Qodiriy nasri haqida ko‘p va xo‘b yozilgan. Lekin uning shoir sifatidagi salohiyati tadqiq etilgan emas. To‘g‘ri, u turkum she’rlar, dostonlar yoki she’riy to‘plamlar yaratmagan. Biroq, o‘rgansa, o‘qisa arziydigan she’riy meros qoldirgani aniq. Yaqingacha uning bor-yo‘g‘i “To‘y”, “Ahvolimiz” va “Millatimga bir qaror” kabi uch she’rigina tilga olinardi. 1993 yilga kelib, adabiyotshunos olim Rustam Tojiboev tomonidan shoirning to‘rtinchi she’ri — “Fikr aylag‘il” e’lon qilindi.
1995 yili nashr etilgan Qodiriy “To‘la asarlar” to‘plamining birinchi jildida esa “Pildir pis...” degan beshinchi she’ri chop etildi. Tabiiyki, bor-yo‘g‘i bir yuz o‘n ikki misradan iborat bu besh she’r muallifga “shoir” degan unvon-maqom bera olmaydi. Boz ustiga mazkur she’rlar adib ijodining ilk davri mahsuli bo‘lganligidan g‘oyaviy-badiiy yetuklikka da’vo qilolmaydi ham. Ammo, Abdulla Qodiriy ijodining ikkinchi – yuksalish bosqichida yaratilgan yuzlab misra she’rlar mavjudki, ular alohida emas, nasriy asarlari, romanlari bag‘rida yuzaga kelgan, yaratilgan. Taassufki, bu hol qodiriyshunoslikda mutlaq esga olinmagan.
Abdulla Qodiriy she’rlarini ikki toifaga ajratish mumkin. Ulardan birinchisi – “To‘y”, “Ahvolimiz”, “Millatimga bir qaror”, “Fikr aylag‘il” va “Pildir pis...” kabi mustaqil she’riy asarlar bo‘lsa, ikkinchisi – asosan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” va “Obid ketmon” kabi epik asarlari tarkibidagi nazm namunalaridir.
Qodiriy she’rlari asosan lirik ruhda bo‘lib, ularni pafos jihatidan intim, hajviy va hazil she’rlarga ajratish mumkin. G‘azal, qasida, mushoira janrlarida bitilgan g‘azallarning aksariyatida (ayrimlarini e’tiborga olmaganda) taxallus qo‘llanmagan. Ular aruzning hazaj, ramal, rajaz va boshqa bahrlarida yozilgan.
Nasriy asarlar tarkibidagi she’rlar shakl va mazmun jihatdan puxtaligi, g‘oyaviy-badiiy yetukligi bilan alohida ajralib turadi. Zero, mustaqil she’rlar Qodiriy ijodining boshlang‘ich davriga, havaskorlik yillariga taalluqli bo‘lsa, nasriy asarlar tarkibiga kirgan she’rlari shoirning ancha katta hayotiy va ijodiy tajribaga ega bo‘lgan, ijodkor sifatida shakllangan davriga to‘g‘ri keladi. Buni adibning Moskvada o‘qigani, rus va jahon adabiyoti bilan yaqindan tanishib, mahorat kasb etgani bilan ham izohlash mumkin. Qolaversa, bu paytda u tarjimon sifatida ham tanilgan edi.
