OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mamatqul Jo‘rayev. Xalq ijodiyoti — bebaho qadriyat

Mustaqillik davri o‘zbek folklorshunosligiga bir nazar

Milliy istiqlol xalq og‘zaki ijodi namunalarini barcha hududlar bo‘yicha izchil to‘plash va bir tizimga solish borasidagi ishlarni jadallashtirib yubordi. Sobiq sho‘rolar mafkurasining tazyiqi tufayli yozib olinishi mushkul bo‘lgan ayrim janrlar, jumladan, marosim folklorining ko‘plab namunalari to‘plandi. Masalan, qadim ajdodlarimiz tafakkurining mahsuli hisoblangan miflar, turli udumlarda ijro etiladigan aytim-olqishlar, «yo ramazon» qo‘shiqlari, nikoh to‘yda aytiladigan qo‘shiqlar, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur singari ulug‘ yurtdoshlarimiz to‘g‘risidagi tarixiy rivoyatlar, joy nomlari, qadimiy shaharlar, qal’alar, ziyoratgohlar, muqaddas mozorlar va qadamjolar bilan bog‘liq afsonalar, rivoyatlar yozib olindi. Istiqlol yillarida xalqimizning tabiat hodisalari, osmon yoritqichlari va an’anaviy taqvim bilan bog‘liq xalq qarashlari to‘plandi, bolalar folklori, beshik to‘yi, sunnat to‘yi va nikoh to‘yi marosimlari bilan bog‘liq namunalari yozib olindi.

Xususan, O‘zbekistonning qadimiy folklor va an’anaviy ijrochiligi saqlanib qolgan Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona vodiysi bo‘ylab ekspeditsiyalar uyushtirildi. Nomoddiy madaniy meros yodgorliklarini keng ko‘lamda to‘plash va xatlovga olish maqsadida 2012 yil 9-18 aprel kunlari Farg‘ona vodiysida o‘tgan ekspeditsiya davomida o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodining “o‘lan”, “lapar”, “yor-yor”, “alla”, “kelin salom”, “kelin o‘tirsin”, “terma-qo‘shiq”, “ashula”, “bayt-g‘azal”, “yig‘i-yo‘qlov qo‘shiqlari”, “rivoyat”, “afsona”, “topishmoq”, “maqol”, “duo-olqish”, “yo ramazon”, “aytishuv”, “kinna aytimlari”, “zikr aytimlari”, “askiya”, “qiziqchilik (kulgi-hikoya)”, “latifa”, tabiat hodisalari bilan bog‘liq xalq qarashlari, mifologik tasavvurlar, xalq kalendariga oid materiallar, ob-havo o‘zgarishlariga oid ta’birlar to‘plandi. Xalqimizning qadimiy dehqonchilik madaniyati bilan aloqador marosimlar zamirida shakllanib, o‘zida serhosillik g‘oyasi hamda tabiatning ko‘klamgi uyg‘onishini tarannum etuvchi “Arg‘uvon guli” nomli an’anaviy bahoriy udum va “Sumbula sayli” folklori yozib olindi.

Istiqlol sharofati tufayli xalq og‘zaki badiiy ijodiyotini to‘plash, sistemalashtirish, ommaviy va akademik nashrlarini amalga oshirish hamda keng ko‘lamli fundamental tadqiqotlar yaratish borasida yirik ishlarni amalga oshirib kelayotgan O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining Folklor arxiviga mamlakatimizning boy madaniy merosni o‘zida mujassamlashtirgan noyob ilmiy ob’ektlaridan biri maqomi berildi. Folklor arxivi mamlakatimizning yetakchi ilmiy fondlaridan biri bo‘lib, unda saqlanayotgan materiallar o‘zbek filologiyasining taraqqiyotini belgilovchi yirik ilmiy ishlarning yaratilishi uchun manba bo‘ladi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin xalq og‘zaki ijodi namunalarini nashr etish ishlari ham sifat, ham miqdor, ham qamrov jihatidan o‘sdi. “Alpomish” dostoni yaratilganining 1000 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan dostonning Fozil shoir, Berdi baxshi, Po‘lkan va Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Bekmurod Jo‘raboy o‘g‘li, Saidmurod Panoh o‘g‘li variantlari 1999 yilda alohida kitoblar holida to‘la nashr qilindi. Folklorshunoslik amaliyotida birinchi marotaba “Alpomish” dostoni Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li variantining matni rus tiliga qilingan ilmiy-adabiy tarjimasi bilan birgalikda professor To‘ra Mirzayev tomonidan akademik nashr sifatida chop ettirildi. Rahmatulla Yusuf o‘g‘li repertuaridagi “Go‘ro‘g‘li” turkumiga kiruvchi dostonlar to‘la nashrga tayyorlandi va uning asosiy qismi “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” (1996), “Avazxon” (1997), “Go‘ro‘g‘li dostonlari” (2006) nomi bilan nashr etildi. 2006 yilda esa Rahmatulla Yusuf o‘g‘li repertuaridagi “Go‘ro‘g‘li” dostonlari to‘la holda nashr etildi. O‘zbek eposining qadimiy namunalaridan biri – “Ediga” (Tulumxo‘ja) dostoni, afsona va rivoyatlardan tuzilgan “El desa Navoiyni. Hazrat Mir Alisher Navoiy haqidagi rivoyatlar” (1991), “Ipak yo‘li afsonalari” (1993), “Buxoro afsonalari” (2002), uch jildli «O‘zbek xalq ertaklari» (2007), “O‘zbek xalq maqollari” (2012) to‘plamlari bosmadan chiqdi. Xorazm “Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlari birinchi marta to‘la ommalashtirildi. Bu voha baxshilari repertuari asosida “Oshiq” turkumi dostonlari “Oshiqnoma” ruknida olti jildli kitob holida nashr etildi.

