OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim G‘afurov. Ruh, joziba va ohang (Istiqlol yillarida tarjimashunoslik va tarjima tanqidi)

Tarjima — O‘zbekistonda keyingi salmoqli 23 yilda ro‘y bergan madaniy o‘zgarishlarning mezon belgilaridan biri. U ozod yurtimizning jahon globallashuv jarayonlariga ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, diplomatik kabi sohalarda kirib borishi va uning ajralmas bir qismiga aylanib borishi bilan bog‘liq. Tarjima, qay bir jihatidan qaraganda ham madaniyat va demak, muomala, munosabat ko‘rsatkichi.

Tarjima madaniyat sohasi sifatida istiqlol davrida e’tiborga tushdi hamda keyingi davrda uning taraqqiyot yo‘llari va ahamiyatiga katta e’tibor qaratildi. Ana shu e’tiborning amaliy namunasi o‘laroq, tariximizda ilk bora ”Jahon adabiyoti” nomida yirik adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi jurnal tashkil etildi. Va shu kungacha bu obro‘li jurnal sahifalarida jahon adabiyotining yuzlab romanlari, qissalari, she’riyati, publitsistikasi, estetikasining namunalari o‘zbek tiliga tarjima qilib bosildi. Universitetlarda filologiya masalalarini ko‘taradigan ilmiy jurnallar tashkil etildi, ular mamlakat ilmiy dahosi namunalarini muntazam yoritib kelmoqda.

O‘zbekiston rahbari o‘zbek tilidan jahon tillariga va jahon tillaridan o‘zbek tiliga tarjimalarni keng yo‘lga qo‘yish, xorijiy tillarni mamlakat ta’lim tizimida izchil va chuqur o‘rganish, iqtidorli yetuk mutaxassislarni tayyorlashga katta ahamiyat qaratmoqda va bu hol kadrlar yetishtirishda dasturilamal bo‘lib, jamiyatning ma’rifiy hayotida o‘z ijrosini topmoqda. Bunday e’tiborning eng muhim tomonlaridan yana biri shundaki, tarjima ham, tarjimaga qarashlar ham o‘zgarib, yangilanmoqda. Tarjimaning qo‘llanish doirasi, uning harakat maydonlari, minbarlari ko‘paymoqda. Tarjima tili degan katta bir madaniy hodisa milliy adabiy til doirasida rivojlanib, yangi qiyofa, yangi ruh kasb etmoqda.

Homer, Dostoyevskiy, Joys tarjimalari tilimizga boshqacha zamonaviy to‘lqin bag‘ishlamoqda, u har qanday murakkabliklarni ifodalashga iqtidor, qobiliyat kasb etmoqda. Bir zamonlar Martin Lyuterning Injilni nemis tiliga tarjimasi nemis tilini qanday o‘zgartirgan va ifodada qobiliyatli qilgan bo‘lsa, hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, Dostoyevskiy va Joys tarjimalari bugungi o‘zbek tilimizning mavqei va tasvir, fikrlash layoqatini ko‘tarmoqda.

Til — ruhdir, degan teran fikr qanchalar to‘g‘ri ekanligini bu yerda ham aniq kuzatish mumkin. Bir yarim ming yil mobaynida Qur’on, Injil, “To‘tinoma”, Hadislar tarjimalari tilimizning boyishiga qanday ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyingi 23 yil tarixiy bir yarim ming yilning ishini qiloldi, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tmishimizga bevosita daxldor ulug‘ tarixiy asarlar bugun bemalol ona tilida o‘qilmoqda. Bu Navoiy, Qutb, Saroiy, Ogahiy, Bayoniy an’analari tirikligini ko‘rsatadi. An’analar yashagan joyda madaniyat ham har doim yashaydi. Ushbu miqyosi katta ishlar bilan bog‘liq holda haqli savol tug‘iladi: tarjimashunoslik va tarjima ­tanqidi bu xarakterli jarayonga yetishib yuryaptimi, uning rivojiga ko‘maklashyaptimi, ilmiy kashfiyotlar qilyaptimi, amaliyot bilan barobar odimlayaptimi? Bu savolga tarjima jarayonlarini muttasil kuzatib borayotgan faol olimlarimiz qanday qarayotganliklarini bir nazardan kechiraylik.