Abdulla Qodiriyning shoir sifatidagi ilk she’ri “To‘y” bo‘lib, hajv yo‘sinida bitilgan. Negaki, adib yashab, ijod etgan o‘sha davr ko‘proq hajvni taqozo etardi. Zamona kulfati, mustamlaka siyosatining nayranglari, millatning loqaydligi, mamlakatda avj olgan ochlik, qashshoqlik ezgu tuyg‘ularga to‘la adib qalbini junbushga keltirar edi. Bilamizki, milliy urf-odatlarga ko‘ra bahoru yoz ter to‘kib, zahmat chekib, qish pallasida to‘y qilingan. To‘y boy-boyvuchchalar uchun pisand bo‘lmasa-da, beva-bechora, mehnat ahli uchun ko‘p hollarda fojia edi. Negaki, “kimoshdi” poygasida ko‘pgina kambag‘al, mehnatkash ahli pand yeb qolardi. Qarzga botib, halokat yoqasiga borib yetardi. “To‘y” she’rida shoirning:
Kelingiz, do‘stlar, din qarindoshlar,
Tashlasun bo‘lsa gar musulmon to‘y, —
deya “kori ma’jusi, kori shayton to‘y”lardan voz kechishga da’vat etgani bejiz emas. Bu orqali u o‘z millatini g‘am-kulfatlardan xalos etmoqni istaydi. Gap bu o‘rinda mazkur she’rning g‘oyaviy-badiiy jihatdan yetuk yoki yetuk emasligi haqida emas, balki muallif ko‘targan muammoning nechog‘lik dolzarbligida. Bu muammo hamon “kimga to‘y, kimga aza” bo‘lib qolayotir. To‘g‘ri, to‘y oshna-og‘ayni, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yni bir-biriga yaqinlashtiradi. O‘zaro oqibat, iliqlik, mehr-muhabbat tuyg‘ularini tarbiyalaydi. To‘y milliy urf-odat va an’analar, milliy madaniyat tajassumigina emas, yoqimli milliy bayram ham. O‘zaro o‘tgan gina-adovatlardan forig‘ bo‘lish, hordiq chiqarish marosimidir. Binobarin, adib ana shu ma’nodagi to‘yni yoqlaydi, isrofgarchilik, ro‘y berishi mumkin bo‘lgan fojialardan ogoh etadi. Shu tufayli ushbu mavzu-muammo muallifning “Baxtsiz kuyov” va “O‘tgan kunlar”ida qayta-qayta qalamga olinadi.
“Millatimga bir qaror”, “Ahvolimiz” kabi she’rlarida ham shoir o‘ta zarur hayotiy mavzu va muammolarga e’tiborni qaratdi. Shu ma’noda “Ahvolimiz” she’ri o‘z mavzui, muammosiga ko‘ra o‘ta zamonaviy desa bo‘ladi. Unda qoloqlik va loqaydlik sababi giyohvandlikka ruju qo‘yishda ekanligiga alohida urg‘u beriladi. Ayniqsa, yoshlarning nasha, ko‘knori iste’mol etishlaridan o‘ta xavotirlanadi. Yelkalariga “kokil solib, oh-voh” bilan o‘tayotgan umrlariga achinadi.
Mazmuniga ko‘ra ma’rifatparvarlik ruhidagi mazkur she’r xalqchil, sodda, ravon til ifodasi bilan ham o‘z davri adabiy tilining shakllanishiga xizmat etdi. Odatdagidek, an’anaviy murakkab istiora, o‘xshatish va tazodlardan ko‘ra sof adabiy tilga monandlik she’rning muhim fazilatidir.
Shuningdek, shoirning “Fikr aylag‘il”, “Pildir pis...” kabi she’rlarida ham yangilikka intilish, nuqsonlarni fosh etish, hajv ruhi ustuvor. Xususan, “Pildir-pis...” she’ri parodiya tarzidagi hajviya bo‘lib, unda 20-yillarda urf bo‘lgan futuristik she’rlar va ularning mualliflari tanqid ostiga olinadi. Shaklbozlikdan, mazmuni yo‘q she’rlardan voz kechishga da’vat etiladi.
Abdulla Qodiriy shoir sifatida hammasi bo‘lib 112 misra she’r yaratgan bo‘lsa, nasriy asarlarida ikki baravar ko‘p nazm namunalari uchraydi. Ular faqat son jihatidangina emas, teran mazmuni, yuksak badiiyati bilan ham alohida ajralib turadi. To‘g‘ri, nasriy asarlarida uchraydigan she’riy parcha yoki yaxlit she’rlar har bir asarning maqsad va g‘oyasidan, qahramon holati va ruhiyatidan kelib chiqib yaratilgan. Masalan, “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan” qissasida yaxshi va yomon xotin haqida gap borayotganligi tufayli quyidagi hajviy misralar tug‘iladi:
Yaxshi xotun sahar turib,
Charxini tovlar, do‘st, bedanam.
Yomon xotun sahar turib,
O‘chog‘in kovlar, do‘st, bedanam.