Istiqlol tufayli marosim folklorining ilgari bosilmagan yoki qisman ommalashtirilgan namunalari to‘la chop ettirildi. Xususan, o‘zbek folklorshunosligi tarixida birinchi marta Navro‘z bayrami bilan bog‘liq folklor asarlaridan tuzilgan “Navro‘z” kitobi (1992), yilboshi bayrami va bahoriy udumlar bilan aloqador urf-odat hamda marosimlar, unda ijro etiladigan qo‘shiqlar tahliliga bag‘ishlangan “Navro‘z qo‘shiqlari” (2007), “Navro‘z nashidasi” (2010) to‘plamlari, xalqimizning tabiat hodisalari bilan aloqador inonch va ta’birlari jamlangan “Ob-havo darakchilari” to‘plami (1996), “Ulug‘ oy umidlari. “Yo ramazon” qo‘shiqlari» (2001), ta’ziya marosimlari folklori namunalaridan tarkib topgan “Bo‘zlardan uchgan g‘azal-ey” (2005) singari kitoblar xalqimiz marosim folklorini to‘la nashr etish yo‘lidagi muhim qadamlardan hisoblanadi.

Endilikda xalq ijodi namunalarini badiiy tafakkur durdonasi sifatida har tomonlama chuqur o‘rganish tamoyili shakllandi. Jumladan, «Alpomish» dostonining shakllanish tarixi va poetikasi, o‘zbek xalq lirikasining tarixiy asoslari, folklor-etnografik jamoalar ijodiyoti va uning hozirgi adabiy jarayondagi o‘rni, o‘zbek mifologiyasi, dev, yalmog‘iz, pari, ilon-ajdar, Xizr kabi mifologik obrazlar, «Go‘ro‘g‘li» turkumi dostonlarining tarixiy ildizlari, tipologiyasi va badiiyati, afsona va ­rivoyatlar, bolalar folklori, xalq qo‘shiqlari, hozirgi tarixiy-folkloriy jarayon masalalari fundamental tadqiq etildi.

Har bir xalqning milliy o‘zligi, avvalo, uning urf-odatlari va marosimlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun mustaqillik yillarida marosim folklorining janrlar tarkibi, genezisi va badiiy xususiyatlari, ayniqsa, ­ilgari kam o‘rganilgan janrlarni tadqiq etish tamoyili kuchaydi.

Xalq dostonlarining variantlari va versiyalarini qiyosiy tadqiq etish orqali folklorning milliy o‘ziga xosligini ko‘rsatishga qaratilgan qator ilmiy tadqiqotlar yaratildi. Bu yo‘nalishda Janubiy O‘zbekiston dostonchiligining hozirgi holati va baxshilar repertuari, «Yusufbek va Ahmadbek», «Oshiq G‘arib va Shohsanam», «Shirin bilan Shakar», «Hurliqo va Hamro», «Yozi bilan Zebo», «Ollonazar-Olchinbek», “Tohir va Zuhra” dostonlari variantlarining qiyosiy tavsifi, genezisi va poetikasiga doir tadqiqotlarni eslatib o‘tish lozim. Bu izlanishlar natijasida T.Mirzayevning “Epos i skazitel”, Sh.Turdimovning “Epos va etnos”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari”, ­J.Eshonqulovning “Folklor: obraz va talqin”, “Epik tafakkur tadriji”, “O‘zbek folklorida tush va uning badiiy talqini” kabi yirik ­monografiyalari yaratildi.