Abduzuhur Abduazizov (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi): “Hozirgi zamonda tarjima nazariyasi va amaliyotini qiyosiy tilshunoslik, sotsiolingvistika, kognitiv tilshunoslik, lingvosemiotika, lingvomadaniyatshunoslik, paralingvistika, psixolingvistika kabi sohalar bilan uzviy aloqador sifatida o‘rganish zarur. Chunki tarjimaning asosiy materiali til bo‘lib, u tilshunoslik fanining turli sohalari tomonidan inson faoliyatining til va undan tashqaridagi tarix, madaniyat, psixologiya, falsafa va etnografiya kabi fanlar bilan bog‘lanishlarini hisobga olgan holda ikki tilni qiyoslash bilan ish ko‘radi... Tarjimashunoslik murakkab filologik fan sifatida qiyosiy tilshunoslik va adabiyotshunoslikni qamrab oladi... Binobarin, tarjimashunoslikka juda keng qamrovli, o‘z nazariya va metodlariga ega bo‘lgan fan sifatida qarash zarur...” (“Tarjimashunoslik istiqbollari”).

Professor Muhammadjon Xolbekov: “Nazarimda so‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida tarjimashunoslik ilmi tarjima amaliyotiga qaraganda birmuncha orqada qolyapti... Oxirgi o‘n besh-yigirma yil ichida olimlarimiz tarafidan bu sohada jahon ilmi andozasi talabiga javob bera oladigan yirik tadqiqotlar yaratilmadi hisob” (“O‘zbekistonda tarjimashunoslik”).

Tarjimashunos va tarjimon Xurram Rahimov: “Umumlashmalar yo‘q joyda nazariya rivojlanadimi? Va umuman o‘zbek tarjima nazariyasi va amaliyoti qay darajada rivojlanmoqda? Bugungi kunning fani kechagi kunning davomi, ammo uning takrori bo‘lmasligi kerak... Qator muhim filologik tahlil metodlari, jumladan, semantik tahlil, komponentli analiz, statistik tahlil, kontekstual tahlil kabi tadqiqot metodlari tarjimashunoslikka bag‘ishlangan aksariyat dissertatsiyalarda hatto qayd qilinmagan. Qiyosiy tahlil eslatilsa-da qanday qiyoslash kerakligini bilmagan olimlar kam emasga o‘xshaydi. Axir, bular shu fanning asosiy tadqiqot metodlari-ku!” (“Tarjimashunoslikning tadqiqot metodlari xususida”).

Olimlar tarjimashunoslikka fan, ilm sifatida qaraydilar va shundan kelib chiqib bu fanning istiqboli hamda ahamiyatini belgilaydilar. Xorijlik atoqli tarjimashunoslardan Ye.Etkind esa, hali oltmishinchi yillardayoq o‘zining barcha tadqiqotlarida tarjimaga ham san’at, ham ilm deb qaragan va qiyosiy stilistikaga asoslangan tarjima nazariyasigina samara beradi, degan fikrni ilgari surib, barcha tahlillarini shu asosga qurgandi. Bu tarjimashunoslikni chirmab olgan qonuniyatlardan bittasi va asosiysi.

O‘zbekistonda qobiliyatli, bu ishni sevadigan zakovatli tarjimonlar ko‘p. Ular Toshkentdagina emas, O‘zbekistonning barcha universitetlari, institutlarida birlashgan. Ulardan ko‘plari tarjima va tarjimashunoslikda faqat eski bisotlar bilan yashash va ularga mahliyo bo‘lib o‘tirish kerak emasligi, bu ilm va ijodning rivojiga, to‘xtovsiz o‘sib borishiga xizmat qilmasligini yaxshi anglaydilar.