Xuddi shunday hajviy she’rlar shoirning “Po‘skallasi”, “Ro‘za” kabi hikoyalari zamirida ham yozilgan. Eng muhimi, bu she’rlar sodda, ravon, xalq yo‘lida bitilgan.
Katta epik asarlarida uchraydigan she’rlarga kelganda (Qodiriy she’riyati tahlilida professor U.To‘ychievning bu boradagi qarashlaridan foydalanildi — S.M.) ta’kidlash joizki, goho she’r butun bir taqdir, butun bir xarakter tajassumiga aylanadi, romanlardagi epiklikni chuqurlashtirishga ko‘maklashadi. “O‘tkan kunlar”dagi ilk she’r – buning dalili. Bu she’riy parcha Kumush bilan Otabek to‘yi arafasida sirli bir qo‘shiq tusini oladi. She’r masnaviy tarzida bo‘lib, jami o‘n ikki misradan iborat. Biroq, mazmuni, mohiyati jihatidan butun romanda ilgari surilgan ishq, muhabbat, oila muammosi yechimiga xizmat qiladi. Esingizda bo‘lsa, romanning o‘ninchi fasli “To‘y, qizlar majlisi” deb yuritiladi. Unda gap asar bosh qahramonlaridan Kumushbibining to‘y arafasidagi holati, ayol, inson sifatidagi ruhiy kechinmalari, orzu-istaklari haqida boradi. Quyidagi iqtibos shu haqda: “Kumushbibi ham bu qiziq bazmdan boshqalardek hissa oladir, suyunib quvonadir, deb o‘ylanmasin, chunki vujudi qizlar bazmida bo‘lsa ham, xayoli allaqaerda uchib yurgandek, ko‘zlari o‘ynag‘uvchi bo‘lsa ham, ammo haqiqatda boshqa bir narsani ko‘rgandek... bu qiziq majlis uning uchun bazm o‘rnini emas, aza joyini tutqondek” (“O‘.K.” T. 1992, 46-bet). Shu holatda ikki soat davom etgan bazm asnosida Gulsin bilan Xonim bibining mungli qo‘shig‘iga navbat keladi. Gulsin kuylaydi:
O‘rtoqlarim, qo‘lga olsam torimni,
Beixtiyor yodlaydurman yorimni.
Ana shu “bir ohanglik nafis, musiqaviy tovush”, “xayol ichida sho‘ng‘ib o‘tirgan Kumushbibi”ni “bir seskantira”di. Endi Gulsin yoniga Xonim bibi kirib, ikkinchi baytni aytadilar:
Bir ko‘rishib yag‘mo qilg‘on ko‘nglimni,
Qaytib yana ko‘rolmadim norimni.
Shu bayt ijrosidan so‘ng “Kumushning ikki ko‘zi jiq yoshga to‘ladi”. Pirovardi, shu tarzda baytma-bayt adib kuzatgan sirli maqsad sari boriladi. Endi qo‘shiqni Gulsin yoki Xonim bibi emas, Kumushning o‘zi aytayotgandek tuyuladi. Ruhdagi fojeiy holat, dramatizm tobora taranglashib, nihoyat uchinchi, to‘rtinchi baytlardan so‘ng Kumush ruhida, holatida toqatsizlik, bezovtalik paydo bo‘ladi, o‘zini qo‘yishga joy topolmay qoladi. Beshinchi va oltinchi baytlarga yetganda “baytg‘a quloq solguvchi qolmaydi”. Negaki, Kumush yonidagi dugonasiga osilib, allaqachon yig‘iga ko‘chgan edi. “Shu yo‘sin qizlar o‘zlarining bir o‘rtoqlarini xotinlik dunyosiga uzatib, majlisdan tarqalishdilar”. Ammo, Kumushni o‘quvchi kutgancha g‘am-alam emas, aksincha, “kutilmagan baxt” qarshilardi. Chunki Kumush adib ta’rificha: “... lolalar ichida bir gul va yo yulduzlar orasidag‘i to‘lg‘on oy” misoli tovlanar edi.