Istiqlol yillarida o‘zbek ertakshunosligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Folklorshunos olim K.Imomov o‘zbek xalq nasrining janrlar tarkibini tasniflashning ilmiy mezonlarini bayon qildi, ertak va ijtimoiy hayot, ertak motivlari va qadimgi marosimlarning o‘zaro munosabati, o‘zbek xalq ertaklarining asosiy syujet tiplari, obrazlar tarkibi va badiiy xususiyatlariga doir qator tadqiqotlarini, jumladan “O‘zbek xalq nasri poetikasi” nomli monografiyasini (2008) nashr ettirdi.

Mamlakatimiz Prezidenti ­Islom Karimovning Navro‘z ayyomini umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash to‘g‘risidagi farmoni asrlar davomida insoniyatni ezgu manzillar sari chorlab kelgan bu benazir an’anaga qayta hayot baxsh etdi. Folklorshunoslikda ham ana shu qadimiy va navqiron bayramning tarixiy ildizlari, rivojlanish bosqichlari, folklorini to‘plash va o‘rganish borasida samarali ishlar qilindi. Jumladan, ushbu satrlar muallifining «O‘zbek xalq taqvimi va mifologik afsonalar» (1994), “Navro‘z bayrami” (2008), “O‘zbek mavsumiy marosim folklori” ­kitoblari, A.Musaqulovning “O‘zbek xalq lirikasi” monografiyasi nashr etildi.

Hozirgi kunga kelib ushbu sohada amalga oshirilayotgan tadqiqotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrdagi “2010 — 2020 yillarga mo‘ljallangan nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 222-son qarori xalqimiz poetik tafakkurining tarixiy-tadrijiy rivoji va taraqqiyot qonuniyatlarini yanada chuqurroq tadqiq etish va folklorning mukammal namunalarini keng ko‘lamda ommalashtirish borasida olib borilayotgan izlanishlarga qanot baxsh etdi. Folklorshunos olimlar mazkur “Davlat dasturi” ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini asar matni, ­notasi va izohlari bilan nashrga tayyorlash natijasida xalq ijodiyotining eng sara namunalari jamlanmasini yaratishga kirishdilar.

Xalqimiz tomonidan asrlar mobaynida ijro etilib, sayqallanib kelgan folklor asarlarining sho‘ro davri mafkurasiga muvofiq keladigan qismlari ajratib olinib, qisqartirilib, qayta ishlanib, tahrir qilinib nashr etilgani esa xalq ijodiyotining badiiy-estetik tabiatiga zid bo‘lgan g‘ayriilmiy yondoshuv edi. Shu bois, o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodi asarlarining matnini hozirgi zamon folklorshunosligining eng yangi ilmiy-nazariy kontseptsiyalari asosida tadqiq etish hamda har bir asar matnini u haqidagi fundamental ilmiy tadqiqot, izohlar, nota yozuvlari, lug‘at va ko‘rsatkichlar, rus va ingliz tillaridagi annotatsiya bilan to‘la nashrga tayyorlab, mazkur nashrga oid fotomateriallar bilan birga nashr etish xalq badiiy ijodiyoti durdonalarini yanada kengroq ko‘lamda ommalashtirish imkonini beradi. “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligi xalq og‘zaki poetik ijodi durdonalarining mukammal kulliyoti bo‘lib, Sharq xalqlari ma’naviy taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan milliy badiiy tafakkurimizning jahon xalqlari poetik madaniyati kontekstida tutgan ­o‘rnini ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Folklorshunoslik tarixida ilk bor yaratilayotgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligi o‘zbek xalq og‘zaki poetik ijodi asarlarining hozirga qadar yozib olingan eng mukammal namunalarini o‘z ichiga qamrab oladi. Hozirgi kungacha mazkur ko‘p jildlik doirasida “Alpomish” dostonining Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkan, Berdi baxshi, Bekmurod Jo‘raboy o‘g‘li, Rahmatulla Yusuf o‘g‘li, Zoyir shoir Qo‘chqor o‘g‘li, Saidmurod Panoh o‘g‘li variantlari, shuningdek, “Orzigul”, “Kuntug‘mish”, “Qironxon”, “Sohibqiron”, “Yakka Ahmad”, “Erali va Sherali”, “Yodgor”, “Murodxon”, “Rustamxon”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Go‘ro‘g‘lining bolaligi”, “Zaydinoy”, “Malika Ayyor”, “Avazxon” dostonlari, o‘zbek xalq ertaklari, bolalar o‘yin folklori, marosim qo‘shiqlari, afsona va rivoyatlar, topishmoq va maqollar nashrga tayyorlandi.

Sharq xalqlari ma’naviy taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan milliy badiiy tafakkurimizning jahon xalqlari poetik madaniyati kontekstida tutgan o‘rnini ko‘rsatishga xizmat qiladigan bunday keng qamrovdagi tadqiqot izchil davom ettirilmoqda.

Mamatqul Jo‘rayev,

filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 32-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.