Tarjimashunoslikning matbuotda ko‘zga tashlanayotgan asosiy tarmog‘i ma’rifiy yo‘nalishda. Muhammadjon Xolbekov, Akmal Saidov, Poshali Usmon, Zuhriddin Isomiddinov, A.Ko‘chiboyev, ­Jabbor Eshonqul, ­Tilavoldi Jo‘rayev, Xurshid Do‘stmuhammad singari olimlarning maqola va risolalarini o‘qib shunga ishonch hosil qilish mumkinki, o‘zbek tarjimashunosligi milliy adabiyotimizni jahon adabiyoti muammolari bilan bog‘lashga, milliy hududlardan o‘sib chiqib jahoniy fikrlashga intiladi. Ularning ­fikrlash tarzlarida g‘arblik olimlarning fikrlash tarziga ­uyqashlik — pragmatizm va aniqlikni kuzatish mumkin. “Faust”, “G‘arbu Sharq devoni” tarjimalarining muhim xususiyatlari haqida g‘oyatda qiziqarli va salmoqli, chuqur bilimdonlik va eruditsiya bilan yozilgan tadqiqotlar o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. O‘zbek kitobxoni Alber Kamyu romanlari va esseistikasini o‘z tilida o‘qishga muyassar bo‘ldi. Kamyu romanlari va esseistikasi borasida emotiv maqolalar paydo bo‘ldi. J.Eshonqul mashhur yapon adibi Kavabataning o‘zbekchalashtirilgan hikoyalari va ularning o‘zbek yozuvchisi Olim Otaxon ijodiga ko‘rsatgan barakali ta’siri to‘g‘risida juda qiziqarli tahlillar qildi. Nitshe, Joys, Markes asarlarining o‘zbek tilidagi tarjimalari bilan bog‘liq o‘ylar matbuotda yuzaga ­chiqdi. Joys ijodi, uslubining ­mohiyat qirralari ­ancha ­chuqur tahlildan o‘tkazildi.

Tarjimashunoslik, tarjima tanqidi masalalari va yosh tarjimonlarni tarbiyalash keyingi paytlarda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qarshi, Buxoro universitetlarida markazlashmoqda. Jahon tillari universiteti bir qancha tarjima nazariyasiga doir darslik va qo‘llanma, amaliyot dasturlarini katta xayrixohlik bilan nashrdan chiqardi. Talabalar bu darslik hamda qo‘llanmalardan manfaatdor bo‘lmoqdalar. Ayniqsa, Gulandom Boqiyeva, Omon Mo‘minov, Nosir Qambarov, Abbos Irisqulov, Shavkat Bo‘tayev tomonidan olib borilayotgan tashkiliy o‘quv, ilmiy tadqiqot ishlari diqqatga sazovor. Ilmiy tarjimashunoslik va tarjima nazariyasini rivojlantirishda Jahon tillari universiteti juda katta va faol potentsialga ega. Keyingi yillarda Samarqand davlat chet tillar institutida tarjimonlik bo‘limi ochildi. Bo‘lim shu vaqt ichida ancha-muncha ishlarni amalga oshirdi. Bu yerda katta tajribaga ega tarjimonlar, tadqiqotchilar to‘plangan. Shuning uchun ham bu yerda “Samarqand tarjima maktabi” seminarining ochilishi uzukka ko‘z qo‘ygandek bo‘ldi. Seminar bekor o‘tirgani yo‘q: 2012 yilda “Yosh tarjimonlar almanaxi”ning birinchi majmuasini nashr qildi. “Yosh tarjimonlar maktabi”ga taniqli olim, tarjimashunos, Samarqand davlat chet tillar institutining rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov rahbarlik qilmoqda. Majmuaga qirqdan ziyod iqtidorli yosh tarjimonlarning ilk tarjimalari, tadqiqotchi olimlarning maqolalari ­kiritilgan. Ko‘zlarni quvontiradi, xayolga parvoz bag‘ishlaydi bu almanax. Kelajakka umid bilan qarashga undaydi. Samarqand davlat chet tillar instituti yana bir katta ijodiy-ilmiy, tashkiliy ishni amalga oshirdi. Bu yerda 2012 yil noyabrida respublika miqyosida tarjimashunoslik masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Hammadan quvonarlisi, anjumanda g‘oyat qiziqarli ilmiy ma’ruzalar o‘qildi. Anjuman materiallari “Badiiy tarjimaning lingvopoetik muammolari” nomi ostida Samarqandda nashr etildi. Bundan sal ilgariroq, 2011 yil aprelida Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutida “Badiiy tarjima — tilshunoslik, adabiyotshunoslik va madaniyatlararo aloqalar kontekstida” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Jizzax tarjimashunoslar anjumani muvaffaqiyatli yakunlanib, uning rang-barang, ilmiy jihatdan qiziqarli materiallari 2011 yilda to‘plam holida bosib chiqarildi. Mana shu ikki to‘plam va respublika miqyosidagi ikki anjumanni mamlakat madaniy hayotida yirik voqea, deb atash mumkin. Ularda O‘zbekistonning tarjimashunoslik va tarjima tanqidi kuchlari jozibali tarzda o‘zini namoyon qildi.

