onalar hamon eski davr aqidasi bilan yashamoqdalar. Ularning nazdida — hamma narsaning yo‘li bor. O‘ziga ishonib bolalarini institut sari yo‘llamoqdalarki, farzand qobiliyatiyu iqtidori bilan ularning tariqcha ishi yo‘q. Bu holga e’tiroz bildiruvchi farzand kamdan-kam topiladi. Agar talaba ilmga chanqoq bo‘lsa, o‘z ustida muntazam ravishda ishlab borsa, domla ta’magirlik qilishga botinolmaydi. Hatto talabani hurmat qilishga majbur bo‘ladi ham. Aslida loqaydligu beparvolikning ochiq-oydin namoyon bo‘lishi talabalarga nisbatan hurmatsizlikdir.
Shu o‘rinda misol keltirmoqchiman. Dorilfununda tahsil ko‘rgan chog‘larimizda bir professor bizga saboq berardi. Kattakon portfelini ko‘tarib kelardi-da, mushtiga yo‘talib, mavzuga umuman aloqasi yo‘q gaplardan og‘iz ochardi. Masalan, otasining obkomda ishlagani, talabaligida ertalabki nonushtaga qanday ovqat tayyorlagani haqida... Chidab tinglardik. Shu yo‘sinda fursat o‘taverdi. Oxir-oqibat “portlash” ro‘y berdi — Ulug‘bek Rahimov degan kursdoshimiz dast o‘rnidan turdi-da “Uzr, domla... Bizga bu gaplaringizning umuman qizig‘i yo‘q. Darsingizni o‘tsangiz-chi, axir?!” dedi. Domla bir zum talmovsirab qoldi. “Senga osmondagi oyni uzib beraymi?! Aslida mening ishim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish. Yoz adabiyotlar ro‘yxatini! Bundan buyog‘iga o‘zlaringiz tayyorlanib kelasizlar!” deb o‘dag‘ayladi. Ammo auditoriyadagi luqmalarni eshitib, popugi pasaydi. Navbatdagi darsda domlaning bizdan hayiqibroq turganiga guvoh bo‘ldik.
Tasavvur qiling: auditoriyada muayyan tayyorgarlikka ega, domlalardan ilm-fandagi yangiliklarni sharhlashni so‘raydigan talabalar o‘tiribdi. O‘tkir nigohlar ostida domla har bir xatti-harakatini o‘ylab yo‘naltirishga intiladi. Gohida layoqati bundayroq bo‘lsa, sovuq ter bosib ketadi. Zotan, “talaba” atamasining ma’nosi ham “talab qilmoq”, ya’ni ilm tolibidir. Inchunun, talab qilishga domlalarmas, ko‘proq talabalar haqli. Ana o‘sha darajaga yetmoq uchun esa puxta tayyorgarlik joiz. O‘qib-o‘rganmoq lozim. Agarda talaba o‘ziga qattiq ishonsa, uni hech qachon imtihon-sinovlardan “qulatib” bo‘lmaydi. Shunday ekan, mazkur illatlarning bir uchi talabalarga, ularning ota-onalariga taqalishi ham aniqdir.
Istiqlol uchun ota-bobolarimiz o‘z jonlarini ayamaganlar. Bugun biz shu ulug‘ saodatga erishdik. Ne-ne to‘kilgan qonlaru kurashlar evaziga qo‘lga kiritgan ozodligimizni qadrlashimiz lozim. Zotan, Beruniy, Az-Zamaxshariy, Forobiy, Mirzo Ulug‘bek avlodlari bo‘laturib, ayrim o‘quv yurtlaridagi haqiqiy ilm yo‘lidan toyishlarni kuzatib beparvo bo‘lish buyuk siymolar ruhiga hurmatsizlik emasmi? Demak, millat kelajagini o‘ylaydigan har bir inson o‘sha illatlar tomirini uzib tashlashga mas’uldir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 44-sonidan olindi.