She’rning janri va qurilishi haqida gap borganda, shuni qayd etmoq lozimki, shoir endi ilk mustaqil she’rlarida uchraydigan murakkab ifodalarni qo‘llamaydi, zanjirli tashbehlardan qochadi. Aksincha, xalqona usul va uslublardan foydalanadi. She’r qo‘shiq-lapar tusini olib, Kumushbibi ohu zorini aks ettiradi. Baytdan baytga ko‘chgan sari qahramon qalbida yongan ishq o‘ti bulutga — yomg‘irga — ko‘z yoshiga aylanadi.
Ko‘rinadiki, birgina she’r butun bir romanda ilgari surilgan g‘oya va maqsadni ifodalash vositasi darajasiga ko‘tariladi. Yoinki Kumushbibi qabr toshidagi bitikni eslang. Shoir G‘ayratiy domlaning eslashicha, bu bitik avval Fuzuliydan olingan:
Hamrohim eding bu yo‘limda, ey moh,
Hamrohni tashlab ketarmi hamroh–
degan bayt asl qo‘lyozmada bo‘lgan. Ammo shoirning “Mushtum”dagi do‘stlari e’tiroz bildirib, “o‘z asarlariga o‘z she’rlari bo‘lsa, yaxshi jaranglashini maslahat berishgan”. Shundan keyin muallif:
Ayo, charx, etding ortiq jabr bunyod,
Ko‘zim yoshlig‘, tilimda qoldi faryod.
Hayotim lolazoridin ayurding,
Yoqib jonim, kulim ko‘kka sovurding, —
degan ajoyib to‘rtlikni yozadi. Zero, avvalgi bir bayt bilan keyingi to‘rtlik shakl va mazmuniga ko‘ra tamoman o‘zga ma’no, o‘zga ifodaga ega. Ayni chog‘da, to‘rtlik mungli, ta’sirli, sirli bo‘lganidan faqat Otabek holati, ruhiyatinigina emas, butun asar mohiyatini ochishga xizmat qilgan. She’r aruzning hazaji musaddasi maqsur bahrida bo‘lib, a-a, b-b shaklida qofiyalangan. Ushbu she’r ham teran mazmuni, ham yuksak badiiyati bilan Qodiriyning betimsol shoirlik salohiyatiga dalildir. Shoirning “Mehrobdan chayon”dagi san’ati, mahorati, ayniqsa, hayratlanarli. Romandagi she’riy lavhalar 100 misradan oshadi. Ularning har biri asarda o‘zicha alohida bir g‘oyaviy-badiiy, tarbiyaviy-estetik vazifaga ega. Jumladan, Anvar va Ra’no mushoirasiga e’tibor bering:
Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa ajnunlarning Laylosi,
Nasib o‘lmish menga gulshan aro gullarning Ra’nosi.
Bu misralar oq qog‘ozga Anvar qalamidan emas, qalbidan ko‘chgan deyish mumkin.
Agar or etsa Layli haqlidir aysni jununidin,
Ne baxt Ra’no, xaridoring alab ahlining Mirzosi, —
bayti Ra’no kechinmalarining betimsol poetik ifodasidir. Baytning romanga epigraf sifatida keltirilishi ham bejiz emas. Zero, adib mazkur asarda ikki sevishgan qalbning baxtli onlari, murakkab qismati haqida hikoya qilishni maqsad qilib olganligidan kitobxonni ogoh etmoqda. Shu tufayli mazkur baytlar ikki yosh muhabbati ifodasi sifatida asarda alohida o‘rin tutadi. Ayonki, yozma, mumtoz adabiyotimizda, xalq og‘zaki ijodida bunday mushoira usuli ko‘p uchraydi. Binobarin, adabiyot tarixida Amir va Nodira, Fazliy va Mahzuna, G‘afur G‘ulom va G‘ayratiy mushoiralari borligini bilamiz. Zamonamizning ulkan shoirasi Zulfiyaning 1956 yili Dehlida bo‘lib o‘tgan Osiyo va Afrika yozuvchilari anjumanida o‘qigan mashhur “Mushoira”si ham shu jumladan. Ammo “Mehrobdan chayon”dagi ushbu mushoira, ulardan farqli o‘laroq ikki ijodkor emas, oshiq va ma’shuqa o‘rtasida kechadi.