Bizning adabiy-badiiy jurnallarimiz, matbuotimiz, filologiya masalalarini yoritayotgan e’tiborli nashrlarimiz mana shu talantli kuchlarga suyanishlari, ularga e’tibor qaratishlari zarur, deb o‘ylaymiz. Talab, e’tibor, buyurtmalar ulardan paydarpay chiqib tursa, bu kuchlar ko‘p ishlarga qodir. Sh.Sirojiddinov, M.Xolbekov, N.Qambarov yetakchiligidagi bu tarjimashunoslik va tarjima nazariyasi, amaliyoti kuchlari sohaning eng dolzarb masala, muammolarini bugungi jahon ilmi mezonlarida yechishga qodir deb hisoblaymiz. Tarjimashunoslik, tarjima tanqidi faqat “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” yoki ­“Filologiya masalalari”ning vazifasi emas. Bu umumiy madaniy hodisa, shuning uchun uning rivojiga boshqa barcha matbuot nashrlari ham e’tibor qaratishlari, nashriyotlar yillik to‘plamlar chiqarib turishlari maqsadga muvofiq foydali ishdir. Universitet va institutlar sa’y-harakati bilan dunyo yuzini ko‘rgan bu ilmiy almanaxlarni haqiqiy ma’nodagi tarjima va tarjimashunoslik daftarlari, deyish o‘rinli. Bu o‘ziga xos ilm shunday teran va yorqin namoyon bo‘laverarkan, tarjimalarning ham saviyasi, sifati ortib, jozibasi bilan kitobxonni o‘ziga tortib boraverishiga shubha yo‘q. Bu, o‘z navbatida ilmga, ijodga ko‘rsatilayotgan e’tiborning samarasi bo‘ladi.

Tarjima matnlarining adabiyotda tutgan, egallagan o‘rni, holati va huquqlari ustida o‘ylash, fikrlash jozibali mulohazalar uyg‘otishi tabiiy. Amerika olimi Yu.Naydaning fikricha, o‘quvchilar tarjimalarni ko‘proq uslubi jozibali bo‘lgani uchun sevib o‘qiydilar. Boshqa bir toifadagi o‘quvchilar esa, tarjimaning mazmuni-mundarijasiga qiziqadilar. Asliyat tilidan bexabar o‘quvchi tarjimani o‘z ona tilida o‘qiganda qanday fikrlarga keladi, qanday xulosalar chiqaradi? U tarjimani noto‘g‘ri tushunishi ham mumkin-ku. Shuning uchun tarjima “aniq”, “to‘g‘ri”, ya’ni asliga muvofiq bo‘lishi bilan birga, jozibador va maftunkor bo‘lishi ham kerak. “To‘g‘ri” va “aniq” tarjimaga tillarni mukammal bilish, katta lug‘at boyligiga egalik, amaliy tajribalar, intensiv ijodiy faollik bilan erishiladi. Ammo jozibadorlikka qanday muyassar bo‘linadi? Bu jozibadorlik Usmon Nosir va Cho‘lpon tarjimalarida mujassam edi:

Glyadish’ ona tsvetet: vzыvaesh —
net otveta —

degan Pushkinning bir misrasiga quloq tuting-da, Cho‘lponni tinglang:

Qaraysan: yashnagan bir gul,
faqat dodingga yetmaydi...

Qancha o‘zgarishlar — transformatsiyalar zuhur etadi bunda! Belgilar tashlab ketiladi. So‘zlarda esa hech qanday aniqlik yo‘q. Ammo ohang, ammo o‘zbekcha ifodalar! Pushkin o‘zbekchada shunday yozardi! Tarjima deb shuni aytadi va tarjima tanqidi o‘z tahlillarida shunga munosib bo‘lsin. Ruh, joziba, ohang yaratsin!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 34-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.