Qahramonlarning yoniq ishqi she’rda pardali tarzda, o‘ta nazokat bilan ifodalangan. Ammo lirik syujetda, ya’ni his va fikr rivojida qahramonlarning sevgilari, orzu va intilishlari qarshisida qandaydir bir to‘siq, xavf-xatar borligiga ham urg‘u beriladi. Buni Ra’no ohorli poetik tashbeh bilan ifodalaydi, ya’ni kishining safrosi kuysa, qon aylanishi ham buziladi, hayoti xatarda qoladi.
Anvar:
Hamisha xavfda ko‘nglim bu muhabbat intihosidin,
Meni ham etmasa Majnun debon Ra’noning savdosi, —
deb tashvishlansa, Ra’no Anvardan o‘pkalanib:
Muhabbat jomidin no‘sh aylagan ahli zako bo‘lmish,
Fununiy tibda majnundir kishini kuysa safrosi, —
javobini qaytaradi. Ko‘rinadiki, bu she’rda teran fikr go‘zal badiiy shaklda ifodalangan. Bunda ilmi bade’ning talmih (Farhod va Shirin, Layli va Majnun nomlarini keltirish) san’ati imkoniyatidan san’atkorona foydalanilgan.
Sevgi qismati qanday kechishidan tashvishlanish (lirik konflikt) shu taxlit hal etilgan. Ehtiros va tafakkurdagi ziddiyatli qutblar lirik kechinmaning hayotiy, ishonarli bo‘lishini ta’minlagan.
Xuddi shu o‘rinda adib: “Ra’no o‘ziga qarab kelguvchi Anvarga yer ostidan kulimsirab olg‘ach, bir oz ko‘rinib turgan oyoq uchlarini sariq atlas ko‘ylagi bilan yashirdi, atlas ko‘ylakni yaxshigina turtib turgan sirli ko‘kragi ustiga yon o‘rim sochlarini olib tashladi” (“O‘.K.” va “M.Ch.”, T, 1992, 377-bet) degan tasvirni kiritadi.
Bu bilan adib Ra’nodagi hayo, ibo va andishani ko‘z-ko‘z qiladi. Mushoira bahonasida undagi ikkinchi bir fazilatni ham ulug‘laydi. Ayniqsa, Ra’nodagi zukkolik, yuksak did va saviya, shoirta’b hozirjavoblik, iqtidor xonliklar zamonida ham bo‘lganligi ifodalanadi. Shu taxlit Ra’no Nodira, Uvaysiy, Anbar otin kabi ardoqli shoiralarimiz prototipiga aylanadi.
Xullas, “Mehrobdan chayon”dagi she’riy parchalar, xususan, Anvar va Ra’no mushoirasi o‘zining ko‘p qatlamli mohiyati bilan nafaqat asarda, balki adib ijodiyotining poetik takomilida ham muhim ahamiyatga ega. Binobarin, adibning salohiyatli nosirligi, iqtidorli shoir bo‘lishiga, mohir shoirligi esa yetuk nosir bo‘lishiga xizmat etadi.
Mushoira hazaji musammani solimda yozilgan bo‘lib, ma’lumki, bu bahrda mafoiylun rukni takrorlanadi. Bu hol, o‘z navbatida, ritmning aniq, ravon bo‘lishini ta’minlaydi.
“Mehrobdan chayon”da uchraydigan marhuma kelinchak Nazmi tilidan aytilgan qo‘shiq yoki Soliq Maxdum haqida Ra’no tilidan keltirilgan hajviya, Mirzo Muhammad Rajabbekning o‘g‘li Nasim o‘limiga bag‘ishlab Anvar aytgan she’r, Niyoz Muhammad yozgan she’r yoki Anvarning Mirzo etib tayinlanishi bahonasida aytilgan jar (ayyu hannos) – bular barchasi bir tomondan, adibning she’riy mahorati, salohiyatini anglash imkonini bersa, ikkinchi tomondan, mavjud romanlar tilining poetik jozibadorligini ta’minlaydi. Abdulla Qodiriy she’riyati, ayniqsa, adib nasridagi nazm namunalari liroepik nasriy uslubning hayotiyligi, yashovchanligi va keng imkoniyati to‘g‘risida yangi xulosalar chiqarishga asos bo‘la oladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 47-sonidan olindi.